Sud avtotexnika ekspertizasida qanday masalalar hal etiladi? Unga qay tartibda murojaat qilish kerak?

-Sud avtotexnika ekspertizasi laboratoriyasida transport-izshunoslik, transport vositalarini texnik holatini tadqiqot qilish, transport-baholash va yo‘l-transport hodisalari mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiq qilish bo‘yicha ekspertizalar o‘tkaziladi.

-Transport-izshunoslik ekspertizasida transport vositalarining qaysi qismlari bilan dastlab to‘qnashganligi, necha marta to‘qnashganligi, transport vositalarining bo‘ylama o‘qlari orasidagi burchak kattaligi, to‘qnashuv vaqtida transport vositalari harakatda bo‘lgan yoki to‘xtab turganligi, transport vositalari orqaga harakatlangan yoki harakatlanmaganligi fakti, qaysi avtomobil yo‘nalishini o‘zgartirganligi, to‘qnashuv joyi kabi savollar hal etiladi;

-Transport vositalarining texnik holatini tadqiq etish ekspertizasida transport vositalarining harakat xavfsizligiga ta’sir etuvchi qism va agregatlarining texnik holati tekshiriladi, ya’ni rul boshqarmasi, tormoz tizimi, yoritish chiroqlari, yurish qismi, g‘ildiraklari soz yoki nosozligini aniqlash, nosozlik qachon vujudga kelganligini, ya’ni YTHdan oldinmi yoki YTH vaqtidagi. Agar nosozlik YTHdan avval vujudga kelgan bo‘lsa, uni haydovchi aniqlash imkoniyatiga ega edimi yoki yo‘qmi kabi savollar hal etiladi.

-Transport baholash ekspertizasida transport vositalarini va ularning alohida qism va agregatlarini bugungi kundagi bozor bahosi, transport vositalariga YTH natijasida yetkazilgan moddiy zarar miqdori, transport vositalarini tiklash uchun sarflanadigan xarajatlar miqdori aniqlanadi.

-Sud avtotexnika ekspertizasi bo‘yicha tadqiqotlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatiga binoan yoki tergovchi, prokuror, surishtiruvchining qarori va sudning ajrimi asosida o‘tkaziladi.

RSEMning Andijon viloyat bo‘limi 

davlat sud eksperti: S.I.To‘xtanazarov

Skip to content