Annotatsiya:
Ushbu maqolada matn lingvistikasiga doir ilmiy qarashlar bayon etilgan. Matn ko‘plab tilshunoslik maktablarining tadqiqot obyektiga aylanganligi, an’anaviy va zamonaviy tilshunoslikda matn tushunchasini turlicha talqin etilishi xususida fikr yuritilgan. Jahon tilshunosligida, jumladan turkiyshunoslik, rus, nemis, fransuz, chex tilshunosligida matn doirasida ilmiy izlanishlar va muayyan yo‘nalishlarning o‘rganish obyekti qilib olinganligi ta’kidlangan. Maqolada jahon tilshunosligida matn nazariyasi, matn lingvistikasining umumiy va integral jihatlari, shakllanishi va rivoji, unda matn tushunchasi va talqini tahlil qilinadi.
Аннотация:
В данной статье изложены научные взгляды на лингвистику текста. Текст стал объектом исследования многих школ языкознания, а понятие текста по-разному трактуется в традиционном и современном языкознании. В мировом языкознании, в том числе в тюркологии, русском, немецком, французском и чешском языкознании, отмечается, что в качестве объекта исследования внутри текста принимаются научные исследования и конкретные направления. В статье анализируется теория текста в мировой лингвистике, общие и интегральные аспекты лингвистики текста, становление и развитие, понятие и интерпретация текста.
Annotation:
This article outlines scientific views on text linguistics. The text has become the object of study in many schools of linguistics, and the concept of text is interpreted differently in traditional and modern linguistics. In world linguistics, including Turkic studies, Russian, German, French, and Czech linguistics, it is noted that scientific researches and specific directions are taken as an object of study within the text. The article analyzes text theory in world linguistics, general and integral aspects of text linguistics, formation and development, the concept and interpretation of text.
Kalit so‘zlar: Tilshunoslik, matn nazariyasi, matn lingvistikasining umumiy shakllanishi va rivojida gap, an’anaviy va zamonaviy matn tilshunosligi.
Ключевые слова: Языкознание, возникновение лингвистического текста, теория текста, речь в общем становлении и развитии лингвистики текста, традиционная и современная лингвистика текста.
Keywords: Linguistics, the emergence of text linguistics, text theory, speech in the general formation and development of text linguistics, traditional and modern text linguistics.
KIRISH
Ma’lumki, insoniyat tarixida matn muhim gnesiologik ahamiyatga ega voqelik sifatida qaraladi. Matnlar og‘zaki va yozma shakllarda, vertikal va gorizantal harakatda, turli uslublarda yaratiladi. Matnda inson tajribasida umumlashgan fikrlar o‘z ifodasini topadi. Shu munosabat bilan matnni ma’no jihatdan tahlil qilish, uning strukturasini aniqlash metodikasini ishlab chiqish masalalari bilan tilshunoslar, mantiqshunoslar, psixolingvistlar, kibernetiklar, pedagoglar shug‘ullanganlar. Ular alohida gap yoki hukmni tahlil qilishdan tashqari, o‘zida keng axborotni tashuvchi matnlar, abzaslar va murakkab ma’noni ifodalovchi strukturalarni o‘rganish yo‘llarini tahlil qilganlar.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODLAR
Tilshunoslik fani bugungi kunga qadar ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bu holat tilning fonologik, morfologik, sintaktik sathlarining har biri bilan bog‘liq muammolar talqinida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Lekin jahon tilshunosligida matn va uning lisoniy tabiatini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar keyingi o‘ttiz-qirq yil davomida kun tartibiga qo‘yila boshladi. Bu narsa alohida olingan rus, ukrain, fransuz, nemis, ingliz tilshunosligi kabi bir necha xususiy tilshunosliklar uchungina emas, balki umumnazariy tilshunoslik uchun ham xarakterlidir.
«Matn» atamasi ilmiy adabiyotlarda turlicha talqin qilinadi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da matn so‘zining arabchadan o‘zlashganligi, eskirgan kitobiy so‘z ekanligi va aynan tekst so‘zi anglatgan ma’noga tengligiga ishora qilinadi. O‘zbek tilining izohli lug‘atining 156-sahifasida tekst so‘ziga quyidagicha ta’rif beriladi:
- Yozilgan, ko‘chirilgan yoki bosilgan ijodiy, ilmiy asar, nutq, hujjat va shu kabilar yoki ularning bir parchasi; matn. Maqolaning teksti.
- Muzika asariga, masalan biror kuyga, opera, romans va shu kabilarga asos bo‘lgan she’r, so‘z.
- Poligrafiyada yirik shriftlardan birining nomi[1].
Rus tilshunosligida matn (“tekst”) tushunchasining rivoji o‘tgan asrning 40-yillariga to‘g‘ri keladi. 1947- yilda A.I.Belich o‘zining tilshunoslik fanlarining tasnifiga bag‘ishlangan maqolasida til faktlarining grammatik tavsifida ma’no umumiyligi asosida bog‘langan va muayyan sintaktik-semantik yaxlitlik tarzida namoyon bo‘ladigan gaplarning butun zanjiriga alohida o‘rin berilishi lozimligiga va bu “matn” tushunchasining yuzaga kelishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga molik ekanligiga e’tiborni qaratgan, ana shunday gaplar zanjiridagi o‘zaro munosabat va aloqalarni tilshunoslikning sintaksis bo‘limida o‘rganishning maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan[2].
Gapdan katta birliklar, ya’ni “gaplarning hamkorligi” masalasi nemis tilshunosligida ham 1949-yilda ko‘tarilgan. Gaplar o‘rtasidagi aloqalarni struktural shakllantiruvchi leksik takror, artikl, olmoshlar, ellipsis, fe’l zamonlari, takror bog‘lovchilar, so‘roq so‘zlar kabi eng muhim vositalarni tadqiq etgan ishida K.Boost shunday yozadi: “Bir gapdan boshqasiga tortilgan iplar shu qadar ko‘p va shunady pishiq to‘rni hosil qiladiki, gaplarning chatishishi, ularning yagona to‘r sifatida o‘rib to‘qilganligi haqida gapirish mumkin, chunki har bir alohida gap boshqalari bilan chambarchas bog‘langan”[3].
Matn nazariyasi, matn lingvistikasining umumiy shakllanishi va rivojida chex (Praga lingvistik to‘garagi vakillari), nemis, fransuz, ingliz, Amerika, golland, polyak va boshqa tilshunoslik maktablari vakillarining xizmatlari dunyo tilshunosligida e’tirof etilgan va doimiy ravishda ilmiy tadqiqotlarda tilga olinadi[4].
Rus tilshunosligida ham matn nazariyasi va lingvistikasi muammolari V.V.Odinsov, I.R.Galperin, O.I.Moskalskaya, L.M.Loseva, Y.M.Lotman, Z.Y.Turaeva, N.D.Zarubina, E.V.Sidorov, O.L.Kamenskaya, A.I.Gorshkov, N.S.Valgina kabi ko‘plab tilshunoslar tomonidan o‘rganib kelingan[5].
Turkiyshunoslikda matn masalasi birinchi o‘laroq o‘tgan asr 70-yillarining boshida taniqli tatar tilshunosi M.Zakiyev tomonidan qo‘yilgan. Dastlab u bog‘li nutqni mustaqil gaplar o‘rtasidagi aloqani o‘rganmasdan tadqiq etib bo‘lmasligini, chunki bog‘li nutq hamisha turli usullar bilan o‘zaro bog‘langan gaplar zanjiridan iborat bo‘lishini, shunga ko‘ra bog‘li nutqda gapdan yirik va murakkab bo‘lgan “murakkab sintaktik butunlik” deb ataladigan birliklar ajratilishini (ular abzasning qismi, abzas, yaxlit bob, ba’zan hatto yaxlit asar va sh.k.ga teng bo‘lishini) ta’kidlaydi va yozadi: “Bog‘li nutqda murakkab sintaktik butunlikni ajratish sof metodik maqsadni nazarda tutadi; u nutqning asosiy birligi bo‘la olmaydi va boz ustiga gapga qarama-qarshi qo‘yilishi mumkin emas”[6].
Ozarbayjon tilshunosligida matn sintaksisi va uning o‘ziga xosliklari masalasi K.M.Abdullayev tomonidan atroflicha monografik planda tadqiq etilgan. Ozarbayjon tilidagi matn, uning kommunikativ, struktur-semantik xususiyatlari, matn birliklari mavjud qarashlar va original kuzatishlar asosida tahlil etilgan[6].
Darhaqiqat, matn lingvistikasi masalasi talqin etila boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Nemis olimi R.Harvegning ta’kidlashiga ko‘ra, matn tilshunosligining to‘liq asoslanishi uchun hali kamida yuz yil kerak[7].
Taniqli fransuz tilshunosi R.Bart matnni quyidagicha tushunadi: “Ichki bog‘lanishli bo‘lgan, muloqot maqsadida mazmunan o‘zaro birikkan gaplardan tashkil topgan nutqning har qanday parchasini matn deb atash maqsadga muvofiq”[8]. Umuman, R.Bartning “Matn lingvistikasi” nomli tadqiqoti (1970)da matnning bir necha komponentli turi haqida ma’lumot beriladi.
Matn va uning lingvistik tabiati haqida chex tilshunosi Kveta Kojevnekovaning mulohazalari ham diqqatga sazovordir. Bu olimaning tadqiqotlarida asosiy e’tibor matnning bog‘lanishli nutq mahsuli ekanligi, bog‘lanishli nutqning tarkibiy qismlari va ularning o‘zaro munosabatini o‘rganishga qaratilgan edi. Shunisi e’tiborliki, K.Kojevnikova matn haqida mulohaza yuritganida, uning mazmuniy jihatdan tugallangan bo‘lishini alohida ta’kidlab ko‘rsatadi.
NATIJALAR VA MUHOKAMA
Har qanday tadqiqot o‘z xarakteri va mohiyatiga ko‘ra, matnni o‘rganish ishi bir necha yo‘nalishda olib borilayotganidan dalolat beradi.
Birinchi yo‘nalishdagi ishlarda matnning formal-grammatik va ma’no qurilishini o‘rganishga e’tibor qaratildi. Matnni bunday aspektda o‘rganish ishini boshlab bergan olimlardan biri A.A.Brudniydir. U matnni bir necha qismlarga bo‘lib, ularni qayta tiklash yuzasidan eksperiment o‘tkazdi. Matnni qayta tiklashda unga har xil yondashish mavjudligini sezdi.
Bunda mazmun va ma’no bog‘liqligini tiklashning mohiyatini ko‘rsatishga intildi.
Ikkinchi yo‘nalishdagi ishlarda matnni turlicha idrok qilishga sabab bo‘ladigan matn qurilishining formal va konseptual xususiyatlari tahlil qilinadi. Ma’lumki, matnning formal va konseptual belgilariga qarab, kitobxon tomonidan turlicha qabul qilinadi va o‘qiladi. Matnni bunday aspektda o‘rganishni boshlab berganlardan biri T.M.Dridzedir.
Uchinchi yo‘nalishdagi ishlarda matnning o‘zini idrok qilish masalasi yoritiladi. Ma’lumki, matnni turli kitobxon har xil idrok qiladi, tushunadi va izohlaydi. Ana shu mummoni boshlagan olim L.S.Shkolnik hisoblanadi. Shunday qilib, matnni o‘rganish endigina boshlangan sohalardan edi.
Chex olimi K.Gauzenblaz matnni ham nutqiy faoliyat maxsuli sifatida, ham nutqiy faoliyat natijasi tarzida ham talqin etadi. Bunda yozma nutq nutqiy faoliyat mahsuli sifatida, og‘zaki nutq (shu jumladan uning magnit tasmasidagi ifodasi ham) nutqiy jarayon deb talqin qilinadi[9].
Rus tilshunosi I.R.Galperinning talqiniga ko‘ra, matn har tomonlama mukammal holatga keltirilgan yozma nutq mahsulidir. Og‘zaki nutq esa turli qaytariqlarni, uzuq-yuluq gaplarni ham o‘z ichiga oladi va shuning uchun uni tekshirish obyekti bo‘la oladigan matn deb e’tirof etish unchalik maqsadga muvofiq emas[10]. Biroq hozirgi kunda matnning og‘zaki va yozma shaklda bo‘lishini hech kim inkor etmaydi.
XULOSA
Demak, “matn deb tugallangan, yozma va og‘zaki ko‘rinishda voqelangan, sarlavha va turli leksik, grammatik, mantiqiy, uslubiy munosabatlar asosida bog‘langan gapdan yuqori birliklardan tarkib topgan hamda ma’lum bir muloqot maqsadi, pragmatik rejaga ega bo‘lgan nutqiy ijod mahsuliga aytiladi”[11].
Foydalanilgan adabiyotlar:
- M.Q.Xolbekova. « Badiiy matnning lisoniy tahlili » fanidan o‘quv-uslubiy majmua. (o‘quv qo‘llanma). – Guliston. 2012. – 20 bet.
- Белич А.И. К вопросу о распределении грамматического материала по главным грамматическим дисциплинам / Вестник МГУ, 1947, N 7, с. 22
- Москальская О.И. Грамматика текста. –М.: Высшая школа, 1981, с. 5-6.
- Новое в зарубежной лингвистике. Вып. 8. Лингвистика текста. –М.: Прогресс, 1978; Гальперин И.Р. Текст как объект лингвистического исследования. –М.: Наука, 1981, с. 5-7; Дейк ван Т.А., Кинч В. Стратегии понимания связного текста / Новое в зарубежной лингвистике. Вып. 23. Когнитивные аспекты языка. –М.: Прогресс, 1988, с.153-211 ва бошқ.
- Лотман Ю.М. Структура художественного текста. –М.: Искусство, 1970; Лингвистика текста. Материалы научной конференции. Ч. I, II. -М., 1974; Лосева Л.М. Как строится текст. –М.: Просвещение, 1980; Одинцов В.В. Стилистика текста. -М.: Наука, 1980; Москальская О.И. Кўрсатилган асар; Гальперин И.Р. Кўрсатилган асар; Зарубина Н.Д. Текст: лингвистический и методический аспекты. -М.: Русский язык, 1981; Тураева З.Я. Лингвистика текста. –М.: Просвещение, 1986; Сидоров Е.В. Проблемы речевой системности. –М.: Наука, 1987; Каменская О.Л. Текст и коммуникация. –М.: Высшая школа, 1990; Горшков А.И. Русская стилистика. –М.: Астрель –АСТ, 2001, с. 53-258; Валгина Н.С. Теория текста. –М.: Логос, 2004 ва бошқ.
- Абдуллаев К.М. Теоретические проблемы синтаксиса азербайджанского языка: Автореф. дис. …д-ра филол. наук. –Баку, 1984, с. 33-43.
- Современный татарский язык. –М.: Наука, 1971, с. 237.
- Абдуллаев К.М. Теоретические проблемы синтаксиса азербайджанского языка: Автореф. дис. …д-ра филол. наук. –Баку, 1984, с. 33-43.
- Харвег Р. Редуцированная речь // Новое в зарубежной лингвистике. Выпуск УШ. Лингвистика текста. – М.: «Програсс», 1978. – С. 389
- Барт Р. Лингвистика текста // Новое в зарубежной лингвистике. Выпуск УШ. Лингвистика текста. – М.: «Прогрeсс», 1978. – С. 443.
- Гаузенблаз К. О характеристике и классификации речевых произведений // Новое в зарубежной лингвистике. Выпуск УШ. Лингвистика текста. – М.: «Програсс», 1978. – С. 58-59.
- Гальперин И.Р. О понятии “текст”// Вопросы языкознания,1974, № 6. – С. 72.
- D.Yuldasheva. Anthropotcentric approach to children’s speech study. Конференции.
- Ю.Д Махамадалиевна. Использование зоонимов в колыбельной песне-«алла», как аспект этнолингвистики. Актуальные проблемы гуманитарных и естественных наук. 12 (Ulrich`s …
- Y.D. Maxamadaliyevna, M Matmusayeva. On Lingvofolcloristic Units. International Journal of Culture and Modernity 11, 169-171.
16. Y.D. Muhamadaliyevna, M. A. Ermatova. Professor A.Mamajonov- uslubshunos olim. Educational Research in Universal Sciences ISSN: 2181-3515 VOLUME 2 SPECIAL USSUE 8 2023 Avgust. 20-23-betlar.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
Farg‘ona bo‘limi eksperti
Ermatova Marg‘uba A’zamjonovna