So‘ngi yillarda Respublikamizda avtotransport vositalarining soni va turlari, shuningdek, elektron boshqaruvga ega bo‘lgan elektromobillar va gibrid turidagi avtotransport vositalari miqdori jadal suratlar bilan ortib bormoqda. Ayniqsa so‘nggi modeldagi zamonaviy avtomobillar, elektromobillar va gibrid turidagi avtomobillar salmog‘ini ko‘payib borishi transport oqimi va harakat xavfsizligi bilan bog‘liq jarayonlarni tartibga solishda yangi savollarni o‘rtaga olib chiqadi. Chunki mazkur turdagi transport vositalarining dinamik hususiyatlarni yuqori bo‘lishi ularning qisqa vaqt davomida katta tezlikka va tezlanishlarga erishishlariga imkon beradi. Bu esa haydovchi tomonidan transport vositasini boshqarish, manyovr harakatlarini amalga oshirish davomida yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga, hususan yo‘l harakati tizimini ajralmas qismi bo‘lgan piyodalarga nisbatan xavfsiz harakatlanish bo‘yicha yanada extiyotkor va e’tiborli bo‘lgan holda transport vositasini boshqarishlari lozimligini ko‘rsatadi.
Piyodalarning xavfsiz harakatlanishlari bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilib borilmoqda. Bunga asosiy sabab zamonaviy shaharsozlik konsepsiyalarida harakat ishtirokchisi bo‘lgan piyodani birinchi darajaga olib chiqish, yo‘llarda piyodalarni ustunligini ta’minlash, ularni xavfsiz va qulay bo‘lgan shartlar asosida bir manzildan ikkinchi manzilga yetib borishlari, shu bilan birga mazkur qulaylik va xavfsiz harakatlanish manzillari va yo‘nalishilarini katta masofalarda ham amalga oshirishlarini ta’minlovchi yo‘l loyiha yechimlarini ishlab chiqish birinchi o‘ringa chiqib bormoqda. Ya’ni bunday yo‘l infrastrukturasini zamonaviy loyihalash yechimlarida odamlarni piyoda harakatlanishlarini rag‘batlantirish va shu orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, transport vositalariga haddan tashqari qaramlikdan qutulish va shu orqali ulardan atrof muhitga ajraluvchi zaharli moddalarni kamaytirish orqali ekologik muammolarga yechim topish nazarda tutiladi.
Shahar yo‘llarida piyodalarni xavfsiz harakatlanishlarini ta’minlashda ularni qatnov qismini kesib o‘tishlari bilan bog‘liq jarayonlarni xavfsiz usullarda amalga oshirishlari, bu jarayonlarni esa transport oqimiga tezligi va jadalligiga ta’sirini kamaytirgan holda amalga oshirish muhim hisoblandi.
Piyodalar harakatini tashkil etishda qatnov qismining kesishlari (chorrahalar) mintaqasida piyodalar qatnov qismining bir tomonidan ikkinchi tomonga o‘tishi uchun yer osti tonneli yoki qatnov qismining ustidan yo‘l o‘tkazgich inshootlari quriladi. Shuningdek ikki chorraha oralig‘ida piyodalar harakatlanishi uchun yo‘lning ikki tarafidan yoki bir tarafidan yo‘lka belgilanib, piyodalar yo‘lning qatnov qismiga chiqishini bartaraf etishi uchun to‘siqlar o‘rnatiladi. Bu tamoyil bo‘yicha piyodalar harakatining tashkil etilishi avtomagistrallarda, yuqori darajali yo‘llarda va asosan tezyurar shahar ko‘chalarida ko‘zda tutiladi. Chorrahada bunday harakatni tashkil etilishi natijasida piyodalar va transport vositalari orasida ziddiyatli vaziyat vujudga kelmaydi. Rivojlangan mamlakatlarning shahar ko‘chalarida va avtomagistrallarda shu tamoyil bo‘yicha harakat tashkil etilgan bo‘lib, piyodalar o‘tish joylarida YTH kuzatilmaydi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining katta shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida piyodalar uchun yer osti yo‘llari bilan birga yer usti o‘tish yo‘llari keng rivojlanmoqda. Piyodalarning mazkur turdagi, ya’ni yer osti va yer usti o‘tish yo‘llarni barpo etilib, shu mintaqadagi harakat xavfizligi ta’minlanishi bilan birgalikda, transport vositalari o‘rtacha tezligining oshishiga erishildi. Afsuski, ko‘pchilik hollarda piyodalar bunday mintaqalarda yo‘l harakat qoidalarini buzib, qatnov qismida harakatlanishi natijasida bunday o‘tish yo‘llarnii samaradorligi pasaytiradi.
Piyodalar trotuar bo‘ylab yoki avtomobil yo‘lining yoqasidan bir yoki ikki taraflama harakatlanishlari mumkin. Piyodalarning qatnov qismi chetidan harakatlanishi transport vositalarining harakatlanishiga har taraflama salbiy ta’sir ko‘rsatadi hamda ko‘plab YTHlar vujudga kelishiga, shuningdek, transport vositalari tezligi va jadalligini pasayishiga sababchi bo‘ladilar. O‘zbekiston Respublikasi «Yo‘l harakati qoidalari» ga ko‘ra piyodalar avtomobil yo‘llarida, shahar ko‘chalarida harakatlanish mobaynida ular trotuardan yoki piyodalar yo‘lkasidan, ular bo‘lmaganda esa yo‘l yoqasidan yurishlari kerakligi ko‘rsatilgan. Katta gabaritli yuklarni olib ketayotgan, nogironlarning motorsiz aravasida borayotgan shaxslar trotuar yoki yo‘l yoqasidan yurib, boshqa piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berayotgan bo‘lsa, ular qatnov qismining chetidan yurishlari kerak. Trotuarlar, piyodalar yo‘lkasi, yo‘l yoqasi bo‘lmasa yoki ulardan yurishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda piyodalar velosiped yo‘lkasidan yoki qatnov qismining chetidan (ajratuvchi bo‘lagi bor yo‘llarda qatnov qismining o‘ng chetidan) bir qator bo‘lib yurishlari mumkin. Aholi yashaydigan joylardan tashqarida, yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan piyodalar transport vositalarining harakatiga qarshi yo‘nalishda yurishlari kerak. Nogironlarning motorsiz aravasida ketayotgan yoki mototsikl, moped, velosiped yetaklab ketayotgan shaxslar, bunday hollarda transport vositalarining harakat yo‘nalishi bo‘ylab yurishlari kerak.
Piyodalar harakatlari bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlardan (prof Q.X.Azizov, A.Nazarov ba boshqalar) ko‘rinadiki, piyodalar transport oqimiga eng katta ta’sirni chorrahalardagi o‘tish joylarida ko‘rsatilar ekan. Bu ta’sir chorrahalarda piyoda va transport vositasining harakati natijasida vujudga keladigan ziddiyatlik vaziyat bilan belgilanib, uning qanchalik ko‘p yoki kam bo‘lishi ko‘pincha piyoda va haydovchining pisixo-fiziologik xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Transport vositalarining piyodalarni o‘tish joyiga yaqinlashishi natijasida piyodalarni o‘tish joyidan chiqishi kuzatilganda, 97% piyodalar xavfli zonani 3s ga yaqin vaqtda tashlab chiqishar ekan. Bu vaqt barqaror bo‘lib, u yilning fasliga, sutka vaqtiga va qoplamaning holatiga bog‘liq emasligi aniqlangan. Piyodalarning transport vositalariga ta’siri ayniqsa boshqarilmaydigan chorrahalarda sezilarli darajada. Jumladan, boshqarilmaydigan chorrahalarida o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra, piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashishda transport vositalarining tezligi 20-30% pasayishi, piyodalarning harakat miqdori 2000 piyoda/soat bo‘lganda kuzatilgan. Shunda 30-40% transport vositalari harakat tezligini pasaytirib, 20% yani to‘xtab keyin harakat qilgan. Umuman avtomobil yo‘llarida va shahar ko‘chalarida piyodalar harakatining transport oqimiga ta’siri quyidagi joylarda namoyon bo‘ladi:
– piyodalar o‘tish mintaqasida;
– avtobus bekatlarida;
– aholi yashash punktlaridan o‘tgan yo‘llarda;
– piyodalar yo‘l yoqasi bo‘ylab harakatlangan mintaqada;
– yo‘l yoqasida joylashgan ovqatlanish, dam olish maskanlari va savdo shaxobchalari mintaqasida;
– bolalar muassasalari, maktablar mintaqasida;
– transport vositalariga xizmat qilish mintaqalarida;
– yo‘l yoqasida joylashgan idora, tashkilot, kasalxona va boshqa odamlar yig‘iladigan joylarda;
– metropolitenga kirish va chiqish joylarida;
– yer osti va usti joylarida (piyodalar yo‘l harakat qoidalarini buzgan holda)
– stadion, kino, teatr, muzeylar mintaqasida.
Piyodalar oqimi ikkita punktda – turar joylarda va odamlar ehtiyojini qondiradigan maskanlarda hosil bo‘ladi. Shahar sharoitida bunday punktlar birbiriga nisbatan qanday joylashganligiga qarab, piyodalar oqimi o‘zgarib turadi. Odamlar yig‘iladigan joy, ko‘pchilik hollarda, shahar markazida bo‘ladi, chunki bu yerda boshqaruv idoralari, banklar, maishiy xizmat ko‘rsatish inshootlari, savdo do‘konlari joylashgan.
Piyodalar o‘tish joylari yaxshi jihozlanib, kamida 150 m masofadan haydovchilarga yaqqol ko‘rinib turishi kerak. Harakat xavfsizligini oshirish maqsadida aholi yashaydigan punktlarda transport vositalari va piyodalarning harakat miqdoriga qarab piyodalar o‘tish joylarining jihozlanish darajasi o‘zgarib boradi. «Zebra» tipidagi piyodalar o‘tish joyi II, III kategoriyali yo‘llarda Avtomobillarning harakat miqdori 200 avt/soat va undan yuqori bo‘lganda, piyodalar yig‘ilib, yo‘lni kesib o‘tadigan joylarda o‘rnatilishi ko‘zda tutiladi.
Piyodalar o‘tish joylarini I darajali avtomobil yo‘llarida ikki sathda qurilishini ta’minlash zarur. Piyodalar harakatining transport vositalari harakatiga ta’sirini umuman yo‘q qilish uchun piyodalar yo‘l o‘tkazgichi yoki tonnellari qurish kerak. QMQ 2.05.02-05 ko‘rsatmasiga asosan piyodalar harakat miqdori Ib darajali yo‘llar uchun soatiga 100 odam va undan ortiq va II darajali yo‘llar uchun soatiga 250 odam va undan ortiq bo‘lganda piyodalar (yer osti yoki yer usti) yo‘lagini loyihalash lozim. Piyodalar yo‘laklari loyihalangan joylarda to‘siqlar ko‘zda tutilishi zarur.
Piyodalar yo‘l o‘tkazgichlari yo‘l qatnov qismining tepasidan o‘tkazilsa, qurilish oson va arzonga tushadi. Lekin piyodalar undan kam foydalanadilar, chunki yo‘l satqidan 5-6 m balandlikka ko‘tarilib, so‘ngra yana qayta tushishlari kerak. Shu sababli piyodalar yo‘l o‘tkazgichi asosiy yo‘ldan o‘tganda yoki yo‘lning harakat bilan yuklanganlik koeffitsiyenti juda yuqori (0,7-0,9) bo‘lganda iqtisodiy jihatdan foydali hamda piyodalar foydalanishi yuqori bo‘ladi. Yer osti piyodalar tonnellari piyodalar tomonidan ko‘p foydalaniladi, chunki yer osti tonnellarining balandligi 2-2,5 m dan oshmaydi va piyodalar tushibchiqishi yo‘l o‘tkazgichlariga nisbatan 2 marta oson bo‘ladi. Lekin tonnellar qurilishi jihatidan bir muncha murakkab va qimmat bo‘ladi. Piyodalar yo‘l o‘tkazgich va tonnellar qurilgan joylarda tartibsiz yurishlarini kamaytirish maqsadida yo‘l o‘qi bo‘yicha yoki ajratuvchi polosada 2-gruppa yo‘l to‘siqlarini yo‘lning har ikki tomoniga 50-100 m masofaga (harakat miqdoriga qarab) o‘rnatish zarur. Aholi yashash joylarida va ularga kelishdagi yo‘l qismlarida hisobiy harakat miqdori sutkasiga 4000 keltirilgan birlik va undan ortiq bo‘lsa, yo‘l poyi chegarasidan tashqariga piyodalar uchun yo‘laklar qurilishi kerak. Yo‘laklarni QMQ talablariga muvofiq loyihalash zarur. Avtomobil yo‘li aholi punktidan o‘tganda piyodalar uchun yo‘lak qurilishi ko‘zda tutiladi. Yo‘lak enini ko‘chaning darajasiga, qurilish xarakteriga, yo‘lovchilarning soniga, hamda yo‘lakda joylashgan machtalarning tayanchlari va daraxtlar mavjudligiga qarab belgilanadi. Yo‘lak enini hisoblashda yo‘lovchining harakatlanishi uchun 0,75 m tasma kerakligi ko‘zda tutiladi. Shahar ko‘chalarning umumiy eniga qarab turib yo‘laklar quyidagicha joylashtirilishi mumkin: qatnov qismining yonida, ko‘kalamzorlashtirilgan 83 tasmalar oralig‘ida, qatnov qismidan va binolardan ajralgan holda, binolar yonida, qatnov qismidan ko‘kalamzorlashtirish tasmalari joylashtirib ajratilgan holda va h.k.
Piyodalar harakatini xavfsiz va samarali tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijalarini doimiy amaliyotga tadbiq etib borish yo‘llarda piyodalar bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarni kamayishiga asos bo‘ladi. Transport vositalarining turlarini o‘zgarib borishi, shuningdek, yo‘l loyihalash ishlaridagi yangi yechimlarni uzluksiz tadbiq qilib borish sud avtotexnika bo‘yicha o‘tkaziladigan tadqiqotlarga bevosita ta’sirini o‘tkazadi. Bu kabi o‘zgarish va rivojlanishlar agar yo‘l transport hodisasi haydovchi, transport vositasi, yo‘l, atrof muhit va piyoda ishtirokida sodir bo‘lishini e’tiborga olinsa, sud avtotexnika uslubiyotlarida keltirilgan va amalda matematik hisoblarda qo‘llanilib kelinayotgan kattalik va koeffitsientlar bo‘yicha tadqiqotlarni uzluksiz davom ettirish, piyodalar ishtirokida sodir bo‘lgan hodisa vaziyatini tadqiq qilishda mavjud uslublarni takomillashtirish, shuningdek, yangi turdagi uslub va yondoshuvlarni ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish lozim bo‘ladi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
SATE laboratoriyasi eksperti Y.I.Adashev