O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining buyrug‘i
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 15 martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3353]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 yanvardagi 11-son «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertizasi sohasida ekspertlik ishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq buyuraman:
- Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022 yil 14 mart,
6-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022 yil 14 martdagi 6-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi) shaxsiga doir ma’lumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
- Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
mutaxassis fikri — jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida amalga oshiriladigan tadqiqotlar natijasi yuzasidan mutaxassisning (sud ekspertining) hujjat ko‘rinishida rasmiylashtiriladigan fikri;
tadqiqot namunalari — o‘zida genetik ma’lumotlarni saqlaydigan odamning biologik materiallari (qon, so‘lak namunalari, soch tolasi ildiz qismi bilan, tirnoq qismlari, suyak, tish, mushak, sperma, epiteliy, homila va boshqalar);
anketa — odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim tarzda murojaat qilgan buyurtmachi tomonidan to‘ldiriladigan hujjat shakli.
- Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi va uning hududiy bo‘limlari (bundan buyon matnda Sud ekspertizasi markazi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
- Sud ekspertizasi markazi tomonidan buyurtmachilarning murojaatlari asosida odam DNKsi sud-biologik ekspertizasiga (birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali qarindoshlikni, yadro DNKsi bo‘yicha genotipni, Y-xromosoma bo‘yicha gaplogruppani aniqlash) oid tadqiqotlar amalga oshiriladi.
- Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasiga oid tadqiqot (bundan buyon matnda tadqiqot deb yuritiladi) natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan mutaxassis fikri tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
2-bob. Murojaatlarni qayd etish va tadqiqot namunalarini taqdim etish
- Sud ekspertizasi markazi xizmatidan foydalanish uchun buyurtmachi o‘z xohishiga ko‘ra shaxsan o‘zi kelgan holda yoki masofadan turib Sud ekspertizasi markazi veb-saytidagi maxsus platformada (bundan buyon matnda maxsus platforma deb yuritiladi) ro‘yxatdan o‘tadi.
Buyurtmachi maxsus platformada ro‘yxatdan o‘tish davomida mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shakldagi anketani to‘ldiradi.
- Anketani to‘ldirish jarayonida buyurtmachilardan shaxsiga doir ma’lumotlarini kiritish talab etilmaydi. Bunda, buyurtmachilarning anketasi alohida tartib raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Buyurtmachi tomonidan anketa to‘ldirilgandan so‘ng, unga anketa raqami hamda murojaatning (anketa) holatini bilish, to‘lovni amalga oshirganligi to‘g‘risida to‘lov varaqasini (kvitansiya) ilova qilish va mutaxassis fikrini olishi uchun maxsus belgilardan iborat bo‘lgan holatni tekshirish kodi beriladi.
- Anketani to‘ldirish jarayonida tanlangan tadqiqot yo‘nalishi, namunalar turi va sonidan kelib chiqib tadqiqotlar uchun to‘lanadigan to‘lov summasi maxsus platformada avtomatik ravishda hisoblanadi.
Buyurtmachi tomonidan maxsus platformada ko‘rsatilgan miqdordagi to‘lovlar anketaga berilgan tartib raqam ko‘rsatilgan holda elektron shaklda yoki bank orqali amalga oshiriladi hamda to‘lovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kvitansiya (elektron to‘lov tizimlari orqali to‘langanda kvitansiya majburiy emas) maxsus platformadagi anketaga ilova qilinadi.
- Buyurtmachining xohishiga ko‘ra tadqiqot namunalarini Sud ekspertizasi markaziga taqdim etish uchun zarur bo‘lgan maxsus to‘plamlar (nuklein kartalar, zondlar va boshqalar) buyurtmachi tomonidan ko‘rsatilgan pochta manziliga yuborilishi yoki bevosita Sud ekspertizasi markaziga tashrif buyurgan holda olinishi mumkin.
Tadqiqot namunalari boshqa tashuvchi vositalarda ham taqdim etilishi mumkin.
- Buyurtmachi tomonidan to‘lovlar amalga oshirilganidan so‘ng tadqiqot namunalari Sud ekspertizasi markaziga anketa raqamini ko‘rsatgan holda pochta aloqasi tarmog‘i orqali yuborilishi, bevosita tashrif buyurgan holda taqdim etilishi yoki Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida olinishi mumkin.
Bunda, Sud ekspertizasi markaziga yuboriladigan yoki bevosita topshiriladigan namunalarning har biriga maxsus platformada avtomatik tarzda generatsiya qilingan shifr raqami qo‘yiladi.
- Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida olinmagan tadqiqot namunalarining sifati (yaroqliligi) uchun buyurtmachi mas’ul hisoblanadi.
Tadqiqotlar o‘tkazish jarayonida Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida olinmagan tadqiqot namunalarining sifatsiz (yaroqsiz) ekanligi aniqlanganda, amalga oshirilgan to‘lov buyurtmachiga qaytarib berilmaydi.
3-bob. Tadqiqotlarni o‘tkazish, mutaxassis fikrini rasmiylashtirish va shikoyatlarni ko‘rib chiqish
- Sud ekspertizasi markaziga yuborilgan yoki bevosita topshirilgan tadqiqot namunalarining to‘liqligi, shifrlanganligi hamda qadoqlash tartibiga rioya etilgan holda taqdim etilganligi mas’ul xodim tomonidan tekshirib olinadi. Tadqiqot namunalarini qabul qilib olish davomida ularda bartaraf etib bo‘lmaydigan kamchiliklar aniqlanganida ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan buyurtmachiga qaytariladi.
Bunda, tadqiqot namunalari buyurtmachi tomonidan Sud ekspertizasi markaziga bevosita tashrif buyurgan holda taqdim etilganda, tegishli tushuntirishlar berilgan holda qabul qilish rad etiladi. Agar tadqiqot namunalari pochta aloqasi tarmog‘i orqali kelib tushgan bo‘lsa, darhol ko‘rsatilgan pochta manziliga kamchiliklari ko‘rsatilgan dalolatnomani ilova qilgan holda qaytarib yuboriladi.
Mazkur band talablariga muvofiq bo‘lgan tadqiqot namunalari ro‘yxatga olinadi va laboratoriyaga yo‘naltiriladi.
- Buyurtmachi o‘z murojaatini ro‘yxatga olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risida maxsus platforma orqali iltimosnoma kiritishi mumkin. Bunda, tadqiqotlar Sud ekspertizasi markazi mutaxassislari (sud ekspertlari) tomonidan uch ish kuni o‘tgandan so‘ng boshlanadi.
Kelib tushgan iltimosnomaga asosan Sud ekspertizasi markazi besh ish kuni ichida buyurtmachi tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlarning qaytarilishini ta’minlashi lozim.
Tadqiqotlar boshlangan va reagentlar sarf etilgandan so‘ng amalga oshirilgan to‘lov buyurtmachiga qaytarilmaydi.
- Tadqiqot namunalari bo‘yicha mutaxassis (sud eksperti) fikrini berish muddati uning murakkablik darajasi va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘ttiz kungacha etib belgilanadi.
- Mutaxassis (sud eksperti) tadqiqot natijasi bo‘yicha anketa raqamini ko‘rsatgan holda mutaxassis fikrini rasmiylashtiradi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
- Rasmiylashtirilgan mutaxassis fikri buyurtmachi tomonidan Sud ekspertizasi markaziga bevosita tashrif buyurgan holda yoki maxsus platformaga anketa raqami hamda holatni tekshirish kodini kiritish orqali olinishi mumkin.
- Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) o‘tkazilgan tadqiqot jarayonida aniqlangan ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilishi mumkin emas.
- Buyurtmachi Sud ekspertizasi markazi mutaxassislari (ekspertlari) tomonidan mazkur Nizom talablariga rioya qilinmaganligi holatlari yuzasidan shikoyat berish huquqiga ega.
Bunda, buyurtmachi maxsus platformadagi anonim murojaatlarni qabul qilish bo‘limi orqali shikoyat qiladi.
- Buyurtmachining shikoyati kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqiladi hamda ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan maxsus platforma orqali asoslantirilgan javob taqdim etiladi.
- Buyurtmachi Sud ekspertizasi markazi mutaxassislarining (ekspertlarining) harakati (harakatsizligi) bo‘yicha belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoidalar
- Tadqiqot o‘tkazish jarayonida foydalanilgan tadqiqot namunalari buyurtmachining xohishiga ko‘ra unga qaytarib beriladi.
Tadqiqot namunalari buyurtmachi tomonidan qaytarib olinmaganda, Sud ekspertizasi markazida bir yil davomida saqlanadi.
- Saqlash muddati tugagan tadqiqot namunalari Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida yoqib yuborish yoki maxsus kimyoviy moddalarni qo‘llash orqali yo‘q qilinadi.
Sud ekspertizasi markazi mutaxassislari (ekspertlari) tomonidan tadqiqotlar uchun taqdim qilingan namunalarni yo‘q qilish haqida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
- Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim tarzda tadqiqot o‘tkazish
ANKETASI
Tadqiqot yo‘nalishini tanlang
1.Biologik otalik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar | Ota (A) | Ona (B) | bola (C) |
Namunalar turi va soni |
2.Biologik onalik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar | Ota (A) | Ona (B) | bola (C) |
Namunalar turi va soni |
3. Biologik ota-onalik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar | Ota (A) | Ona (B) | bola (C) |
Namunalar turi va soni |
4. Biologik aka-uka, opa-singillik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar | aka (D) | uka (E) | opa (F) | singil (G) |
Namunalar turi va soni |
5. Biologik bobo-buvilik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar | bobo (N) — otaning otasi
bobo (I)– onaning otasi |
buvi (J) — otaning onasi
buvi (K) — onaning onasi |
nevara (L) |
Namunalar turi va soni |
6. Amaki, amma, tog‘a, xolaning jiyanga nisbatan qarindoshlik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar | amaki (M)
amma (N) |
tog‘a (O)
xola (P) |
jiyan (Q) |
Namunalar turi va soni |
7. Ota shajarasi bo‘yicha biologik qarindoshlik faktini aniqlash (Y-xromosoma tadqiqoti)
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar | bobo — otaning otasi (N)
amaki — otaning aka-ukasi (R) amakining o‘g‘il farzandi (S) |
ota (A)
aka (D) uka (E) |
o‘g‘il (T) |
Namunalar turi va soni |
8. Y-xromosoma bo‘yicha gaplogruppani aniqlash
Namuna taqdim qiluvchi shaxs (U) | |
Namunalar turi va soni |
8. Yadro DNKsi bo‘yicha genotipni aniqlash
Namuna taqdim qiluvchi shaxs (U) | |
Namunalar turi va soni |
Taqdim qilinadigan biologik materiallarga beriladigan belgi — harflarda
A — noma’lum biologik materialdan surtma; | N — tish; |
V — qon; | I — mushak; |
S — bukkal epiteliy (so‘lak namunalari); | J — ter-yog‘ ajratmasi; |
D — soch tolasi; | K — sperma; |
E — tirnoq qismlari; | L — epiteliy (ajratmalar); |
F — suyak; | M — homila |
G — tog‘ay; | O — odam tanasi bilan bevosita aloqada bo‘lgan buyumlar (tish cho‘tkasi, taroq, so‘rg‘ich va boshqalar) |
Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) tomonidan tadqiqot namunalari olinadi.
Buyurtmachi tomonidan tadqiqot namunalari taqdim etiladi.
Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan tadqiqot namunalarining sifati (yaroqliligi) uchun buyurtmachi shaxsan javobgar hisoblanishi va ularning sifatsiz (yaroqsiz) ekanligi tadqiqot o‘tkazish jarayonida aniqlanganda to‘lov qaytarib berilmasligi haqida ogohlantirildim.
Tadqiqotlar uchun taqdim qilinadigan namunalarni olish uchun zarur maxsus to‘plamni (nuklein karta, zond va boshqalar) namuna olish tartibi bilan birga Sud ekspertizasi markazidan qabul qilib olaman.
Tadqiqotlar uchun taqdim qilinadigan namunalarni olish uchun zarur maxsus to‘plamlarni (nuklein karta, zond va boshqalar) namuna olish tartibi bilan birga _______________________________________________________________ manziliga yuborilishini xohlayman.
Tadqiqotlar uchun taqdim qilingan namunalarni ______________________________________________________________ manziliga yuborilishini xohlayman.
Tadqiqotlar uchun taqdim qilingan namunalarni belgilangan tartibda yo‘q qilinishiga roziman.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.03.2022 y., 10/22/3353/0217-son)