O‘zbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standarti baholash faoliyatini normativ jihatdan tartibga solinishini hamda baholash tartibi va baholash ekspertizasiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasining yagona milliy baholash standarti O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 28-dekabr kuni 3487-son bilan ro‘yxatga olingan va 2024-yil 1-yanvardan kuchga kirgan.
Umumiy baholash standartlari 14 ta milliy baholash standartidan iborat bo‘lib ular quyidagilardan iborat:
1-son MBS «Baholash faoliyatining tushunchalari, ta’riflari va prinsiplari»;
2-son MBS «Baholashga oid vazifa»;
3-son MBS «Baholash jarayonida o‘tkaziladigan o‘rganishlar va tahlillar»;
4-son MBS «Baholash to‘g‘risidagi hisobot va uni tuzish tartibi»;
5-son MBS «Qiymat turlari»;
6-son MBS «Baholash yondashuvlari va usullari»;
7-son MBS «Baholovchilar ishining sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qo‘yiladigan umumiy talablar»;
8-son MBS «Baholash to‘g‘risidagi hisobotning ishonchliligi ekspertizasi»;
9-son MBS «Biznesni va biznesda ishtirok etish huquqi qiymatini baholash»;
10-son MBS «Ko‘chmas mulk qiymatini baholash»;
11-son MBS «Nomoddiy aktivlar va intellektual mulk ob’ektlari qiymatini baholash»;
12-son MBS «Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash»;
13-son MBS «Mashina va uskunalar qiymatini baholash»;
14-son MBS «Xususiylashtirish maqsadida davlat uy-joy fondi qiymatini baholash».
O‘zbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartida baholash tadqiqotlari olib borish bo‘yicha bir qancha yangi talablar qo‘shildi.
Jumladan, baholashda ishtirok etayotgan taraflar majburiyatlari olib tashlandi, baholashda qo‘llaniladigan valyuta to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilishi belgilandi, buyurtmachi tomonidan baholash ishlarini amalga oshirish uchun taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati shakllantirildi hamda baholash ishlarini bajarish muddatlari belgilandi. Bundan tashqari, baholovchi baholash ob’ektining nomi, funksional maqsadi va joriy foydalanilishi, baholash ob’ektining joylashgan joyi (zonani ko‘rsatgan holda), uning fizik va huquqiy tavsifi, baholash ob’ektining umumiy maydoni, baholash ob’ektiga bo‘lgan cheklovlar kabi xususiyatlarini identifikatsiya qilishi va tavsiflashi lozimligi belgilab qo‘yildi. Baholash materiallarini saqlash va ulardan foydalanish tartibi belgilab berildi.
Baholovchi tashkilotlar baholovchilarining ish sifatini nazorat qilish bo‘yicha ichki qoidalarga qo‘yiladigan umumiy talablar 7-sonli milliy baholash standarti bilan, baholash to‘g‘risidagi hisobotning ishonchliligi ekspertizasi 8-sonli milliy baholash standarti bilan qo‘shimcha qilindi. Bunda baholovchi tashkiloti tomonidan belgilangan tartibda baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning ishonchliligini ekspertizadan o‘tkazishga oid ishlarni tashkil etish tartibi belgilandi.
Ushbu standartda ekspertiza o‘tkazish uchun asos, ekspertiza buyurtmachisining huquq va majburiyatlari, bajaruvchining huquq va majburiyatlari, ekspertiza o‘tkazish va ekspert xulosasini rasmiylashtirish kabi tushunchalarga ta’riflar berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 26 avgustdagi 945-sonli Qonuniga muvofiq baholash to‘g‘risidagi hisobotlarda qo‘llanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasi kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan sud ekspertlari tomonidan o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilishi belgilab berilganligini ham alohida ta’kidlash joizdir.
SQTE eksperti Tadjibayev D.K.