Advokatlar tomonidan sud ekspertizasi o‘tkazishni tayinlash asoslari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021 yil 5 iyuldagi PF-6256-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq advokatlarga iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan sud ekspertizasi o‘tkazilishini so‘rash, shuningdek, sud ekspertizasi xulosasi ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish huquqi berildi.

Prezident farmoni ijrosi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NAMUNAVIY NIZOM(2023-yil 21-fevral, ro‘yxat raqami 73) tasdiqlanib unga ko‘ra advokat so‘roviga ko‘ra tadqiqotlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.

         “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NAMUNAVIY NIZOM(2023-yil 21-fevral, ro‘yxat raqami 73)da  advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlar shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilganlik to‘g‘risidagi hujjatlar ekspertiza tashkilotiga taqdim etilgan kundan boshlanishi va sud eksperti xulosasi yoki mutaxassis fikri manfaatdor shaxsga yuborilishi ko‘rsatilgan.

Advokatlar tomonidan sud ekspertizasi o‘tkazish tayinlanganda sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi advokatlik so‘rovi, ishonch bildiruvchi shaxs roziligini tasdiqlovchi hujjat, ish bo‘yicha order, to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, tadqiqot ob’yektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak. Ekspertiza tashkiloti advokatning so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘rganadi va ularga uch ish kuni ichida shartnoma rasmiylashtirish uchun taqdim etiladi.

Sud ekspertiga taqdim etilgan tadqiqot ob’yektlari, taqqoslovchi ish materiallari, ma’lumotlarning ishonchliligi uchun ekspertizani tayinlagan advokat javob beradi.

Tadqiqotlar o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ish materiallari va tadqiqot ob’yektlarini hamda qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish lozim bo‘lganda sud eksperti tomonidan advokatga 3 ish kunida yozma yoki elektron iltimosnomalar yuboriladi. Iltimosnomani belgilangan muddatda elektron shaklda yuborish imkoniyati bo‘lmaganda, bu haqda dalolatnoma tuziladi va kuzatuv materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.

Tadqiqot o‘tkazish uchun yuborilgan, uni o‘tkazish imkonini bermaydigan ish materiallarini rasmiylashtirish qoidalariga rioya etilmaganligi aniqlangan kuni ekspertiza tashkiloti rahbari bu haqda advokatga xabar qilinishi lozim. . Agarda  advokat tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmasa ekspertiza tashkiloti rahbari 30 kun o‘tgach unga keyingi ish kunida ish materiallarini sud ekspertizasini o‘tkazmasdan qaytaradi.

Sud eksperti tomonidan xulosa yoki mutaxassis fikri berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risida asoslangan ma’lumotnoma tuziladi hamda uch ish kuni mobaynida ekspertizani tayinlagan vakolatli organga (shaxsga), advokatga, jismoniy yoki yuridik shaxsga yuboriladi:

Taqdim etilgan ish materiallari to‘liq bo‘lmagan taqdirda, bu haqda sud eksperti ekspertiza tashkiloti rahbari orqali ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokat, jismoniy yoki yuridik shaxsga qo‘shimcha ish materiallari taqdim etish to‘g‘risida yozma yoxud elektron ravishda xabar beradi.

Qo‘shimcha ish materiallari faqat ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan taqdim etiladi.

Qo‘shimcha ish materiallari 30 kun mobaynida taqdim etilmagan taqdirda, sud eksperti tadqiqotlarni mavjud ish materiallari bo‘yicha o‘tkazadi.

Advokatning tadqiqotlarni o‘tkazmasdan ish materiallarini qaytarish haqidagi murojaatiga asosan ekspertiza tashkiloti rahbari tomonidan qaytariladi. Tadqiqotlar o‘tkazilmaganda amalga oshirilgan to‘lov shartnomada ko‘rsatilgan tartibda qaytariladi.

Ekspertizani rasmiylashtirishning prosessual tartibi buzilgan holda sud ekspertizasi o‘tkazish uchun taqdim qilingan ish materiallari advokatga uch kun muddatda qaytariladi.

Quyidagi hollarda ish materiallari ijro etilmasdan advokatga qaytariladi:

1)tadqiqotlarni mazkur ekspertiza tashkilotida o‘tkazish nazarda tutilmagan bo‘lsa;

2)ekspertiza tashkiloti tegishli mutaxassislarga yoki asbob-uskunalarga ega bo‘lmasa;

3)ekspertiza tayinlashga vakolati bo‘lmagan organ (shaxs) tomonidan yoxud vakolatli organ (shaxs) tomonidan ekspertiza tayinlash vakolatiga kirmaydigan ishlar yuzasidan tadqiqotlar tayinlanganda.

Sud eksperti xulosasi va mutaxassis fikri ikki nusxada tuziladi, tadqiqotlarni o‘tkazgan sud eksperti (sud ekspertlari) tomonidan imzolanadi, uning (ularning) imzosi ekspertiza tashkiloti muhri bilan tasdiqlanadi, shundan keyin xulosa yoki mutaxassis fikrining bir nusxasi ekspertiza tashkiloti rahbari tomonidan advokatga taqdim etilgan ish materiallari bilan birga yuboriladi, ikkinchi nusxasi esa ekspertiza tashkilotida besh yil mobaynida saqlanadi.

Sud eksperti xulosasi bilan birga  tadqiqot ob’yektlari(agar ular to‘la ishlatilgan bo‘lmasa,) bilan birga advokatga shaxsan berilishi yoki pochta, shu jumladan, elektron pochta orqali yuborilishi mumkin.

Sud eksperti xulosasi yoki mutaxassis fikrining, tadqiqot ob’yektlari bo‘lgan predmetlar va hujjatlar hamda sud ekspertizasiga berilgan boshqa materiallarning faksimil yoki yorug‘ sezgir qog‘ozga ko‘chirilgan ishonchnoma nusxasi orqali berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek advokatlar tomonidan bugungi kunda Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi advokatlik so‘rovi asosida Odam DNKsi ekspertizasi tadqiqotlari ham o’tkazilib kelinmoqda.Bu ishlar esa sudgacha bo’lgan masalalarni hal qilishda odil sudlov uchun muhim ahamiyat kasb etyotganligini ta’kidlash joiz.

Adliya vazirligi huzuridagi RSEMning
Samarqand viloyati bo’limi eksperti N.M.Ruziyeva

Skip to content