Lok-bo‘yoq materiallari va lok-bo‘yoq qoplamalari kriminalistik tadqiqotlarining ilmiy asoslari, ular tarkibi, tasniflanishi, xossa va xususiyatlari

Lok-bo‘yoq materiallari va qoplamalari tadqiqotlarining kriminalistika fani doirasida shakllanishi uchun muhim asos bo‘lib, kriminalistik izshunoslik (an’anaviy sud-trasologiyasi) zamonaviy imkoniyatlarini yanada kengayishidan iboratdir. Jumladan, hodisa sodir bo‘lgan joyda, jinoyat qurollarida, jabrlanuvchining kiyimlarida aniqlanadigan lok-bo‘yoq materiallarining va lok-bo‘yoq qoplamalarining zarrachalari va qoldiqlari – ob’ektning o‘zaro ta’sirlashish izlari hisoblanadi. Ularning kriminalistik tadqiqotlari iz qoldirgan yagona moddiy ob’ektni ajratib olishga hamda o‘zaro ta’sirlashish mexanizmini aniqlashga imkon beradi.

Bu turdagi ekspertizalar oldiga individual aynanlikni aniqlash bo‘yicha vazifalarni qo‘yish va ularni hal qilish faqat hodisa joyidagi moddiy sharoitlarning aniq bir individul-muayyan elementlari, jumladan sirti bo‘yalgan buyum (buyumlar yig‘indisi), suyuq yoki to‘kiluvchan lok-bo‘yoq materiali hamda ob’ektlarning aniq kelib chiqish manbaiga (muayyan miqdordagi lok-bo‘yoq materiallari ishlab chiqargan yoki tekshirilayotgan buyumni bo‘yagan yoki qayta bo‘yagan zavod, davlat ustaxonasi, yakka tartibdagi ishlab chiqarish) nisbatan mumkin bo‘ladi.

Identifikatsion tadqiqotlar ob’ektlarining guruhiy mansubligini aniqlash kabi yagona ob’ektni ajratish ham tegishli identifikatsion belgilarni aniqlash, o‘rganish va baholash yig‘indisiga asoslanadi.

Kriminalistika fanida identifikatsion belgi deganda – ob’ektning (buyum) har qanday xossa va xususiyatlari emas, balki quyidagi talablarga mos keladigan xossa va xususiyatlari tushuniladi:

1) bu ob’ektni boshqa ob’ektlar yig‘indisidan qandaydir ma’noda farqlaydigan (ajartib olishga) imkon beruvchi xususiyatlar;

2) sifatga oid barqarorlikka (nisbatan barqaror) ega bo‘lgan xususiyatlar, ya’ni ob’ektning bu xususiyati identifikatsiya davri davomida uzluksiz mavjud bo‘lishi lozim.

O‘zining tabiati, kelib chiqishi, ahamiyati va boshqa xususiyatlariga ko‘ra identifikatsion belgilar bir xil yoki o‘zaro teng bo‘lmaydi. Ayrim belgilarning kelib chiqishi ob’ekt moddasining tabiati bilan (masalan, lok-bo‘yoq qoplamasining tarkibi bilan), moddani material yoki mahsulot tayyorlash uchun qayta ishlash texnologiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Identifikatsion belgilarning boshqa xususiyatlarini namoyon bo‘lishi bu ob’ektni ekspluatsiya qilish yoki ob’ektlarning o‘zaro tas’irlashishi sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi.

Belgilarning bir toifasi ob’ektga mansubligi zarur bo‘lgan xususiyatlarni (masalan, turdosh belgilar tizimi), boshqalari – ob’ektning vujudga kelishi, majvud bo‘lishining individual sharoitlari (xususiy belgilar tizimi) bilan bog‘liq.

Lok-bo‘yoq materiallari va qoplamalarining idnetifikatsion belgilarni aniqlash va kriminalistik jihatdan baholash – u yoki bu belgilarning, ularning barqarorligi, o‘zaro bog‘liqligi, uchrab turish chastotasi va h.k.larning vujudga kelish qonuniyatlariga oid bilimlarga asoslangan. Bu kabi ma’lumotlarga ega bo‘lib va iz hosil bo‘lish, bo‘yash qonuniyatlarini inobatga olib, lok-bo‘yoq materiallari va lok-bo‘yoq qoplamalarining genetik va orttirilgan xususiyatlarini ya’ni belgilarini ajratish, o‘rganish va baholash jarayoniga o‘ziga xos tarzda yondashish ya’ni ularni farqlash lozim. Bu esa o‘z navbatida «lok-bo‘yoq materiallari» va «lok-bo‘yoq qoplamalari» tushunchalarini batafsil o‘rganishni talab qiladi.

Lok-bo‘yoq materiallari ko‘p tarkibli birikma bo‘lib, ularni turli mahsulotlarning sirtlariga yupqa qatlam qilib surilganda, o‘ziga xos xususiyatli qoplama shakllanadi.

Lok-bo‘yoq materillarining tarkibiga quyidagi elementlar kiradi:

  1. Plenka hosil qiluvchi modda (bog‘lovchi) – ixtiyoriy LBMning asosi bo‘lib, birorta sirtga surilganda, kimyoviy va fizikaviy jarayonlarning natijasida ushbu sirtga nisbatan yaxshi adgezion xususiyatga ega himoya plenkasi hosil qiladi hamda bu plenka himoya, dekorativ va boshqa funksiyalarni bajarish imkoniga ega bo‘ladi. LBM olish uchun bog‘lovchi moddalarni sirtga surtish uchun qulay shaklga, ya’ni plenka hosil qiluvchi tizimga keltiriladi. Bunday tizimlar odatda plenka hosil qiluvchi moddalarning organik suyuqliklar yoki suvdagi dispersiyasi yoki eritmalaridan iborat bo‘ladi. Faqat plenka hosil qiluvchi moddalardan iborat plenka hosil qiluvchi tizimlar (masalan, 100%-li plenka hosil qiluvchi tizim) ham mavjud, ularga monomerlar asosidagi yoki kukunsimon (aerodispersiyalar) materiallar kiradi. LBM tarkibiga shuningdek pigmentlar, to‘ldiruvchilar va shuningdek maxsus qo‘shimchalar kiradi.
  2. Pigmentlar suda, eritmalar va plenka hosil qiluvchi moddalarda erimaydigan va turli ranglarga bo‘yalgan yuqori dispersli moddalardir. Pigmentlar qatlamga rang, noshaffoflik baxsh etadi, uning ekspluatatsion xususiyatlarini oshiradi. LBM tayyorlash uchun asosan noorganik pigmentlardan foydalaniladi. Noorganik pigmentlar tabiiy yoki sun’iy yo‘l bilan olinadigan oksidlar (TiO2, ZnO, Fe2O3 va boshqalar) yoxud metall tuzlari (rux xromati, kadmiy sulfidi va boshqalar), metall kukunlar (aluminiy kukuni, rux changi), texnik uglerod (qurum-“saja”) kabilardan iborat bo‘ladi. Yuqoridagilardan tashqari organik pigmentlardan (masalan, ko‘k, yashil- ftalotsianinli, qizil va boshq.) ham foydalaniladi.
  3. To‘ldiruvchilar – yuqori dispersiyali noorganik modda bo‘lib, plenka hosil qiluvchi moddalar, suv va eritmalarda erimaydi. To‘ldiruvchilar sifatida tabiiy mahsulotlar (bo‘r, slyuda, talk, kaolin) va sun’iy moddalar (aluminiy oksidi, bariy sulfati) ishlatiladi. To‘ldiruvchilar asosan LBMning quyidagi xususiyatlarini yaxshilash uchun qo‘shiladi: bog‘lanuvchanligi, mustahkamligi, namlik-, yorug‘lik-, issiqlikka chidamlilik hamda boshqa ekspluatatsion xususiyatlari.
  4. Maxsus qo‘shimchalar o‘zlarining mo‘ljallangan maqsadiga ko‘ra tasniflanadi. Jumladan, qatlamlarning elastikligini oshirishga mo‘ljallangan qo‘shimchalar (plastifikatorlar), termo- va yorug‘likka nisbatan barqarorligini oshirish uchun (termo va yorug‘lik stabilizatorlari), qarilikka qarshiligini oshiruvchi (antioksidantlar), olovga chidamliligini oshiruvchi (antipirenlar) va h.k.

Lok-bo‘yoq materiallari o‘z tarkibi va mo‘ljallangan maqsadiga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi:

Lok – plenka hosil qiluvchi moddalarning (smola, moy, sellyuloza efiri, bitum) pigment va to‘ldiruvchilarsiz organik erituvchilardagi eritmasi. Lok qattiq, bir jinsli va shaffof (bitum laki bundan mustasno) qoplama olish uchun xizmat qiladi.

Emal – pigmentlarning (yoki to‘ldiruvchili pigmentlarning aralashmasi) lokdagi suspenziyasi (suspenziya – biror moddaning boshqa suyuq modda ichida mayda zarra yoki tomchi holida suzib yuradigan eritmasi). Emallar qoplamalarning tashqi (ustki) qatlamini (“gruntovka” yoki “shpatlevka” qatlami bo‘yicha) olish uchun ishlatiladi). Ular qoplamaga kerakli rang, tashqi ta’sirlarga nisbatan chidamlilik xususitlari berish uchun xizmat qiladi. LBMning bu turiga, plenka hosil qiluvchi modda sifatida o‘simlik moylari yoki ularni qayta ishlashda hosil bo‘lgan mahsulotlar kirmaydi. Emallarda plekna hosil qiluvchi modda va to‘ldiruvchili pigmentlar aralashmasi o‘rtasidagi o‘zaro nisbatan 1:1 ga teng.

Bo‘yoq – pigmentlar yoki ularning to‘ldiruvchilar bilan aralashmasining o‘simlik moyi yoki olifa kabi o‘simlik moylaridagi suspenziyasi bo‘lib, qurigandan so‘ng bo‘yalgan qattiq noshaffof plenka hosil qiladi. Bo‘yoq deb yana – polimerlarning suvdagi dispersiyasi (suv-dispersli bo‘yoq) va aerodispersiyali (kukunsimon bo‘yoq) asosidagi pigmentlangan lok-bo‘yoq materiallariga ham aytiladi.

Gruntovka (“qora shuvoq”) – to‘ldiruvchili pigmentlarning plenka hosil qiluvchi moddadagi suspenziyasi bo‘lib, quriganidan so‘ng, taglik hamda yuqori qatlamga nisbatan mustaxkam adgezion xossalarga ega bo‘lgan noshafof bir jinsli plenka hosil qiladi. Gruntovkalar – lok-bo‘yoq qoplamasining quyi qatlamini (taglikka nisbatan birinchi joylashgan) shakllantiruvchi pigmentlangan lok-bo‘yoq materialidir. Gruntovkalarda plenka hosil qiluvchi (to‘ldiruvchi) bilan to‘ldiruvchili pigmentlar aralashamasining nisbati 1:1,3 dan 1:3 gacha oraliqda tebranadi.

Shpatlevka – pigmentlar, to‘ldiruvchilar va plenka hosil qiluvchi (to‘ldiruvchi) moddalardan iborat bo‘lgan va bo‘yaladigan sirtni tekislash (shpatlevkalash – notekislik va chuqurchalarni to‘ldirish) uchun sirtga surtiladigan yopishqoq pastasimon (xamirsimon) modda. Plenka hosil qiluvchi (to‘ldiruvchi) bilan to‘ldiruvchili pigment aralashmasi o‘rtasidagi nisbat 1:5 dan 1:12 gacha bo‘ladi. Shpatlevkalarda to‘ldiruvchi sifatida bo‘r, talk, kaolin, barit kabi moddalar, pigmentlar siaftida esa – sink oq bo‘yoq (belila), litopon, oxra, mumiya va boshqalar ishlatiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, hozirgi kunda mo‘ljallangan maqsadiga ko‘ra lok-bo‘yoq materillari bilan bo‘yalgan buyumlar ishtirokida sodir etilgan jinoiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining “Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi”ga  “Lok-bo‘yoq materillari va qoplamalarini tadqiqot qilish ekspertizasi” bo‘yicha ekspertizalar tayinlanib, ular bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar berilmoqda.

Materiallar, ashyolar va buyumlar

kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi

eksperti I.E.Talipova

Skip to content