Maʼlumki, sud-iqtisodiy ekspertiza odil sudlovni taʼminlashda, ayblanuvchining aybini isbotlovchi dalil sifatida qoʻllashda yoki ayblanuvchini himoyasini amalga oshirishda keng miqyosda qoʻllaniladigan vositalardan biridir. Bu uchinchi shaxs-ekspert yordamida iqtisodiy hayotdagi biron-bir hodisa yoki jarayonga nisbatan uning mavjudligi faktini tasdiqlash yoki inkor etish imkonini beradi. Bugungi kunda sud iqtisodiy ekspertizasi imkoniyatlaridan davlat havfsizligi, iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish, maʼmuriy sohadagi ishlarni koʻrish, fuqarolar oʻrtasidagi nizolarni hal etish, iqtisodiy masalalarga oydinlik kiritish lizim boʻlganda maxsus bilimlarga ehtiyoj tugʻilganda faol foydalanilmoqda.
Iqtisodiy ekspertizaning har bir turi tadqiqot maqsadi, obyekti hamda predmeti boʻyicha farqlanadi. Shundan kelib chiqib, tadqiqot oʻtkazish uslubiyoti ham har xil. Sud-iqtisodiy ekspertizasining turidan qatʼiy nazar, ekspert tomonidan tanlangan tadqiqot usuli uning asosini tashkil etadi. Bu esa sud iqtisodchi eksperti muayyan ekspertiza obyektlari oʻzida aks ettirgan maʼlumotlardan hamda tadqiqot predmeti va maqsadidan kelib chiqqan holda ekspertlik tadqiqotining usulini tanlashda mustaqilligini belgilaydi. Biroq, ekspertizani amalga oshirishning samarali usullarini aniqlashda iqtisodiy sohalarning keng miqyosdaligi, xoʻjalik subyektlari faoliyati jabhalarining farqlanishi ekspertga tadqiqot usulini tanlashda katta qiyinchiliklar tugʻdiradi. Tadqiqot obyektini rasmiylashtirilishi yoki sodir etilgan moliyaviy xoʻjalik operatsiyasi belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash uchun bu sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlariga murojaat qilish lozim. Biroq, ular ekspertning tadqiqotiga xos boʻlgan uslubiy muammolarni toʻliq hal qila olmaydi, chunki ular mohiyatiga koʻra faqat maʼlum iqtisodiy faoliyatni amalga oshirilishi tartibini oʻz ichiga oladi. Maʼlumki, tadqiqot oʻtkazish miqyosi va zamonaviy iqtisodiy bilimlar jabhasi bugungi sharoitda koʻp qirrali. Shu sababli, iqtisodiy ekspertiza oʻtkazish tartibi boʻyicha uslubiy qoʻllanmalarning yetishmasligi tobora dolzarb boʻlib bormoqda.
Sud-iqtisodiy ekspertizasi boshqa turdagi ekspertizalar singari ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarni aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan iqtisodiy sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini oʻtkazish va xulosa berishdan iborat boʻlgan protsessual harakat boʻlsada, bu ekspertiza turining oʻziga xos xususiyatlari bor. Agar sud-iqtisodiy ekspertizalarni oʻtkazishda bu turga mansub boʻlgan turli tadqiqotlar uchun umumiy boʻlgan yoʻnalishni belgilash toʻgʻrisida soʻz yuritadigan boʻlsak, bu hujjatlarda tafovutlar yoki muvofiqliklarni qidirish, aniqlash, tahlil qilish, ularni yoritish va ekspert xulosasida shakllantirishdan iborat. Bunda savollarni hal etish doirasida umum belgilangan iqtisodiy-matematik hisob-kitoblarni oʻtkazish, moliyaviy jihatdan tahlil qilish va ayrim holatlarda hisob-kitob jadvallari bilan asoslash amalga oshiriladi.
Sud-iqtisodiy ekspertizalarning zamonaviy obyekti va predmeti koʻp qirrali boʻlib, bu tadqiqot uslubiyotini belgilashning koʻplab variantlarini keltirib chiqaradi. Sud-iqtisodiy ekspertizalarni oʻtkazishning umumiy tadqiqot usullari asosan hujjatli tekshiruv, solishtirish va qarama-qarshi tekshiruv usullaridir. Bu usullar hujjatlarni tekshirish, yaʼni tadqiqot obyektlarini tahlil qilish usullari boʻlib, umumiy tadqiqot uslubiyotini aks ettirmaydi. Iqtisodiy ekspertizalar boʻyicha tadqiqot jarayonini optimal, hamma tadqiqotlar uchun birdek qoʻllash mumkin boʻlgan yagona algoritmini yaratish imkoni mavjud emas. Chunki bu soha juda keng jabhani qamrab olganligi, qonun hujjatlari miqyosi kattaligi, tadqiqot obyektlarining har xil soha uchun farqliligi, yagona mexanizmga boʻysunuvchi tizimli yondashuvni ishlab chiqish imkonini bermaydi.
Demak, masalaning nozik tarafi shundaki, na ilmiy institut xodimlari, na bugungi amaliyotchi-tadqiqotchilar iqtisodiy ekspertiza oʻtkazish metodologiyasini yaratish uchun universal vositalarni taklif qila olmaydi. Bu ekspertiza obyektlari, predmetlari va maqsadlaridan kelib chiqib, har bir tadqiqot spetsifik alohida qoʻllanilishi talab etiladigan variantlarning xilma-xilligi kabi sabablar bilan bogʻliq hamda bu bizga bunday metodologiyaning optimal variantini birlashtirish va taklif qilish imkonini bermaydi. Amaliyotchilar va nazariyotchilar oʻrtasida bunday metodologiyani ishlab chiqish zarurligi haqidagi savollar tobora koʻproq koʻtarilmoqda.
Misol tariqasida eng oddiy masala, kechiktirilgan qarzlarga nisbatan bank foizlarini hisoblash masalasini koʻrsak. Sud-tergov organlari yoki boshqa har qanday murojaatchi tomonidan qoʻyilgan bu turdagi savollarni hal etishda, asosan savol shartiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkalari qoʻllanilishi soʻraladi.
Tadqiqot maqsadiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkalarini qoʻllash quyidagi omillarga bogʻliq:
– Tadqiqot davri. Asosiy stavkalar (avval, qayta moliyalash stavkalari) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan turli davrlarda turli foizlarda belgilangan boʻlib, bu oʻzgaruvchan koʻrsatkichdir. U yillik miqdorda belgilangan boʻlsada, biroq, gohida bir yildan ortiq, gohida bir yildan kam muddatga belgilanadi. Ohirgi yillarda bu koʻrsatkich 2017-yilgacha 9 foizgacha tushgan, 2022-yilgacha 17 foizgacha koʻtarilgan, hozirgi kunda 14 foizni tashkil etadi. Ekspert yechimiga qoʻyilgan masalada koʻrsatilgan davrga nisbatan bu foizlarni qoʻllash uchun, avvalambor, masalada koʻrsatilgan umumiy davr miqyosidan stavkalar amal qilgan davrni tabaqalash lozim boʻladi. Bu davrlar har xil ekspertizalarda har xil muddatlarni koʻrsatadi. Bu esa “shablon” tarzidagi hisoblash jadvallarini ishlab chiqish imkoni mavjud emasligini va har bir ekspertiza tadqiqoti alohida yondashuvni talab etishini koʻrsatadi;
– Stavkalar. Davr uchun belgilangan stavkalar yillik belgilangan boʻlsada, biroq, davrda kunlar soni turli xil boʻlganligi sababli, kunlik stavkalar ham aynan tadqiqot davriga nisabatan hisoblanishi lozimligi, yagona koʻrsatkichni qoʻllash imkonini bermaydi. Bu esa har bir ekspertiza boʻyicha, unda koʻrsatilgan davrdan kelib chiqib, u davrdagi kunlar uchun belgilangan kunlik stavkalarni individual hisoblanishini talab etadi;
– Valyuta. Savolda koʻrsatilgan qarz miqdori har doim ham milliy valyuta – “soʻm”da boʻlavermaydi. Asosiy stavkalar esa “soʻm”ga nisbatan belgilangan. Shunga koʻra, ekspert yechimiga qoʻyilgan savolda koʻrsatilgan davr boshiga chet el valyutasida belgilangan qiymat koʻrsatkichlarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutaning soʻmga nisbatan kursi boʻyicha foizlar summasini “soʻm”da aniqlanishi lozim boʻladi.
Qayd etilgan misol iqtisodchi-ekspertlarning oddiy toifaga kiruvchi ekspertlik tadqiqotlarini oʻtkazishda tanlanadigan tadqiqot uslublarini ifodalab, bundan tadqiqot algoritmini muayyan tabaqalarini bir tizimga solish va bir tartib boʻyicha barcha shu tusdagi tadqiqotlarga qoʻllash imkoni mavjud emasligini koʻrsatadi.
Sud iqtisodiy ekspertlik tadqiqotlari bugungi kunda, faqat moliya-kredit ekspertizasi boʻyicha, banklar tomonidan berilgan kreditlar yuzasidan hisoblangan foizlarni toʻgʻriligi masalasi yuzasidan oʻtkaziladigan tadqiqotlar doirasida, nafaqat har bir bank, balki har bir shartnoma talablari, bankning kredit hisoblash mexanizmi turliligi, mijozlarning toʻlov grafigiga rioya qilinishi darajasi har xilligi, foizlarni hisoblash usullari va miqdorlari bir biridan farq qilishi bilan maʼlum.
Shunday ekan, bu turdagi ekspertizalar bir belgilangan umumiy tartib doirasida bajariladigan laborator tadqiqotlar yoki maxsus ishlab chiqilgan programmalar emas, balki tajribali, keng fikrlaydigan, qonun-hujjatlari mohiyatini va maqsadini tushunadigan, oʻz ustida ishlaydigan va doimiy ish tajribasini oshirib boradigan ekspertlar tomonidan individual yondashuv asosida, har bir tadqiqot ilmiy izlanish talab etadigan faoliyat darajasida bajariladigan jarayon hisoblanadi.
Bundan tashqari, ekspertlar oʻz tajribalarida shunday holatlar bilan toʻqnash keladiki, unda ekspert yechimiga qoʻyilgan masalani hal etish uchun, bir qarashda, bir davrda amalda boʻlgan har xil normalarni belgilovchidek koʻrinuvchi qonun hujjatlari talablarini ularning amal qilish doirasini, jumladan, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga doirligi nuqtayi nazaridan qoʻllash mexanizmini bilish talab etiladi.
Hususan, ayrim ijtimoiy himoya yoki davlat koʻmagiga muhtoj boʻlgan sohalar mavjudki, ularni faoliyatini tartibga solish hamda bunday dasturlarni ijrosini amalga oshirish doirasida bajarilgan ishlardan olingan daromadga soliq solish yoki ushbu tadbirlarni amalga oshirishda olingan va realizatsiya qilingan tovarlarga soliq solish mexanizmini belgilovchi qonun normalarini umumiy boʻlgan qonunchilik talablaridan ajrata bilish, ularni xoslash borasida bilim va koʻnikmalar, tajriba talab etiladi. Iqtisodiy qonunlar talablari bilan koʻzda tutilgan mazmun mohiyatni tahlil qilish va tadqiqot obyektiga nisbatan ularni qoʻllanilishini belgilash, ekspertlardan ustoz-shogird tizimida oʻrganishni hamda maxsus tayyorganlikdan oʻtishni talab etishi bilan birgalikda, olingan oʻquv, bilim va koʻnikmalarni iqtisodiy sohani tartibga soluvchi bir-biridan farqli boʻlgan normalarni qoʻllanilishini anglash imkonini beradigan darajada amaliyot tajribasiga ega boʻlish talabini qoʻyadi.
Bu esa ekspert –iqtisodchilarni dastlabki tayyorgarlikdan oʻtganligi, protsessual qonunchilik normalariga muvofiq ekspertizani oʻtkazish tartibi, ekspertning mavqei, ekspert xulosasini rasmiylashtirish tartibi, tadqiqotlarni oʻtkazishning umumiy qabul qilingan qoida va tartiblarini bilishi bilan cheklanmasdan, ekspertning oʻz ustida doimiy ishlashi, malakasini oshirishi hamda jamiyatda sodir etilayotgan jinoyatchilik, huquqbuzarlik oqibatida yuzaga kelayotgan iqtisodiy masalalarning qonunchilikdagi mavjud yechimlari yuzasidan izlanishlarni toʻxtovsiz olib borishini taqozo etadi.