Sud-soliq ekspertizasi imkoniyatlari

Ekspertizaning protsessual xususiyati va sud ekspertining iqtisodiy va huquqiy maqomi hozirgi davrda zamonaviy sharoitda yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Ta’kidlash joizki, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini tekshirish, jumladan soliq tekshiruvlari materiallari sud-iqtisodiy ekspertizasining eng keng tarqalgan ob’ektlaridan biri hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, Sud-iqtisodiy ekspertizasi yo‘nalishida Sud-soliq ekspertizasi turining ishlab chiqarilishi bejiz emas.

Jinoyat protsessida sud-soliq ekspertizasi o‘tkazishga talab  jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan soliq va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, soliqlarni yashirish, soliq organi tomonidan hisoblangan qo‘shimcha soliqlarning asosliligini aniqlash bilan bog‘liq  holatlarda yuzaga keladi.

Iqtisodiy sudlarda mazkur turdagi ekspertizani o‘tkazish zarurati odatda soliq organi va soliq to‘lovchi o‘rtasida soliq solish ob’ektini aniqlash, budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan ba’zi soliqlarni miqdori va muddati to‘g‘risidagi nizoni hal qilish lozimligida paydo bo‘ladi.

Agar soliq qonunchiligining buzilishi bilan bog‘liq holda ma’muriy javobgarlik yuzaga kelsa, unda sud-soliq ekspertizasi ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida tayinlanishi mumkin.

Sud-iqtisodiy ekspertizasining maqsadlaridan biri – ekspertiza tadqiqotlarida ish uchun muhim bo‘lgan masalalarni yoritib, ularni yetarli darajada, o‘z vakolatlaridan chetga chiqmasdan shakllantirish.

Uning uchun ekspert tomonidan dastlabki ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ish materiallarini to‘g‘ri aniqlash, ekspertiza ob’ektlarini tanlay bilish alohida o‘rin egallaydi.

Har bir ekspertiza turining maqsadlari uning qaror yoki ajrim shuningdek, advokat so‘rovnomasida yoki fuqaro arizasida qo‘yiladigan savollar bilan belgilanadi. Bu savollar to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi, ekspertning vakolatidan tashqariga chiqmasligi va yuridik xususiyatga ega bo‘lmasligi lozim.

Ishga aniqlik kiritish, maxsus bilimlardan foydalanish, aniq ma’lumotlarni tahlil qilishlik zarur bo‘lganda, ekspertiza tayinlagan organ yoki shaxs ekspert tadqiqotini o‘tkazish uchun fan, texnika, san’at yoki boshqa sohalarda qanday bilimlar zarurligini aniq tushunishi kerak.

Sud – soliq ekspertizasi tadqiqoti ob’ektlari xo‘jalik yurituvchi sub’ektning faoliyati to‘g‘risidagi iqtisodiy ahamiyatga ega ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar, ya’ni pul shaklida ifodalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar hisoblanadi.

Qayd etish joizki, Sud-soliq ekspertizasi ob’ektlarini quyidagi guruhlarga ajratishimiz mumkin:

asosiy ob’ektlar – soliq solish elementlari to‘g‘risidagi axborotlarni o‘zida aks ettirgan belgilangan (unifikatsiyalangan) shakldagi hisob hujjatlari; soliq solish elementlarini aniqlashda qo‘llaniladigan boshlang‘ich hisob hujjatlari; buxgalteriya va soliq hisobi registrlari; bank hujjatlari, hisovarag‘i aylanmasidan ko‘chirma ma’lumotlari; tovarlarni ishlab chiqarish va sotish, tovar (ish, xizmat)larni sotish, yetkazib berish bo‘yicha moliyaviy-ho‘jalik operatsiyalar, jismoniy shaxslarning daromadlari, yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan hisobotlar; soliq hisobotlari, moliyaviy hisobotlar, korxonaning hisob siyosati.

yordamchi ob’ektlar – bu hisob hujjatlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda tadqiq qilinuvchi hisob yuritilmaydigan hujjatlar; ta’sis hujjatlari, shartnomalar, soliq tekshiruvi dalolatnomalari, soliq organlari hujjatlari (dalolatnomaga ilova qilingan tekshiruv hujjatlari va b.), auditorlik hisobotlari, boshqa mutaxassislik ekspertlarining xulosalari.

elektron ob’ektlar – bu qog‘oz shaklida taqdim etilgan avtomatlashtirilgan hisobot materiallari (elektron hujjatning nusxasi).

Agar qog‘oz shaklida taqdim etilgan hisobot hujjatlari elektron shaklda yaratilgan bo‘lsa, ular “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq majburiy rekvizitlarga ega bo‘lishi kerak.

Bunda boshqa shaklda taqdim etilgan axborot sud-tergov organlari tomonidan (magnit, raqamli, optik tashuvchilar va perfokartalar) ishonchliligiga huquqiy baho berilganidan so‘ng sud-soliq ekspertizasi ob’ekti sifatida tadqiq qilinishi mumkin.

Sud-soliq ekspertizasi – bu, avvalambor, ekspert yechimiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish va xulosa berish uchun zarur bo‘lgan faktik ma’lumotlarni o‘zida mujassam qilgan buxgalteriya hisobi va soliq hisobining birlamchi va yig‘ma hujjatlari, hisob registrlarini ekspertlik tadqiqotidir. Sud-soliq ekspertizasini o‘tkazishda ekspert tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, sudya tomonidan qo‘yilgan savol yuzasidan ishda mavjud bo‘lgan daliliy ashyolarning tadqiqotini o‘tkazadi.

Sud-soliq ekspertizasining maqsadi – soliq va yig‘imlarning hisoblanishi to‘g‘riligi va to‘liqligini amaldagi soliq qonunchiligi talablariga mosligini aniqlash.

Soliq ekspertizasi yechimiga qo‘yiladigan savollar, qoida tariqasida:

budjetga to‘lanadigan soliqlarning to‘liqligi;

soliqlarning vaqtida to‘lanishi;

soliq elementlari (stavka, soliq solish bazasi va h.z) aniqlanishi to‘g‘riligi;

soliq tekshiruvi dalolatnomasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlarning normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligi;

soliq tekshiruvi dalolatnomasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlarning uslubiy jihatdan asoslanganligi;

hujjatli tekshiruv (taftish, audit) o‘tkazish davrida tekshiruvchi (taftishchi, auditor) tomonidan qo‘llanilgan usul va uslublarning to‘g‘riligi (asoslanganligi);

va boshqa masalalarni (soliq imtiyozlarini qo‘llash, soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari) aniqlash bilan bog‘liq.

Amaliyotda asosan soliqlarning hisoblanishi va budjetga to‘lanishini tartibga soluvchi soliq qonunchiligi talablariga rioya etilishini aniqlash bilan bog‘liq ishlarni tergov qilishda o‘tkazilgan tekshiruv dalolatnomasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlarning uslubiy jihatdan asoslanganligini aniqlash lozim bo‘lgan hollarda sud-soliq ekspertizasini o‘tkazishga extiyoj tug‘iladi.

Lekin, shuni inobatga olish lozimki, ekspert-iqtisodchi soliq solish ob’ektlarini mustaqil aniqlash vakolatiga ega emas.

Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazoratni ta’minlash Davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalaridir. Bunda ular soliq to‘lovchilarda moliyaviy hujjatlar, shartnomalar (kontraktlar), rejalar, smetalar, daromadlar haqidagi deklaratsiyalar hamda soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq boshqa hujjatlarning, shu jumladan elektron hujjatlarning, shuningdek eksport-import operatsiyalari bilan bog‘liq hujjatlarning tekshiruvlarini o‘tkazish huquqiga ega.

Soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini o‘tkazadi:

Kameral soliq tekshiruvi. Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida soliq organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar hamda ma’lumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan o‘tkaziladi. Kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi soliq to‘lovchidan (soliq agentidan, uchinchi shaxsdan) hisobga olish hujjatlarini, taqdim etilgan soliq hisobotiga va hisobga olish hujjatlariga doir tushuntirishlarni, shuningdek soliq hamda yig‘imlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq boshqa axborotni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda so‘rab olishi mumkin.

Sayyor soliq tekshiruvi. Soliq to‘lovchilarning soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash sohasidagi ayrim majburiyatlarini, shuningdek soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarilishini tekshirish sayyor soliq tekshiruvidir. Sayyor soliq tekshiruvi chog‘ida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili va soliq nazoratining boshqa tadbirlari o‘tkazilishi mumkin.

Soliq auditi. Muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lashning to‘g‘riligini tekshirish soliq auditidir. Soliq to‘lovchi ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda soliq auditi, soliq to‘lovchining bevosita soliq auditi o‘tkazilayotgan yildan oldingi uch yildan ko‘p bo‘lmagan faoliyatini qamrab olishi mumkin.

Sud-soliq ekspertizasi bo‘yicha tadqiqot usuli deganda ekspert-iqtisodchi tomonidan buxgalteriya va soliq hisobi hujjatlari, hisob registrlaridagi yozuvlarni fuqarolik-huquqiy tusdagi hujjatlar bilan birgalikda va boshqa ish materiallarini tadqiq qilishda, shuningdek uning yechimiga qo‘yilgan vakolatiga kiruvchi savollarga xulosa berishda foydalaniladigan usullar majmui tushuniladi.

Sud-soliq ekspertizasining tadqiqot usullari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

  1. hujjatli tekshirish;
  2. taqqoslash;
  3. qarama-qarshi tekshirish.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi ham soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi.

Sud-soliq ekspertizasini o‘tkazish sud-tergov ishlarida dalillar bazasini shakllantirishda muhim tarkibiy qism bo‘lganligi uchun alohida o‘ringa egadir. Sud va tergov amaliyotida sud-soliq ekspertizasi natijalaridan foydalanishda soliq solish masalasida moliyaviy  axborotlarni buzilish alomatlarini to‘lik aniqlash va baholash, yuzaga kelgan salbiy oqibatlar natijalarini aniqlash va miqdorini o‘lchash imkonini beradi.

Soliq hujjatlarini kompleks tadqiqotida sud-soliq ekspertizasi boshqa ekspertizalar qatorida ajralib turadi. Bu esa espert-iqtisodchi yechimiga qo‘yilgan savol bo‘yicha xulosa berish uchun sud-soliq ekspertizasini o‘tkazishda soliq hisobotlari va boshqa materiallarni to‘plash bo‘yicha dastlabki ishlarni amalga oshirish zarurati bilan tushuniladi. Hujjatlarni o‘rganish jarayonida hisobotlardagi har bir ko‘rsatkich o‘z o‘rniga ega bo‘lib, hamda sud-soliq ekspertizasini o‘tkazishda inobatga olinishi mumkinligini ko‘rsatish imkonini beradi.

Bu esa Sud-soliq ekspertizasining alohida o‘rni shubxasiz ekanligidan dalolat beradi.

Sud-iqtisodiy ekspertiza bo‘limi eksperti
O.Batirova

Skip to content