Bizga ma’lumki, sud-fonografiya ekspertizalari amaliy faoliyatning bir sohasi sifatida, turli me’yoriy muvofiqlashtirish, faoliyat subyektlarining maqomi va funksiyalari, texnik vositalar tizimi, ilmiy asoslar, ekspertiza tadqiqotlarining uslub va uslubiyotlaridan iborat bo‘lgan elementlarning murakkab tizimidir. Shu sababli, bu kabi murakkab va dinamik rivojlanib borayotgan tizim hozirgi kundagi zamonaviy texnika vositalarni qo‘llamasdan mavjud bo‘lishi va rivojlanishi mumkin emas. Bunday texnika vositalar orasida raqamli texnologiyalar muhim ahamiyatga ega.
Kompyuter texnikalari va raqamli texnologiyalar sud-fonografiya ekspertizalarning imkoniyatini yanada kengaytirishga yo‘llanma bergan sermahsul axborotli yondashuvlarni hosil qilish bilan birga, sud- fonografiya ekspertizalarini o‘tkazish jarayonini yanada mukammallashtirish imkonini ham yaratdi. Bunday imkoniyat natijasida bir tomondan, ekspertiza tadqiqotlarini bilish jarayoni sifatidagi muayyan o‘zgarishlari (rivojlanishi), ikkinchi tomondan esa – ekspertizalarning imkoniyatlari sezilarli darajada o‘sishi, shuningdek tadqiqotlar natijasida olinadigan ma’lumotlarning ilmiy asoslantirilish darajasi yanada ortadi.
Hozirgi kunda ilmiy-texnik taraqqiyot, raqamli texnologiyalarning keng hajmda rivojlanishi, shuningdek kompyuter texnikasining taraqqiy etishi sud-fonografik ekspertizalarining mazmuni va xususiyatlariga yangicha yondashishni, hamda ekspertiza tadqiqotlarida zamonaviy texnikaning ahamiyatini sifat jihatdan o‘zgartiradigan uslub va vositalarini jadal rivojlanishini taqazo etmoqda. Xususan, ilmiy-texnik taraqqiyotning sud-fonografik ekspertizalarining amaliyotiga ta’siri shundaki, bu amaliyotda, o‘z tabiatiga ko‘ra turli asbob – uskuna, dasturiy ta’minot va qurilmalar tizimlarini qo‘llash, innovatsion texnologiyalar bilan umumiy uzviylikni tashkil qiluvchi zamonaviy dasturiy ta’minotlarni qo‘llashdan iborat bo‘lgan uslubiyotlardan foydalanish juda keng tarqaldi.
Bunday uslubiyotlarda tadqiqotlarning bir yoki bir necha umumiy – ilmiy uslublarning o‘ziga xos xususiyatlarini farqlash mumkin. Umumiy uslublar sirasiga sud ekspertizasi amaliy faoliyatining barcha sohalarida qo‘llaniladigan uslublar, ya’ni kuzatish (ko‘zdan kechirish), ta’riflash, taqqoslash, modellashtirish (hayoliy, moddiy); mantiqiy uslublar: tahlil va sintez, induksiya va deduksiya, tusmol (gipoteza), analogiya va h.k.; matematik uslublar: o‘lchash, hisoblash, geometrik tuzish, matematik modellashtirish va h.k.larni sanab o‘tish mumkin.
Maxsus uslublar deganda esa, qo‘llanilish sohasi bir yoki bir necha fanlar doirasida chegaralangan uslublarni tushinish mumkin. Kriminalistikada maxsus uslublar tizimi quyidagilarni qamrab oladi: xususiy kriminalistik uslublar, ya’ni dastlab kriminalistika fanida ishlab chiqilgan va faqat shu fan doirasida qo‘llaniladigan uslublar (masalan, montaj belgilarini aniqlashning fonografiya uslubi); kriminalistkaning maxsus uslublari, ya’ni boshqa fanlar doirasida ishlab chiqilgan hamda maxsus kriminalistik vazifalarni hal qilish uchun o‘zgarishlarsiz qo‘llaniladigan uslublar.
Sud-fonografiya ekspertizalarda qo‘llaniladigan uslublar bu – tayanch fanlarning (akustika, lingvistika, radiofizika va h.k.) tegishli sohalariga oid ilmiy bilimlarni qo‘llash natijasidir. Fundamental va amaliy fanlarning rivojlanishi bilan bu uslublar murakkablashadi, kriminalistik fonografiyaning imkoniyatlari yanada ortadi va natijada jinoyat yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun dolzarb bo‘lgan masalalarning kengroq ko‘lamini hal qilish imkoniyati ortib boradi, shuningdek, ushbu sohaga oid nazariy va amaliy yondashuvlarni takomillashishiga olib keladi. Bunda ilmiy bilimlarni integratsiyalash va differensiatsiyalash jarayonlari, tayanch fanlarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, ularni sud ekspertizalarining boshqa turlari bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda sud-fonografik ekspertizalarini o‘tkazish jarayonlarida raqamli texnologiyalaridan foydalanishning samarasi juda sezilarli darajadadir. Sud ekspertiza faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalanish darajasini masalan, hozirgi kunda sud-fonografiya ekspertizalari laboratoriyasida amalda qo‘llaniladigan “IKAR”, ya’ni fonogrammalarni kriminalistik tadqiqot qilish apparatli dasturiy kompleks tizimi imkoniyatlaridan ham ko‘rish mumkin. Bu og‘zaki nutqni tahlil qilish bo‘yicha axborot kompleksi bo‘lib, quyidagi asosiy vazifalarni bajarish imkonini beradi:
– ovoz (tovushli) signali bo‘yicha shaxsni identifikatsi qilish, turli audio-video fonogrammalarida mavjud bo‘lgan montaj belgilarini tadqiqot qilish, tovush chiqaruvchi obyektlarni diagnostika va identifikatsiya qilish, turli impulsli shovqinlar natijasida tushunarsiz bo‘lgan og‘zaki nutq mazmunini aniqlash, fonogrammalarning asli va nusxalarini aniqlash va h.k. Ekspert-fonografist fonogrammalarni, hujjatlarning texnik ekspertizasiga yaqin shakllarda kriminalistik tadqiqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Fonogrammani tadqiqot qilish jarayonida ekspert, maxsus ekranda doimiy ravishda tekshirilayotgan fono-obyektning uchta asosiy shakllarini ko‘rib turadi: uning quvvat darajasining dinamikasi ko‘rinishidagi umumiy ko‘rinish, fono-obyektning joriy nuqtasidagi ossillogramma ko‘rinishidagi “mikrosegment”, shuningdek fono-obyekt tahlilining asosiy shakllari (ossillogramma, amplituda-fazali spektr, uyg‘unlik funksiyasi va asosiy ovoz toni indikatori, sonogramma va h.k.).
Tovushli tasvirlarning dinamik amplitudaviy (sonogramma) tahlili signallarning garmonik (uyg‘unlik) komponentlarini aniqlash imkonini beradi va natijada ushbu tizim fonogrammadagi montaj belgilarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlarida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki u shaxsni og‘zaki nutq signali bo‘yicha identifikatsiya qilish uchun zarur ma’lumotlarni ko‘p hajmda bera oladi. Barcha bu kabi tahliliy tadqiqotlar esa kompyuter texnikasi va raqamli texnologiyalar yordamidagina o‘tkaziladi.
Ta’kidlash joizki, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bir joyda to‘xtab turmaydi. Dunyoda har kuni, kundalik turmushning barcha sohalarida qo‘llanilishi mumkin yangi algoritmlar, qurilmalar, yozuv formatlari, raqamli axborot tashuvchilar, dasturiy ta’minot va boshqa ko‘plab texnologiyalar paydo bo‘lmoqda. Bugungi kunda barcha yangi axborot va texnologik yangiliklar ortidan quvish emas, balki sud ekspertiza faoliyatida samarali qo‘llash maqsadida, ularning ishlash prinsiplarini batafsil o‘rganish dolzarbdir. Magnit tasmalar vaqti allaqachon o‘tib ketdi, ularning o‘rnini esa, ovoz yozish, axborot hajmi va sifati bo‘yicha juda samarali bo‘lgan raqamli qurilmalar egallab bo‘ldi. Biroq, raqamli yozuvlarning yuqoridagi ijobiy tomonlari va yutuqlariga qaramasdan, tovush yozish usullarini o‘zgarishi (murakkablashishi) hisobiga, tovush signallarning qalbakilashtirish holatlarini aniqlash bir muncha qiyinlashdi.
Shu bilan birgalikda, bizning fikrmizcha, raqamli texnologiyalari ekspert-fonografistni o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Ammo ular, tegishli ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda sud ekspertiga juda katta amaliy yordam bera oladi. Bunday yordam albatta, izlanishli texnik xususiyatga egadir, chunki ekspertizalarni bevosita o‘tkazish jarayonida tegishli tadqiqotlariga oid uslub va uslubiyotlarni tanlashga ijodiy yondashuvni faqat inson bajara oladi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash joizki, sud ekspertiza faoliyatidagi vazifalarni samarali bajarish imkonini beruvchi zamonaviy raqamli texnologiyalarini chuqur o‘rganish – ekspert xulosasining sifati va ishonchliligini oshirish uchun hozirgi kunda omil bo‘lib xizmat qiladi.
N.B. Abrarova – RSEMning SFE laboratoriyasi mudiri