O‘tgan yilning boshlarida Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudidan, RSEM Farg‘ona viloyat bo‘limiga bir fuqarolik ishi kelib tushdi. Ekspertlar oldiga qo‘yilgan savollarda, fuqarolik ishida mavjud bo‘lgan tilxat kim tomonidan yozilganligi suralgan.
Fuqarolik ishi materiallari o‘rganib chiqilgan va tilxat matnida: “Men Xamraboeva Lobar Ismoilovna, menga buvimdan vasiyat qilib qoldirilgan 6 sotik uyni, opam Xamraboeva Layloga sotaman va xozirgi kunda shu xovlining ustidan 1000 AQSh dollar zakolat oldim. Sana. Imzo. Xamraboeva L.I.” deb yozilgan edi.
Bir o‘ylab qarasangiz, oddiy tilxat, singlisi opasiga xovli sotmoqchi bo‘lib, oldindan 1000 dollar olganda…. deysiz. Lekin vaqt o‘tib Lobarning opasi Laylo “Bu xovlini olmayman, pulimni qaytib ber” deb, Lobardan pulni to‘liq qaytarib olgan. Lobar esa o‘zi yozgan tilxatni opasidan qaytarib olish xayoliga xam kelmagan. Vaqt o‘tavergan. Xayot davom etgan.
Shu vaqt oralig‘ida Lobarning opasi, olamdan o‘tgan, opasining turmush o‘rtog‘i esa bir kun kelib Lobarga “Men eski kurtkaning cho‘ntagidan bir tilxat topib oldim. Sen xotinimga xovli uy joyni sotaman deb 1000 dollar olgan ekansan, pulni qaytarib ber” deb so‘ragan.
Lobar: “Bu eski tilxat. Men pulni allaqochon qaytarib bo‘lganman” deyishiga qaramay, pochchasi kerakli xujjatlarni to‘plab, sudga da’vo arizasi kiritib, Lobar yozgan tilxatni xam dalil sifatida sudga taqdim etgan. Sud ish bo‘yicha xatshunoslik ekspertizasi tayinlagan va ekspertiza natijalari tilxatni Lobar o‘zi yozganligini ko‘rsatgan.
Xa albatta, Lobar xaqiqatdan xam opasiga pulni qaytarib bergan bo‘lishi mumkin, lekin tilxatni qaytib olmagani unga pand bergan. Meningcha Lobar xayoliga xam keltirmagan ushbu axamiyatsizligi qanday oqibatlarga olib kelishini.
Ushbu xayotiy vokeani sizlarga o‘z amaliyotimdan kelib chiqib bayon etdim. Xulosa chiqarish esa sizlardan.
Voqea qahramonlarini isimlari o‘zgartirilgan.
RSEMning Farg‘ona viloyati
xatshunos eksperti Sattorova D.