Kundalik turmushda biz, velosipedchi, arava boshqaruvchisi, chorva mollarini minib, yetaklab yoki haydab borayotgan shaxslarni o’zlarining harakatlari (harakatsizliklari) bilan yo’l harakati xavfsizligiga taxdid solayotganliklarini guvohi bo’lamiz. Velosipedchini belgilangan harakat yo’nalishiga qarama-qarshi yo’nalishda yo’lning qatnov qismi bo’ylab harakatlanishi, uni yo’lning qatnov qismini belgilanmagan joyda qiyalab kesib o’tishi, yo’llarda hayvonlarni nazoratsiz qoldirilishi, hayvonlarni mukammal qoplamali yo’llar bo’ylab, ayniqsa ularni qorong’u vaqtida va yetarli ko’rinmaslik sharoitida haydab borishlari va ularni qatnov qismini kesib o’tishi, bunda transport vositasi haydovchilarini “poda”ni o’tib ketishini kutib turishga majbur bo’lishi kabi holatlar, afsuski tez-tez uchrab turadi. Bundan ko’nglimiz ranjiydi, aziyat chekamiz. Ayrimda, bu kabi holatlar yo’l-transport hodisalariga ham sabab bo’lishligi hyech kimga sir emas. Shu o’rinda, ko’pchilikda, velosipedchi, arava boshqaruvchisi, chorva mollarini minib, yetaklab yoki haydab borayotgan shaxslar, “yo’l harakati”da qanday maqomga ega ekanligi va ularning yo’l harakatidagi ishtiroki qaysi me’yoriy xujjatlar asosida tartibga solinishi ko’zda tutilganligi to’g’risida savol tug’ilishi tabiiy.
O’zbekiston Respublikasi hududidagi yo’llarda harakatlanishning yagona tartibini “Yo’l harakati qoidalari” belgilaydi. Ushbu “Qoidalar”da haydovchiga quyidagicha tarif berilgan; “Haydovchi-yo’llarda transport vositasini boshqarib borayotgan shaxs. Boshqarishni o’rgatuvchi, ot aravani boshqarayotgan, hayvonlarni minib harakatlanayotgan yoki ularni yetaklab borayotgan, chorva mollari (poda)ni haydab borayotgan shaxslar haydovchiga tenglashtiriladi”. Shu bilan birga, “Qoidalar”da “transport vositasi-odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga mo’ljallangan qurilma” deb tarif berilgan. Demak, odatda biz “haydovchi” deb nazarda tutadigan-avtotransport vositalari haydovchilari bilan bir qatorda, velosipedchi, ot (yoki boshqa hayvonlar)ga qo’shib tortiladigan, yoki odam mushak kuchi bilan tortib (itarib) harakatga keltiriladigan (dvigatelsiz) arava boshqaruvchisi ham, miniladigan hayvonlar (ot, eshak va boshqalar)da ketayotgan yoki ularni yetaklab borayotgan shaxslar ham, chorva mollari (poda)ni haydab borayotgan shaxs (podachi)lar ham “haydovchi” maqomiga ega.
Amaldagi “Yo’l harakati qoidalari”ning 2-bobida “Haydovchilarning umumiy majburiyatlari” belgilab qo’yilgan. Tajriba shuni ko’rsatadiki, avtotransport vositalari haydovchilarining aksariyat qismi, amalda bu majburiyatlarni bajarishga harakat qilishadi. Ammo, ko’pgina velosipedchi, arava boshqaruvchisi, chorva mollarini minib, yetaklab yoki haydab borayotgan shaxslarga nisbatan bunday deya olmaymiz. Shu sababli, aholi o’rtasida olib borilayotgan huquqiy targ’ibot ishlarida, yo’l harakati qatnashchisi sifatida haydovchiga qo’yiladigan talablar mavzusiga alohida e’tibor qaratish o’rinli bo’ladi. Ushbu masala, yo’l harakatini tashkil etishda ahamiyatli bo’lganligi sababli, yo’l harakati qoidalarining 28-bobida “Velosiped, moped va aravalar harakatlanishiga, shuningdek, hayvonlarni haydab o’tishga doir qo’shimcha talablar” belgilangan.
Yo’l-ulov hodisasi materiallari yuzasidan olib borilgan sudga oid avtotexnika ekspertizasi tadqiqotlari jarayonida, chorva mollarini qarovsiz qoldirilganligi yoki ularni yo’lning qatnov qismidan “yo’l harakati qoidalari”da belgilangan tartibga zid ravishda haydab-olib o’tilishi, yo’l-ulov hodisasi sodir bo’lishiga sabab bo’lganligi holatlari ham uchrab turadi. Hayratlanarlisi shundaki, bunda chorva mollarining egalari, o’zlarini jabrlangan hisoblab, xavfsizligi va hayotiga xavf solingan avtotransport vositalari haydovchilaridan hodisa natijasida jaroxatlangan yoki nobud bo’lgan chorva mollari qiymatini undirib berilishini so’rab, ko’rsatma va arizalar berishadi. Masalan, Sirdaryo tumani hududidan o’tuvchi M-34 avtoyo’lining 94-km.da, salonida 6 nafar yo’lovchi bilan, soatiga 60-65 kilometr tezlikda harakatlanib borayotgan DAMAS rusumli, avtomashinasi yo’liga, yo’l chetida mol boqib yurgan fuqaro A.A. tomonidan qarovsiz qoldirilgan bir bosh yirik shoxli chorva moli, yaqin oraliq masofadan chiqib qolgan. Haydovchi to’qnashuvni oldini olish maqsadida avtomashinasini keskin tormozlab, yo’nalishini o’zgartirishga majbur bo’lgan. Lekin, shunga qaramasdan avtomashina chorva molini urib yuborib, boshqaruvni yo’qotgan. Baxtli tasodif tufayligina avtomashina ag’anab ketmagan. Sodir bo’lgan yo’l-ulov hodisasi bo’yicha yo’l harakati xavfsizligi guruhi xodimlari tomonidan surushtiruv ishlari olib borish jarayonida, fuqaro A.A. o’zining harakatsizligi oqibatida avtomashina harakatiga xavf solib, uning haydovchisi va salonida bo’lgan 6 nafar yo’lovchining hayotini xavf ostida qoldirganligini e’tirof etish o’rniga, chorva moli qiymatini undirib berilishini so’rab, ko’rsatma bergan.
Hurmatli yurtdoshlar, Respublikamiz mustaqillikka erishganidan keyin mamlakatimiz transport tizimi, sifat va miqdor ko’rsatgichlari bo’yicha keskin o’sishga erishdi. Statistik ma’lumotlardan holi ravishda, oddiy ko’z bilan qarab ham, yo’llarimizda transport qatnovini jadallashganligini, bunda asosan zamon talablariga to’liq javob bera oladigan mashinalarning ishtirokini payqash qiyin emas. Bularga mos ravishda Respublikamiz yo’l xo’jaligi faoliyatida ham katta ijobiy o’zgarishlarga erishildi, yuzlab zamonaviy ko’priklar va inshoatlar, minglab kilometrli yangi yo’llar qurildi, mavjudlari ta’mirlandi va ta’mirlanmoqda. “Yo’l harakati qoidalari” qayta ishlab chiqildi, unga zarur bo’lgan qo’shimcha va o’zgartishlar kiritildi. Respublika Ichki Ishlar vazirligi tizimida, respublika hududidagi yo’llarda xavfsizlikni yanada oshirish borasida ibratli ishlar olib borilmoqda. Bu kabi barcha xayrli ishlarning zamirida inson manfaatlari, fuqarolarimizning turmush darajasini yaxshilash, Respublikamiz hududidagi yo’llarda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadi yotadi. Keling, ushbu xayrli va hayotiy zarur bo’lgan maqsadni amalga oshirishda, har birimiz, yo’l harakati qatnashchisi sifatidagi huquqlarimiz bilan bir qatorda, majburiyatlarimizni ham o’rganaylik, bilaylik va bajaraylik. Kundalik hayotimizda tez-tez eshitib turadiganimiz, “yo’l qoidasi-umr foydasi” degan, bir qarashda juda oddiy iborani mag’zini chaqaylik, uning hayotiy zarurat ekanligini e’tirof etaylik.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining
Sirdaryo viloyat bo’limi mudiri v.b. A.A.Elibayev