So‘nggi yillardagi yuridik psixologiyaning faol rivojlanishini, xususan, sud psixologik ekspertizasining keng ko‘lamda fuqarolik va jinoyat ishlarida qo‘llanila boshlanganidan bilsa bo‘ladi.
Bugungi kunda fuqarolik ishlarida: bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni hal qilish, ma’naviy zarar yetkazish hamda “iroda nuqsoni”ni aniqlashda sud-psixologik ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazilmoqda. Ushbu tadqiqotlarni o‘tkazishda ekspert-psixolog psixologik diagnostika usullari va tartiblari tizimidan, instrumental shaxsiy texnikadan, xatti-harakatlarning individual sohalarini (hissiy, irodali, intellektual) va faoliyatning umumiy psixodinamik xususiyatlarini o‘rganish usullaridan foydalanadi. Yakuniy bosqichda shaxsning umumiy psixologik tuzilishi haqida xulosalar chiqaradi.
Xususan, bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarda sud-psixologik ekspertizasi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- har bir ota-onaning (tarbiyalovchining) individual-psixologik xususiyatlarini tashxislash;
- ota va onaning (tarbiyalovchining) bolaga nisbatan munosabatini tashxislash;
- bolaning psixik rivojlanishi va individual-psixologik xususiyatini tashxislash;
- bolaning mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini tashxislash;
- bolaning ota-onaning har biriga, oila a’zolariga bo‘lgan munosabatini tashxislash;
- bolaning psixik rivojlanishi va ruhiy holatiga oilaviy nizoning, shuningdek, ota, ona, tarbiyalovchining salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan psixik holati va individual-psixologik xususiyatlarini tashxislash…
Ma’naviy zararni qoplash ishlarida sud-psixologik ekspertizasi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- jabrlanuvchi psixik faoliyatidagi o‘zgarishlarni aniqlash;
- ushbu o‘zgarishlarning darajasini aniqlash;
- psixik faoliyatning o‘zgarishiga ahamiyatli ta’sir etgan individual-psixologik xususiyatlar diagnostikasi (dinamik va mazmunli darajada);
- jabrlanuvchining psixik faoliyatidagi o‘zgarishlar bilan zarar yetkazuvchi harakatlari (harakatsiz) orasidagi sabab va oqibatlarini aniqlash…
Yuridik ahamiyatga ega bitim(vasiyatnoma, shartnoma)lar bilan bog‘liq nizolarda sud-psixologik ekspertizasi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- bitim tuzish vaqtida muomalaga layoqatli shaxsning o‘z xatti-harakatlari ahamiyatini tushunish layoqatini aniqlash;
- o‘z harakatlarini boshqara olish layoqatini aniqlash;
- bitim subyektining ongi va psixik faoliyatiga ta’sirini aniqlash maqsadida psixik holatining diagnostikasi (bitim tuzish qobiliyatining cheklanganligi);
- subyektning o‘z faoliyatidan ko‘zlagan maqsadining adekvatligini (to‘g‘riligini) tasavvur qilishini aniqlash;
- o‘z maqsadini va unga erishish oqibati tasavvurini deformatsiyalovchi (buzuvchi) psixologik omil diagnostikasi;
- bitim tuzish paytida holat subyekti uchun shaxsiy ahamiyatni aniqlash (shu bilan birga, zo‘rlik, tahdid va ular oqibatining individual ahamiyati);
- subyektning majburlashga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini tashxislash;
- erkin tanlovni amalga oshirish va harakatning majburlov yo‘lini ko‘ra bilish qobiliyatini aniqlash…
Yuqorida keltirilgan vazifalar fuqarolik ishlarida eng ko‘p uchraydigan holatlar bo‘lib, ular ish holatlariga qarab(videoyozuv, o‘limdan keyingi va h.) ekspertiza vakolatlari doirasida o‘zgarishi mumkin.
Hozirgi kunda yuqorida keltirib o‘tilgan holatlar va hal qilinadigan masalalar yuzasidan Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida fuqarolarning hayot va ish faoliyatida vujudga kelgan yoxud anchadan beri yechimi topilmayotgan muammoli masalalari bo‘yicha sud-psixologik ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), advokatlik so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida har tomonlama, to‘laqonli, qonuniy va zamonaviy ekspertiza imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tegishli tadqiqot va tekshirishlar o‘tkazib kelinmoqda.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazi
Sud-lingvistik va psixologik ekspertizasi bo‘limi eksperti
Ibragimov Sardor Rustam o‘g‘li