Mamlakatimizda bozor munosabatlari rivojlanib borishi barobarida unga bog‘liq ravishda tovarlarning erkin bozordagi harakatini ta’minlovchi xizmat ko‘rsatish turlari xilma-xilligi ham o‘sib bormoqda. Huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, sud-tergov organlarining tovarshunoslikka oid bilimlarni qo‘llashiga ehtiyoj ortib bormoqda, iqtisodiy jinoyatlarni, mulkiy nizolarni sudda ko‘rib chiqishda ob’ektiv va qonuniy ish olib borish turli ob’ektlarning tovar sifatini baholashni talab etadi.
Shu sababli nizoli masalalarni odil sudlov orqali hal etish tovarshunoslik sohasiga oid maxsus bilimlardan foydalanishni talab etadi. Ish olib borishning samarasi ko‘p jihatdan mazkur ekspertiza imkoniyatlaridan qanchalik to‘liq foydalanilganligiga bog‘liq.
Bugungi hunda mol-mulkni bo‘lish, mulkni hisobdan chiqarish, mulkka zarar yetkazganlik yoki buzganlik uchun zararni qoplash, sifatsiz mahsulotlarni realizatsiya qilganlik bilan bog‘liq fuqarolik da’vo ishlarini ko‘rib chiqishda hamda tovarlarning bahosini aniqlashda tovarshunoslik bo‘limda ko‘plab ekspertizalar o‘tkazilib kelinmoqda.
Sud tovarshunoslik ekspertizasi va uning vazifalari haqida tushuncha.
Sud-tovarshunoslik ekspertizasini o‘tkazish doirasida hal etiladigan vazifalarni ikki guruhga ajratish mumkin:
1) tasniflovchi:
– xalq iste’moli mollarining namunalar, shartnomalar va boshqa tovarni yetkazib berish hujjatlari bilan tasdiqlangan texnik talablarga muvofiqligini (nomuvofiqligini) aniqlash;
– tovarning turga xosligini, miqdorini, hajmini, to‘plam tarkibini, iste’mol xossalarini, narxini, tovar belgisi mavjudligini, kuzatuv hujjatlari va boshqa hujjatlardagi ma’lumotlarni aniqlash;
– mahsulotlarning sifat tavsifi namuna sifatida keltirilgan boshqa mahsulotlarning analogik ko‘rsatkichlariga muvofiqligini aniqlash;
2) diagnostik:
– tovardagi sifat o‘zgarishini sabablari aniqlash va nuqsonlarning paydo bo‘lish xususiyatlarini (ular ishlab chiqarish bilan bog‘liqmi yoki foydalanish jarayonida paydo bo‘lganmi, tovarlar buzilishi) aniqlash;
– tovarning tutilishi, zararlanish, nuqsonlarni hisobga olgan holda tovar narxini aniqlash;
– yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash.
Mazkur sud-tovarshunoslik ekspertizasi masalalarini yechishda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, O‘zbekiston Respublikasi yagona milliy baholash standartlari, “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (AV. 10.04.2023-yil, №72 um) talablariga, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazida sud-tovarshunoslik ekspertizalarini o‘tkazish talablari va tartibiga muvofiq amalga oshirilib kelinmoqda.
Sud-tovarshunoslik ekspertizasining mohiyati, predmeti va ob’ektlari.
Sud-tovarshunoslik ekspertizasining mohiyati mahsulotlarning haqiqiy sifatini aniqlash uchun maxsus bilimlar vositasida ularning tovar (iste’mol) xususiyatlarini aniqlashdan iborat. Ishning aniq holatlarini aniqlash tovarshunos ekspertning imkoniyatlari hamda vakolatlari chegarasini belgilab beradi.
Tovarshunoslik ilmiy sohasida keltirilgan nazariy va uslubiy asoslar ob’ektning holatini uning iste’mol (tovar) xususiyatlari hamda sifatini o‘rganishni, shuningdek, atrof-muhit bilan o‘zaro aloqaga kirishish natijasida tovarning xususiyatlarida o‘zgarishlar paydo bo‘lgan aniq sharoitlarni o‘rganishni nazarda tutadi.
Ekspert tadqiqotining ob’ektlariga diagnostik vazifalarni hal etishda har qanday xalq iste’moli mollari (shu qatorda foydalanishdagi mahsulotlar ham) bo‘lishi mumkin, bevosita ob’ekt bo‘lib esa tovarning kelib chiqishini tavsiflovchi va tadqiqot jarayoniga muayyan klassifikatsiyalash xususiyatlarga kompleks xususiyatlarni kirituvchi, tovarlarni tashkil etuvchi sifat va miqdoriy birligining doimiy va barqaror belgilar tizimi (xususiyatlar yig‘indisi) hisoblanadi.
Bular:
– turli maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan mebel jihozlari va interer buyumlari;
tekstil, tikuv, trikotaj mahsulotlari (kiyim, shu jumladan, mo‘ynali, poyabzal, bosh kiyimlar);
bijuteriya (qimmatbaho bo‘lmagan metallardan, plastmassa, rangli shisha va sh.k.lardan tayyorlangan uzuklar, ziraklar, bilakuzuklar, kulonlar, munchoqlar, broshlar va h.k.);
-xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar;
– radio, video va teleapparatura;
– orgtexnika (ofis texnikasi) va komplektni tashkil etuvchi buyumlar;
– aloqa vositalari (statsionar va uyali aloqa telefonlari);
– tikuv, to‘quv, yozuv va hisoblash mashinalari, telefon apparatlari;
– musiqa asboblari;
– foto, kino, video apparatura, optiki predmetlari, soatlar;
– gilamlar, gilam mahsulotlari, yopinchiqlar, dasturxonlar, pardalar;
– idishlar va stolni tuzash buyumlari;
– attorlik, parfyumeriya va kosmetika tovarlari;
– maishiy tovarlar (elektr asboblar va anjomlar);
– xo‘jalik va uy-joy ashyolari, xo‘jalik va sport inventari;
– stol o‘yinlari: bilyard, shaxmat, shashka, fikrlashni o‘stirish uchun ta’lim o‘yinlar, domino, badminton, stol tennisi, narda va h.k..
– bolalar va kattalar o‘yinchoqlari;
– tasviriy san’at va amaliy bezak san’ati namunalari (antiqa buyumlardan tashqari), haykallar, haykalchalar, figuralar, dekorativ vazalar, panno, shkatulkalar, shamdonlar, patnislar, suvenir qo‘g‘irchoqlar, dekorativ gullar;
– kanselyariya tovarlari va yozuv anjomlari;
– sifat va miqdor ko‘rsatkichlari qayd etilgan hujjatlar va texnik pasportlar, fotosuratlar, chizmalar, bojxona deklaratsiyasi va tovarga oid hujjatlar;
– turli maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan jihozlar va ularning ehtiyot qismlari;
– ishlab chiqarish va texnologiya tarmoqlari;
– boshqaruv elementlari mavjud bo‘lmagan temiryo‘l transporti.
Sud – tovarshunoslik tadqiqoti ob’ektiga kirmaydigan tovarlar doirasi.
– zargarlik buyumlari (qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar);
– san’at namunalari (antikvariat, kartinalar va h.k.);
– intellektual mulk namunalari);
– qimmatli qog‘ozlar (aksiyalar);
– mulk huquqi;
– dori vositalari, giyohvand moddalar, biologik faol qo‘shimchalar; va h.k.
– ximikatlar;
– bino konstruksiyasini tashkil qiluvchi qurilish mollari;
– avia-, avto, dengiz, harbiy transport, harakatlanish vositalari va ularning ehtiyot qismlari;
– hayvonlar va qushlar.
Tovarshunoslik ekspertizasi vazifalarini hal etishning asosiy sharti ob’ektning xususiyatlari va o‘ziga xos jihatlari majmuini o‘rganish, shu jumladan, asos xomashyo va materiallar, mahsulot tuzilishi, foydalanish jarayonida o‘zi mo‘ljallangan foydalanish maqsadi talablariga javob berishi.
Sud-tovarshunoslik ekspertizasining imkoniyatlari mutlaqo yangi tadqiqot metodlari va texnik vositalar, yangi ob’ektlarni o‘rganish va hal etilishi lozim bo‘lgan savollar doirasini kengaytirish hisobiga yangi xususiy metodikalarni yaratish yo‘li bilan kengaytirilishi mumkin. Shu sababli keltirilgan metodlar tovarlar qiymatini aniqlashning imkoni bo‘lgan barcha sud-tovarshunoslik ekspertizalarini istisno qilmaydi, sababi har bir holatda ishning aniq holatlari va o‘ziga xosliklariga bog‘liq bo‘ladi.
Yuqorida sudga oid tovarshunoslik ekspertizasi, uning moxiyati, vazifalari va o‘tkaziladigan tadqiqotlar yuzasidan fikr yuritildi. Ushbu soxaning odil sudlovni amalga oshirish, tergov jarayonlarida ish uchun axamiyatli xolatlarni aniqlashda nechog‘li axamiyat kasb etishi ayni xaqiqatdir. Jumladan, Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida o‘tkazilayotgan sud-tovarshunoslik ekspertizalarining soni yildan yilga ortib borayotganligi fikrimizning yaqqol isbotidir. Ushbu ekspertiza turi turli xolat va xar xil toifadagi ishlar bo‘yicha xaqiqatni qaror topishida, qonunbuzarliklarning oldini olishda katta yordam bermoqda.
Ekspert xulosalari, ilmiy ma’lumotlar va ilmiy texnika yutuqlariga asoslangan xolda yuqori saviyada bajariladi, hamda huquq targ‘ibotning buzilishiga sabab bo‘lgan xolatlarni aniqlashda, ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni bergan xolda amalga oshiriladi.
Yildan-yilga sud-tovarshunoslik ekspertizasiga bo‘lgan talabning ortib borayotganligi, sud tovarshunoslik ekspertizasining xal etadigan masalalari va ob’ektlari doirasining tobora kengayishiga olib kelmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida ushbu soxaning yanada takomillashtirilishi zarurligidan dalolat bermoqda.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining
sud-tovarshunoslik ekspertizasi bo‘limi eksperti, 3-darajali yurist
S.Sh.Abduvaitov