VAKOLATLI ORGANLAR TOMONIDAN SUD-XATSHUNOSLIK EKSPERTIZASIGA TAQDIM ETISH UCHUN NAMUNALAR YIG‘ISHDAGI XORIJIY DAVLATLARNING TAJRIBALARI QANDAY

Mamlakatimizda sud-tergov organlar tomonidan eng ko‘p tayinlayotgan ekspertiza turlaridan biri bu sud-xatshunoslik ekspertizasi hisoblanadi.

Ushbu sohada faoliyat yurituvchi ekspertlar tomonidan sudga qoniqarli xulosa taqdim qilinishi uchun ish boshida uni imkoni boricha ko‘proq hamda maqbul namunalar bilan ta’minlash lozim.

Chunki, aynan namunalar ekspert tomonidan nizodagi qo‘lyozmaning haqiqiyligi to‘g‘risida yoxud uning muallifi kimligi to‘g‘risida xulosa hosil qilish uchun asosiy ahamiyat kasb etadi.

Shu sababli, sud-tergov organlari sud-xatshunoslik ekspertizasi tayinlashda ekspertni tegishli namunalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rishlari zarur.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, xatning identifikatsiyasi ma’lum bo‘lgan yozuvning sifatiga bog‘liq. Shubhali yoki bahsli yozuvlarni tekshirishning dastlabki bosqichi ham yetarli haqiqiy yozuv namunalarini yig‘ish hisoblanadi. Bunda, yetarlicha mos materiallar ekspert ishini osonlashtirib, unga yozuvning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash yoxud muallifning yozuvdagi ma’lum bir o‘ziga xos jihatlarini topish uchun yordam beradi.

Yuqoridagilarga asosan ma’lum bo‘ladiki vakolatli organlar tomonidan sud-xatshunoslik ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etilgan materillar xulosa natijalariga ta’sir qiladi.

Ayrim vakolatli organlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalari yo‘qligi esa bu jarayonlarni yanada qiyinlashtiradi.

Xush bu borada, rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribalari qanday ? Ular bu borada qanday yondashuvlar asosida masalalarni hal qilmoqda ? Xususan,

AQSh tajribasi

AQShning vakolatli organlari tomonidan ekspertizani o‘tkazish uchun namunalarni taqdim etishga alohida ahamiyat beriladi.

Namunalarning ikki xil turi mavjud: rasmiy va norasmiy

Rasmiy namunalar – bu ayni paytdagi vaqt rejimida muallifligi gumonlanilayotgan shaxsdan mavjud namunalar bilan taqqoslash uchun olinadigan eksperimental yoki shartli namunalar hisoblanadi. Ushbu turdagi namunalar huquqni muxofaza qiluvchi organlar, sud va advokatlar tomonidan olinishi mumkin.

Bunda, namunalar taqqoslanayotgan hujjatdagi yozuv qanday sharoitda amalga oshirilgan bo‘lsa, shunday sharoitda olinishi lozim.

Norasmiy namunalar – bu muallifligi gumonlanilayotgan shaxs tomonidan yaqin uch-to‘rt yil ichida yozilgan xatlarni mavjud namunalar bilan taqqoslash uchun olinadigan namunalar hisoblanadi.

Namuna olish oldida dastlab nizodagi qo‘lyozmaning muallifini aniqlash uchun namunalar tadqim etish jarayoni quyidagi 3 ta asosiy bosqich asosida tahlil qilinadi:

– hujjatlar va namunalar tekshiriladi va aniqlanishi mumkin bo‘lgan xususiyatlar qayd etiladi;

– tekshirilayotgan hujjatning o‘ziga xosligi mavjud namunalar bilan taqqoslanadi;

– Ekspertlar uchun shubhali hujjatning haqiqiyligi va shubhalanilayotgan shaxs uning muallifi yoki yo‘qligi to‘g‘risida xulosa chiqarish uchun qaysi xususiyatlar qimmatli ekanligini aniqlaydi.

Bunda, namunalar yig‘ishda bir nechta jihatlarga e’tibor qaratiladi:

  • Solishtirlayotgan namunaga eng yaqin vaqtdagi namuna eng maqbul namuna prinsipiga alohida ahamiyat berilishi;
  • Namunalar olishda tekshirilayotgan yozuvga o‘xshash namunalarni olishga e’tibor qaratiladi. Agar tekshirilayotgan yozuv siyohda bo‘lsa, namunani ham siyoh bilan olishga, agar qalamda bo‘lsa, taqqoslash uchun qalam bilan yozilgan namunalarni olishga hamda qog‘ozni ham aynan o‘xshashligigi;
  • Imkon qadar tomonlardan namunalar nima uchun ekanligini bildirmasdan olinishi lozim bo‘ladi. Xatlar, tabriknomalar, o‘zaro yozishmalar va eslatmalar alohida ahamiyatga ega ekanligi;
  • Insonlarda ko‘chirish uchun berilgan hujjatlarga taqlid qilishga moyillik yuqoriligi sababli, namunalar olish jarayonida shaxsga kuchirish uchun aynan taqqoslanishi lozim bo‘lgan namunalar taqdim qilinmasligi;
  • Har bir insonning qo‘l yozuvi bir necha omillar tufayli tabiy o‘zgaruvchanlikni namoyon qiladi. Qalam, marker yoki rangli qalam, kayfiyat (tushkunlik), ruhiy holati, tezlik qo‘l yozuvidagi farqga hissa qo‘shishi mumkinligiga;
  • Kichik o‘zgarishlarga qaramay, har bir kishi o‘ziga xos qo‘lyozma uslubiga ega. Yozuvdagi egilganlik, jingalak va balandlik shaxsning kimligini ajratib berishiga;
  • Yoshlarning yozuvlaridagi o‘zgarishlar kattalarning yozuvidagi o‘zgarishlardan farq qiladi. Bunga odatlar sabab bo‘lib, yoshi katta insonlar ko‘proq turg‘unlik holatida bo‘lgani sababli, vaqt ularning yozuvini o‘zgarishiga unchalik ta’sir qilmasligiga.

Yevropa ittifoqi davlatlari tajribasi

Yevropa davlatlarining sud-tergov organlari qo‘l yozuvini yig‘ishda turli omillar qo‘l yozuvida o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligiga alohida e’tibor qaratishadi.

Ularning fikriga ko‘ra, yoshning o‘tishi va kasalliklar yozish ko‘nikmalarining yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

O‘smirning qo‘l yozuvi qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi mumkin. Giyohvandlik bilan og‘rigan odam qo‘l yozuvida tub o‘zgarishlarga duch kelishi sababli, giyohvandlikdan oldin olingan qo‘l yozuvi namunalari keyingi yozuvni aniq aks ettirmaydi.

Qo‘l yozuvi inson hayoti davomida asta-sekin o‘zgarib turishi, lekin ba’zi omillar qisqa vaqt ichida qo‘l yozuvida keskin o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligi bois, qo‘lyozmani o‘xshash vaqt oralig‘ida va shunga o‘xshash sharoitlarda solishtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu sababli, qon tomirlari, kasallik yoki turmush o‘rtog‘ini yo‘qotish kabi travma yoki dori-darmonlar yoxud giyohvand moddalarni iste’mol qilish mumkinligini e’tiborga olib, namuna olinayotgan shaxsning hayoti diqqat bilan o‘rganiladi.

Tekshirilayotgan hujjatga ham e’tibor qaratiladi, ya’ni chiziqli qog‘ozda bo‘lsa, chiziqli qog‘ozga yozilgan hujjatlarni agar tekshirlayotgan hujjatda barmoq izi dastxat qilib qoldirilgan bo‘lsa namuna hujjatlari ham shunday to‘planadi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan protokolga ko‘ra, xatshunoslik ekspertizasini o‘tkazishda ekspert namunalardagi quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishi lozim:

  1. Yozuv holati (Harflar to‘lqinlimi yoki ular tartibsiz va titroqlimi);
  2. Yozuvdagi so‘zlarning oraliq joylashuvi (So‘zlar teng joylashganmi yoki zichmi);
  3. Yozuv hajmining turg‘unligi (Balandlik va kenglik nisbati mos keladimi);
  4. Yozuvdagi ma’nolarning davomiyligi (Yozuv davomlimi yoki yozuv uzuq holatdami);
  5. Xatlarning bir-biriga ulanishi (Bosh va kichik xarflar bir-biriga ulanganligi);
  6. Xatlarning tugallanganligi (Xatlar to‘liq tugallanganmi yoki yozuvning yarmida kamchilik bormi?);
  7. Kursiv va bosma harflardan foydalanilishi (Xat qaysi harflar bilan yozilgan bosmami yoki kursiv yoki ikkalasi hammi?);
  8. Ruchkaning bosimi (Yuqori va pastga xarakatlanishda bosim bir xilmi);
  9. Yozuvning qiyaligi (Chap, o‘ng yoki turli xilmi);
  10. Chiziqdagi odatlar (Xat chiziqdami, undan tepadami yoki pastdami?);
  11. Yozish uslubi (Matnda jingalak yoki ilmoq belgilar mavjudmi );
  12. Tutuq, ayiruvchi va tinish belgilarining ishlatilishi (To‘g‘ri joylashganmi yoki noto‘g‘rimi).

Vakolatli organlar tomonidan yuqoridagi jihatlarni alohida inobatga olinib materiallar to‘planadi.

Xitoy tajribasi

Xitoy davlat tajribasiga ko‘ra, sud-tergov organlariga qulayliklar yaratish maqsadida oddiy qo‘l yozuvi, shartli o‘zgaruvchan qo‘l yozuvi, niqoblangan qo‘l yozuvi, taqlid qilingan qo‘l yozuvi, imzo qo‘lyozmasi va raqamli qo‘l yozuvi bo‘yicha alohida standartlar va talablar belgilangan.

Asosiy namuna yoki maxsus namuna bo‘lishidan qat’i nazar, u standartlarga mos kelishi kerak, ya’ni namunada ortiqcha argumentlar bo‘lmasligi, barqaror identifikatsiya effektlari mavjud bo‘lishi, identifikatsiyalash uchun yaroqlilikning yuqori aniqlik darajasi, ekspert tekshiruvi uchun mos va shaxs o‘zi bergan namunadan identifikatsiyalashda foydalanishga rozi bo‘lishi kerak (jinoyat bo‘yicha ishlar bundan mustasno).

Sud-tergov organlari tomonidan namunalarni olishda quyidagi beshta asosiy texnik ko‘rsatkichni e’tiborga olishi lozim:

– tekshirilayotgan hujjatining o‘ziga xos xususiyatlari;

– tekshirish materiali va olingan namunaviy hujjat o‘rtasidagi o‘xshash xususiyatlarning miqdori va sifat jihatdan mos kelishi;

– tekshirish materiali va olingan namunaviy hujjat o‘rtasidagi turli xil xususiyatlarning miqdori va sifati jihatdan mos kelishi;

– tekshirish materiali va namunaning o‘xshash va farqli xususiyatlarining tabiati;

– tekshirish materiali va namunaning o‘xshash va farqli xususiyatlarning umumiy holati.

Yuqoridagi 5 ta asosiy texnik ko‘rsatkichlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bir birisini to‘ldirib turadi.

Sud-ekspertlik ilmiy tadqiqot
instituti bosh ilmiy xodimi

S.Kudratov

Toshkent davlat yuridik universiteti
4-kurs talabasi U.
 Otaboyev

Skip to content