Jinoyat ishlarini tergov qilishda DNK ekspertizasining ahamiyati

Oʻtgan asrning oxirida inson hayotiga kirib kelgan genetik texnologiyalar bizning dunyomizni shunchalik oʻzgartirdiki, endilikda dunyoni ularsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu albatta kriminologiyani ham chetlab oʻtmadi, bu yerda oʻnlab yillar davomida genetik identifikatsiya laboratoriyadan chiqmasdan jinoyatchilarni topish va ularning qilmishlarini ochish imkonini beruvchi tez va nisbatan arzon usul sifatida ishlatilitib kelmoqda [1].

Jinoyat joyida olingan biologik namunalarning genetik tahlilini oʻtkazish tergovchilar ishini ancha soddalashtirdi. Ular jinoyatchini yoki uning qurbonini aniqlashga, shubhasiz dalillarni olishga va jinoyatlarni ochishga imkon beradigan ishonchli vositani qoʻlga kiritdilar.

Genetik daktiloskopiyaping asosiy afzalliklari – bu oz miqdordagi biologik material bilan ham ishlash orqali odamni identifikatsiya qilishga imkon beradigan yuqori aniqlikka ega usul ekanligidadir. Tahlil uchun barcha talablarga, shu jumladan takroriy tajribalarga rioya qilingan holda olib borilishini inobatga olsak, bunday tadqiqotlarning ishonchliligi 99% dan oshadi. Ushbu yondashuv jinoyatlarni tergov qilishda eng muhimlaridan biriga aylandi [2].

Bugungi kunda bunday tadqiqotlar biologik namuna egasini topish, ya’ni shaxsni aniqlash va biologik qarindoshlik munosabatlarini aniqlashning standart usuli hisoblanadi, chunki isbotlash jarayonida va keyingi sud ishlarida asosiy masala hodisa sodir bo‘lgan joylaridan ma’lum bir shaxsdan kelib chiqqan izlarning kelib chiqishi masalasi bo‘lgan va shunday bo’lib qolmoqda.

Ilgari qo‘llanilgan sud-biologik ekspertiza usullari-biologik izlarning tur va guruhga mansubligini aniqlash faqat namunaning ma’lum bir shaxsdan kelib chiqishi mumkinligi (yoki mumkin emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqarishga imkon berdi, chunki guruhga mansublik mosligini aniqlashda izning kelib chiqishi to‘g‘risida qat’iy ravishda tasdiqlash mumkin emas edi. Ya’ni bir xil qon guruhiga ega bo‘lgan boshqa shaxslardan emas, balki ma’lum bir shaxsdan kelib chiqqanligi haqida xulosa qilish imkoni beradi. DNK tahlil usulini qo‘llash shaxs yuz foiz ehtimollik bilan aniqlashga imkon beradi. Bu usul sud ekspertizasida qiziqarli, chunki DNK individual o‘ziga xoslikka ega, ya’ni, dunyodagi har bir inson genetik jihatdan individualdir (aslida bir tuxundan rivojlangan egizaklardan tashqari) va butun hayoti davomida o‘zgarmasdir.

Sud-biologik DNK tahlil qilish usullari DNKni o‘z ichiga olgan inson tanasining deyarli barcha to‘qimalari va tana suyuqliklarini muvaffaqiyatli tekshirishga imkon beradi:

– har xil yoshdagi, o‘lchamdagi, konsentratsiyali odamning qon izlari;

– so‘lak izlari;

– hayotiy ildiz qismi mavjud soch tolalar;

– inson to‘qimalari va organlarining bo‘laklari, shu jumladan suyak (parchalanish belgilarisiz).

DNK ekspertizasi tahlili davomida quyidagi namunalar ham tahlil qilinishi mumkin:

– mikroflora bilan ifloslangan biologik ob’ektlar;

– namunanin mirkomiqdorlari;

– aralash izlar (farqlash qobiliyatiga ega bo‘lgan ikki yoki undan ortiq odamning biologik materialini o‘z ichiga olgan);

– barmoq izlari;

– boshqalar.

Sud ekspertizasi uchun DNKni tahlil qilish usullari shu bilan ajralib turadiki, chunki bitta tadqiqotni o‘tkazishda ma’lum bir shaxsni aniqlashga, undan iz kelib chiqishini aniqlashga, shuningdek biologik qarindoshlik munosabatlarni o‘rnatishga imkon beradigan belgilar aniqlanishi imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, DNKni tahlil qilish usullaridan foydalanish o‘rganilayotgan ob’ektlarning jinsini aniqlashga imkon beradi.

Ushbu usulning afzalligi shundaki, tadqiqot namunasi juda oz miqdorda talab qilinadi: tom ma’noda bir necha o‘nlab hujayralar. Bir necha tomchi qon, stakandagi so‘lak izlari yoki kiyimdagi biologik namuna etarli. DNK juda barqaror molekula bo‘lib, o‘nlab yillar davomida to‘qimalarda va izlarda saqlanib kelmoqda. Shu bilan birga ko‘milgan suyak qoldiqlaridan uni o‘n minglab yillar o‘tgach olish mumkin, bu arxeologlar tomonidan insoniyatning yozishdan oldingi tarixini qayta tiklashda foydalanilish imkonini beradi.

Shuni unutmasligiz lozimki, tergovchilar tomonidan nafaqat ayni damdagi balki ilgari sodir etilgan jinoyat ishlarini ham tergov qilishadi. Aynan DNK ekspertizasining imkoniyatlari yordamida anchadan beri ochilmasdan kelayotgan ishlar bo‘yicha aniq dalillarga ega bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan. Albatta oldinlari hodisa sodir bo‘lgan joyda aniqlangan biologik izlarning faqatgina guruxiy mansubligi aniqlangan bo‘lsa, ayni damda ushbu izdagi biologik material kimga tegishli ekanligini aniqlash mumkin.

Bu kabi ishlarni tergov qilishda albatta genom baza imkoniyatlaridan foydalanish ancha samarali hisoblanadi. Ya’ni, agar ochilmasdan qolgan ish bo‘yicha tekshirilishi mumkin bo‘lgan namuna mavjud bo‘lsa bunday namuna qaytatdan ekspertlik idorasiga taqdim etilishi va ushbu namunadagi biologik iz egasining genetik pasporti-genotipi olinib, bazada mavjud genotiplar bilan solishtirilishi mumkin. Agarda ushbu shaxs genotipi bazada mavjud bo‘lsa, unda ushbu namunalar o‘rtasida moslik kuzatiladi va ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumot olinadi.

Agarga moslik kuzatilmasada, ushbu namunaning ota avlod bo‘yicha yaqin qarindoshlari orqali ham solishtirma tahlil o‘tkazib, tergov doirasini toraytirishi mumkin.

Bizda ham Davlat genomik ro’yxatga olish ikki turga bo‘linadi [3]:

  1. a) ixtiyoriy-fuqarolar, chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yozma arizasi bo‘yicha pullik asosda amalga oshiriladi. Uni o‘tkazish tartibi va to‘lov miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bedarak yo‘qolgan shaxslarning biologik qarindoshlarini genomik ro‘yxatga olish bepul;
  2. b) majburiy, unga bo‘ysunuvchilar:

– gumon qilinuvchi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblangan shaxslar;

– og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar uchun, shuningdek 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lganligi va unga nisbatan buzuq xatti-harakatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslar;

– biologik materiali tergovga qadar tekshirish, surishtiruv, dastlabki tergov davomida olib qo‘yilgan noma’lum shaxslar;

– noma’lum jasadlar (qoldiqlar, tana qismlari).

Umid qilamizki genom bo‘yicha ro‘yxatga olish kelgusida ko‘plab jinoyatlarni ochilishiga, turli baxtsiz xolatlaq qurboniga aylangan fuqoralarning shaxslariga oydinlik kiritish orqali yaqinlariga darxol xabar berish, bedarak yo‘qolgan shaxslarni izlab topish kabi xolatlarni aniqlash imkonini yaratadi.

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markazi Sud ekspertlik ilmiy-tadqiqot institutining
Sud-tibbiy, psixiatriya, psixologik va biologik ekspertizalari ilmiy tadqiqot boʻlim boshligʻi,
1-darajali yurist
Saitova Niyyora Sobirjonovna

Skip to content