Xayotning hamma jabxalariga ilg‘or yuqori texnologiyalar kirib kelayotgan bugungi sharoitda fan va texnikaning yangi yutuqlariga asoslangan sud ekspertizasi imkoniyatlaridan keng foydalanish huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishning muhim omilidir.
Darhaqiqat, bir qator ishlar bo‘yicha jinoyatni ochish, uni sodir etgan shaxsni aniqlash, ish bo‘yicha qonuniy va adolatli sud hukmlari va qarorlarini qabul qilish ilmiy usul va uslublarni samarali qo‘llash sharti bilan bog‘liqdir. Bunday yutuqlarni qonunni muhofaza qilish faoliyatiga tadbiq qilish yo‘llari turlicha bo‘lib, ular qatoriga fan va texnika yutuqlari bevosita tergovchi (sud) tomonidan qo‘llanishi, ishda ishtirok etish uchun mutaxassisni jalb qilish va, nihoyat, sud ekspertizasini tayinlash kiradi. Ularning umumiy mazmunini ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash uchun maxsus bilimlardan foydalanish tashkil etadi.
Maxsus tekshirishlar orasida yetakchi o‘rinni so‘zsiz sud ekspertiza egallaydi.
Avvalam bor, maxsus bilimlardan foydalashning turli shakllari orasida faqat ekspert xulosasi protsessual qonunlarda alohida mustaqil dalil manbai sifatida tan olinadi (O‘R JPKning 87-chi, FPKning 56-chi, XPKning 54-chi moddalari).
Ekspert xulosalari ilmiy ma’lumotlar va ilg‘or texnika yutuqlariga asoslangandir. Shu sababli, ular tekshirilayotgan voqea holatlarini baholashda boshqa turdagi dalillarga nisbatan ma’lum ustunlikka ega. Ekspert xulosalari boshqa dalillardan o‘zining xolisligi, ashyoviy dalillar tahlili chuqur va har tomonlama olib borilishi, olingan natijalarni qayta tekshirish imkoniyati bilan ajralib turadi.
Hozirda sud ekspertizaning bir qator yirik sohalarini ajratish mumkin. Ulardan O‘zbekistonda tashkiliy shakllangan va faol xizmat qilayotganlari qatorida sud-tibbiy, sud-psixiatrik va xususan sud ekspertizalarni atab o‘tish joiz.
Sud-tibbiy ekspertizalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sud-tibbiy eksprertizasi Bosh byurosi va uning bo‘limlari, Mudofaa vazirligiga qarashli sud-tibbiy ekspertitzasi laboratoriyasida, insonlarni ruhiy holatini aniqlash, ularni o‘z xatti-xarakatlarini tushunishi va ularga javob berish imkoni masalasida o‘tkaziladigan sud-psixiatrik ekspertizalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga kiruvchi psixiatrik davolash muassasalarida bajariladi.
Xususan sud ekspertizalar turli ashyoviy dalillarni tekshirish, ish holatlarini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati tizimidagi ekspertiza muassasalarida bajariladi.
Hozirda fan va texnika yutuqlariga asoslangan sud ekspertizaning rivojlanish darajasi turli ashyoviy dallillarni tekshirish orqali ish uchun muhim ahamiyatga ega holatlarni va aniq ma’lumotlarni olishga yo‘l ochib beradi. Faqatgina X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida bugungi kunda 54 ta ekspert mutaxassisligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish tashkil qilingan. Ushbu tadqiqotlar asosida voqea joyidan topilgan izlar, ashyoviy dalillar, qonunbuzarlik bilan bog‘lik bo‘lgan boshqa ob’ekt va hujjatlar bo‘yicha jinoyat ob’ekti, u sodir etilgan vaqt, joyi, jinoyatchining harakatlari, shaxsi, jinoiy harakat natijasida keltirilgan zarar, jinoyatni sodir etishga imkon yaratgan shart – sharoitlar haqida aniq ma’lumotlarni olish mumkin. Shuni ham aytib o‘tish joizki, ko‘p vaziyatlarda, ayniqsa, xufiyona, guvohsiz sodir etilgan qonunbuzarliklar yuzasidan ekspert xulosalari ish bo‘yicha asosiy dalil vazifasini bajaradi. Masalan, O‘zbekistonda 2000 yilda O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib tashkil qilingan Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi yordamida shu vaqtgacha yechilishi muammo bo‘lgan otalikni belgilash masalasi deyarli 100 foiz ishonchlilik hal etishga erishildi. Bu yuqori texnologik tadqiqotlar eng og‘ir jinoyatlar: qotillik, zo‘rlash, terrorchiliklarni ochishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Shunday qilib, sud ekspertlarining ilmiy asoslangan xulosalari eng murakkab jinoyatlarni ochish, odilona sud qarorlarini qabul qilishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Protsessual qonunlar: Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslari tegishligicha alohida protsess jarayonlarini belgilashga qaratilgan bo‘lib, ularda asosan sud ekspertizani tayinlash va o‘tkazishga oid masalalar tartibga solingan. Bunda ushbu masalalarning doirasi faqatgina O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nisbatan to‘ladir.
Sud ekspertizaning huquqiy bazasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar avval ham olib borilgan. Jumladan, mustaqil O‘zbekistonning protsessual kodekslarini yaratish jarayonida jinoyat protsessda sud ekspertiza masalalarini nisbatan to‘liq yoritishga erishildi. Xususan, sud ekspertizaga alohida bob ajratilib, protsessual qonunga birinchi bor komission, kompleks ekspertiza, xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjat tushunchalari kiritildi.
Protsessual qonunlar sud ekspertlik faoliyatining huquqiy asoslarini tashkil qiladigan bir qator masalalarni: sud ekspertizaning umumiy tushunchalari, sud ekspertlik faoliyatining printsiplari, sud ekspertlik faoliyatning tashkiliy, moliyaviy, axborot bilan ta’minlash masalalarini, ekspertning ijtimoiy statusi va boshqa muhim tomonlarini nazardan chetda qoldirishi o‘z o‘zidan tushunarlidir. Xuddi shunday nuqtai nazardan boshqa sohalarda ham sud ekspertizani xuquqiy tartibga solish doirasi haqida so‘z yuritish mumkin.
Shunday qilib, “Sud ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunicha sud ekspertiza instituti uchun muhim bo‘lgan uning jihatlari: sud ekspertlik faoliyati tushunchasi, sud ekspertizasi muassasalarining tashkiliy tuzilishi, ular faoliyatini moliyalashtirish, sud ekspertlarining ijtimoiy muhofazasi bilan bog‘liq masalalar qonun darajasida umuman tartibga solinmagan..
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hamda qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 20 dekabrdagi 262-sonli qaroriga muvofiq Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqqan O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni loyiha ishlab chiqildi va bu qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhokamasiga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilib, 2009 yil 18 noyabrdagi qarori bilan qabul qilingan.
Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2010 yil 7 maydagi qarori bilan ma’qullangan.
- “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun haqida
O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 1 iyun kuni “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi №O‘RQ-249-sonli Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi va kuchga kirdi.
“Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunning asosiy afzalligi – uning sud ishlarini yuritish turlaridan qat’iy nazar demokratik printsiplarga asoslangan sud-ekspertlik faoliyatini tartibga soluvchi umumiy normalarni qamrab olishidir. Qonunda ilk bor sud-ekspertlik faoliyati tushunchasi, uning printsiplari, shu jumladan, sud ekspertining mustaqilligi va uning xulosasi holisligi bilan bog‘liq dolzarb masalalar tartibga solingan. Qonun O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatining barcha jihatlari huquqiy asoslarini o‘z ichiga oladi.
Avvalgi qonunlar va yangi qonunda sud ekspertiza masalallari yoritilishi to‘liqligi haqida quyidagi jadvalda keltirilgan ma’lumotlar dalolat beradi:
Avvalgi qonunlar
|
“Sud ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun
|
● Protsessual
● Tashkiliy (qisman)
|
● Protsessual
● Tashkiliy ● Moliyaviy ● Ijtimoiy ● Axborot |
Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi Qonun 5 ta bob, 33 ta moddadan iborat. Qonunning 1-bobida sud ekspertizasi to‘g‘risidagi umumiy qoidalar, tushunchalar, sud ekspertlik faoliyatining asosiy printsiplari, faoliyatning qonuniylikka, inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi, sud ekspertning mustaqilligi masalalari yoritilgan.
2-bobida Davlatsud ekspertiza muassasasi, boshqa tashkilot rahbari va sud ekspertining huquq va majburiyatlari masalalari yoritilgan.
3-bobida sud ekspertizasini o‘tkazishga oid masalalar yoritilgan.
4-bobida sud ekspertlik faoliyatini moliyalashtirish, tashkillashtirish, ilmiy-uslubiy va axborot bilan tahminlashni o‘z ichiga olgan masalalar yoritilgan.
5-bobida sud ekspertlarining mehnatiga haq to‘lanishi, javobgarligi masalalarini o‘z ichiga olgan.
“Sud ekspertiza to‘g‘risida”gi qonunda ilk bor demokratik tamoyillarga javob beradigan sud ekspertiza faoliyatining printsiplari o‘z aksini topgan. Bu printsiplar O‘zbekistonda qonunchilik printsiplariga mos bo‘lib, shu vaqtning o‘zida umuminsoniy qadriyatlarga ham mosdir. Ular qatorida:
- Qonuniylik
- Inson huquq va erkinlariga rioya qilish
- Sud ekspertining mustaqilligi
- Ekspert tekshirishlarining xolisligi
- Ekspert tekshirishlarining har tomonlamaligi va to‘liqligi
- Tekshirishlarning ilmiy asoslanganligi
Qonun sud ekspertning mavqei, unga qo‘yiladigan talablar, uning protsessual statusi masalalarini to‘liq yoritib bergan. Jumladan, sud ekspertlarining uchta alohida toyifasi ajratilgan. Bular:
- Davlat sud eksperti
- Boshqa tashkilot xodimi
- Boshqa jismoniy shaxs.
Qonunda sud ekspertlik faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri bo‘lgan sud ekspertining mustaqilligi va buning kafolatlariga e’tibor qaratilganini ko‘rsatib o‘tish joiz. Bu talab sud ekspertizaning asosiy printsiplari qatoriga kiritilgan (7-modda) va boshqa moddalarda ham o‘z aksini topgan. Jumladan,
Tadqiqotlarni shaxsan ekspertning o‘zi o‘tkazishi (7, 19-moddalar);
Rahbar tomonidan ekspertga fikrlarini mazmunini belgilovchi ko‘rsatmalar berish taqiqlanganligi (14-modda).
Ekspertni xulosa berishdan oldin so‘roq qilish taqiqlanishi (10-modda).
Ekspertning protsessual huquqlari (15-modda).
Ekspertning ijtimoiy muhofazasi (30-modda).
Ekspertga boshqa shaxslar tomonidan ta’sir qo‘rsatilishi taqiqilanganligi va bu talabni buzganligi uchun javobgar bo‘lishi (7, 31-moddalar).
“Sud ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun sud ekspertiza sohasining huquqiy asosini tashkil qilib, bu sohaning huquqiy tizimini tashkil qilishga xizmat qiladi.
Bunday tizim quyidagi elementlarni o‘z ichiga qamrab olishi kerak:
- “Sud ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun va sud ekspertlik faoliyatining alohida tomonlarini boshqarishga qaratilgan qonunlar (masalan, protsessual masalalar bo‘yicha – protsessual kodekslar)
- Qonunosti normativ hujjatlar (Huqumat qarorlari)
- Idoroviy normativ hujjatlar
- Idoraviy normativ ta’rifga ega bo‘lmagan hujjatlar.
Qonunni qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarga ayrim o‘zgartirishlar kiritishni talab etadi. Bu masalada “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va to‘ldirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ham kuchga kiritildi. O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuni sud ekspertizaning huquqiy asoslarini yaratib, shu sohada normativ-huquqiy bazani rivojlantirish uchun ham keng imkoniyatlar ochib beradi. Jumladan, ushbu qonunni ijro etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bir qator normativ hujjatlari (masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NAMUNAVIY NIZOM tasdiqlash haqida”gi 73-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2023-yil 10-apreldagi 72-um sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOM va boshqalar) ishlab chiqildi.
“Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi sud ekspertizaning huquqiy asoslarini yaratishga va takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, bu sohadagi qonun bo‘shliqlarini to‘ldiradi, sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi qonunchilikni birxillashtiradi. Ushbu qonun O‘zbekistonda sud ekspertizasining dinamik rivojlanishi, ekspertlik tadqiqotlarining jahon standartlariga mos keladigan, zamonaviy ilmiy darajada o‘tkazilishi uchun sharoit yaratib beradi. Undan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 iyuldagi PF-6256-son Farmoniga binoan
2022 yil 1 aprelga qadar Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahririni ishlab chiqish bo‘yicha topshirma berilgan bo‘lib xozirga kunda ushbu qonun loyihasi Oliy majlis qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilyapti. Va yaqin kunlarda ushbu “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi taqdim etilishi arafasida.
Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun va sud ekspertizasiga oid normativ hujjatlar bo‘yicha ekspertizalar bajarilib kelinmoqda. Ushbu ekspertizalar odil sudlovni amalga oshirish, tergov jarayonlarida ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlashda o‘rni muhim ekanligini anglatadi. Ushbu ekspertiza turi turli holat va har xil toifadagi ishlar bo‘yicha haqiqatni qaror topishida, huquqbuzarliklarning oldini olishda, jinoyatchilikka sabab bo‘lgan holatlarni aniqlashda, ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar va ularni bartaraf etishda yordam berib kelmoqda.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi
sud avtotexnika eksperti A.Q.Saburov