Respublikamizda avtomobillashtirish jarayoni tez rivojlanayotgani yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash masalasini dolzarb qilmoqda. Bu masalani hal etishda huquqiy mexanizmlar sezilarli o‘rin egallaydi. Yo‘l-transport hodisalari holatlarini belgilashda maxsus bilimlardan samarali foydalanish alohida ahamiyatli. Shuning uchun sud-avtotexnika ekspertizalari ish holatlarini belgilash va odil sudlovni amalga oshirishda muhim dalil vositasi hisoblanadi.
Yo‘l-transport hodisalari asosan quyidagi turlarga bo‘linadi:
– Piyodalarni urib ketish;
– Transport vositalarini to‘qnashishi;
– Transport vositalarini ag‘darilishi;
– Qo‘zg‘almas to‘siqlarni urib ketish;
– Nomexanik transport vositalarini urib ketish;
– Transport vositalaridan yo‘lovchilarning yiqilishi.
Transport vositasining texnikaviy holatini, voqea sodir bo‘lgan joydagi yo‘l vaziyati va voqea ishtirokchilarining harakatini, shuningdek, voqea yuz berishiga sababchi bo‘lgan holatlarni belgilab beruvchi, yo‘l-transport hodisasining mexanizmi (jarayoni) bilan bog‘liq bo‘lgan haqiqiy ma’lumotlar avtotexnika tadqiqotining predmeti hisoblanadi.
Sud-avtotexnika ekspertizasi o‘z o‘rnida bir necha turga bo‘linadi. Har bir turi o‘ziga xos predmeti, ob’ektlari, tadqiqot usullari va ekspertizaga taqdim qilinishi zarur bo‘lgan materiallar to‘plami bilan ajralib turadi. Shularni hisobga olib sud-avtotexnika ekspertizasi quyidagi turlariga bo‘linadi:
– Yo‘l-transport hodisasi holatlari ekspertizasi.
– Transport vositasining texnikaviy holati ekspertizasi.
– Transpor vositasi va yo‘l-transport hodisasi joyidagi izlari (transport-izshunoslik) ekspertizasi.
– Avtomobil yo‘llar ekspertizasi.
Barcha turdagi sud-avtotexnika ekspertizalari uchun quyidagilar tadqiq qilinadigan ob’ektlar jumlasiga kiradi:
– yo‘l-transport hodisasi ishtirokchisi bo‘lgan avtotransport, elektrotransport, traktor va boshqa o‘zi yurar mexanizmlar (moslamalar).
– yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan yo‘l, dala, hovli, shuningdek transport harakatlanadigan boshqa joylar.
– yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq bo‘lgan ashyoviy dalillar va jinoiy ish hujjatlari (materiallari).
Avtotexnika sohasidagi ekspertlar tomonidan, shuningdek, transport vositalari va ularning ehtiyot qismlarini baholash ekspertizasi ham o‘tkaziladi. Ushbu ekspertiza xususan avtotexnika ekspertizasi bo‘lmasa ham, uni o‘tkazish uchun avtomobil texnikasi sohasida bilimlar salmoqli o‘rin egallaydi.
Sud avtotexnika ekspertizasi xodisa jarayoni yoki uning alohida tomonlarini tadqiq qilishga karatilgan. Ushbu ekspertiza predmetini yo‘l-transport xodisasining faktik (haqiqiy) holatlarini tashkil qiladi.
Sud avtotexnika ekspertizasi vazifalariga quyidagilar kiradi:
– transport vositasining harakat tezligini aniqlash;
– transport vositasini to‘xtatish va to‘xtash masofalarini aniqlash;
– yo‘l-transport xodisasining turli vaqtlarda transport vositalarining o‘zaro yaqinlashib kelish holatlarini aniqlash;
– Transport vositasi ma’lum masofani bostb o‘tish uchun sarflaydigan vaqtini aniqlash;
– ekspertning maxsus bilimlari yordamida (xisoblar, tajriba o‘tkazish yoki modellashtirish) yo‘l-transport xodisasi (to‘qnashuv, urib ketish, ag‘darilish va hokoza) ning oldini olish uchun xavf tug‘ilgan vaqtini aniqlash;
– haydovchining yo‘l-transport xodisasini bartaraf etish uchun oxirgi imkoniyati qolgan vaqtda transport vositasi bilan xodisaning ikkinchi ishtirokchisini o‘zaro (masofa bilan ifodalanuvchi) holatlarini qanday bo‘lganligini aniqlash.
Yo‘l-transport xodisasi ishtirokchilarining harakatini quyidagi maqsadlarda tadqiq qilish:
– mazkur vaziyatda harakat xavfsizligining texnik talablariga va transportdan foydalanish qoidalariga muvofiq xodisa ishtirokchilari qanday harakat qilishlari lozimligini;
– haydovchi xavfsizlikni ta’minlash uchun ushbu vaziyatda qanday harakat qilishi lozimligini;
– harakati uchun xavf tug‘ilganda haydovchining qanday harakatlari yo‘l-transport xodisasini bartaraf etilishiga olib kelishini va bu harakatlar yo‘l harakati qoidalarining qaysi bandlarida nazarda tutilganligini;
– xaydovchining yo‘l harakati qoidalarining tegishli talablarini bajarish uchun texnikaviy imkoniyati bor yo‘qligini;
– haydovchining tergov organi tomonidan aniqlab berilgan xafli vaziyat paydo bo‘lgan vaqtda transport vositasi tezligini kamaytirish yo‘li bilan yo‘l-transport hodisasini oldini olish uchun texnik imkoniyati bor yo‘qligini;
– haydovchining transport vositasini boshqarish bo‘yicha harakatlari texnikaviy dastlabki ma’lumotlar asosida hamda ob’ektiv konuniyatlarini hisobga olgan holda kelib chiqqan oqibatlarining texnik tomoni o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish bor yo‘qligini;
Yo‘l-transport xodisasi ro‘y bergan joydagi vaziyatni ekspertiza tayinlagan idora vakili ishtirokida quyidagilarni aniqlash maqsadida tekshirish:
– transport vositalari yoki boshqa ob’ektlar harakatiga ta’sir etuvchi parametr va koeffitsientlarni (ishqalanish, sekinlashish, harakatga qarshilik) qiymatlarini;
– yo‘ldagi holat va voqea joyini ko‘zdan kechirish natijalariga ko‘ra haydovchi o‘rindig‘idan oldi va yon-atrofni ko‘rish sharoitini;
– yo‘l-transport xodisasidan oldin mavjud bo‘lgan yo‘ldagi sharoitga tegishli vaziyatlarning xodisa kelib chiqishiga sababchi bo‘lganligi yoxud bo‘lishi mumkinligini.
Yo‘l-transport xodisasini oldini olib qolish masalasini faqat tergov idorasi yoki sud tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida aniqlash bilan cheklanmay, ekspert o‘zi o‘tqazgan tadqiqotlar natijasida aniqlangan ma’lumotlar va maxsus bilimlar asosida xulosa holatlarini bir nechta variantlar bo‘yicha tadqiq qilishi mumkin. Bunday vaziyatlar xisoblab ko‘rilganda har xil yakunlar kelib chikkan taqdirda buning sabablarini tushuntirib berish lozim.
Sud avtotexnika ekspertizasini o‘tkazish uchun quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi:
– yo‘lning qatnov qismi va yoqa qismlari qoplami;
– qatnov qismining holati;
– qatnov qismi va yoqasining kengligi;
– hodisa sodir bo‘lgan joyida harakat qanday tashkil etilganligi;
– yo‘l belgilari mavjudligi va ularning joylashishi;
– yo‘lning oldi va yon tomonlaridagi ko‘rinish masofalari;
– transport vositasining texnik holati;
– transport vositasining yuklanish darajasi;
– tormoz izlari yoki transport vositasining harakatlanishini bildiruvchi izlar yo‘q bo‘lganda, uning harakat tezligi;
– transport vositasining harakatlanishni bildiruvchi izlar bo‘lganda, ularning uzunligi va transport vositasining qaysi g‘ildiraklaridan qoldirilganligi;
– xodisa sodir bo‘lgan nuqtaning yo‘l qatnov qismi chetlariga nisbatan joylashgan masofalari.
Transport vositasi piyodani ochiq, ya’ni piyodani ko‘rishga halaqit beruvchi to‘siq bo‘lmagan joyda urib yuborgan bo‘lsa, ekspert ixtiyoriga quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi:
– xaydovchining harakat uchun xavf tug‘ilgan vakti;
– harakat uchun xavf tug‘ilgandan so‘ng voqea joyigacha qancha masofani qanday tezlik bilan yoki qancha vaqt ichida bosib o‘tganligi;
– piyodaning voqea joyigacha qarab harakatlanishidan oldingi harakatlarining tafsiloti;
– transport vositasining voqeadan keyin to‘xtagungacha bosib o‘tilgan masofasi;
– transport vositasining qaysi qismi bilan piyodani urganligi, agar oldi qismidan boshqa joyi bilan urgan bo‘lsa, oldi qismidan to‘qnashuv sodir bo‘lgan qismigacha bo‘lgan masofasi;
– transport vositasi yo‘lning qatnov qismi chetlaridan qancha masofada harakatlanganligi;
– agar harakatdagi piyoda harakat tezligini yoki yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lsa yoki to‘xtasa, har bir tezlik bilan bosib o‘tilgan masofalar haqidagi ma’lumotlar bo‘lmasa, har bir tezlikda harakatlangan va to‘xtash vaqtlari;
Piyodaning bosib o‘tgan masofasi, tezligi va harakat vaqtini aniq bilish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyda ko‘rsatmalarni tekshirish, tergov eksperementlarini o‘tkazish tavsiya etiladi. Bu masalada piyodalarning harakat tezliklari haqidagi jadvallar haqiqiy ma’lumotlarni bermasligi mumkin. Agar piyoda to‘siq orqasidan chiqqan bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tilgan ma’lumotlardan tashqari ko‘shimcha ravishda quyidagilar kerak bo‘ladi:
– to‘siqning qatnov qismiga nisbatan joylashishi, ya’ni qatnov qismidan necha metr chekkada uning qanchasini egallab turganligi:
– to‘siqning o‘lchamlari
– to‘siqdan piyodaning harakat yo‘ligacha bo‘lgan masofasi:
– to‘siq bilan transpor vositasining o‘rtasidagi yon oraliq masofasi:
Piyoda qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasi orqasidan chiqqan bo‘lsa, unda quyidagi ma’lumotlar kerak bo‘ladi:
– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasining harakat tezligi
– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasi yo‘l qatnov qismining chetlariga nisbatan qanday masofada harakatlanganligi
– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasining orqa qismidan harakatdagi piyodagacha bo‘lgan masofasi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markazining Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘limida ham sud avtotexnika ekspertizasi bo‘yicha sud, tergov organlarining ajrim va qarorlari asosida tadqiqotlar olib boriladi.
Shuningdek, avvakatlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida ham tadqiqotlar olib boriladi. Tadqiqotlar uchun haq miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2023-yil 24-mart kunidagi 61-um-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida o‘tkaziladigan tadqiqotlar uchun haq miqdorlarini tasdiqlash haqida” buyrug’i bilan tasdiqlangan miqdorlar asosida, tadiqotlarning murakkabligidan kelib chiqib, belgilanadi.
Bo‘limda olib boriladigan tadqiqotlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2023-yil 10-apreldagi 72-um-sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g’risida”gi Nizom asosida olib boriladi.
Xadicha Sulaymanova nomidagi
Respublika sud ekspertizasi markazi
Qoraqalpogiston Respublikasi
bo‘limi eksperti H.G’.Sultanov