Bugungi kunda shaharu qishloqlarimizda ko‘p qavatli uylar, madaniy-maishiy inshootlar barpo etilyapti. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: qurilish ob’ektining shaharsozlik va texnik me’yorlarga mos kelishi yoki kelmasligi; qurilish inshooti va bajarilgan ishlarning aniq bir sinfi, turi, xili bo‘yicha tegishliligi; turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino (bino qismlari) va inshootlarni me’yoriy hujjjatlar asosida, hisob usuli bilan bozor narxini aniqlashda qanday huquqiy hujjatlarga tayaniladi? Yoki baholovchi tashkilotlar tomonidan ko‘chmas mulk ob’ektini baholash yuzasidan tuzilgan hisobotlarni mulkni baholashning yagona standartiga va O‘zbekiston Respublikasi me’yoriy hujjatlariga mos kelish yoki kelmasligini; binolarning cho‘kishi, namlanishi, ishlarni noto‘g‘ri bajarilishi oqibatida bino va inshootlarning (konstruksiya yoki elementlarini) qulashi, suv toshishi, pardozlash ishlarining shikastlanishi hamda ish jarayonida baxtsiz xodisalarning sabablarini aniqlashda kim mas’uliyatni zimmasiga oladi?
Bu kabi masalalarni hal etish fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar zimmasida bo‘lib,
muayyan ishlarni hal qilishda fan, san’at, texnika kabi qator sohalar bo‘yicha maxsus bilimga ega bo‘lgan ekspertlarning xulosasiga tayaniladi. Xususan, sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi muhandis-texnikaviy ekspertizaning turlaridan biri hisoblanadi. Loyihalash, qurilish, bino va inshootlardan foydalanish, baholash bo‘yicha bilimlar mazkur tekshiruv ilmiy asoslarining poydevoridir.
Binolarni loyihalashtirish, qurilish va ekspluatatsiya bo‘yicha loyiha-smeta va ishlab chiqarish-texnikaviy hujjatlari, turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino va inshoatlarning kadastr hujjatlari, muhandislik tarmoqlari hamda shu bino va qurilmalar sud qurilish-texnikaviy tadqiqot ob’ekti hisoblanadi.
Yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda, sud qurilish–texnikaviy ekspertizasi hal etadigan asosiy vazifalarga sirasiga yana quyidagilarni kiritish mumkin:
turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan binolarning qurilish, shaharsozlik, texnikaviy ekspluatatsiya me’yor va qoidalari talablariga javob berish yoki bermasligini;
qurilish ob’ektlari va bajarilgan ishlarning narxini;
qurilish ob’ektlari yoki konstruksiyalarini ekspluatatsion yoki funksional sifatlarini qisman yoki to‘liq yo‘qotish sabablarini;
qurilgan yoki qayta qurilgan binoni, bajarilgan qurilish, ta’mirlash yoki qayta qurish ishlarini loyihaga to‘g‘ri kelish-kelmasligini;
ko‘chmas mulk ob’ektini qayta tuzish imkoniyatlarini (turar joylardan foydalanish va bo‘lish);
turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino-inshootlarning me’yoriy hujjjatlar asosida hisob usuli bilan bozor narxini aniqlash;
ta’mirlash-qurilish va qurilish ishlari smeta hujjatlarining asosli yoki asossizligini aniqlash;
yer maydonlarini, yerdan foydalanish huquqini qiymatini baholash;
Bu kabi masalalarni hal etish jarayonida dalillarga baho berish, protsessual qonun talablariga muvofiq, dalillar aloqadorligi va maqbulligi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Muayyan bir ishni ko‘rishda ekspertiza tayinlash va uni o‘tkazish, ekspertning xulosasiga huquqiy baho berish va uni dalillar majmui tariqasida ishga dahldorligini aniqlash sudyalardan mas’uliyatni talab qiladi.
Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertizasi markazining
Jizzax viloyat bo‘limi yetakchi eksperti
B.Zulfiqorov