“Bizning qudratimizga shubxa qilsangiz biz qurgan imoratlarga boqing!”
(Amir Temur)
Mamlakatning ildizlari hisoblanadigan madaniy qadriyatlarni, shu jumladan arxitektura yodgorliklarini tiklash va saqlashga juda katta ahamiyat berilmoqda.
Bunga misol tariqasida Samarqanddagi Imom al Buxoriy ziyoratgoxi, Registon maydoni, Sherdor maqbarasi, Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasi, Xazrati Imom masjidi, Buxorodagi Minorai kalon yodgorligi, Xivadagi Ichan kal’a, Shaxrisabzdagi Oqsaroy, Ko‘kgumbaz yodgorliklari va shu kabi ko‘plab tarixiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni keltirishimiz mumkin.
Ma’lumki, mamlakatimiz hududida XX asr boshida 40 mingdan ziyod tarixiy obidalar mavjud bo‘lib, turli sabablarga ko‘ra 80% dan ko‘pi buzilib ketgan. Xozirgi kunda mamlakatimizda 7570 madaniy ob’ektlar-tarixiy yodgorlik va muqaddas qadamjolar davlat muxofazasiga olingan.
1964 yilda Italiyaning Venesiya shahrida YuNESKO tomonidan qabul qilingan Xartiyaga binoan arxitektura yodgorliklarini xozirgacha yetib kelgan holatida saqlab qolish qarori qabul qilingan. Xartiyada obidalar to‘la ta’mirlanmasligi, saqlab qolish maqsadida qisman ta’mirlash va asosan konservatsiyalash usullarini qo‘llash ko‘zda tutilgan. Unda beton, metall, sementli qorishmalar kabi yodgorliklarda avval ishlatilmagan qurilish materiallari asossiz qo‘llanilmasligi belgilangan.
Yodgorliklarning ko‘pi asrlar davomida vaqti – vaqti bilan qisman yoki butunlay ta’mirlanib turilgan, ko‘p hollarda yodgorliklar yoniga yangilari qurilib majmualar hosil qilingan. Tabiiyki, bir necha asr o‘tgach, yonma – yon qurilgan obidalar arxitektura jixatidan kompozitsion uyg‘unlik hosil qilsa ham, turli konstruktiv qurilish materiallari ishlatilishi sababli, ularning saqlanishiga putur yetkazilgan.
Mustamlakachilik davrida ko‘p xollarda eski obidaning poydevor qismi bir necha tomondan ochilgan yoki bir qavatli bino ustiga ikkinchi bino yoki inshoot qurilgan. Mustamlakachilar o‘z maqsadlari yo‘lida imoratlar davriy ta’mirlanganda, materialshunoslik nuqtai nazaridan inshootda juda ko‘p konstruktiv xatolarga yo‘l qo‘yishgan. Inshootni to‘laligicha tiklash hususida ko‘plab zamonaviy qurilish materiallari ishlatishgan. Obidalarni ta’mirlashda ishlatilgan sementli qorishmalar, betonlar, metall armatura va xovonlar, polimer yelimlar va buyumlar, qurilish gipsi, o‘rama gidroizolyatsiya buyumlari, asbestosementlar, issiqlik izolyatsiyasi materiallari har doim ham o‘z o‘rnida mutanosib ishlatilmagan. Yeng achinarlisi biz uchun muqaddas va aziz bo‘lgan obidalar boshqa nobop maqsadlarda foydalanilgan.
Aytish zarurki, obidalarning saqlanish darajasi turlicha bo‘lib, ba’zilari batamom buzilib ketish arafasidadir.
Qadimda xozirgi zamonaviy mustaxkam qurilish materiallari va taraqqiy etgan texnika texnologiya mavjud bo‘lmagan bo‘lsada, ajdodlarimiz o‘zlarining yuksak ilmiy saloxiyatlari va zaxmatli mexnatlari natijasida barpo etilgan mustaxkam va ko‘rkam bino- inshootlar tarixning qanchadan qancha zarbasiga uchrashiga qaramay bizgacha yetib kelgan.
Obidalarimizning qurilish materiallari xususida gap ochadigan bo‘lsak, an’anaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish o‘ziga xos tarixga ega bo‘lib, vaqt bo‘yicha shartli ravishda shajaralarga bo‘linadi. Eng qadimgi va juda keng tarqalgan giltuprok asosidagi qurilish materiallari va buyumlari insoniyat tarixining ilk davridayoq ishlatilgan. Xom loydan tayyorlangan turli o‘lchamdagi g‘ishtlar, bloklar va monolit holda quyilgan yoki urilgan paxsalar miloddan avvalgi 5-4 – chi ming yilliklardan boshlab ishlatilgan.Giltuprokdan pishirilgan g‘isht ishlab chiqarish tarixi 5-6 ming yilga tengdir. Bino va inshootlarni tabiiy tosh materiallari asosida qurish antik dunyo tarixi bilan bog‘langan. Tabiiy toshlarni maydalab, pishirib ohak, ganch, gips va shu kabi mineral bog‘lovchilar ishlab chiqarish texnologiyasi bir necha ming yil avval yaratilgan.
Qadimgi sivilizatsiyalar beshiklari hisoblangan Misr, Mesopotamiya, Xitoy, Rim, Hindiston, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida joylashgan tarixiy obidalar bunga yaqqol misoldir.
Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Toshkent kabi tarixiy shaharlarimiz qurilishiga nazar tashlasak, shox saroylari Madrasa va masjidlar, qal’a devorlari, suv inshootlari, kanalizatsiya tizimlari, xarbiy istexkomlar va x.k. tabiiy toshlardan, pishiq g‘isht, oddiy va murakkab gidravlik qorishmalar asosida terilib barpo etilganini ko‘ramiz.
Tarixiy shaharlarimizda sirlangan rangli bezak keramik plitalar X asrdan boshlab ishlatilgan. Koshinpazlar giltuproq asosida turli o‘lchamdagi va shakldagi terrakotalar, koshinlar, rangli plitalar, muqarnaslar, burmalar va boshqa bezak buyumlarni ishlab chiqarganlar va binolarni bezashda ishlatganlar.
Bezak keramik buyumlar ishlab chiqarishda Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz maktablari o‘ziga xos uslubga ega bo‘lgan.
Tarixiy shaharlarimiz Shahrisabz, Xiva, Buxoro, Samarqand, Termiz, Toshkent kabi qadimgi shaharlarda madaniy yodgorliklar qo‘rilishida mahalliy tabiiy toshlar an’anaviy usullarda ishlov berilib ishlatilgan. Ushbu shaharlar bino va inshootlari, injenerlik kommunikatsiyalari qurilishida ishlatilgan tabiiy toshlar namunalari tadqiq etilganda, ularning xususiyatlari o‘zgarmaganini ko‘ramiz.
BMT YuNESKO bo‘limi umuminsoniy qadriyatlar ro‘yxatiga kiritgan va 2002 yilda 2700 yilligi nishonlangan Shahrisabz shahri (qadimgi Kesh) arxitektura yodgorliklarining poydevorlari, qabr toshlari, mastabalar ushbu xudud tabiiy tosh materiallari asosida qurilgan. Misol tariqasida Dor–us–Saodat majmuasi xovlisida 700 yil avval qumtoshlardan qurilgan yer osti Amur Temur mastabasini keltirish mumkin.
1404 yilda Ispaniya qirolining elchisi Ryui Ganzoles de Klavixo Kesh (Shahrisabz)ga kelib, Amir Temurning Oq saroyi bilan tanishgan. U qirolga yozgan o‘z xatida Oq saroy markazida hovuz borligini aytib o‘tadi. Ma’lumki, Oqsaroy Amir Temur davridagi eng ajoyib me’morchilik san’atining namunasi bo‘lib, u eng qimmat materiallardan qurilgan edi.
O‘sha paytlarda xam ota–bobolarimiz barpo etgan imoratlar dunyo etibori va xayratiga sabab bo‘lgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, ajdodlarmizdan qolgan madaniy meros milliy boyligimiz bo‘lib, ularni ardoqlash, qadrlash va avlodlarga yetkazish bizning burchimizdir.
RSEM davlat sud eksperti 1-darajali yurist
Kayumov E.A.