Sud-soliq ekspertizasi qachon tayinlanadi?

Sud-soliq ekspertizasi fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishi (shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv materiallari), ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida soliq qonunchiligi talablariga ko‘ra soliq solish ob’ekti yuzaga keladigan turli xo‘jalik yoki moliyaviy operatsiya sodir etilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha haqiqatda hisoblangan va byudjetga hisoblanishi lozim bo‘lgan soliqlarni miqdorini belgilash zarur bo‘lgan hollarda tayinlanishi mumkin.

Jinoyat protsessida sud-soliq ekspertizasi o‘tkazishga talab jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan soliq va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, soliqlarni yashirish, soliq organi tomonidan hisoblangan qo‘shimcha soliqlarning asosliligini aniqlash bilan bog‘liq holatlarda yuzaga keladi.

Iqtisodiy sudlarda mazkur turdagi ekspertizani o‘tkazish zarurati odatda soliq organi
va soliq to‘lovchi o‘rtasida soliq solish ob’ektini aniqlash, budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan ba’zi soliqlarni miqdori va muddati to‘g‘risidagi nizoni hal qilish lozimligida paydo bo‘ladi.

Agar soliq qonunchiligining buzilishi bilan bog‘liq holda ma’muriy javobgarlik yuzaga kelsa, unda sud-soliq ekspertizasi ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida tayinlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikning sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi 2013-yil 31-maydagi 08-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-son qaroriga kiritilgan o‘zgarish)ning 14-bandi talablariga ko‘ra Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash shaxs tomonidan soliqqa oid qonunchilikning muayyan normasi talablarini bajarmaslik bilan bog‘liqligi, shu tufayli, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha surishtiruv, tergov organlari va sudlarning e’tibori shaxsni ayblanuvchi tariqasida javobgarlikka tortish haqidagi qarorda, ayblov dalolatnomasida, ayblov xulosasi va ayblov hukmida ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan soliqqa oid qonunchilikning jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan aynan qaysi normasi talablari buzilganligi ko‘rsatilishi shartligiga qaratilishi lozimligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda 3251-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomning 5-bandi talablariga ko‘ra soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash belgilari 2020-yilning 1-yanvaridan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 223-moddasiga asosan aniqlanishi ko‘rsatilgan.

Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun hech bo‘lmaganda soliq solinadigan bazaning miqdori va hujjatlar bo‘yicha hisoblanib, to‘langan hajmi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish lozim. To‘lanadigan soliq miqdorini hujjatlar bilan hisoblangan va to‘langan summa bilan taqqoslash orqali aniqlangan qo‘shimcha soliq summasi jinoiy ishlarni ko‘rish jarayonida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash alomatlari borligi to‘g‘risida dastlabki fikrlar tug‘ilishiga asos bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda soliq summasini o‘zgarishi asosliligi bilan bog‘liq vujudga kelgan ish holatlarini aniqlashga qaratilgan masalalarni hal qilish uchun sud-soliq ekspertizasi tayinlanadi.

 

Asqar Nazarov,

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertiza markazi
Sud-iqtisodiy ekspertizasi bo‘limi eksperti

Skip to content