SUD EKSPERTIZA METODLARI

Tovarshunoslik ekspertizasi bo‘limi yetakchi eksperti     

                      Mansurova Shohista Zohidjonovna

Sud ekspertizasining umumiy metodologiyasi sud ekspertizasi umumiy nazariyasining ajralmas qismi sifatida so‘nggi yillarda tadqiqotchilar e’tiboridan biroz chetda qolmoqda. Umuman olganda, sud-ekspert tadqiqotlari metodologiyasi jinoiy, ma’muriy yoki fuqarolik ishi holatlari to‘g‘risida yangi bilimlarni yaratish jarayoni degan fikrlar mavjud.

Metodlarni tahlil qilish sud ekspertizalari xilma-xilligi sababli  juda murakkab masala, undan tashqari, har bir sud ekspertizasi muayyan bir fanning alohida tarkibiy qismi bo‘lib, ularning farqlanishi sud ekspertizalarining tegishli sinflarini ham o‘zaro ajratadi. Shu sababli, sud-ekspertiza tadqiqotlarining mazmuni ham sezilarli darajada farqlanadi. Xususan, tadqiqotlarning metodlari va vositalarida ham farqlar (shuningdek, o‘xshashliklar) mavjud. O‘zaro farqlar mavjudligiga qaramay, sud-ekspertiza tadqiqotlarining umumiy metodologiyasi haqida fikr yuritish mumkin.

Ekspertiza tadqiqotlari metodologiyasini uslubiy bilimlar darajasini muvofiqlashtirish odatiy hol hisoblangan, fanlarning umumiy metodologiyasi nuqtai nazaridan baholash maqsadga muvofiqdir. Falsafiy metodologiya har doim birinchi o‘rinda turadi, undan keyin esa tadqiqotlar metodlari va texnikasi uchun asos bo‘lgan, aniq-ilmiy metodologiyalarda amalga oshiriladigan umum-ilmiy tamoyillar va tadqiqot shakllari keladi.

Tadqiqotning umum-ilmiy tamoyillari va shakllari keyingi darajani tashkil etadi, bu yerda uslubiy funksiyalarni bajaradigan, muqarrar ravishda bir vaqtning o‘zida fundamental fanlarning barchasiga yoki ularning muhim qismiga ta’sir ko‘rsatadigan umum-ilmiy tushunchalar mavjuddir.

Sud-ekspertiza tadqiqotlarining metodologiyasi sud ekspertizasi umumiy nazariyasining, umum-ilmiy tamoyillarining va tadqiqot shakllarining “yuqori” metodologiyalarini, shuningdek, qoidalari aniq (predmetli) talqin qilinadigan falsafiy metodologiyalarini bevosita tarzda (mexanik ravishda) o‘z darajasiga kiritmaydi. Bu holat boshqa turdosh fanlarning sud-ekspert tadqiqotlari metodologiyasiga kiritilgan qoidalariga nisbatan ham tegishli bo‘ladi.

Umuman olganda, sud-ekspertiza tadqiqotlarining metodologiyasi deganda uning metodlari, vositalari, tuzilishi va mantiqiy tashkil etilishi haqidagi ilmiy ta’limotni tushuniladi. Sud ekspertizalarini o‘tkazishning predmetli uslubiyotlari metodologik bilimlarning boshqa – tadqiqotlarning uslubiyoti va texnikasi – darajada joylashadi.

Ekspertiza uslubiyoti – ekspertiza vazifalarini hal qilish uchun metodlar va vositalarni belgilangan (tartibga solingan, muvofiqlashtirilgan) tartibda hamda sharoitlarda tanlash va qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar tizimidir. Bunday holda, ekspertiza uslubiyotining qoidalari kamroq umumiy, biroq yanada aniqroq xususiyatga ega. Sud-ekspertiza tadqiqotlarining metodologiyasi ekspertiza metodlari yig‘indisini mexanik ravishda birlashtirmaydi va ularni o‘rnini bosmaydi, balki har qanday ekspertizaning o‘ziga xos belgilari umumiyligini keltirib chiqaradi.

Sud ekspertizasiga oid adabiyotlarda sud-ekspertiza tadqiqotlari metodologiyasining, bilish jarayoni sifatidagi eng muhim qismi sifatida, tadqiqot metodlari to‘g‘risidagi ta’limot asoslangan holda ajratib ko‘rsatilgan, chunki aynan tadqiqot metodlari (vositalar ham) ekspertlik vazifalarini hal qilish vositalari (instrument) hisoblanadi.

“Metod” va “metodologiya” tushunchalarini o‘zaro taqqoslashning xolis va aniq asoslarini topish qiyin, chunki odatda “metod”ni (uslub) [yun. metodos — bilish yoki tadqiqot yo‘li, nazariya, ta’limot] — voqelikni amaliy va nazariy egallash, o‘zlashtirish, o‘rganish, bilish uchun yo‘l-yo‘riqlar, usullar majmuasi, falsafiy bilimlarni yaratish va asoslash usuli sifatida tushuniladi.

Biror ishni bajarish metodini egallagan kishi shu ishni boshqalarga nisbatan oson, tez va soz bajara oladi. Metod o‘z mazmuni jihatidan amaliy yoki nazariy shaklda bo‘lishi mumkin. Insonning amaliy faoliyatiga oid metodlar ham voqelikka xos bo‘lgan qonuniyatlarni anglab yetish, bilib olishga borib taqaladi. Fan metodlariing asosiy mazmunini amaliyotda sinalgan ilmiy nazariyalar tashkil etadi. Har qanday ilmiy nazariya mohiyati jihatidan metod funksiyasiga egadir. Metod o‘z navbatida, yangi ilmiy nazariyalar va qonuniyatlarning ochilishiga vosita bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan metod bilan ilmiy nazariya funksiyasiga ko‘ra, bir-biridan farq qiluvchi ilmiy amal hisoblanadi.

Bilish metodlari voqelikni qamrab olishi jihatidan 3 turga bo‘linadi: yalpi umumiy bilish metodlari — hamma fanlarda va bilishning barcha bosqichlarida ham qo‘llaniladigan umumiy va universal metodlar — metodologiya; umumiy bilish metodlari — bir qancha yoki barcha fanlarda qo‘llaniladigan va bilishning muayyan bosqichi (empirik, nazariy yoki empirik bosqichdan nazariy bosqichga o‘tish chegarasi)da qo‘llaniladigan bilish metodlari; xususiy yoki maxsus metodlar — ayrim fan doirasida qo‘llaniladigan bilish metodlari.

Shu bilan birga, sud-ekspertiza tadqiqotlari metodologiyasi ekspertiza tadqiqotlari obektlarini o‘rganishda (bilish) qo‘llaniladigan ilmiy bilish usullari, tadqiqot jarayonlarida qo‘llaniladigan usullar, ekspertiza tadqiqotlarining obektlarini o‘rganish (bilish) usullarining mazmuni hamda ekspertiza tadqiqotlari obektlarini o‘rganishdagi usullarning o‘zaro bog‘liqligi to‘g‘risidagi bilimlar to‘plamini o‘z ichiga oladi.

Sud ekspertizasida har bir tadqiqot metodi o‘ziga xos hamda ular tadqiqotning maqsad va vazifalari bilan aniqlanadi. Eng avvalo, bu tarkibiga sud ekspertizalari kiradigan tegishli fanlarning metodlariga tegishli. Umum-ilmiy usullar ham ushbu metodlarni amalga oshirishning quyidagi tarkibiy elementlarining o‘ziga xosligi bilan belgilanadigan xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkin: metodlarni qo‘llash subekti – maxsus bilimlarga hamda maxsus protsessual maqomga ega bo‘lgan sud eksperti; ta’sir ko‘rsatish obektlari – sud ekspertizalarining maxsus huquqiy maqomga ega bo‘lgan obektlari.

Metodlarni qo‘llash shartlari qonun bilan mustaxkamlanadi va sud ekspertizasini o‘tkazish tartibiga bo‘ysunadi.

Sud ekspertizasi tadqiqotlarining metodologiyasi bilish jarayoni sifatida qaralgani sababli, sud ekspertizasining muayyan turlarini o‘tkazishning ekspertiza uslubiyoti va metodlari – sud ekspertizasi maqsadlariga erishish va vazifalarni hal qilish uchun yaratilgan yaxlit tizimni tashkil etishi bilan bog‘liq. Har qanday tizim singari, ushbu metodologiya ham takomillashtirishi kerak.

Sud ekspertizasining asosiy tashkil etuvchi fanlardan biri bo‘lgan kriminalistika fanida ushbu masalalarga katta e’tibor berilgan. Adabiyotlarda jinoyatlarni ochish va tergov qilish amaliyotiga umum-ilmiy metodlarni aniqlashtirgna holda qo‘llashga oid misollari yetarli. Bunday ilmiy asarlarning ahamiyati umum-ilmiy eksperimental metod – tergov eksperimenti – asosida ishlab chiqilishi mumkinligida hisoblanadi.

Sud ekspertlik faoliyatining o‘ziga xosligi, shuningdek uning vazifalarining xilma-xilligi va murakkabligi, ekspert eksperimentini detallashtirish imkoniyatini qiyinlashtiradi, chunki sud ekspertizalarning har bir turi uchun eksperimental harakatlar o‘zaro sezilarli darajada farq qiladi. Shu bilan birga, bu kabi metodlarni, ayniqsa o‘qiish maqsadlarida aniqlashtirish va muvofiqlashtirish zarur.

Ekspertiza nazariyasining asosida yotuvchi identifikatsiya nazariyasi ham qat’iy, ammo formalashtirilgan nazariyalarning xususiyatlariga mos keladi. Agar ekspertizada ma’lum bir umumiy nazariyani tan olinishini faraz qilsak, unda muqarrar ravishda o‘zining tadqiqot obektlarini o‘rganish metodlari to‘plamini o‘ziga qamrab olgan ko‘plab turdagi ekspertizalarning xususiy nazariyalari to‘plamini ham tan olish kerak bo‘ladi.

Bunday nazariyalarga havolalar adabiyotda formal nazariyalar sifatida uchrab turadi. Ularning formallashtirilgan metodlari, odatda, tabiiy fanlardan olingan hamda bunday metodlarni qo‘llash eksperiment elementlarini istisno qilmaydi, ammo, ular formal tartiblarni tashkil qiladi. Umuman olganda, zamonaviy kriminalistika fanida formalashtirilgan metodlar to‘plamidan foydalanishga parallel ravishda o‘sib boruvchi formallashtirishga intilish mavjud. Bunday istak-intilishni amalga oshirish uchun sud ekspertizasining xususiy-ilmiy metodlarini tizimlashtirish foydalidir.

Bu kabi tizimni yaratishga urinishlarda ikkita yondashuv mavjud, ulardan birinchisi kriminalistika fanida, ilmiy-texnik mezonlar bo‘yicha taklif qilingan. Jumladan:

Umum-ilmiy uslublar: kuzatish, tasvirlash, o‘lchash, taqqoslash, eksperiment, modellashtirish, prognoz qilish, matematik uslublar hamda evristik uslublar: tahlil, sintez, induksiya, deduksiya va boshqa.

Maxsus uslublar – boshqa fanlardan olingan uslublar: fizikaviy, kimyoviy, biologik, antropologik, statistik, sotsiologik va boshqa uslublar;

Kriminalistikaning xususiy uslublari: sud fotografiyasi, trasologiya, ballistika, xatshunoslik va kriminalistik texnikaning boshqa sohalarida qo‘llaniladigan uslublar.

Bugungi kunda sud ekspertiza nazariyasida ushbu tizim quyidagicha tuzilishga ega:

Sud-ekspertizalarini o‘tkazishda bajariladigan vazifalarning kengligi va xilma-xilligi, tadqiqotlar jarayonida metodlar majmuidan foydalanishni taqozo qiladi. Bu metodlarni quyidagi guruhlarga ajratiladi:

  1. Bilishning umumiy dialektik-materialistik metodlari: aynanlik, o‘xshashlik, qarama-qarshilik va uchinchini inkor etish, mantiqiy qonunlardan, analiz, sintez, induksiya, deduksiya, analogiya, gipoteza va xulosa chiqarish kabi usullar;

Kriminalistikaning umum-ilmiy metodlari: kuzatish yoki ko‘zdan kechirish; o‘lchash; ta’riflash; qayd etish; taqqoslash; eksperiment (tajriba), modellashtirish, prognoz qilish, matematik uslublar va h.k.;

  1. Umumiy (umumilmiy) metodlar: kuzatish (ko‘zdan kechirish), o‘lchash, tafsivlash (ta’riflab yozish), eksperiment, modellashtirish, taqqoslash, modellashtirish, rekonstruksiya (qayta tiklash), an’anaviy mantiqiy metodlar. Masalan, Sud-tovarshunoslik ekspertizalarini o‘tkazishda o‘lchov, ro‘yxatga olish, hisoblash, organoleptik, taqqoslash, tafsivlash va boshqa metodlardan foydalaniladi. Mazkur metodlarning qo‘llanilishi odatda kompleks xususiyat kasb etadi, chunki biri ikkinchisining imkoniyatlarini to‘ldiradi va obekt to‘g‘risida maxsus ma’lumotni beradi.
  2. Xususiy instrumental va yordamchi-texnik metodlar: fizikaviy metodlar (ya’ni, mikroskopiya, lyuminessent tahlil, elektron-optik o‘zgartirgich va televizion texnika yordamidagi tadqiqotlar, spektral tahlil, nam nusxalash, adsorbsion-lyuminessent metod va boshqalar); fizikaviy-kimyoviy metodlar (sud-tadqiqot fotografiyasi – fotografik reproduksiya, makrofotosuratga olish, mikrofotosuratga olish, ultrabinafsha fotografiya, infraqizil fotografiya, raqamli fotografiya; yupqa qatlamli xromatografiya; diffuzion-nusxalash metodi; yuqori chastotali elektr tokida suratga olish va boshq.); kimyoviy metodlar (miqdoriy va sifatiy kimyoviy reaksiyalardan foydalanishga asoslangan metodlar).
  3. Maxsus metodlar: har bir aniq turdagi sud ekspertizasi tadqiqotlarida qo‘llaniladigan metodlar. Masalan, Sud-ballistika ekspertizasida: taqqoslash mikroskopiyasi, rentgen nurlari bilan tekshirish, profilografik metod, diffuzion-kontaktli metod, xromatografik metod, spektral tahlil (emission-spektral tahlil, absorbsion tahlil – to‘lqin uzunligi o‘zgaruvchan monoxramatik nurlanish hosil qiluvchi modda molekulalarini tekshiruvchi kombinatsion sochilgan spektrlar bo‘yicha tahlil; lyuminessent tahlil; rentgen tahlili), skanerlovchi elektron mikroskopiya. Yoki sud-xatshunoslik ekspertizasida: tizimli-strukturali tahlil; raqamli farqlovchi diagnostika; grafik metodlar; instrumental metodlar; miqdoriy metodlar; kibernetik metodlar; sifatiy-ta’riflash metodlar; kompleks metodlar va boshq. Shuningdek, Hujjatlarning texnik-kriminalistik tadqiqotlarida: rastrli mikroskopiya metodi; aks etuvchi mikroskopiya metodi yoki «replikalar metodi; qaytuvchi ultrabinafsha va infraqizil nurlardagi tadqiqotlar; lyuminessent tahlil; spektral tahlil metodlari; emission-spektral tahlil; rentgenli tahlil; rentgen-strukturali tahlil; radioaktivatsion tahlil; ultrabinafsha, ko‘rinuvchi va infraqizil spektroskopiya; nam nusxalash metodi; adsorbsion-lyuminessent tahlil (ALT); makro- va mikrosuratga olish, kontrastni kuchaytirish, spektrning ko‘rinuvchi sohasida fotosuratga olish, lyuminessensiya hodisasini fotosuratga olish; yuqori chastotali toklar maydonidagi tadqiqotlar; diffuzion-nusxalash metodi (DNM); xromatografik metodlar, kimyoviy metodlar va h.k.

Ushbu yo‘nalishlar, keskin farqlar bo‘lmaganda, adabiyotda ashyoviy dalillarni o‘rganishning umumiy ekspertiza metodlari deb ataladi. Bunday umumiy metodlar axborot mezonlari bo‘yicha tizimlashtirilgan va tahlil metodlarining besh guruhiga taqsimlangan:

1) moddalar, materiallar va mahsulotlarning morfologiyasi; 2) moddalar va materiallarning tarkibi; 3) moddalar, materiallar va mahsulotlarning tuzilishi; 4) moddalar, materiallar va mahsulotlarning fizikaviy, kimyoviy va boshqa xususiyatlari; 5) matematik.

Bu holda, tasniflash asoslari umumiylikni baholashdan axborotning predmeti va xususiyatiga o‘tish orqali o‘zgartirilgan, bu esa umumiy tasniflash tamoyillaridan tashqariga chiqadi. Shu bilan birga, ekspert faoliyati uchun foydalilik nuqtai nazaridan kiritilgan asoslar voqelikka juda mos, chunki ular o‘rganilayotgan obektning tegishli xususiyatlarini o‘rganish uchun mo‘ljallangan metodlarni guruhlashga imkon beradi.

Tegishli harakatlarning mohiyatini ochib berish uchun taklif qilingan metodlarning har bir guruhini ekspertizada foydalanish uchun jalb qilingan bilim sohalaridan olingan mavjud va tushunarli tushunchalar orqali izohlash kerak. Shuningdek, ayrim metodlarni o‘zaro aralashtirish ham muqarrar ko‘rinadi, chunki bir xil metodlarni qo‘llash natijasida turli xil ma’lumotlar olish mumkin.

Yuqoridagilarning barchasi hal qilinayotgan vazifalar ko‘lamining kattaligi va turlichaligidan dalolat beradi hamda ekspertiza metodlarining keng majmuini formal emas, balki mazmun jihatidan tizimlashtirish dolzarb bo‘lib qolaveradi.

Skip to content