Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan va jamiyatning barcha sohalarini toʻliq qamrab olgan islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, millatlar va fuqarolar oʻrtasida totuvlikni saqlashga qaratilgan. Islohotlar haqida soʻz ketar ekan, Mamlakatimizni demokratik yangilashning bugungi bosqichidagi eng muhim yoʻnalishlardan biri bu qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va liberallashtirishdan iboratdir. Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda huquqiy davlat asoslarini yanada takomillashtirish va aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish biz uchun hal qiluvchi vazifa boʻlib qolmoqda. Bu kabi islohotlarning roʻyobga chiqishi borasida mamlakatimizda yetarli darajada qonunchilik bazasi shakllanib ulgurdi va hozirda yanada takomillashtirilmoqda.
Maʼlumki, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar mamlakatning chinakam rivoji, aholi turmush darajasining yuksalib borishi, aholi yalpi daromadlarining oʻsishi, aholining mulkka ega boʻlishi, davlat boshqaruvida fuqarolarning faolligi, aholi huquqiy ongi va madaniyatining yuksalishi, davlat organlarining samarali faoliyati hamda bevosita ularning faoliyatida jamoatchilik nazorati kabi koʻplab ijobiy koʻrinishlarda namoyon boʻlmoqda. Yuqoridagi maqsadlarga erishishning asosiy omillaridan biri jamiyatda qonuniylikni taʼminlashdir. Qayd etilgan ustuvor vazifani bajarish huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudning asosiy funksiyasini tashkil qiladi. Zero, fan texnika yutuqlarini huquqni muhofaza qilish organlari va sud faoliyatiga keng tatbiq etish ishlarning yuritilish sifatini oshiradi. Shu maʼnoda, ekspertiza bugungi kunda surishtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida yetakchi urinlardan birini egallamoqda, shuningdek davlatimiz tomonidan sud ekspertizasi va sud ekspertlari faoliyatiga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birgalikda sud ekspertizasi sohasida jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan Oʻzbekiston respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF 6256 sonli Farmonida sud ekspertizasi sohasida jismoniy va yuridik shaxslarga ishning sifatini oshirish va muddatlarni qisqartirish va boshqalarni nazarda tutuvchi bir qator yaratiladigan imkoniyatlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtilgan.
Unga koʻra 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab:
- davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga koʻra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari boʻyicha tadqiqot oʻtkazish huquqi berilishi. Bunda, tadqiqot natijalariga koʻra mutaxassis fikri taqdim etiladi;
- iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritishda advokatga sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish huquqi asosida davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat soʻroviga koʻra ekspertiza oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi;
- 2022-yil 1-martdan boshlab sud ekspertlari va ekspertiza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir maʼlumotlarni yetkazish, ekspertiza harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash uchun moʻljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
- huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hududiy boʻlinmalari ehtiyojlarini taʼminlash hamda jismoniy va yuridik shaxslarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining (keyingi oʻrinlarda — RSEM) hududiy boʻlimlarida joylardagi zarur ehtiyojlar hamda mavjud imkoniyatlarni hisobga olgan holda ekspertiza tadqiqotlarining qoʻshimcha turlarini joriy qilish. Shu jumladan, Fargʻona, Termiz, Urganch shaharlarida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi hamda Samarqand shahrida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi hamda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalarini bosqichma-bosqich tashkil qilish.
Yuqorida farmonda joriy etilishi koʻzda tutilgan yangi ekspertiza turlari hozirda amaliyotga tadbiq etilib, viloyatlarda tashkil etilishi nazarda tutilgan laborotoriyalar hozirda fuqarolar, yuridik va jismoniy shaxslar shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻz faoliyatini yuritimoqda.
Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi
RSEM Andijon viloyat boʻlimi eksperti,
3-darajali yurist A.T.Xaydarov