“Sud-ekspertlik faoliyati” tushunchasi O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunida aniq belgilab qo‘yilgan: “Sud-ekspertlik faoliyati- sud ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat”. Ushbu tushunchani mazmun-mohiyatini kenroq ma’noda talqin qilib, quyidagini ta’kidlash mumkin: sud-ekspertlik faoliyati — maxsus davlat sud-ekspertiza muassasalari va davlat muassasalarining bo‘linmalari, tegishli vakolatlarga ega boshqa korxona, tashkilot, muassasa (nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti), shuningdek boshqa jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan, sud ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4125-son qaroriga asoslangan holda, O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatining ikki turini ajratish mumkin:
1) davlat sud-ekspertlik faoliyati;
2) nodavlat sud-ekspertlik faoliyati.
O‘zbekiston Respublikasida davlat sud-ekspertlik faoliyati bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat Bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi va h.k.ning ekspertiza muassasa va bo‘limlari shug‘ullanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4125-son qaroriga asosan, nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan esa nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari shug‘ullanadi.
Mazkur qaror bilan respublikamizda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tashkil etilishi, ularga ayrim turdagi (44ta) sud ekspertizalarini o‘tkazish huquqi berilishi, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshirishi, ular kabi huquqlarga ega bo‘lishi, majburiyatlarni bajarishi va javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekistonda sud-ekspertlik faoliyati – ijtimoiy faoliyatning o‘ziga xos turi bo‘lib, bu xususiyat quyidagilarda namoyon bo‘ladi, ya’ni sud-ekspertlik faoliyati:
– nazariy va amaliy ilmiy bilimlarga asoslanadi;
– bilish, tadqiqot va izlanish xususiyatiga ega;
– jamiyat hayotining turli sohalariga oid o‘tkaziladi;
– amaldagi qonunchilikka va odob-ahloq qoidalariga mos uslub va uslubiyotlardan foydalanadi hamda ilm-fanning zamonaviy yutuqlariga asoslanadi;
– maqsadi – tadqiqot ob’ektlari, hodisalar va jarayonlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona, kompleks tadqiqotlaridan iborat, natijasi– yangi ma’lumotlarni olish va yakuniy xulosalarni (javoblar) shakllantirishdan iboratdir.
Ta’kidlash joizki, sud-ekspertlik faoliyati shaxs (odam, inson) faoliyatining ilmiy bilimlarga asoslangan o‘ziga xos maxsus turi bo‘lib, uning mohiyati — muayyan ob’ektlar (narsa), jarayon va hodisalarni, ilmiy asoslangan yakuniy xulosalar (javoblar) olish maqsadidagi, maxsus uslublar yordamida tadqiq qilishdan (tekshirish) iborat.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari hamda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining yutug‘i — mustahkam ilmiy baza, sud va tergov amaliyotining ehtiyojlarini inobatga olgan holda doimiy ravishda takomillashtirilib boriladigan ekspertlik tajribasi, xorijiy tajriba va uslubiyotlardan foydalanish, ekspertlarni xorijda tayyorlash va malakasini oshirish kabilardan iborat bo‘lishi lozim. Chunki aynan yuqoridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4125-son qarorida “Ilmiy tadqiqotlar natijalarini sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etish, sud ekspertizalarini o‘tkazish uslubiyotini takomillashtirish, sud ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” etib belgilandi.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida hamda ularning tarkibiy bo‘limlarda ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda, ilmiy-texnik taraqiyot yutuqlari doimiy ravishda tatbiq etiladi, ekspertizalarning yangi turlari joriy etiladi, tadqiqotlarning yangi ob’ektlari tekshiriladi, ob’ektlar tadqiqotlarining yangi uslub va uslubiyotlari zamonaviy texnik vositalardan qo‘llanilgan holda ishlab chiqiladi. Har bir muassasa va tashkilotda sud ekspertlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish hamda attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha maxsus xizmatlar faoliyat yuritadi, sud ekspertizalarini o‘tkazishni uslubiy ta’minlash nazorat qilib, ekspertiza laboratoriyalari va uslubiyotlari sertifikatsiyalanib boriladi.
Undan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi sohaviy protsessual qonunchilikka mos holda sud ekspertizalari tegishli vakolatlarga ega boshqa korxona, tashkilot, muassasa, shuningdek boshqa jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 174-moddasiga binoan “Sud-tibbiyot, sud-psixiatriya, sud-psixologiya, sud-avtotexnika, sud-iqtisodiy, kriminalistika ekspertizalarini faqat davlat sud-ekspertiza muassasalarining mutaxassislari, alohida hollarda esa, boshqa korxona, muassasa, tashkilotlarning mutaxassislari o‘tkazadi. Alohida hol ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda asoslantirilishi lozim”. Surishtiruvchi, tergovchi, sudning ekspert etib tayinlangan shaxsni chaqirish va uning ekspertiza o‘tkazishi to‘g‘risidagi talabi ushbu shaxs ishlayotgan korxona, muassasa yoki tashkilot rahbari uchun majburiydir.
O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatining mustaxkam huquqiy asosi, sud ekspertiza to‘g‘risidagi qonunchilik tizimi yaratilgan. Ushbu tizimga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, mazkur Qonun, O‘zbekiston Respublikasining sohaviy kodekslari va sud-ekspertlik faoliyatiga oid boshqa qonun va qonunosti hujjatlari kiradi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunida bu masala aniq belgilab qo‘yilgan, jumladan qonunning 2-moddasida: “Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi” deb belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatning, mamlakatda davlat tuzilishi va sud xokimiyati tizimini aniqlab beradigan, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi odil sudlovni, jumladan sud ekspertizalari sohasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplarini shakllantiruvchi asosiy Bosh Qonuni hisoblanadi.
Bu quyidagilar hisoblanadi: davlat tomonidan oliy qadriyat sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarining oliy qadriyat deb tan olinishi (13-modda), O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi (15-modda), barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi (18-modda), aybsizlik prezumpsiyasi (26-modda), shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joy daxlsizligining ta’minlashini (27-modda), o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish (44-modda) va boshqalar.
Bir qator konstitutsion prinsiplarga amal qilish bo‘yicha talablar mazkur O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuning 4-8–moddalarida qo‘shimcha mustahkamlab qo‘yilgan.
“Sud ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonun O‘zbekistonda sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi. Bu Qonun davlat sud ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari yoki boshqa tashkilot, korxona va muassasalarda sud ekspertizalarini tashkil qilish va o‘tkazish, davlat sud-ekspertiza muassasasi, boshqa tashkilot (nodavlat sud-ekspertiza tashqiloti) rahbarining hamda sud ekspertining huquq va majburiyatlari, sud-ekspertlik faoliyatini moliyalashtirish, tashkiliy, ilmiy-uslubiy va axborot bilan ta’minlash faoliyatlarini muvofiqlashtiradi.
Sohaviy protsessual qonunchilik sudda ishlarni ko‘rishning barcha turlari – fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy, jinoiy ishlarni ko‘rishda sud ekspertizalarini tayinlash va o‘tkazishni muvofiqlashtiradi. Bu kabi ijtimoiy munosabatlar quyidagilar bilan tartibga solinadi:
– O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi;
– O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksi;
– O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi;
– O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy-protsessual kodeksi;
– O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi kodeksi.
Sohaviy protsessual qonunchilik — harakatchan va rivojlanadigan huquqiy institutdir. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi va hayotga tatbiq etilishi bilan, O‘zbekiston Respublikasi sohaviy kodekslariga sud ekspertizalarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 1 iyundagi O‘RQ-250–sonli «Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingan. Sohaviy qonunchilikning ekspertizalarni tashkil qilish va o‘tkazishni tartibga soluvchi normalari mazmunida, sudda ishlarni ko‘rishning har bir turini o‘ziga xosligi va xususiyatlarini inobatga olgan holda, yuqorida ta’kidlangan har bir kodeksda aniq belgilab qo‘yilgan juda ko‘plab umumiy qoidalar mavjud. Yuqoridagi fikrlarga birgina O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksini misol qilib, bu masalani yoritish mumkin, bu kodeks sud ekspertizalarini tayinlash tartibi va asoslarini batafsil tartibga soladi (22-bob). Sudda ishlarni ko‘rishning turlarini muvofiqlashtiruvchi kodekslar ish uchun ahamiyatli holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni maxsus tekshirish orqali olish mumkin bo‘lganda, shuningdek kerakli ma’lumotlarni olish ekspertiza tayinlovchi shaxslar va organlarning barchaga ma’lum bo‘lgan va huquqiy vakolatlari doirasidan tashqarida bo‘lganda ekspertiza tayinlanishi zarurligiga asoslanadi. Shu bilan bir vaqtda, ekspertiza taiynlash tartibi har protsess turida o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Sud-ekspertlik faoliyatining huquqiy asosi tizimida, mamlakatimizda ushbu faoliyatni tashkiliy boshqarishni amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organlarining me’yoriy-huquqiy hujjatlari muhim o‘rin egallaydi. Ushbu huquqiy hujjatlarda mamlakatimizda sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha islohotlar yo‘nalishlari belgilab berilgan. Bu birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining Qarorlari, shuningdek idoroviy huquqiy hujjatlardir.
Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatlar barcha vazirliklar va idoralarda sud-ekspertizalarga oid qoida va talablarni yagona tizimga soladi.Sud ekspertlik-faoliyatini huquqiy asosi hisoblangan idoraviy hujjatlar sirasiga esa, tarkibida tegishli davlat sud-ekspertiza muassasalari va ekspertlik bo‘linmalari mavjud bo‘lgan ijro xokimiyati organlari tomonidan ishlab chiqiladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar sirasiga, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat Bojxona qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadigan va ushbu muassasalarda sud ekspertizalarni tashkil qili va o‘tkazishni tartibga soluvchi yo‘riqnomalar, buyruqlar, ko‘rsatmalar, nizomlar, shunindek idoralararo huquqiy hujjatlar kiradi.
Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasi ikkinchi qismiga binoan, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari milliy qonunchilikda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Addiya vazirligi
huzuridagi H.Sulaymonova nomidagi RSEM
Samarqand viloyat bo‘limi yetakchi eksperti
A.M.Djuraev