Muhr va shtamplar jismoniy va yuridik shaxslarning rasmiy hujjatlarini qalbakilashtirishdan saqlovchi himoya vositasi hamda muhr egasining imzosini tasdiqlovchi bosma shakli hisoblanadi. Muhr va shtamplarning izlari haqiqiy hujjatning muhim rekvizitlaridan biri bo‘lib hisoblanadi va imzo bilan birga bir qatorda undagi mavjud bo‘lgan fakt va ma’lumotlarni tasdiqlovchi omil bo‘lib hisoblanadi. Muhr (shtamp)larni hujjatlarga tushirish, hujjatlarni qalbakilashtirishdan muhofaza qiladi.
Amaliyotda hujjatlarni tasdiqlashda elektron raqamli imzodan foydalanish imkoniyatlari yaratilgan bo‘lishi hamda tadbirkorlik subyektlari uchun ulardan foydalanishning majburiyligi bekor qilinishiga qaramasdan, mamlakatimizda hamon muhr va shtamplardan keng foydalanilmoqda.
Ammo bugungi kunda kompyuter texnologiyalarining rivojlanishi davrida har qanday muhr yoki shtampning izi osongina bajarilishi mumkin. Chunki muhr va shtamplarni ishlab chiqarish texnologiyalari nafaqat maxsus korxona va muassasalarda, balki undan o‘zi yoki boshqalarning shaxsiy manfaatlari uchun foydalanadigan firibgarlarda ham mavjud. Sababi zamonaviy texnik imkoniyatlar hatto uyda muhr yaratishga imkon beradi. Lekin, bu holda, muhrlar o‘zining noyob xususiyatlarini va asl nusxada mavjud bo‘lgan himoya darajalarini yo‘qotadi.
Ma’lumot o‘rnida, Jinoyat kodeksining 228-moddasida soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish uchun jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yilgan.
Xo‘sh muhr va shtamplardan xavfsiz foydalanish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim? Ushbu savolga javob berishda quyidagilarni ko‘rib chiqishimiz mumkin.
Muhr – vakolatli shaxs tomonidan u ifodalayotgan maqsadi yoki boshqa axborotning haqiqiyligini qo‘shimcha ravishda rasman tasdiqlash uchun ishlatiladigan, tayyorlanishi, saqlanishi va foydalanilishiga alohida tartib belgilangan vositadir.
Shtamp – tayyorlanishi, saqlanishi va foydalanilishiga alohida tartib belgilangan, axborotni tasdiqlash yoki hujjatlarni ro‘yxatga olish va tashkilotning rekvizitlari ko‘rsatilgan vositasi hisoblanadi.
Muhrlarni mohiyatiga qarab gerbli va oddiyga ajratish mumkin. Gerbli muhrlarda matndan tashqari Respublika gerbining aksi tushirilgan bo‘ladi. Oddiy muhrlarda matndan tashqari tashkilot, muassasa yoki korxonalarning qabul qilgan belgisi (emblema) ifodalangan bo‘ladi.
Muhrning izidagi gerb shunday joylashadiki uning pastki qismi (bir tomonlama matnlarda) matn intervalning markaziga qaragan. Ikki tomonlama matnli muhrlarda gerbning pastki qismi satrning markaziga qaragan. Gerbning umumiy tuzilishi esa O‘zbekiston Respublikasining yoki boshqa davlatning Konstitutsiyasidagi taʼrifiga mos tushishi kerak.
Hozirgi vaqtda gerbli muhrlar faqat doira shaklida, oddiylari doira va uchburchak, shtamplar to‘g‘ri burchak shaklida ishlab chiqariladi. Matn bilan bir tilda bajarilgan muhr diametri 38-40 mm bo‘ladi. Maxsus gerbli muhr diametri 25 mm bo‘lishi mumkin. Doira shaklidagi muhrning umumiy o‘lchamini belgilovchi doirasi bo‘ladi, baʼzilarida bir-biriga nisbatan kontsentrik joylashgan qalin va ingichka doiralar (chiziqlar) ikki dona va baʼzi holatlarda uchta bo‘lishi mumkin. Ichki doira ham turg‘un bo‘lishi mumkin va u o‘rtaning (gerb maydoni markazida joylashgan matn) o‘lchamlariga bog‘liq va ular 25, 18, 15, 11, 9 mm bo‘ladi.
Uchburchak muhrning tashqi taraflari uzun uchburchaklar oqimiga ega, ular 40-45 mm bo‘lib, ichki uchburchak perimetri bo‘yicha joylashgan matnga bog‘liq. Muhr va shtamp matnlarida korxona va tashkilot nomi to‘liq beriladi. Matnning boshqa fragmentlari baʼzan qisqartirilib yozilishi mumkin.
Muhr yoki shtamplarga qo‘yiladigan asosiy talablar ulardagi mavjud elementlarni bosma forma maydonida simmetrik joylashishidir. Jumladan, doira shaklidagi muhrlarda matn aylana holatda joylashishi kerak. Аlohida gaplarning boshi va oxirida yulduzcha yoki boshqa ajratuvchi belgi joylashtiriladi. Matn bir tomonlama joylashilganda harflar muhr markaziga yo‘naltirilgan bo‘ladi (matn soat mili bo‘yicha o‘qiladi). Аgar matn ikki taraflama joylashsa, yuqori satr harflari markazga yo‘naltirilgan, pastki satr harflari esa markazdan tashqariga yo‘naltirilgan, (matn bu holatda soat miliga qarshi yo‘nalishda o‘qiladi).
Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda oddiy muhr yoki shtamplarga umuman hech qanday talablar qo‘yilmaydi. Lekin shunga qaramasdan, oddiy muhr va shtamplarni tayyorlashda muayyan bir talablarga rioya qilinadi, jumladan, oddiy muhr va shtamplarda bir so‘zdagi bir xil belgilar (harflar) bir xil o‘lchamga va bir xil ko‘rinishga ega bo‘ladi, so‘zdagi harflar o‘zaro o‘xshash ko‘rinishga ega bo‘ladi, so‘zlar va belgilar orasidagi masofalar deyarli teng va matn muhr yoki shtampning markaziga nisbatan simmetrik joylashgan bo‘ladi.
Muhr va shtamplarni qalbakilashtirishni oldini olish maqsadida, mutaxassislar tomonidan quyidagilarni amalga oshirish tavsiya etiladi:
– hujjatlarni tasdiqlashda elektron raqamli imzolardan keng foydalanish;
– ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida murakkab himoya elementlariga ega bo‘lgan muhr va shtamplardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish;
– muhr va shtamplardan foydalanish jarayonlarida ehtiyotkorlikka
va belgilangan talablarga rioya qilish;
– o‘zining xususiyatlarini tez yo‘qotuvchi materiallardan tayyorlangan muhr va shtamplardan hamda siyohdan foydalanmaslik;
– muhr va shtamplardan foydalanishda uni saqlash qoidalariga rioya etish, ushbu muhr va shtamplardan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan saqlanishi lozimligi.
Bugungi kunda sud ekspertizasi tashkilotlarida, xususan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud-tergov organlarining qarori (ajrim), advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning arizalariga asosan muhr va shtamplar izlariga doir ko‘plab savollarga javob berishga qaratilgan ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilib, ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlari berib kelinmoqda.
Muhr va shtamplar izlarining tadqiqotlarida quyidagi savollarga javob berilishi mumkin:
- Hujjatdagi muhr (shtamp)ning izi qanday usulda bajarilgan?
- Аgar hujjatda muhr (shatmp) izining tasviri mavjud bo‘lsa, ushbu tasvir qanday usulda olingan (chizilgan, nusxa ko‘chirish, elektrofotografik usul, maxsus qurilma (printer) yordamida va hokazo)?
- Hujjatda izi tushirilgan muhr (shtamp) qanday usulda tayyorlangan?
- Hujjatda joylashgan muhr (shtamp) izi, tadqiqotga taqdim etilgan muhr (shtamp)dan qoldirilganmi?
- Hujjatlardagi muhr (shtamp) izlari bir yoki turli muhr (shtamp)lardan qoldirilganmi?
- Hujjatning bosma matni va undagi muhr (shtamp) izi bajarilish ketma-ketligi qanday amalga oshirilgan? Avval bosma matn chop etilib, so‘ngra muhr (shtamp) izi tushirilganmi yoki aksinchami?
- Hujjatdagi imzo va muhr (shtamp) izi bajarilish ketma-ketligi qanday amalga oshirilgan? Avval imzo qo‘yilib, so‘ngra muhr (shtamp) izi tushirilganmi yoki aksinchami?
D. Qo‘ldoshova X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi katta eksperti
A. G‘ofurjonov X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi