Sud avtotexnika ekspertizasi imkoniyatlari hamda hal qiladigan masalalarning axamiyati va oʻrni

Shaxrimiz koʻchalariga bir nazar tashlasangiz, turli tezlikda harakatlanib borayotgan xilma-xil transport vositalariga koʻzingiz tushadi. Zamanomiz farovonlashib borishi bilan turlari ham koʻpayib bormoqda.

Shu bilan birga transport vositalari inson xayoti va faoliyatiga chuqurroq kirib borgani sari uning insoniyatga keltirayotgan zarari ham oshib borayotir. Transport vositalari tomonidan yuzaga kelayotgan noxush vaziyatlarning sabablaridan bir, yoʻllardagi harakat vaqtida haydovchilar tomonidan tezlikning oshirilishi, ularning yoʻl harakati qoidalariga rioya qilmasliklari, avtomobillarning texnik nosozligi boʻlsa, ikkinchi sababi, yoʻlovchilarning, ayniqsa bolalarning yoʻl harakati qoidalari borasidagi bilimlarining pasligi va yoʻllarda harakat qilish malakasiga yetarlicha ega emasliklaridir.

Shu sababli Respublikada oxirgi yillarda roʻy bergan jadal avtomobillashtirilishi yoʻl harakati xavfsizligining yangi zamonaviy darajada taʼminlash zaruriyatini keltirib chiqardi. Yoʻl harakati xavfsizligini takomillashtirilishi juda muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammoga aylandi. Yoʻl harakati xavfsizligini oshirish boʻyicha choralar tizimida jinoiy, maʼmuriy va fuqaroviy-huquqiy xarakterdagi choralar katta ahamiyatga ega. Yoʻl-transport hodisasi (YTH) fakti boʻyicha jinoiy ishlarni tergov qilish, maʼmuriy va sud muhokamasi oʻzaro aloqada, umuman olganda yoʻl harakati yuzaga keladigan “haydovchi – avtomobil – yoʻl – muhit” elementlarining butun majmuini qamrab oladigan maxsus texnik bilimlarni talab etadi. Koʻp hollarda jinoyatning yoki qoida buzilishini tarkibini faqat sud avtotexnik ekspertizasi oʻtkazilganidan keyin aniqlash mumkin. Mubolagʻasiz taʼkidlash mumkinki, tergov va jinoiy hamda fuqarolik ishlari hamda ushbu toifadagi maʼmuriy material samaradorligi avtotexnik ekspertizaning oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻtkazilishiga, ekspert oldiga qoʻyilgan savollarning toʻgʻriligi, ularning yoʻl-transport vaziyatiga mos kelishi, tadqiqotlarning toʻliqligi va ishonchliligiga hamda tadqiqot uchun taqdim etiladigan dastlabki maʼlumotlar va xujjatlarning yetarliygigi, ishonchliligi va toʻliqligiga bevosita bogʻliq. Sud avtotexnika ekspertizasi oʻz ichiga yoʻl transport hodisalari qonuniyatlari toʻgʻrisida muhandislik-transport va kriminalistik bilimlarni, ularni tadqiq qilish uslubiyotlari va avtotexnika ekspertiza masalalarini yechish uslublari toʻgʻrisidagi bilimlarni oladi.

Bugungi kunda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Jizzax viloyat boʻlimida sud avtotexnika ekspertizasi yoʻnalishida fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va maʼmuriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida transport-baholash va yoʻl-transport hodisalari mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiq qilish boʻyicha sud-ekspert tekshirishlarini oʻtkazib xulosa va mutaxassis fikrlari berib kelinmoqda.

Transport baholash ekspertizasi yoʻl transport hodisalari bilan bogʻliq ishlar boʻyicha oʻtkaziladigan  eng talabgir ekspertizalardan biri hisoblanadi.

Transport baholash ekspertizasida transport vositalarini va ularning alohida qism va agregatlarini bugungi kundagi bozor bahosi, transport vositalariga YTH natijasida yetkazilgan moddiy zarar miqdori, transport vositalarini tiklash uchun sarflanadigan xarajatlar miqdori aniqlanadi.

Shu bilan birga xozirgi vaqtda sud-tergov organlarining qaror va ajrimlari hamda advakatlar soʻrovi asosida xulosalar berilishi bilan bir vaqtda jismoniy va yuridik shaxslarning murojatlari asosida ham sud transport baholash ekspertizasi boʻyicha davlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar olib borilib mutaxassis fikirlari berib kelinmoqda.

Xulosa qilib aytganda sud avtotexnika ekspertizasi tadqiqotlari jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
Jizzax viloyat boʻlimi mudiri
Abdurasulov Abdumannop Isakovich

Skip to content