O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi
davlat sud eksperti D.Qo‘ldoshova
Bugungi kunda har qanday soha taraqqiyot sari jadal rivojlanmoqda, ammo yangi marralarga erishish barobarida turli xil kamchiliklarga, ziddiyatlarga va yoinki to‘sqinliklarga ham duch kelishi holatlari kuzatilmoqda. Aynan jinoyat sohasi ham rivojlanishlarning turli natijalariga tayyor turgan holda doimiy qo‘shimcha va o‘zgarishlarni qabul qilib qo‘riqlanadigan obyektlarni xavfsizligi masalasini birinchi o‘ringa qo‘yib kelmoqda. Xususan, davlatning normativ-huquqiy bazasi hamda barcha organlar, tashkilotlar hamda korxonalarni amalga oshirgan ishlari hamda tartib-taomillarini tasdiqlovchi hujjatlar tizimi ham turli g‘arazli maqsadlarni ko‘zlovchi qonunbuzarlarni e’tiboridan chetda qolmagan. Qonunbuzarlar turli xil hujjatlarni qalbakilashtirish orqali huquqbuzarliklarni sodir etadilar. Bunday huquqbuzarliklarni aniqlashda, ishlarni dastlabki tergov va sudda ko‘rish jarayonida sud-xatshunoslik va hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi tayinlanadi.
Bugun biz, amaliyotda ko‘p uchrayotgan hujjatlardagi imzolarni texnik qalbakilashtirish va uning usullari, sud ekspertizasida hal etiladigan masalalarni ko‘rib chiqamiz.
Hujjat so‘zi nemischa dokument, lotincha documentum – so‘zlaridan olingan bo‘lib, namuna, guvohnoma, dalil ma’nolarini anglatadi. Hujjat – uni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi tafsilotlar bilan matn, ovoz yozuvi yoki tasvir koʻrinishida moddiy tashuvchida qayd etilgan maʼlumotlar jamlanmasi ham hisoblanadi.
Imzo muayyan bir shaxsning tasdiqlovchi belgisi hisoblanadi va bu shaxs tomonidan huquqiy maqom berish, tasdiqlash yoki holatlarni guvohlantirish maqsadlarida hujjatlarga qo‘yiladi. Binobarin, imzo aynan shu imzo egasi tomonidan qo‘yilgandagina haqiqiy hisoblanadi va yuqoridagi vazifalarni bajaradi.
Shaxslarning hujjatni o‘zi imzolashidan tashqari, boshqalar tomonidan uning imzosi texnik qalbakilashtirilishi ham mumkin. Shaxsning imzosini texnik qalbakilashtirish orqali turli xil jinoyatlar, ayniqsa, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar ko‘proq sodir etiladi. Imzoning texnik qalbakilashtirilganligini aniqlash hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi tadqiqotlari orqali aniqlanadi.
Imzoni texnik qalbakilashtirish deganda boshqa shaxsning roziligisiz yoki uning xabarisiz shaxsning imzosini asl imzoga yetarlicha o‘xshash qilib bajarishga imkon beradigan turli moslamalar va texnik usullardan foydalanib bajarish tushuniladi. Imzolarning texnik qalbakilashtirishning mohiyati – shaxsning asl imzosidan nusxa ko‘chirishdan iborat bo‘ladi.
Hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazishda amaliyotda imzolarni texnik qalbakilashtirishning quyidagi usullari uchraydi:
- Imzoni qalam bilan chizib olish va keyin ustidan pasta yoki siyoh yurgizish;
- Nusxa ko‘chiruvchi qog‘oz yordamida imzoni nusxasini ko‘chirish va keyin ustidan pasta yoki siyoh yurgizish;
- Asl imzoni ustidan bosib konturini hosil qilish va keyin ustidan pasta yoki siyoh yurgizish;
- “Yorug‘likda” nusxa ko‘chirish;
- Asl imzoning bo‘yovchi moddalarini boshqa hujjatga nusxa ko‘chiruvchi materiallar yordamida ko‘chirish;
- Imzo tasvirini hujjatga elektrofotografik usulda tushirish;
- Imzo tasvirini turli (purkovchi va matrisali) printerlar yordamida hosil qilish;
- Imzolarni qalbakilashtirishning boshqa usullari.
Imzolarning texnik tadqiqotlarida ekspert tadqiqotga taqdim etilgan ish materiallar bilan tanishib, tadqiqotga taqdim etilgan obyektlar ekspertiza tayinlovchi organ (shaxs)ning qarori, ajrimi yoki advokatlik so‘rovi (arizasi)ga mos kelishi aniqlaydi, so‘ng o‘z oldiga qo‘yilgan savollar bilan tanishadi. Ekspert oldiga qo‘yilgan vazifalar uning vakolati doirasidan chiqmasligi kerak.
Qalbakilashtirilgan imzo mavjud bo‘lgan hujjatlar va asl imzolarning namunalari sud ekspertizasiga kelib tushganda, ekspert oldiga quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:
- Tekshirilayotgan imzo kim tomonidan bajarilgan – ushbu imzoning egasi tomonidanmi yoki boshqa shaxs tomonidanmi (ushbu savol sud-xatshunoslik ekspertizasi oldiga qo‘yiladi)?
- Agar ushbu imzo boshqa shaxs tomonidan bajarilgan bo‘lsa, bu imzo muayyan texnik usulda bajarilganmi (ushbu savol hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi oldiga qo‘yiladi)?
Shuningdek, tadqiqot qilinuvchi imzo asl imzodan nusxa ko‘chirish bilan bajarilganligi bo‘yicha qo‘shimcha savol, tekshirilayotgan imzolarning biri nusxa ko‘chirishda asl imzo sifatida foydalanilgan tahminlar bo‘lganda qo‘yilishi mumkin. Ba’zan ekspert oldiga quyidagicha savol qo‘yilishi mumkin: tekshirilayotgan imzo qandaydir texnik usullar yordamida bajarilganmi?
Imzolarning texnik tadqiqotlarida ekspert oldiga, imzo shtrixlaridagi bo‘yoqlarni o‘zaro farqlash vazifasi ham qo‘yilishi mumkin.
Yuqoridagi vazifalar ekspert tomonidan imzolarning texnik tadqiqotlarini o‘tkazish metodika asosida amalga oshirilib, aniqlangan belgilarni baholash, xulosalar shakllantirish va tadqiqot natijalarini rasmiylashtirish bilan yakunlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Baxtiyarova F.A. Hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi bo‘yicha ekspertlarni tayyorlash uchun o‘quv-metodik qo‘llanma. T.:2018 y.;
- H. Rustamboyev. Jinoyat huquqi (Maxsus qism). Darslik. Т., «O‘qituvchi», 2003.
- Технико-криминалистическая экспертиза документов: учебник/ под ред. В.Е.Ляпичева, Н.Н. Шведовой. – 2-е изд. – Волгоград:ВА МВД России, 2013;
- Общие положения технико-криминалистической экспертизы документов: Учеб. пособ. – М.: ВНИИ МВД СССР, 1987;
- https://uz.wikipedia.org/wiki/