Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 17-yanvar 2019-yildagi 4125-sonli “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida “Ilmiy tadqiqotlar natijalarini sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etish, sud ekspertizalarini oʻtkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishi etib belgilansin. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalari Markazning tegishli boʻlim va laboratoriyalariga biriktirilsin” deb belgilab qoʻyilgan. Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalarni bajarish, sud-ekspertlik faoliyatini jadal rivojlanishiga, ushbu soxaning jahon sud ekspertizasidan ortda qolmagan xolda oldinga qadam bosishiga katta imkon yaratadi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Bugungi kunda, Yongʻinlar boʻyicha tergovga qadar tekshiruv ishlarni, tergov xarakatlarini olib borishda, shu ishni olib borayotgan organ xodimlari tomonidan, ularni sabablarini aniqlashga, oqibatlarini oʻrganishga qaratilgan masalarni hal etishda turli soxa ekspertlarini kimyogarlar, elektrotexniklar, quruvchilar, metallshunoslar, yongʻin va portlash texnik kabi ekspertlar maxsus bilimidan foydalanadilar.
Ekspert – Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxs ekspert sifatida chaqirilishi mumkin.
Sud yongʻin texnikaviy ekspertizasi amaliyoti Respublikamizda sodir boʻlayotgan yongʻinlarning davlatimizga, fuqarolarga juda katta zararlar yetkazayotganligini koʻrsatmoqda.
Sud-yongʻin-texnikaviy ekspertizasi, sodir boʻlayotgan yongʻinlarning kelib chiqish sabablari turlicha ekanligini, ular asosan uchga boʻlib oʻrganish mumkinligini taʼkidlaydi. Bular: ehtiyotsizlik oqibatida sodir boʻladigan yongʻinlar, qasddan sodir etiladigan yongʻinlar va kuchli tabiat hodisalari oqibatida sodir boʻladigan yongʻinlardir.
Bular orasida, qasddan sodir etiladigan yongʻinlar kamchilikni tashkil etmaydi.
Oʻzbekiston Jinoyat kodeksida mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazilganda jinoiy javobgarligi belgilab qoʻyilgan.
JKning 173-moddasi. Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish.
Oʻzganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ancha miqdorni tashkil etsa,
—bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari, yohud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) millatlararo yoki irqiy adovat yohud diniy taassublar zamirida;
b) atrofdagilar uchun xavfli usulda;
v) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa,
— bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan u,ch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsning yoki uning yaqin qarindoshlarining mulkiga nisbatan;
b) uyushgan guruh va uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yohud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.
Yongʻin bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish, sudda koʻrish jarayonilarida, adolatni taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, odil hukm chiqarish uchun sud yongʻin texnikaviy ekspertizasiga murojaat qilinadi.
Yongʻin texnikaviy ekspertizasini oʻtkazishda quyidagi xujjatlarni taqdim etilishi zarur boʻladi:
a) Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi qaror. Oʻzbekiston respublikasining Sud ekspertizasi toʻgʻrisidagi qonunining 17-moddasida Sud ekspertizasini oʻtkazish asoslari va muddatlari belgilab berilgan.
Surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi, sud ekspertizasini oʻtkazish asoslaridir. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran tayinlangan hisoblanadi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tekshirishlarni oʻtkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur boʻlgan tekshirish obyektlari hamda ish materiallarini taqdim etadi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tekshirish uchun namunalar oladi va ularni protsessual qonunda belgilangan tartibda ishga qoʻshib qoʻyadi. Zarur hollarda, bunday namunalarni olish sud ekspertizasini oʻtkazish topshirilgan sud eksperti yoki mutaxassis ishtirokida amalga oshiriladi.
Agar tekshirish uchun namunalar olish tekshirishlarning bir qismi hisoblansa va sud ekspertizasiga taqdim etilgan tekshirish obyektlaridan foydalanilgan holda sud eksperti tomonidan amalga oshirilsa, sud ekspertizasi tugallanganidan keyin mazkur namunalar uni tayinlagan organga (shaxsga) yuboriladi yohud qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat sud-ekspertiza muassasasida, agar sud ekspertizasi ushbu muassasada oʻtkazilgan boʻlsa saqlanadi. Sud ekspertizasi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.
b) Voqea joyini koʻzdan kechirish bayonnomasi. Ushbu protsessual hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Protsesual Kodeksining 135-141-moddalarida koʻrsatilgan talablarga asosan koʻzdan kechirilib, tuzilgan boʻlishi, koʻzdan kechirish jarayonida binoning yongʻinga bardoshliligi, kurilish-konstruksiyalari, binoning oʻlchamlari, hodisa sodir boʻlgan joydagi barcha jihoz buyumlarni qay holatdaligini, elektr qalqoni, saqlagichlari va elektr hisoblagichning oʻrnatilgan joyi, xonalardagi elektr tarmoqlarining holati, elektr rozetka, vilka va ularga ulangan (televizor, muzlatgich, konditsioner, dazmol, isitgich, har-xil apparaturalar va hokazo) elektr yuklamalarining ulangan va joylashtirilgan joylari, elektr simlarining holati, gaz plitasi, isitgich, uning tutun chiqish yoʻllari koʻrsatilgan boʻlishi va ushbu joyda qaysi joyda yongʻin koʻproq boʻlgan, qaysi joyida yongʻinning markazi alomatlari borligiga eʼtibor berilishi va ashyoviy dalillar olingan joylar koʻrsatilishi zarur.
v) Yongʻin joyining chizmasi. Ushbu hujjatda hodisa joyining umumiy chizmasida tekshirilayotgan obyektning oʻlchamlari, imorat, binoning oʻlchamlari, geografik tomonlari (shimol, janub,…) koʻrsatiladi, honadagi bor narsalarning joylashish tartibi va ashyoviy dalillar olingan joylar koʻrsatiladi.
g) Yongʻin joyining elektr chizmasi. Elektr chizmasida elektr tarmogʻining stolbadan tortib, binoning ichi boʻylab elektr simining tarmoqlanishi, elektr montaj qanday simda amalga oshirilganligi, tarmoqqa ulangan elektr yuklamalarining ulangan joylari koʻrsatilishi zarur.
d) “Yongʻin hakida dalolatnoma” Ushbu hujjat Davlat yongʻin nazorati inspeksiyasi komissiya ishtirokida tuzilgan hujjat boʻlib, bunda, yongʻinning payqalgan, xabar berilgan, sodir boʻlgan va oʻchirilgan vaqti, yongʻin joyiga kelinganda nima yonayotgan boʻlganligi, yongʻinning oʻchirilgan vaqti va taxminiy sababi koʻrsatilishi zarur.
e) Tuman elektr taʼminoti korxonasidan maʼlumotnoma. Ushbu hujjatda yongʻin kuni, yongʻingacha, elektr tarmogʻida kuchlanishning kamayib yoki koʻpayib ketish hollari va avariya holatlari boʻlgan yoki boʻlmaganligi koʻrsatilishi zarur.
j) Tuman gaz idorasidan maʼlumotnoma. Ushbu hujjatda yongʻin kuni, yongʻingacha, gazning bosimi qanday boʻlganligi va tarmoqda avariya holatlari boʻlgan yoki boʻlmaganligi koʻrsatilishi zarur.
z) Gidrometeorologiya hizmatidan maʼlumotnoma. Ushbu xujjatda yongʻin kuni, yongʻin vaqtigacha boʻlgan shamolning yoʻnalishi, tezligi, yogʻingarchilik, momaqaldiroq kabi tabiat hodisalarining boʻlgan yoki boʻlmaganligi koʻrsatilishi zarur.
i) Yongʻinni birlamchi koʻrgan shaxslar, guvoh, jabrlanuvchi, ayblanuvchining tushuntirish xatlari. Unda, yongʻin boshlangan joyi, vaqti, boshlangʻich tutun chiqqan joy va uning rangi, kuchli yongan joy, spetsifik hidlar sezilganligi yoki yoʻqligi, yongʻinning tarqalishi qanday kechganligi, birdaniga alangalanish yoki portlash boʻlgan boʻlmaganligi, shamolning yoʻnalishi, deraza va eshiklarning ochiq yoki yopiqligi, yongʻin sodir boʻlishi oldidagi holatlar: shu joy atrofida elektr payvandlash, tamaki chekish, ochiq alangadan, gaz va elektr tarmogʻidan foydalanish, oʻz-oʻzidan yonishga moyil ashyo va moddalarning saqlanishi, shuningdek, elektr yuklamalarining oʻchgan yoki ulangan holatda boʻlganligi kabi maʼlumotlar boʻlishi zarur.
k) Yongʻin joyining fotosuratlari.
l) Yongʻin joyining videotasviri.
m) Davlat yongʻin nazorati inspektorining hulosasi;
n) Guvohlarni soʻroq qilish bayonnomalari;
o) Voqea joyidan olingan ashyoviy dalillarni olish bayonnomasi.
p) Yongʻin holatiga oid olingan ekspertiza hulosalari (ularning ishga ahamiyatliligiga qarab, sud kimyoviy, portlash texnikaviy, avtotexnikaviy va xakozo) olinishi mumkin.
Hamda ishga aloqador boʻlgan boshqa materiallar.
Shunday qilib, yongʻin holatini tekshirishda ekspert oldiga faqatgina yongʻin sababi va uning yuzaga kelishiga olib kelgan faktlar emas, balki baʼzida yongʻinga olib kelgan sharoitlarni yaratib bergan holatlarni aniqlash vazifasi xam qoʻyiladi. Ekspert tomonidan yongʻinning kelib chiqishiga taʼsir qilgan sabab va sharoitlarni oʻrganishda, har qanday kichik koʻringan detal eʼtibordan chetda qolishi kerak emas.
Xulosa qilib aytganda, ekspertiza uchun taqdim etilgan xujjatlarning va ashyoviy dalillarning toʻgʻri taqdim etilishi, ashyoviy dalillarni yuqorida koʻrsatilgan zamonaviy, yuqori sezgirli, yuqori aniqliklarga ega kriminalistik uskunalarda malakali ekspertlar tomonidan tadqiqot qilinishi va ular asosida tuzilgan xulosalar, odil sud hamda qonun ustivorligini taʼminlashda oʻz hissasini qoʻshadi.
Yong‘in-texnik ekspertizasi laboratoriyasi mudiri
Rustemov Yakubjan Kiyamovich