Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi sohasida inson biologik namunalardan genetik maʼlumotlarni olish bir necha bosqichli tadqiqot jarayonlardan iborat boʻlib, tadqiqotlar natijasida son koʻrinishini ifodalovchi genetik profillar aniqlanadi. Ushbu aniqlangan maʼlumotlarni toʻgʻri tahlil qilish, mukammal matematik hisob kitoblarni olib borish, biologik qarindoshlik va identifikatsiya darajalarini toʻgʻri aniqlash va ekspertiza xulosasini tushunarli va sifatli rasmiylashtirish ekspertdan juda katta tajriba hamda mahorat talab qiladi. Albatta olingan maʼlumotlarni informatsion texnologiyalar yutuqlaridan foydalanib, maxsus hisob kitobni amalga oshiruvchi dasturlar yordamida tahlil qilish mumkin va aksariyat holatlarda ekspertlar aynan shunday yoʻl tutishadi.
Asosan tadqiqot jarayonlari qoʻyidagi tartibda amalga oshiriladi: Ekspert unga topshirilgan materiallarni oʻrganib chiqib, qoʻyilgan savollardan kelib chiqib ashyoviy dalillarni koʻzdan kechiradi, biomateriallar mavjud sohalaridan namunalar oladi, ushbu olingan namunalardan DNK ajratish jarayonini oʻtkazadi, ajratilgan DNKni miqdoriy va sifat tahlilini oʻtkazadi, DNKning miqdori va sifatidan kelib chiqib, uni suyultirish, qayta tozalar, konsentratsiyasini oshirish ishlarini amalga oshiradi, DNKning maxsus uchastkalarni turli xil PZR toʻplamlaridan foydalanib amplifitsasiyasini oʻtkazadi, genetik analizatorda fragment tahlilini oʻtkazadi, maxsus dasturiy taʼminot (GeneMapper)da genetik profillarni aniqlaydi. Aniqlangan genetik profillarni spektrogramma koʻrinishida soʻrat shaklida yuklab oladi va laboratoriya genetik maʼlumotlar bazasiga qoʻlda, birma-bir genetik profilning har bir uchastkasi kiritadi. Shundan soʻng hisob kitob ishlari amalga oshiriladi, yaʼni agar bu biologik qarindoshlik masalasi boʻlsa, misol uchun otalik faktini aniqlashda, ota, ona va bola, baʼzan ota va bola genetik profillari bazadan tanlab olinib, analiz qismiga oʻtkaziladi va biologik qarindoshlik darajasi aniqlanadi.
Barcha maʼlumotlar aniqlanib boʻlgandan soʻng ekspert oʻz xulosasini rasmiylashtirishni boshlaydi. Ekspert belgilangan tartibga binoan ekspertiza xulosasiga ekspertiza tayinlangan organ, olib borilayotgan fuqarolik yoki jinoyat ishi, qoʻyilgan savollar, ekspertizada namunalari tadqiq qilingan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni birma-bir kiritadi. Namunalarni koʻzdan kechirish jarayonini bayon etadi, genetik maʼlumotlar natijalari jadvalini toʻldiradi, oʻzaro qiyosiy tahlil hamda sintez natijalarini izohlaydi, qoʻyilgan savollarga javob beradi, genetik profillar hamda fotosuratlarni ilova qiladi.
Ekspertiza xulosasini rasmiylashtirish jarayonida diqqatni oshirish talab etiladi. Koʻzdan yiroqda qolgan arzimagan texnik xato ham, ekspertiza xulosasini notoʻgʻri talqin qilinishiga olib kelishi mumkin. Lekin baʼzan, juda katta eʼtibor berilgan taqdirda ham texnik xatoliklar uchrab turadi. Bu aslida yuklama yuqori boʻlgan holatlarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Bu kabi muammolarni oldini olish uchun, ekspertiza xulosalarini rasmiylashtirishda inson faktorini minimallashtirish lozim. Yaʼni, shunday bir dasturiy taʼminot ishlab chiqilishi lozimki, ushbu dastur genetik analizator natijalarini tahlil qiluvchi dasturiy taʼminotdan genetik maʼlumotlarni elektron tarzda yuklab olish, undagi maʼlumotlarni toʻgʻri tahlil qilib, biologik qarindoshlik darajasini hisoblash, biologik qarindoshlik inkor etilgan holatlarda qaysi lokuslarida farq mavjudligi koʻrsatish, maxsus uchastkalar toʻldirilganda ekspertiza xulosasini dasturiy taʼminotning oʻzi avtomat shaklda rasmiylashtirish imkoniyatiga ega boʻlsin.
Albatta, bu muammoni yuqori malakali dasturchilar yordamida hal etish mumkin. Ammo, har bir ekspert uchun juda qulay va tanish boʻlgan Microsoft Exel dasturida VBA makroslari yordamida ham ushbu turdagi masalalarni hal qilish imkoni mavjud.
Shunga koʻra DNAraportuz nomli dastur ishlab chiqildi. Dasturda toʻldirilishi lozim boʻlgan 22 ta kataklar mavjud. Ushbu kataklarning aksariyati faqat katakni 2-marta bosganda ochiladigan oynadagi roʻyxatdan tanlash orqali toʻldiriladi. Dasturdagi maydonlarni toʻldirish 5-6 daqiqa vaqt talab qiladi. Barcha sohalar toʻldirilgandan soʻng hujjat rasmiylashtiriladi. Yaʼni tayyor holatdagi ekspertiza xulosasi Microsoft Word dasturi orqali ochiladi.
Dastur quyidagi koʻrinishga ega
A va V ustunlari mavjud. V ustunida toʻldirilishi lozim boʻlgan kataklar mavjud, A ustunida aynan qandan maʼlumotlar kiritilishi misollar bilan keltirilgan.
Avvalambor dastur ochilganda undagi eski ekspertiza maʼlumotlarini oʻchirib tashlash uchun “maʼlumotlarni oʻchirish” tugmasi bosiladi. Keyin genotipni yuklash tugmasi bosiladi va ochilgan oynada kompyuterni xotirasiga yoki fleshkartaga saqlangan “GeneMapper” dasturidan yuklab olingan tekst fayl tanlanadi. Tekst fayldagi obyektlar nomlari, genetik maʼlumotlar, toʻplam nomi, lokuslar haqidagi maʼlumotlar dasturga yuklanadi. Ushbu maʼlumotlardagi kamchiliklarni “boʻsh kataklarni toʻldirish” va “boʻsh kataklarni toʻldirish2” tugmalarini bosib toʻgʻirlanadi. Soʻng “obyektlarni yuklash” tugmasi bosiladi.
Keyingi etapda dasturning “V” ustunidagi toʻldirish zarur boʻlgan maydonlari toʻldiriladi. Buning uchun birinchi navbatda ekspertiza shabloni tanlanadi (shablon yozilishi zarur boʻlgan katak 2-marta bosiladi va ochilgan oynadagi roʻyxatdan shablon tanlanadi, shablonlar bir biridan asosan farzandlar soni, qoʻyilgan savollar bilan farq qiladi), ekspert tanlanadi (ekspert tanlanganida ushbu ekspert haqidagi maʼlumotlar – ekspert lavozimi, ish staji, qachon ekspertlik maqomini olganligi, hujjat roʻyxat raqami va boshqa maʼlumotlar avtomat tarzda dasturning maxsus maydonlariga yuklanadi), ekspertiza haqidagi maʼlumotlar – qachon kelib tushgan, ajrim sanasi, sudya, daʼvogar, javobgar, sanasi va boshqalar kiritiladi, ekspertiza tayinlagan idora ochilgan oynadan tanlanadi (mamlakatimizdagi barcha sudlar kiritilgan, kiritilmaganini qoʻlda yozish ham mumkin), ota-ona-bola ismi sharifi yoziladi va genetik profili ochiladigan roʻyxatdan tanlanadi.
Toʻplam va populyatsiya tanlanib “Matematik tahlil” tugmasi bosiladi. Bunda tanlangan ota-ona-bola (bolalar) profillari oʻrtasida oʻzaro-qiyosiy solishtirma tahlil avtomatik tarzda amalga oshadi, biologik otalik tasdiqlanishi yoki istisno etilishi dasturning maxsus maydonlarida yoziladi, biologik qarindoshlik tasdiqlansa otalik, onalik ehtimollik darajasi koʻrinadi.
Shundan soʻng “Hujjatni rasmiylashtirish” tugmasi bosiladi. Ushbu amaliyot bir necha daqiqa talab etadi. Bu kompyuter qurilmasining quvvatidan kelib chiqib 3-7 daqiqa davom etadi. Jarayon yakunlanganida “Hujjatlar tayyor” yozuvi ekranga chiqadi. Tayyor Hujjatlar ushbu dastur saqlangan papkadagi “Result” papkasiga saqlanadi. Papkada 3 ta elektron hujjat mavjud boʻladi – 1) Ekspertiza xulosasi; 2) Ekspertiza tayinlagan idoraga yoʻllanma xat; 3) Ekspertiza tadqiqotlari aks ettirilgan texnik yozuvlar.
Ekspertiza xulosasi deyarli toʻliq shakllangan holatda – barcha maʼlumotlar kiritilgan, jadvallar toʻldirilgan, biologik otalik, onalik, qarindoshlik fakti belgilangan, bunda genetik belgilar mos kelsa biologik otalik (onalik) ehtimollik darajasi foizda beriladi, genetik belgilar mos kelmasa biologik otalik (onalik)ni inkor etuvchi lokuslari nomlari va soni toʻliq keltirilgan holatda xulosa shakllantirilgan boʻladi. Xulosaga faqat genetik profillar soʻrati va fotojadval toʻldiriladi (ochiladigan oynadan tanlanadi).
Albatta hozirda ushbu dasturiy taʼminot faqat standart holatlarda, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan tayinlangan ekspertizalar hamda fuqarolarning oʻzlarining murojaatlariga koʻra oʻtkaziladigan tadqiqotlar natijalarini rasmiylashtirish imkonini beradi. Ammo bu bilan kifoyalanmasdan, dastur imkoniyatlarini doimiy ravishda kengaytirib, ushbu dasturda barcha turdagi tadqiqot (DNK tadqiqotlari) natijalarini rasmiylashtirish imkoniyatni yaratish jarayoni ketmoqda. Shuningdek, dasturda ishlatilgan algoritmlar mukammal holatga kelgandan soʻng Markazning malakali dasturchilari bilan birga ushbu dastur andozasida, obyektga yo’naltirilgan daturlash tillari, C# yoki Java dasturlash tilida nafaqat maʼlumotlarni tahlil qilish, balki saqlash imkonini beruvchi toʻlaqonli dasturiy taʼminot yaratish rejalashtirilgan.
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi mudiri
Normatov Asilbek