TRANSPORT VOSITASINING TEZLIGINI YOʻL TRANSPORT HODISALARIGA BOGʻLIQLIGI

ANNOTATSIYA

 

Yildan yilga Yoʻl transport hodisalarining sodir boʻlishi ortib bormoqda. Bu esa, ularning sodir boʻlish sabablari, muammo va yechimlarini topish zaruriyatini vujudga keltiradi. Maqolada Yoʻl transport hodisalarining turlari, ishtirokchilari hamda sodir boʻlishini oldini olish boʻyicha yechimini kutayotgan muammomlar va ularning yechimlari bayon etilgan.

Tayanch soʻzlar: Yoʻl transport hodisalari, Yoʻl transport hodisalari ishtirokchilari, haydovchi, piyoda, texnik holat, mutaxassis.

Yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlishiga koʻra, quyidagi turlarga boʻlinadi, bu:

– transport vositalarining piyodalarni urib ketish;

– transport vositalarning oʻzaro toʻqnashuvi;

-transport vositalarining yoʻldan chiqib ketishi va qoʻzgʻalmas toʻsiqlarga urilishi;

Birgina 2023-yilda sodir boʻlgan Yoʻl transport hodisalari taxlil qilsak; (45,5%) piyodani urib yuborish bilan, (30,2%) transport vositalarining oʻzaro toʻqnashuvi, qolgan (24,3%) transport vositalarining yoʻldan chiqib ketishi, qoʻzgʻalmas toʻsiqlarga urilishi, agʻdarilish, velosipedchini urib yuborish, turgan transportga urilish va h.k kabi boshqa sabablar bilan sodir boʻlgan.

Sodir boʻlayotgan Yoʻl transport hodisalarining 45,5% piyodalar ishtirokida sodir boʻlayotganligi, piyodalar yoʻlning kesib oʻtishi bilan bogʻliq boʻlgan holatlari muhim ijtimoiy vazifalaridan biri sifatida koʻrib chiqish zaruriyatini bildiradi. Chunki yoʻl transport hodisalari nafaqat alohida odamlarga juda katta moddiy va sogʻligiga zarar keltirmoqda, balki umuman jamiyatga ham. Statistik maʼlumotlar shuni koʻrsatmoqdaki, avtomobil va piyodalar soni hamda yoʻl harakati jadalligining keskin oʻsishi yoʻl-transport hodisalari sonining koʻpayishiga sabab boʻlmoqda. Koʻrinib turibdiki, avtomobil yoʻllarida piyodalar harakatining xavfsizligini taʼminlash hozirgi kunda eng muammoli masalalardan biri boʻlib kolmoqda. Bu esa, bugungi kunda ushbu masalaga talab darajasida eʼtibor qaratilmayotganligini bildiradi. Piyodalarning qatnov qismi orqali oʻtish joylari avtomobil yoʻllarining eng xavfli qismlaridan biri hisoblanadi. Chunki koʻp hollarda transport vositasi haydovchisi piyodani koʻrgandan keyingina transport vositasini toʻxtatishga harakat qiladi, biroq transport vositalarining harakatlanish tezligining yuqoriligi tufayli toʻliq toʻxtashga ulgurmaydi. Buning natijasida esa transport vositasi piyodani urib yuborishiga sabab boʻlmoqda.

Amaldagi “Yoʻl harakati qoidalari”ning 109-115 bandlarida “Piyodalarning oʻtish joylari va yoʻnalishli transport vositalarining bekatlari” deb koʻrsatilgan. 109 va 110 bandlarida, Tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyiga yaqinlashayotgan transport vositasining haydovchisi qatnov qismini kesib oʻtayotgan piyoda(lar)ni oʻtkazib yuborish uchun tezligini kamaytirishi yoki toʻxtashi shart. Agar tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyi oldida transport vositasi harakatini sekinlashtirsa yoki toʻxtasa, qoʻshni boʻlaklarda harakatlanayotgan boshqa haydovchilar bu transport vositasi oldida piyoda(lar) yoʻqligiga ishonch hosil qilganlaridan soʻnggina harakatlanishni davom ettirishlari mumkin. Shunga koʻra, tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyiga yaqinlashayotgan haydovchilar yoʻlni kesib oʻtayotgan piyodani koʻrmagan holatda ham boshqa harakatlanayotgan transport vositalari harakatini sekinlashtirsa yoki toʻxtasa ham uning harakatiga xavf yuzaga kelishi mumkinligini inobatga olib harakatlanishi kerak.

Shuning uchun bu hududlargacha va undan keyingi maʼlum hududda transport vositalarining harakatlanish tezligini kamaytirish orqali piyodalarning xavfsiz harakatlanish sharoitini shakllantirish mumkin.

Piyodalar oʻtish joylariga va undan keyingi maʼlum hududda transport vositalarining harakatlanish tezligini kamaytirish orqali piyodalarning xavfsiz harakatlanish sharoitini shakllantirish mumkin. Tezlik kamaytirilishi natijasida oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalar soni qanchaga kamayishi, tezlik 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirilganda oʻrtacha 10 km masofaga qancha vaqt yoʻqotilishi (bor yoʻgʻi 6 daqiqa, bunda avtomobil svetofor va tirbandliklarsiz harakatlansa) va h.k. Masalan 30 km/soat tezlikda harakatlangan transport vositasi piyoda urib yuborganida, piyoda nisbatan kam miqdorda zarar olsa, tezlik oshirish bilan piyodalarning tan jaroxati miqdorining ortib borishiga sabab boʻlmoqda 60 km/soat tezlikda piyodaning oʻrta va ogʻir darajadagi tanjaroxatlari olishiga va 70 km/soatda esa piyoda ogʻir darajada va oʻlim xolatlarini ortib borayotganligiga sabab boʻlmoqda. Bu esa, transport vositasining piyodalarni urib ketishi mumkin boʻlgan joylarda harakat tezligi cheklashni talab etadi.

Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining 3-sonli bayoni bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar hamda viloyatlarning ayrim hududlarida transport vositalarining yuqori harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilandi.

Kunning yorugʻ vaqtida, koʻrinish cheklanmagan holatda 70 km/soat tezlikda harakatlanayotgan yengil avtomobilni toʻliq toʻxtatib olish uchun oʻrtacha 45-46 metr masofa kerak boʻladi. Agar avtomobil tezligi 60 km/soat boʻlganida avtomobilini toʻliq toʻxtatib olish uchun oʻrtacha 36-37 metr masofa kerak boʻladi. Yaʼni avtomobil tezligini 10 km/soatga kamaytirilishi toʻxtatish masofasini 9-10 metrga kamayishiga sabab boʻladi.

Masalan 30 km/soat tezlikda harakatlangan transport vositasi piyoda urib yuborganida, piyoda nisbatan kam miqdorda zarar olsa, tezlik oshirish bilan piyodalarning tan jaroxati miqdorining ortib borishiga sabab boʻlmoqda 50 km/soat tezlikda piyodaning oʻrta va ogʻir darajadagi tanjaroxatlari olishiga va 70 km/soatda esa piyoda ogʻir darajada va oʻlim xolatlarini ortib borayotganligiga sabab boʻlmoqda. Bu esa, transport vositasining piyodalarni urib ketishi mumkin boʻlgan joylarda harakat tezligi cheklashni talab etadi. Shuningdek, yoʻl transport hodisasi ishtirokchilarini “Yoʻl harakati qoidalari” boʻyicha savodxonligini oshirishda ommaviy axborot vositalari orqali (televideniye, internet, ijtimoiy tarmoqlar va boshqalar) kuchli targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, maktabgacha taʼlim muassasalarda tasvirli targʻibotlarni amalga oshirish, maktab va oʻquv yurtlarida “Yoʻl harakati qoidalari” hamda transport va yoʻllardan foydalanish boʻyicha dars soatlarini kiritish lozim. Asosiy maqsad aholini tayyorlash va tegishli tushuntirish berib borish. Aholini “Yoʻl harakati qoidalari” hamda Qonunlarga soʻzsiz amal qilishlarini taʼminlash.

Piyodalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarning asosiy sabablaridan biri bu ular tomonidan “Yoʻl harakati qoidalari”ga amal qilmasligidir. Shuningdek, piyodalar oʻtish joylarida koʻrinish masofasining yetarlicha boʻlmasligi bu turdagi halokatlarga olib kelmoqda. Shu sababli, piyodalar oʻtish joylarida foydalaniladigan texnik vositalari yaʼni, transport va piyodalar harakatini tartibga soluvchi svetoforlar, kunning qorongʻi vaqtida va yoʻlning yetarlicha koʻrinmaslik sharoitida piyodalar oʻtish joylaridagi yoritish qurilmalari oʻrnatish, piyodalar harakatlanish hududini koʻrsatuvchi yoʻl chiziqlari va ularning nur qaytarish qobiliyati, haydovchining diqqatini oshiruvchi “Shovqin chiziqlari”, haydovchining koʻrish maydonida piyodalar oʻtish joyini koʻrsatuvchi yoʻl belgilarini yetarli darajada oʻrnatish, transport vositalarning sirpanishiga qarshi piyodalar oʻtish joylari oldidagi maxsus qoplamalar.

Avtomobil yoʻllarini loyihalash jarayonida yoʻlning texnik ekspluatatsion koʻrsatkichlarini, yoʻlning toifasi, oʻtkazish koʻrsatkichi, ruxsat etilgan texnik tezliklarini inobatga olgan holda xavfsiz harakatni taʼminlovchi texnik vositalarni yetarli darajada oʻrnatish. Piyodalar oʻtish joylarida kunning qorongʻu vaqtlarida, sunʼiy yoritish qurilmalari oʻrnatish yuqori  samara beradi. Shuningdek, yoʻl belgilarida yorugʻlik qaytaruvchi boʻlishi hamda piyodalar oʻtish joyiga yetmasdan oʻrnatilgan yoʻl belgilarni koʻrinishi yaxshilash lozim.

Kunning qorongʻi vaqtida yoʻlning yoritilmagan qismidan harakatlanayotgan piyodani haydovchi koʻrmaydi va buning natijasida uni urib ketishi extimoli oshadi. Shuning uchun yoʻllarda harakatlanayotgan piyodalar kiyimlariga fosforli lentalarni yopishtirib olishlari yoki tunda nur qaytarish qobiliyatiga ega vositalaridan foydalanib harakatlansa haydovchilar tomonidan ularni koʻrish imkoniyati yaratiladi.

Piyodalar kesib oʻtishi koʻzda tutilmagan joylardan piyodalarning yoʻlni kesib oʻtishi natijasida sodir boʻlayotgan yoʻl transport hodisalari ham ortib bormoqda. Bu esa, piyodalarning “Yoʻl harakati qoidalari”ni yaxshi bilmasligi yoki unga amal qilmasligini bildiradi. Bu kabi holatda bozorlar, aholi gavjum savdo majmualari kabilar oldida koʻplab uchramoqda. Bu esa, ogʻir oqibatlarga olib kelmoqda. Shu sababli, bozorlar va aholi gavjum hududlarni oʻrganib, piyodalar uchun qulay boʻlgan joydan yoʻlning qatnov qismi satxidan farq qiluvchi yer osti va yer usti piyodalar oʻtish joylarni qurish, aholining “Yoʻl harakati qoidalari” boʻyicha savodxonligini oshirish hamda piyodalarga nisbatan ham jazo choralarini qoʻllashga eʼtiborni oshirishni talab qiladi.

Transport vositalarning oʻzaro toʻqnashuvi taxlil qiladigan boʻlsak, bir yoʻnalishdan harakatlanayotgan avtomobillarning toʻqnashuv, qarama- qarshi yoʻnalishdan harakatlanayotgan avtomobillarning toʻqnashuv hamda chorraxadan harakatlayotgan transport vositalarining toʻqnashuvi. Bir yoʻnalishdan harakatlanayotgan transport vositasining toʻqnashuvi, harakat yoʻnalishini oʻzgartirish va oraliq masofani saqlamaslik oqibatda kelib chiqishi mumkin. Yoʻnalishini oʻzgartirayotgan  transport vositasining haydovchisi “Yoʻl harakati qoidalari”ning 53 bandi talablariga koʻra, yoʻnalishini oʻzgartirmasdan harakatlayotgan transport vositasiga yoʻl berishi kerak.

Amaldagi “Yoʻl harakati qoidalari”ning 73 bandi talablariga koʻra, haydovchi oʻzidan oldinda harakatlanayotgan transport vositasi keskin tormoz berganda, toʻqnashib ketmaslik kafolatini beradigan darajadagi oraliq masofani, shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlaydigan yonlama oraliq masofani saqlashi kerak. “Yoʻl harakati qoidalari”da oraliq masofa koʻrsatilmagan. Haydovchi tezligi avtomobil turi yuklanganligni inobatga olib, oldindagi avtomobil bilan oraliq masofa saqlashi kerak.

Qarama-qarshi yoʻnalishdan harakatlayotgan transport vositalarining toʻqnashuvida kamida bir transport vositasining qarama-qarshi yoʻnalishga chiqishi oqibatida sodir boʻladi. Bular quvib oʻtish, yoʻldagi toʻsiqlarni aylanib oʻtish yoki qayrilib olish va burilish boʻlishi mumkin. Qarama- qarshi yoʻnalishdan harakatlanayotgan avtomobillar toʻqnashganda, ularning inersiyalarni qoʻshilishi oqibatida juda ayanchli toʻqnashuvlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli, axolish yashash punktlaridan tashqaridagi shaharlararo yoʻlarni kamida 4 ta qatorli qilish hamda yoʻnalishlarni toʻsiq bilan ajratish lozim.

Chorraxada toʻqnashuvlarni koʻrib chiqsak, chorraxalar tartibga solingan va tartibga solinmagan boʻlishi mumkin. Tartibga solingan chorraxalarda haydovchining svetoforning qizil chirogʻida harakatlanishi, qayrilayotgan transport vositasi haydovchisi toʻgʻridan harakatlayotgan transport vositalariga yoʻl bermasligi oqibatida sodir boʻladi. Asosan toʻqnashuvlar svetofor chirogʻining almashish vaqtida sodir boʻladi. Tartibga solinmagan chorraxalarda ikkinchi darajali yoʻldan kelayotgan transport vositasining asosiy yoʻldan yaqinlashayotgan avtomobilga yoʻl bermasligi oqibatida sodir boʻladi.

Bugungi kunda butun dunyoda avtomobil sanoati oʻsgani sari insonlarning yoʻl transport hodisalaridan jabr koʻrish ehtimoli oshib bormoqda. Bugungi kunga kelib yoʻl transport hodisalaridan eng koʻp aziyat chekadiganlarning katta hissasi rivojlanayotgan va nisbatan qoloq mamlakatlarga toʻgʻri kelmoqda. Transport infrastrukturasini yaxshi yoʻlga qoʻygan iqtisodi boy mamlakatlar esa bu muammolarni birin ketin yengib bormoqda. 2023-yilda Respublika hududida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalari oʻrganilib, tahlil qilinganda, yoʻl-transport hodisalaring taxminan 95 % erkaklar va 5 % ayollar tomonidan sodir etilgan boʻlib shundan, 30 % ni 30 yoshgacha, 25% ni 31-40 yoshgacha boʻlgan haydovchilar tomonidan sodir etilgan.

Xorij tajribasidan shuni aytish mumkinki, dunyoda ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligi 70 km/s ni tashkil etgan mamlakatlar koʻp emas. Armaniston, Gruziya, Ozarbayjonda aholi yashash punktlarida ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligi 60 km/soat. Yevropaning 30 ta mamlakatida harakatlanish tezligi 50 km/soatdan oshirish taqiqlangan. Tezlikni oshirish Yoʻl transport hodisasi ehtimoli va uning ogʻir oqibatlari bilan bevosita bogʻliq. Misol uchun, 50 km/soat tezlikda harakatlanayotgan yengil avtomobilining oʻrtacha toʻxtatish masofasi 25,0 metrga 70 km/soat tezlikda harakatlayotgan yengil avtomobilining oʻrtacha toʻxtatish masofasi 50,0 metrni tashkil etadi. Shunga koʻra, tezlikni 20 km/soatga oshirilishi toʻxtatish masofasini ikki barobar ortishiga olib keladi. Shu sababli, kesishmalar chorraxalarga yaqinlashayotgan transport vositalarining tezliklarini kamaytirish extimollik yoʻl transport hodisalarini sonini keskin kamayishiga olib keladi.

Transport vositalarining yoʻldan chiqib ketishi va qoʻzgʻalmas toʻsiqlarga urilishi holatlari asosan haydovchilar tomonidan tezlikni oshirilishi oqibatida boshqaruvni yoʻqotilishi natijasida kelib chiqadi.

Sodir boʻlayotgan yoʻl transport hodisalarini taxlil qilsak, ularning sodir boʻlishiga haydovchilar tomonidan tezlikni oshirilishi, harakat imtiyoziga ega boʻlgan haydovchiga yoʻl bermaslik, piyodalarning mumkin boʻlmagan joydan yoʻlni kesib oʻtishi, transport infrastrukturasini yaxshilashga boʻlgan extiyoj, “Yoʻl harakati qoidalari”ni mensimasli yoki bilmaslik kabi holatlar sabab boʻlmoqda. Bu esa, Aholini  “Yoʻl harakati qoidalari” hamda Qonunlarga soʻzsiz amal qilishlarini taʼminlash boʻyicha taʼsir choralarni oshirish talab etadi.

“Yoʻl harakati qoidalari”ga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida quyidagi tartibni nazarda tutuvchi yoʻl harakati qatnashchilariga yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etilishi juda samarali taʼsir etadi.

Oʻzimning amaliyotdagi tajribamdan kelib chiqqan holda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda yuzaga kelayotgan ayrim muammolarni koʻrsatib, ularni yechimi boʻyicha takliflarimni bildirmoqchiman.

Birinchidan, avtomobil yoʻllari infratuzilmasini takomillashtirish va ularning sifatini yaxshilash va monitoring qilish, yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishi uchun shart-sharoitlar yaxshilash, yoʻllarning falokatga keltiruvchi xavfli hududlarini aniqlash;

Ikkinchidan, haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy qilgan holda, maktabgacha taʼlimdan tortib, oʻquv yurtlarigacha oʻquv jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, “Yoʻl harakati qoidalari” asoslarini bolalikdan singdirishni yoʻlga qoʻyish, ushbu amaliyotni maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarida joriy etish;

Uchinchidan, haydovchi va piyodalarning “Yoʻl harakati qoidalari”ga rioya qilish madaniyatini oshirish, har qanday qoidabuzarlik uchun jazo muqarrarligini taʼminlash, yoʻl harakati qatnashchilariga yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etish;

 Toʻrtinchidan, kunning qorongʻu vaqtida, piyodalar oʻtish joylari hamda yoʻldagi kesishmalarda suʼniy yorititishni tashkil qilish, transport va piyodalar harakatini tartibga soluvchi svetoforlar oʻrnatish, piyodalar harakatlanish hududini koʻrsatuvchi yoʻl chiziqlari va ularning nur qaytarish qobiliyati yaxshilash, haydovchining koʻrish maydonida piyodalar oʻtish joyini koʻrsatuvchi yoʻl belgilarini oʻrnatish;

Beshinchidan,  barcha yoʻllarda piyodalar oʻtish joylarida, chorraxalar va qayrilib olish joylarida ruxsat etilgan tezlikni 50 km/soatga pasaytirish;

 

Sud avtotexnika ekspertizasi laboratoriyasi mudiri
Umidillayev Qahramon Hasanovich

Skip to content