SUD PSIXOLOGIK EKSPERTIZASI VA U HAL QILADIGAN MASALALAR

  O‘zbekiston Respublikasida sud psixologik ekspertizasi huquqiy jihatdan JK, JPK, FPK, va O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solingan. Ushbu kodekslarda tegishliligi bo‘yicha sud ekspertizasining tayinlanish asoslari, sud ekspertiga qo‘yiladigan malaka talablari, ekspertning huquqlari, ekspertning majburiyatlari va javobgarligi belgilangan.

   Sud-psixologik ekspertizasining asosiy vazifalaridan biri – guvoh, ayblanuvchi, hamda jabrlanuvchilarning o‘ziga xos psixik faoliyati bo‘yicha haqiqatni aniqlash imkoniyatini berish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yangi dalillarni maxsus psixologik bilimlar asosida olishdan iboratdir.

   Sud-psixologik ekspertizasining maqsadi sud jarayonida ma’lumotlarga oydinlik kiritish maqsadida ma’lum bir harakatni amalga oshirishda shaxsning psixologik holatini aniqlashdir.

     Sud-psixologik ekspertizasining obyekti – huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan vaziyatlarda subyektning (ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, da’vogar, javobgar) aqliy faoliyatini aniqlashdir.

   Sud-psixologik ekspertizalarning predmetini tekshirilayotgan shaxsning emotsional holatiga bog‘liq bo‘lgan, somatik mavqei, yoshi va psixofiziologik imkoniyatlari, shuningdek shaxsiy jihatlari hisobga olingan holda, yuridik ahamiyatga va muayyan huquqiy oqibatlarga olib kelgan psixik faoliyatining individual xususiyatlari va amalga oshish qonuniyatlari tashkil qiladi.

   Shu o‘rinda Sud-psixologik ekspertizasini tayinlashga taalluqli bo‘lgan holatlarni bayon etadigan bo‘lsak, sudda yoki sudgacha quyidagi holatlarda psixologik ekspertiza tavsiya etilishi nazarda tutiladi:

  1. Shaxsning yosh davriga ko‘ra psixik rivojlanishdan ortda qolishini, ya’ni psixik va aqliy rivojlanish darajasi yoshiga nisbatan mos adekvat yoki mos adekvat emasligini aniqlash zaruriyati tug‘ilgan hollarda;
  2. Jinoyatning sodir etilishiga sabab bo‘luvchi, jamiyat tomonidan qabul qilingan axloq me’yorlariga zid xulq namoyon bo‘lgan yoki kuchli psixik hayajonlanish holatining yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi ayrim omillar ko‘zga tashlanish holatlarida;
  3. O‘z xatti-harakatining ahamiyati va axloqiy mohiyatini tushunib yetmaslik holatining mavjudligi haqida shubha paydo bo‘lgan paytda;
  4. Ayblanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlik beruvchining berayotgan ko‘rsatmasi uning xarakter xususiyatiga to‘g‘ri kelmayotganligiga shubha paydo bo‘lgan holatlarda;
  5. Ayblanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning shaxs va individual-psixologik xususiyatlarini, yosh va aqliy rivojlanish darajasiga ko‘ra sodir etilgan jinoiy harakatning mohiyatini, oqibatini tushunish va aniq, baholay olish hamda to‘g‘ri ko‘rsatma bera olish layoqatiga ega ekanligini oydinlashtirishda;
  6. Jabrlanuvchining jinsiy munosabatlarga bog‘liq jinoyat mazmun va mohiyatini to‘g‘ri idrok qila olish qobiliyatini aniqlashda;
  7. Voyaga yetmagan yoshdagi ayblanuvchining psixik xastalikka bog‘liq bo‘lmagan holdagi aqliy qoloqlik (psixik rivojlanishdan ortda qolish) xususiyatiga ko‘ra o‘z xatti-harakatlariga javob bera olish qobiliyatini aniqlash zaruriyatida;
  8. Jinoyat sodir etilish jarayonida ayblanuvchi ongiga ta’sir etuvchi fiziologik affekt yoki boshqa hissiy holatlarning mavjudligini aniqlash maqsadida;
  9. Kishining o‘z joniga qasd qilish (suitsid) jarayonidagi psixik holatini tadqiq etish maqsadida;
  10. Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni hal qilishda bolaning emotsional bog‘liqlik darajasini aniqlashda psixologik ekspertiza o‘tkazish tavsiya etiladi.

   Shuningdek, sud-psixologik ekspertiza jinoyatning sodir etilish jarayonida shaxsning psixologik xususiyatlarini, jinoiy xatti-harakatning psixologik mazmunini, sodir etilgan jinoiy harakatga nisbatan ayblanuvchi yoki jabrlanuvchining xatti-harakat, maqsad va motivini aniqlashda ham qo‘llanilishi mumkin.

   Yuqorida sanab o‘tilgan ekspertiza tayinlash tavsiya qilinadigan holatlarda psixolog ekspert tomonidan validligi va ishonchliligi yuqori bo‘lgan metod va metodikalar o‘tkazish yordamida xulosa chiqariladi.

   Sud psixologik ekspertizasining maqsadi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda, jinoyatga jazoning muqararligini ta’minlashda va haqiqatni aniqlashda odil sudlovga ko‘maklashishdan iborat.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud
ekspertiza markazi Sud -lingvistik va psixologik
ekspertizasi bo‘limi ish o‘rganuvchi eksperti
Ibragimov Sardor Rustam o‘g‘li

Skip to content