KRIMINALISTIKA VA SUD EKSPERTIZASINING MODELLARI

Kriminalistika fani bo‘yicha bir necha o‘n yillar davom etayotgan qizg‘in munozaralardan so‘ng, kriminalistikaning fan sifatida to‘lq shakllanishi davri hali tugamaganligini ta’kidlash mumkin. Kriminalistika hozirgi kunga qadar umumiy fanlar tizimida o‘z o‘rnini topa olmadi.

Ushbu fan fundamental va amaliy fanlar potensialini o‘zlashtirishda faqat birinchi qadamlarni qo‘ymoqda deyish mumkin hamda aksariyat hollarda umumiy ilmiy bilimlarning aksiomalariga qarshi turadi. Masalan, kriminalistikaning asosiy kategoriyalaridan bo‘lgan “jinoyatlarning kriminalistik tavsifi” kriminalistikaning zamonaviy umum-ilmiy va uslubiy asosi sifatida qaralishi mumkin emas [1, s.39-50], balki, o‘zining noaniqligi tufayli u (“jinoyatlarning kriminalistik tavsifi”) har qanday ilmiy tushunchaga qo‘yiladigan talablarga javob bermaydi.

Ta’kidlash joizki, oxirgi besh-olti yillar davomidagina O‘zbekiston kriminalistika fani jahon kriminalistik tizimida o‘z o‘rnini topmoqda. Hozirda juda ko‘plab, huquqshunoslik hamda ijtimoiy-iqtisodiy fanlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha olib boriladigan dissertatsiyalarning mualliflarining (tadqiqotchilar) ilmiy asarlari (masalan, ilmiy maqolalari) umume’tirof etilgan indeksatsiyalashgan ma’lumotlar ba’zalari – nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilmoqda.

Shu sababli, kriminalistika fanining jahon kriminalistik bilimlari tizimidagi o‘rnini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi deb ta’kidlash mumkin. Bu holda kriminalistikani tanqid qilish emas, balki jahon kriminalistika fani va sud ekspertizasi tizimlari hamda modellarining har tomonlama qiyosiy tahlili haqida fkr yuritish zarur. Shu bilan birga, nafaqat kriminalistika fanining tushunchalari va qoidalari, balki ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlar amaliyotida qo‘llash samaradorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu vazifa esa fundamental ilmiy izlanishlar olib borilishini talab qiladi. Albatta, hajm jihatdan kichik bo‘lgan maqolada ushbu muammoning alohida jihatlari bo‘yicha fikr bildirish mumkin.

Jahon kriminalistikasida uchta maktab ajratiladi: avstro-german, roman va anglo-sakson kriminalistika tizimlari.

Ilmiy kriminalistikaning asoschisi haqli ravishda avstriyalik sud tergovchisi Gans Gross deb hisoblanadi, uning “Sud tergovchilari uchun kriminalistika tizimi sifatida qo‘llanma” deb nomlangan asari amaliyotchi kriminalistga jinoyatlarni ochish va tergov qilish uchun zarur bo‘lgan asosiy ma’lumotlarning ilk taqdimoti hisoblanadi. Olimlarning ta’kidlashicha, “G.Grossning birinchi asari 1893 yilda “Handbuch fűr Untersuchungsrichter, Polizeibeamte, Gendarmen u.s.w. (Graz: Leuschner & Lubensky. – viii, 620 p.)” nomi bilan nashs qilingan. Bu asar 1895-1897 yillarda rus tiliga o‘girilgan (Rukovodstvo dlya sudebnыx sledovateley, chinov obщey i jandarmskoy politsii i dr.). 1898 yilda ushbu asar 3 marta nomini o‘zgartirilgan holda “Handbuch für Untersuchungsrichter als System der Kriminalistik (Graz: Leuschner & Lubensky. – 813 p.)” qayta nashr etilgan” [2, s.6.11].

  1. Gross va u asos solgan maktabning kriminalistika sohasidagi bilimlar tizimini shakllantirishdagi roli bebahodir. Olim tomonidan taklif qilingan tizimning – “texnika, taktika va metodika” – samaradorligi va hayotiyligi, juda ko‘plab mamlakatlar, shu jumladan O‘zbekistonning ham kriminalistika fanida bilimlarni tizimlashtirishga bo‘lgan talab bilan isbotlangan, shuningdek, asrlar davomida tergov va sud amaliyotida kasbiy sinovdan o‘tgan.

Shuningdek, G‘.A.Abdumajidov va boshqalarning ta’kidlashicha “nemis olimi Lyudvig fon Yagemann jinoyatlarni tergov qilish nazariyasini 1838 yilda “Sud tergovi bo‘yicha qo‘llanma” kitobida atroflicha yoritib berdi. XIX asrning oxirlarida sud tibbiyoti, jinoyatchilarni ro‘yxatga olish, ashyoviy dalillarni tekshirish va tergov faoliyatining tashkiliy asoslariga e’tibor kuchaydi” [3, b.3].

Roman maktabining yetakchilari – Fransiya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya va Argentina kriminalistlari: A.Bertillon, E.Lokar, S.Ottolengi va boshqalar – zamonaviy kriminalistikaning asosiga aylangan bir qator yo‘nalish va usullarni asoslab bergan. Ular orasida A.Bertilonning antropometrik va ro‘yxatga olish tizimlari, S.Ottolengining zamonaviy kriminalistika tahliliga asos solgan belgilar tizimi alohida o‘rin tutadi. Kriminalisikaning vazifalarini hal qilish uchun turli fanlar usullaridan kompleks foydalanish samaradorligi E.Lokar tomonidan fundamental “Kriminalistika bo‘yicha traktat”da amalda asoslangan [4].

Anglo-sakson maktabining kriminalistik bilimlarning jahon bazasiga qo‘shgan hissasi, birinchi navbatda, zamonaviy daktiloskopiyaning anatomik-fiziologik-mantiqiy va tasniflash asoslarini fundamental tahlil qilgan F.Galton va G.Genrilarning nomlari bilan bog‘liq. Ushbu maktab olimlari barcha rivojlangan mamlakatlar laboratoriyalarida shaxsni aniqlashning yetakchi usuliga aylangan DNK identifikatsiyasining [5; 6; 7], ilmiy asoslarini asoslashda bebaho hissa qo‘shdilar. Ushbu davlatlar olimlari kriminalistika va sud ekspertizasining taktik-metodik bo‘limlarini ishlab chiqdilar. Bu mamlakatlarda huquqni muhofaza qilish organlarining (asosan, polsiya) kriminalistika va sud ballistikasi tizimlari eng ilg‘or tarmoqlar hisblanadi.

Afro-Osiyo mintaqasida Xitoy Xalq Respublikasi kriminalistika fani o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. 20-asrning o‘rtalariga qadar odil sudlovda maxsus bilimlarni qo‘llash bilan bog‘liq barcha masalalar Xitoyda ushbu davrda allaqachon Yevropa darajasida bo‘lgan sud tibbiyoti doirasida hal qilingan.

Sud ballistikasi, xatshunoslik, trasologiya bilan bog‘liq muammolarning aksariyati kriminalistika va sud tibbiyotiga oid fanlarning bir sohasi sifatida sud-tibbiy ekspertlari amaliy aniqlik bilan hal qilingan. 19-asrning 60-yillarida Xitoyda xorijiy (asosan Rossiyalik) mutaxassislar ishtirokida tegishli oliy o‘quv yurtlarida (Xitoy Xalq universiteti, Siyosiy-yuridik instituti) kriminalistlarning kasbiy tayyorgarligi boshlangan. 1957 yilda Shanxayda birinchi Xitoy sud ekspertizasi instituti tashkil etildi. Hozirgi vaqtda Xitoyning sud ekspertizasini texnologik ta’mnoti xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarilgan.

Rossiya Federatsiyasida ham kriminalistika dunyoning kriminalistika bo‘yicha bilimlar bankiga sezilarli hissa qo‘shgan. Misol tariqasida, kriminalistika bo‘yicha asarlari hozirgi kungacha ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan olimlar orasida E.F.Burinskiy va S.M.Potapovlarni aytish mumkin. Rossiyalik kriminalistlar tomonidan ishlab chiqilgan sud identifikatsiyasining uslubiyoti hozirda ko‘plab davlatlarning sud-ekspertiza muassasalari va tashkilotlarining sud-ekspertizalarini o‘tkazish bo‘yicha amaliy usullari va texnologiyalarida qo‘llaniladi.

O‘zbekistonlik bir qator kriminalist-olimlarning ta’kidlashicha
“20-asrda Kriminalistika maqsadlari uchun mo‘ljallangan yoki maxsus tayyorlangan texnik vositalar, usullar va metodlar tizimini yaratish ishlari ancha faollashgan. Fotografiya kashf etilgandan keyin uning umumilmiy va ama-liy qoidalaridan iborat kriminalistik texnikaning tarkibiy qismi hisoblangan sud fotografiyasi vujudga keldi. Kimyo va fizika fanlari erishgan yutuqlar hujjatlarni kriminalistik texnika vositalari va metodlari yordamida tadqiq etish; fiziologiya qonunlari dastxatni o‘rganish, psixologiya qonunlari so‘roq qilish taktikasini tashkil qilish uchun asos yaratib berdi” [3, b.4].

Mamlakatimiz olimlari va amaliyotchilari tomonidan kriminalistika to‘rtta bo‘limdan iborat deb hisoblaydilar. Jumladan kriminalist olimlar va amaliyochilar “Kriminalistika tizimini to‘rtga bo‘linadi: 1) kriminalistikaning ilmiy asoslari va metodologiyasi; 2) kriminalistik texnika; 3) kriminalistik taktika; 4) jinoyatlarning alohida turlarini tergov kilish metodikasi” deb yozadilar [3, b.11; 8, b.9; 9, b.11-12].

Dunyoning ayrim mamlakatlaridagi kriminalistikaning mintaqaviy siyosiy farqlarini chetga surib, qiyosiy tahlil manfaati uchun G‘arb (Yevropa va Amerika) bilan O‘zbekiston kriminalistikasini ilmiy yetuklik, amaliy samaradorlik va tizimni rivojlantirish salohiyati nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish mumkin.

Oxirgi mezon (kriminalistika tizimini rivojlantirish) bo‘yicha batafsil to‘xtalaylik. Hozirgi vaqtda ilmiy tizim rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiluvchi ikkita yo‘nalishni ajratish mumkin:

1) tizimning ichki potensiali, bu yo‘nalish o‘zining asosiy quyi tizimlarining – nazariya–uslubiyot–texnologiya – eng maqbul o‘zaro ta’siriga asoslangan (ushbu quyi tizimlarning birortasi bo‘lmasa, fan o‘zining rivojlanish va funksional imkoniyatlarini yo‘qotadi);

2) ijtimoiy buyurtma – davlat va jamiyatning ushbu ilmiy tizim mahsulotlariga bo‘lgan talablari va ehtiyojlari natijasida shakllanadi.

Yevropa davlatlari va Amerikaning, shuningdek dunyoning ushbu davlatlarning ta’siri ostida bo‘lgan mintaqalari kriminalistikasi va sud ekspertizasining hozirgi holati – “Sudga oid fanlari (Forensic science)” konsepsiyasida aks ettirilgan. Sudga oid fanlar konsepsiyasi odil sudlov vazifalarini hal qilish uchun insoniyat tomonidan to‘plangan ilmiy bilimlarning to‘liq imkoniyatlaridan foydalanish qoidasidan kelib chiqadi. Ushbu konsepsiya uslubiy yondashuvning kengligi bilan jozibador tuyuladi, ammo odil sudlovning odatiy (an’aviy) vazifalarini hal qilish uchun maxsus bilimlarni tanlash muammolarini hal qilmaydi. Shu bilan birga, fanning izchil rivojlanishi bilimlarni umumlashtirish va farqlashning muvozanatli nisbatini o‘z ichiga oladi.

Kriminalistika rivojlanishining dastlabki bosqichlarida uning asoschilari sobiq Sho‘ro kriminalistikasi asoslarini tavsiflab, uning uslubi tabiiy va texnik fanlar yutuqlaridan foydalanish deb yozganlar [10] hamda anglo-amerikaning sudga oid fanlari yutuqlarini ijobiy qabul qilganlar.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda kriminalistika va sud ekspertizasining rivojlanishi maxsus bilimlarni tarmoqlar, ob’ektlar, uslublar va darajalar bo‘yicha farqlashning an’analarini aks ettiradi. shu sababli, O‘zbekiston kriminalistlari “Kriminalistika, amaliy faoliyatda metodlar protsessual qonunlar va kriminalistikaning nazariy qoidalari asosida yaratiladi va foydalaniladi. Shu bilan birga kriminalistik metodlar boshqa barcha fanlar to‘plagan ilmiy qoidalarga ham suyanadi deb yozganlar [3, b.16].

Ta’kidlash joizki, o‘zaro farqlangan (tabaqalashtirilgan) bilimlarning funksionalligi davlat sud-ekspertiza muassasalari (bo‘limlar, laboratoriyalar va ma’lumotlar bazalari) tarkibini shakllantirishda, tergov va ekspert mutaxassisliklari hamda kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini shakllantirishda samarali qo‘llaniladi. Maxsus bilimlarni o‘zaro aniq farqlamasdan, kriminalistik faoliyatni samarali normativ-huquqiy tartibga solish ham mumkin emas.

Oxirgi besh yillikda, O‘zbekistonda Krimnalistika fanini o‘rganishga alohida yangicha yondashuvlar ishlab chiqildi. Jumladan:

– jinoyatni tergov qilish va ochish nazariyasining asosini tashkil qiluvchi fanlar qatorida kriminalistika va sud ekspertizasi markaziy o‘rinni egallaganligi sababli, D.Bazarova va I.R.Astanovlar “Kriminalistika va ekspertiza” nomli, kriminalistika va sud ekspertizasi fanlarining to‘liq kursini tashkil etadigan, mazmuni tergov, tezkor-qidiruv va ekspertiza faoliyatining zamonaviy imkoniyatlarini yoritilgan darslik chop etganlar [9]. Ushbu darslikda kriminalistika nazariyasi va tergov amaliyotida keyingi yillarda yuz bergan muhim o‘zgarishlar, kriminalistik texnika sohasidagi yangi – ilmiy vositalar, uslubiy tavsiyalar va murakkab xavfli jinoyat turlari, jumladan, uyushgan jinoyatchilar, xorij fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish uslubiyotlari yoritilgan;

– O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida esa Kriminalistikaning dastlabki ikki bo‘limi – kriminalistikaga kirish, kriminalistik texnika – kriminalistik ekspertizalar kafedrasida [11] (amaliy ekspertlik tajribasiga, jinoyatlarni tergov qilish faoliyatida maxsus bilimlarni qo‘llash tajribasiga hamda tegishli turdagi sud ekspertizalarni mustaqil o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan), fanning qolgan ikki bo‘limi – jinoyatlarni tergov qilish metodikasi hamda kriminalistik taktika va metodika – “Tergov faoliyati kafedrasi”da (amaliyotchi tergovchilar tomonidan) o‘qitiladi [12].

O‘zbekiston kriminalistikasi, sud ekspertizasi va Sudga oid fanlari (Forensic science)” tizimining asoslari va tuzilishini taqqoslash natijasida quyidagicha xulosalar qilindi:

– O‘zbekiston kriminalistikasining nazariy-uslubiy asoslari va uning ichki rivojlanish potensialining afzalligi kriminalistika faniga kriminalistik bilimlarning quyi nazariy-uslubiy tizimlarini yanada muvaffaqiyatli rivojlantirishga imkon beradi. Bunda shuni yodda tutish kerakki, empirik bilimlar darajasida amaliy vazifalarni hal qilishda maxsu bilimlarning barcha sohalari va qatlamlarining uyg‘unlashgan sintezi amalga oshiriladi va bu holda nazariy bilimlarning afzalliklari endi maqbul bo‘la olmaydi;

– dunyoning juda kam mamlakatlaridagina (masalan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi) mavjud bo‘lgan milliy sud ekspertizasi tizimi, ushbu tizimning samarali moddiy-texnik ta’minoti va me’yoriy-huquqiy tartibga solish imkoniyatlarini yaratadi;

– Amerika yoki Angliyaning umumiy ma’nodagi yuqori ilmiy-texnik va texnologik salohiyati kriminalistik va sud-ekspertiza tadqiqotlarining sudga oid fanlari (Forensic science) tizimidagi tegishli darajasi va potensialini bevosita aniqlaydi. Shu bilan birga, kriminalistika bilan sudga oid fanlari (Forensic science) tizimining konseptual asoslari va tuzilishini o‘zaro taqqoslash O‘zbekiston kriminalistikasi va sud ekspertizasining tuzilishi va nazariy-uslubiy asoslarini modernizatsiya qilish bo‘yicha xulosalar chiqarish va takliflar kiritish imkonini beradi;

– xorijiy huquq tamoyillarida chuqur ilmiy tahlillarsiz foydalanish (qo‘llash) amaldagi jinoyat protsessidan haqiqat tamoyillarini chiqarib tashlashga olib keladi, natijada esa ushbu sohadagi huquqni qo‘llash faoliyatini nazariy va uslubiy asoslardan mahrum qilishi mumkin;

– O‘zbekiston odil sudlovida mamlakatda mavjud bo‘lgan davlat sud ekspertizasi tizimining afzalliklaridan, uni huquqiy muvofiqlashtirish, tizimli va texnologik optimallashtirish imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmaydi. Bundan tashqari, ushbu tizimni boshqarishni markazlashtirishga e’tibor berilyotgan bo‘lsa-da (“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishni va unga ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi” [13]), biroq, idoraviy ekspertiza tizimlarini shakllantirish va nodavlat xususiy sud ekspertizasini tashkil etishning an’analari shakllanmoqda. Ushbu an’analar ekspertizani odil sudlovning samarali vositasi sifatida obro‘sini orishiga va davlatning texnologik rivojlanish talablarini yanada takomillashuviga olib keladi;

– kriminalist olimlar va sud ekspertlarining faoliyati huquqni muhofaza qilish amaliyotda talab etiladigan odatiy kriminalistik va sud-ekspertlik vazifalarini hal qilish uslublari va texnologiyalarini tayyorlashni ta’minlaydigan tizimli-faoliyatli va funksional yondashuv talablariga javob berishi kerak.

Iqtiboslar:

  1. Koldin V.Ya, Iщenko Ye.P., Krestovnikov O.A. Tipovaya informatsionnaya model ili kriminalisticheskaya xarakteristika prestupleniya? // Akademicheskiy yuridicheskiy jurnal. 2006. № 4 (26). – S.39-50.
  2. V.Ya.Koldin, K.K.Seytenov, O.A.Krestovnikov. Globalnыe modeli kriminalistiki i sudebnoy ekspertizы. / Teoriya i praktika sudebnoy ekspertizы. 2018. Tom 13. №3. – S.6–11. // https:// doi.org/10.30764/1819-2785-2018-13-3-6-11
  3. Kriminalistika: Darslik. 1-qism // prof. G‘.A. Abdumajidov tahr.ost. – T., 2003; – 362 b.
  4. Locard E. Traite de criminalistique. Vol. 1-7. Lyon: impr. J. Desvigne et ses fils, 1931-1940.
  5. Gill P, Jeffreys A.J, Werrett D.J. Forensic Application of DNA “Fingerprints”// Nature.Vol. 318. – P.577-579.;
  6. Dodd V.Ye. DNA Fingerprinting in Matters of Family and Crime // Medicine, Science and the Law. 1986. Vol.26. No.1. – R.5-7. https://doi. org/10.1177/ 002580248602600101.;
  7. Evett I.W., Williams R.L. Review of the Sixteen Points Fingerprint Standard in England and Wales // Journal of Forensic Identification. 1996. Vol.46. No.4. – P.49-73.
  8. Kriminalistika. Darslik. // Mualliflar jamoasi. – Toshkent: TDYuU, 2018. – 553 b.
  9. Kriminalistika va ekspertiza. Darslik. / yu.f.n., prof. v.b. D.Bazarova, yu.f.d. dos. .R.Astanov. – Toshkent: TDYuU, 2020. – 618 b.
  10. Shaver B.M. Predmet i metod sovetskoy kri­minalistiki // Sotsialisticheskaya zakonnost. 1938. № 6. – S.56-82.
  11. https://akadmvd.uz/oz/menu/kafedra-kriminalisticheskih-ekspertiz.
  12. https://akadmvd.uz/oz/menu/kafedra-sledstvennoj-dejatelnosti.
  13. O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 1 iyundagi «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi qonuni. 26-m. // O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – T., 2010. – 22-son. – 173-m.

 

 

X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
SBIE laboratoriyasi davlat sud eksperti
M.M.Muxamedjanova

Skip to content