Mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar bilan bir paytda sud-huquq sohasining ajralmas qismi, muhim bo‘g‘inlaridan biri sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham zaruriy islohotlar amalga oshirilib, sud ekspertizalarining samaradorligini oshirish, malakali sud ekspertlarini tayyorlash, sohani zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash, sud ekspertizasi jarayoniga advokatlar hamda nodavlat sud ekspertlari ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Keyingi yillarda ushbu sohani yanada takomillashtirishga oid qabul qilingan Prezidentimizning tegishli farmonlari va qarorlari hamda hukumat qarorlariga asosan qonunchilikka jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi hamda ushbu sohada yangi bosqichni boshlab berdi.
Xususan, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markazi 2019-yilda zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan yangi binoda o‘z faoliyatini boshladi hamda 2020-yilda Markaz laboratoriyalari ISO/IEC 17025 xalqaro standartiga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilib, muvofiqlik sertifikati olindi.
Bugungi kunda Markazda nafaqat sud ekspertiza tadqiqotlarini amalga oshirish, balki yangi ekspertiza turlari va uslubiyotlarni yaratish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida keyingi 3 yilda 8 ta yangi Sud lingvistika, Sud kompyuter-texnik, Sud avtomobil yo‘llari, Sud elektrotexnika, Sud-psixologik, Oziq-ovqat mahsulotlari sud ekspertizasi, Sud-soliq, Oziq-ovqat mahsulotlarini baholash ekspertizasi kabi yangi ekspertiza turlari yaratilib, sud ekspertlik amaliyotiga tatbiq etildi va natijada Markazda amalga oshiriladigan sud ekspertlik turlari 52 taga, mutaxassisliklar esa 92 taga yetkazildi.
Markazning hududiy bo‘limlari faoliyatida ham katta ijobiy o‘zgarishlar olib borildi. Jumladan, faoliyatimni olib borayotgan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Surxondaryo viloyat bo‘limi 1990-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bo‘limda 2014-yilga qadar sud avtotexnika ekspertizasining yo‘l transport hodisalari mexanizmini matematik usullar bilan tadqiqot qilish ekspertizasi, transport-izshunoslik ekspertizasi, transport vositasini texnik holatini aniqlash hamda sud transportni baholash yo‘nalishi bo‘yicha ekspertizalar o‘tkazilib kelingan bo‘lsa, 2014-yildan sud qurilish-texnik ekspertizasini bino-inshootlarni baholash, yerga egalik huquqini baholash hamda sud yer ekspertizalarini o‘tkazilib kelinayotgan edi. 2024-yil fevral oyidan boshlab bo‘limda yangi ish o‘rni tashkil etilib, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, sud iqtisodiy ekspertizasi va sud tovarshunoslik ekspertizalari bo‘yicha ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazib xulosa berish va qo‘l qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassis ishga qabul qilinib, endilikda bo‘limda Sud iqtisodiy ekspertizasining buxgalterlik moliya-kredit, mehnat–iqtisodiy, rejali iqtisodiy, statistik tadqiqot qilish ekspertizasi hamda sud tovarshunoslik ekspertizalarining, Sanoat maxsulotlarini narxini tadqiqot qilish ekspertizasi mutaxassislik bo‘yicha Sanoat maxsulotlarini tovarshunoslik ekspertizasini, Oziq-ovqat maxsulotlari narxini tadqiqot qilish ekspertizasi mutaxassislik bo‘yicha hamda Sanoat maxsulotlarini tovarshunoslik ekspertizasi yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertizalarni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-yanvardagi 11-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertizasi sohasida ekspertlik ishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qaroriga asosan 2024-yil 1-sentyabrga qadar Surxondaryo viloyat hokimligi bilan birgalikda Sud ekspertizasi markazining Surxondaryo viloyat hududiy bo‘limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi tashkil etilayotganligi sababli ushbu bo‘limni xalqaro ISO/IEC 17025 standarti talablariga javob beradigan binoga joylashtirish hamda uni maxsus mebel, kompyuterlar, boshqa zarur texnika va inventarlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan bo‘lib hozirgi kunda ushbu vazifa ijrosi yuzasidan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda bugun sud ekspertlik faoliyati jadal rivojlantirilmoqda hamda bu orqali soha yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Surxondaryo viloyat bo‘limi katta eksperti
Sh.Sh.Shaymanov