Soʻnggi yillarda genetik tadqiqotlar va odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi sohasida juda koʻp yangi texnologiyalar yaratilmoqda. Ushbu yangiliklar faqat ilmiy tadqiqotlar uchun emas, balki amaliyotda ham qoʻllanilib, tergov va sur organlari uchun qiyin masalalarni yechishga yordam bermoqda. Bizning laboratoriyamiz ham zamon bilan hamnafas ravishda rivojlanib, yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy qilib keladi. Zamonaviy uskunalarning joriy etilishi tahlillarning tezkorligini, aniqligini va ishonchliligini sezilarli darajada oshirmoqda.
Quyida laboratoriyamizda qoʻllanilayotgan eng ilgʻor uskunalar va ularning odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi jarayoniga qoʻshgan yangi imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot keltiriladi.
Spectrum (Promega) Sekvenatori
Spectrum sekvenatori DNK tahlilida yuqori darajada aniqlikni taʼminlaydi. Ushbu uskuna 8 rangga moʻljallangan yagona tizim boʻlib, bu ekspertiza tadqiqotlarida yuqori samara beradi. Ayniqsa, qiyin holatlardagi namunalarni tahlil qilishda uning yuqori sezuvchanligi katta yordam beradi. Bu uskuna orqali 100-yildan ortiq muddatdagi suyak namunalarini ham identifikatsiya qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, Spectrum CE tizimining yangi avlod 8-dye STR tizimlarini qoʻllab-quvvatlashi, yanada koʻproq genetik maʼlumotlarini olishga yordam beradi [1].
Spectrum uskunasida ishlatiladigan asosiy toʻplamlar:
- PowerPlex® 35GY System:
- Xususiyatlari: 8 rangli STR multipleks tizim boʻlib, umumiy 35 lokusni aniqlashga moʻljallangan. U 23 autosomal STR lokuslari, 11 Y-STR lokuslari va Amelogeninni oʻz ichiga oladi.
- Afzalliklari: Hatto degradatsiyaga uchragan yoki aralash tabiatga ega namunalarda ham yuqori aniqlikda natijalarni taqdim etadi. Mini-STR lokuslarining qoʻshilishi eski namuna va qiyin holatlarda ham toʻliq natijalar olish imkonini beradi [10].
- Ishlatish sohalari: Jinoyat ishlaridagi DNK tahlillari, yoʻqolgan shaxslarni aniqlash va arxiv namunalarini tekshirish.
- PowerPlex® 18E System:
- Xususiyatlari: ENFSI tavsiya etgan STR lokuslarini oʻz ichiga olgan 8 rangli STR tizim. U Amelogenin va DYS391 orqali jinsni aniqlaydi.
- Afzalliklari: DNK degradatsiyasiga uchragan hollarda ham samarali natijalarni taʼminlaydi. 325 bp dan kichik amplikonlar bilan yuqori samaradorlikka ega [11].
- Ishlatish sohalari: Jinoyat ishlari, otalik analizi va tadqiqot namunalari.
SeqStudioFlex (ThermoFisher) Sekvenatori
SeqStudioFlex sekvenatori DNK fragmentatsiyasini oʻrganishda va qiyosiy tahlillarni amalga oshirishda eng yangi texnologiyalardan biri hisoblanadi. Ushbu uskuna amaliyotga joriy etilgach, genetik tahlillarni bajarish vaqti sezilarli darajada qisqardi. Shuningdek, uning avtomatlashtirilgan ishlash tizimi inson omili tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatoliklarni kamaytiradi.
DNBSEQ-G99 (BGI kompaniyasi) NGS Sekvenatori
BGI kompaniyasining DNBSEQ-G99 NGS sekvenatori katta hajmdagi genetik maʼlumotlarni qisqa vaqt ichida tahlil qilish imkonini beradi. U 9858 SNP lokusining aniqlanishini taʼminlaydi, bu esa murakkab qarindoshlik aloqalarini aniqlashda katta ahamiyatga ega. GISNP9K Forensic Genealogy Interpretation Kit yordamida, ushbu uskuna birinchi va uchinchi darajagacha boʻlgan qarindoshlikni 100% aniqlik bilan aniqlaydi. Ushbu texnologiya murakkab genealogik tahlillarda katta yordam beradi va keng qamrovli qidiruv jarayonlarini qisqartirish imkonini yaratadi [2][6][7].
DNBSEQ-G99 uskunasi yordamida laboratoriyada ishlatiladigan asosiy toʻplamlar:
- GISNP9K Forensic Genealogy Interpretation Kit:
- Qisqacha tavsif: 9858 SNP lokusini tahlil qilish uchun ishlatiladi.
- Nega muhim: Yuqori aniqlik bilan 1-5 darajadagi qarindoshlikni aniqlash imkonini beradi.
- Anʼanaviy tahlillardan farqi: STR fragmentlarini chegaralangan soni bilan tahlil qilish oʻrniga, SNP asosida keng qamrovli genom maʼlumotini taqdim etadi.
- FGID Forensic DNA Typing Solution:
- Qisqacha tavsif: Bir vaqtning oʻzida 60 ta namunani tahlil qilish imkonini beradi.
- Qoʻllanilish sohasi: Sud-biologik ekspertiza va katta qoʻshilmalarda, shuningdek, yoʻqolgan shaxslarning qarindoshlarini aniqlashda qoʻllaniladi.
- Anʼanaviy usullardan farqi: STR fragmentlarini aniqlashga qoʻshimcha ravishda, SNP va mtDNA ni ham tahlil qilish imkonini beradi.
- FGID Non-Invasive Prenatal Paternity Testing Kit:
- Qisqacha tavsif: Tugʻilmagan bolaning DNKsini tekshirish uchun ishlatiladi.
- Qoʻllanilish imkoniyatlari: Genetik aloqalarni 6 haftalik homiladan boshlab aniqlash mumkin.
- Anʼanaviy metodlardan farqi: Amniotsentez kabi invaziv usullar oʻrniga xavfsiz va noinvaziv tekshiruv usullarini taklif etadi.
Maxwell (Promega) DNK Ekstraktsiya Uskunasi
Maxwell DNK ekstraksiya qilish uskunasi orqali namunaning DNK olish jarayoni avtomatlashtirildi. Bu uskunaning eng katta afzalliklaridan biri “Differensial lizis” jarayonini avtomatlashtirgan yagona tizim ekanligidir. Bu jarayon namunalarni sifatli DNK bilan taʼminlashda katta yordam beradi [4].
MicroLabStar (Hamilton)
MicroLabStar uskunasi reaksion aralashmalarni tayyorlash va DNK ekstraksiyasini oʻtkazishda inqilobiy oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Ushbu uskuna yuqori aniqlik va tezlik bilan ishlashi sababli, laboratoriya jarayonlarida samaradorlikni oshirdi [5].
Zamonaviy uskunalarning ekspertizaga taʼsiri
Yuqorida keltirilgan zamonaviy uskunalarning sud-biologik ekspertizaga joriy etilishi bir nechta muhim imkoniyatlarni yaratdi:
- Aniqlikni oshirish: Yangi uskunalar orqali olingan maʼlumotlarning aniqligi yuqori boʻlib, bu sud jarayonlarida xatoliklarning oldini oladi.
- Tezkorlik: Tahlil jarayonlarining tezlashuvi sud-biologik ekspertiza xulosalarini oʻz vaqtida taqdim etish imkoniyatini berdi.
- Koʻp namunalarni bir vaqtda tahlil qilish: Katta hajmdagi namunalarni bir vaqtning oʻzida tahlil qilish imkoniyati ish samaradorligini sezilarli darajada oshirdi.
- Xarajatlarni kamaytirish: Avtomatlashtirilgan tizimlar inson resurslariga boʻlgan ehtiyojni kamaytib, umumiy xarajatlarni optimallashtirishga yordam berdi.
- Yangi tahlil usullarini joriy etish: Yangi uskunalar genetik tadqiqotlar uchun ilgʻor usullarni amaliyotga olib kirdi.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Spectrum CE Brochure BR284. Promega.
- DNBSEQ-G99. Benchtop Genetic Sequencer.
- FGID NGS Reagents Guide. FGID Integrated High-Throughput Forensic Genomic Solution.
- Maxwell DE System Technical Manual TM734.
- MicroLab Star Brochure. Hamilton Robotics.
- GISNP9K Forensic Genealogy Interpretation Kit Flyer 20240104.
- 9K Genealogy. Forensic Genomics Institute.
- NIPPT Local Solution Flyer 20231228. BGI.
- NGS Introduction. Forensic Genomics Institute.
- PowerPlex 35GY Brochure BR342. Promega.
- PowerPlex 18E Brochure BR346. Promega.
Normatov Asilbek Ermuxammadovich
Oʻzbekiston respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
e-mail: normatov_dna@bk.ru