SUD EKSPERTIZA SOHASINI TARTIBGA SOLUVCHI AYRIM NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Sud ekspertiza sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021 yil 5 iyuldagi PF-6256-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021 yil 5 iyuldagi PF-6256-son Farmoniga muvofiq:
  2. a) quyidagilar belgilanganligi:

sud-ekspertiza sohasida kadrlarni tayyorlash oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim prinsipiga muvofiq, bakalavriat yoki magistratura bosqichlarida ta’lim olayotgan davrda shartnoma asosida tegishli ekspertiza turlari bo‘yicha kamida olti oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirilishi mumkinligi;

tayyorlash kurslari oliy ta’lim muassasalari va davlat sud-ekspertiza muassasalari bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshirilishi;

tayyorlash kurslari natijalariga ko‘ra tegishli sud-ekspertiza faoliyati bilan shug‘ullanish uchun sertifikat berilishi;

  1. b) 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:

nodavlat sud ekspertlarining o‘z kasbiy majburiyatlarini buzishi oqibatida yetkaziladigan zarardan jismoniy va yuridik shaxslarni himoya qilish maqsadida, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibi joriy etilganligi;

davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

  1. Quyidagilar:
  2. a) dual ta’limni tashkil etish, sud-ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlashning asosiy vazifalari va bosqichlari, o‘quv kurslariga talabgorlardan hujjat qabul qilish, o‘quv jarayoni tashkil etish, tinglovchilar bilimini baholash tartibi hamda tomonlarning vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini nazarda tutuvchi Sud ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda sug‘urta ob’ekti va sub’ekti, majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish tartibi, majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasi, sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchining huquq va majburiyatlari, sug‘urta mukofotini aniqlash va uni to‘lash tartibini nazarda tutuvchi Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalari 2-ilovaga muvofiq;

51 xil sud ekspertizasi turlarini o‘z ichiga olgan Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqotlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
  3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2021 yil 22 noyabr,

706-son

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 noyabrdagi 706-son qaroriga
1-ILOVA

Sud ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom davlat sud-ekspertiza va oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim prinsipiga muvofiq, sud-ekspertiza sohasida kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
  2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

amaliyot o‘tash joyi — tinglovchiga ta’lim dasturlariga muvofiq, amaliy ko‘nikma va malakalarni egallash maqsadida amaliy mashg‘ulotlar va o‘quv amaliyotini o‘tkazish uchun belgilangan yoki tinglovchi faoliyat yuritayotgan davlat sud-ekspertiza muassasasi;

dual ta’lim dasturi — davlat ta’lim standartlari bo‘yicha tuzilgan, oliy ta’lim muassasasi va davlat sud-ekspertiza muassasasi o‘rtasida tasdiqlangan o‘quv rejasi, o‘quv dasturlari, o‘quv va ishlab chiqarish amaliyoti dasturlaridan iborat hujjat;

sud ekspertizasi sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlovchi tashkilotlar — oliy ta’lim muassasalari hamda davlat sud-ekspertiza muassasalari;

sud-ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash — bakalavriat yoki magistratura bosqichlarida ta’lim olayotgan talabalarning sud-ekspertiza sohasida zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslari;

talabgor — sud-ekspertiza sohasida zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarni oshirish istagidagi bakalavriat yoki magistratura bosqichlarida ta’lim olayotgan talabalar;

tinglovchi — o‘qish uchun to‘lov-kontrakt summasini to‘lagan va sud ekspertiza sohasida qayta tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslar;

amaliyot rahbari — ta’lim jarayonining amaliy qismini o‘tkazish uchun davlat sud-ekspertiza muassasasi tomonidan tinglovchiga biriktirilgan sud ekspertiza sohasida kamida ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan ekspert.

2-bob. Dual ta’limni tashkil etish

  1. Sud-ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
  2. Quyidagilar sud-ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

tinglovchilarda mustaqil ravishda sud ekspertizasini o‘tkazish va sud ekspertiza xulosasini rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan malakani shakllantirish;

tinglovchilarning tegishli sud ekspertiza turlari bo‘yicha zamonaviy fan va texnologiyalariga muvofiq ilmiy asoslangan metodikalarni amalda qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish;

tinglovchilarni muayyan sud ekspertizasining shakllanish bosqichlari, zamonaviy sud ekspertizasining so‘nggi yutuqlari va imkoniyatlari haqidagi axborotlar bilan ta’minlash;

sud ekspertlik faoliyatida zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni yetarlicha shakllantirish uchun lozim bo‘lgan amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish.

  1. Sud ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash ixtiyoriylik asosida sud ekspertizasining muayyan turi bo‘yicha kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish istagini bildirgan talabgorlar uchun pullik shartnoma asosida tegishli ekspertiza turlari bo‘yicha kamida olti oylik kurslar asosida tashkil etiladi.

Shartnomaning to‘lov miqdori davlat sud-ekspertiza muassasasi hamda oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi. To‘lov miqdorini belgilashda har bir tinglovchining qayta tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar miqdori inobatga olinadi.

  1. Dual ta’limni tashkil etish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

sud ekspertiza sohasida dual ta’lim tashkil etiladigan ta’lim turlari yuzasidan talabgorlar hamda davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud ekspertiza tashkilotlarining takliflari asosida tashkil etilishi mumkin bo‘lgan o‘quv kurslari bo‘yicha ehtiyojlarni aniqlash;

davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida sud ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish yuzasidan shartnoma tuzish;

ta’limni tashkil etish va muvofiqlashtirish bilan bog‘liq dual ta’lim dasturini ishlab chiqish;

dual ta’lim dasturi bo‘yicha o‘quv kursini tashkil etishga doir tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

dual ta’lim dasturlari asosida tayyorlanayotgan tinglovchilarni baholash.

  1. Sud-ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash o‘quv kurslari (keyingi o‘rinlarda — o‘quv kurslari), yiliga ikki marta oktyabr va fevral oylarida tashkil etiladi.
  2. O‘quv kurslariga talabgorlardan hujjat qabul qilish o‘quv kursi boshlanishidan uch oy oldin boshlanadi va o‘quv kursi boshlanishiga bir oy qolganda to‘xtatiladi.
  3. O‘quv kurslari tashkil etilishi, o‘quv kurslarining tegishli sud-ekspertlik ixtisosliklari bo‘yicha davomiyligi va suhbat o‘tkaziladigan joy to‘g‘risida davlat sud-ekspertiza muassasasining rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida o‘quv kursi boshlanishidan uch oy oldin e’lon beriladi.
  4. Talabgorlar tegishli davlat sud-ekspertiza muassasasining rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda yoki bevosita quyidagi hujjatlarni topshiradi:

davlat sud-ekspertiza muassasasiga muassasa rahbari nomiga ariza (arizada talabgorning muassasada ta’lim beriladigan tillardan birida imtihon topshirishi va ta’lim olishi ko‘rsatiladi);

talabalar uchun tahsil olayotganligi haqida ma’lumotnoma;

Bunda hujjatlarni onlayn tarzda topshirish davlat sud-ekspertiza muassasasining rasmiy veb-saytida hamda bevosita topshirish davlat sud-ekspertizasi muassasasiga topshiriladi.

  1. Davlat sud-ekspertiza muassasasi aniqlangan o‘quv kurslari bo‘yicha ehtiyojlardan kelib chiqib, o‘quv kurslari boshlanishidan o‘n besh kun oldin tegishli sud ekspertiza yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish xususida oliy ta’lim muassasalari bilan shartnomalar tuzadi.
  2. Qayta tayyorlash o‘quv kursiga o‘qishga qabul qilishni sifatli ta’minlash maqsadida kelishuvga asosan davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasining mas’ul xodimlaridan 7 kishidan iborat tarkibdagi komissiya tuziladi.

Komissiya uning uchdan ikki qismi a’zolari hozir bo‘lganda vakolatli hisoblanadi. Komissiya a’zolarining yarmidan ko‘pi ovoz berganda qaror qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar soni teng bo‘lganda, komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

  1. Komissiya tarkibi davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi rahbarlarining qo‘shma buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
  2. Komissiya o‘z faoliyatini keyingi o‘quv kursi uchun qabul komissiyasi tashkil etilgunga qadar olib boradi.
  3. Talabgorlarni o‘quv kursiga qabul qilish suhbat shaklida o‘quv kursi boshlanishidan o‘n kun oldin o‘tkaziladi.
  4. Suhbat talabgorning tanlayotgan kasbga qiziqishi, soha bo‘yicha tayanch bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida komissiya tomonidan o‘tkaziladi.
  5. Suhbat natijasi bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilgan talabgorga ikki nusxada o‘quv kursida o‘qish to‘g‘risidagi shartnomani imzolash taklif etiladi.
  6. Shartnomani imzolagan va to‘lovni amalga oshirgan talabgor o‘quv kurslariga davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi rahbarlarining qo‘shma buyrug‘i bilan qabul qilinadi.
  7. Shartnoma tuzgan talabgorlar sonidan kelib chiqib o‘n nafardan yigirma besh nafargacha tinglovchilardan iborat guruhlar shakllantiriladi.

3-bob. Dual ta’lim bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘quv jarayoni

  1. O‘quv kursi boshlangunga qadar davlat sud-ekspertiza muassasasi hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’limni tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha dual ta’lim dasturi tasdiqlanadi. Ushbu dastur sud ekspertiza qonunchiligi va sohaga oid o‘zgarishlarni inobatga olgan holda yangilanib boriladi.

Ishlab chiqilgan dasturlar asosida o‘quv rejasi va o‘quv amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Bunda, ta’lim jarayonining 40 (qirq) foizi nazariy, 60 (oltmish) foizi amaliy qismga ajratiladi.

Ma’ruza, seminar mashg‘ulotining o‘quv soatlari miqdori o‘quv kursining davomiyligidan kelib chiqib belgilanadi.

Tinglovchilarga ta’lim jarayonining nazariy qismi tegishli oliy ta’lim muassasasida, amaliy qismi tegishli davlat sud-ekspertiza muassasasida tashkil etiladi.

  1. Davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbarining buyrug‘i asosida dual ta’lim bo‘yicha tinglovchilarga amaliy tajribaga ega amaliyot rahbari biriktiriladi.

Bunda, biriktirilgan amaliyot rahbarga mehnat va fuqarolik qonunchiligiga muvofiq uning mehnatiga tegishli qo‘shimcha haq to‘lanishi inobatga olinadi.

Amaliyot rahbarining faoliyati davlat sud-ekspertiza muassasasi tomonidan nazorat qilinadi va biriktirilgan tinglovchilarni to‘liq va sifatli tayyorlashga mas’ul hisoblanadi.

4-bob. Tinglovchilar bilimini baholash

  1. Tinglovchilar tomonidan o‘quv dasturlarini o‘zlashtirish darajasini aniqlash maqsadida quyidagi nazorat turlarini o‘tkazish nazarda tutiladi:

oraliq nazorat — o‘quv kursi davomida o‘quv dasturining tegishli (modulning bir necha mavzularini o‘z ichiga olgan) bo‘limi tugallangandan keyin tinglovchining bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli. Oraliq nazoratining soni (bir o‘quv kursi davomida ikki martadan ko‘p o‘tkazilmasligi lozim) va shakli (yozma, og‘zaki, test va hokazo) o‘quv moduliga ajratilgan umumiy soatlar hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi;

joriy nazorat — tinglovchining modul mavzulari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli. Joriy nazorat modulning xususiyatidan kelib chiqqan holda, seminar, laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlarida og‘zaki so‘rov, test o‘tkazish, suhbat, nazorat ishi, kollokvium, uy vazifalarini tekshirish va shu kabi boshqa shakllarda o‘tkazilishi mumkin;

yakuniy nazorat — o‘quv kursi yakunida muayyan modul bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni tinglovchilar tomonidan o‘zlashtirish darajasini baholash usuli. Yakuniy nazorat modulning xususiyatidan kelib chiqqan holda yozma, og‘zaki va test shaklida o‘tkaziladi.

O‘quv rejasi va dasturida nazarda tutilgan barcha modullarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan tinglovchiga yakuniy imtihonda ishtirok etishga ruxsat beriladi.

  1. Yakuniy imtihon o‘qish davrida olingan nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarni aniqlashga qaratilgan yozma va amaliy imtihon shaklida o‘tkaziladi.

Yakuniy imtihon ikki bosqichda — malaka ishi hamda og‘zaki imtihon shaklida o‘tkaziladi. Malaka ishiga qo‘yiladigan talablar davlat sud ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqib tasdiqlanadi.

Yakuniy imtihon natijalari ballar qo‘yish yo‘li bilan 100 ballik tizimda baholanadi:

malaka ishi 40 ball;

og‘zaki imtihon 60 ball bilan baholanadi.

Yakuniy imtihon natijalari bo‘yicha tinglovchi jami 55 va undan yuqori ball to‘plaganda yakuniy imtihondan o‘tgan deb hisoblanadi.

Yakuniy imtihon o‘tkazish jarayonida tinglovchiga normativ-huquqiy hujjatlar, maxsus adabiyotlar, aloqa vositalaridan, shuningdek, boshqa manbalardan foydalanish, boshqa tinglovchilar bilan gaplashish taqiqlanadi.

Yakuniy imtihon savollari nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni sinovdan o‘tkazish uchun o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar jarayonida o‘zlashtirilgan mavzular, materiallar asosida tuziladi.

Yakuniy imtihon komissiya tomonidan o‘tkaziladi. Yakuniy imtihon natijalari komissiya a’zolari tomonidan imzolanadigan qaydnomaga kiritiladi.

Dual ta’lim kursi bo‘yicha yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchiga sud eksperti sifatida kasbiy layoqatini tasdiqlovchi sertifikat nizomning 2-ilovasiga muvofiq beriladi.

Yakuniy imtihon topshirgan tinglovchi imtihondan o‘tolmagan hollarda imtihon o‘tkazilgan kundan uch oy o‘tgandan keyin umumiy tartibda qayta imtihon topshirishga haqli.

Qayta imtihondan o‘tolmagan tinglovchining tashabbusi bilan yakuniy imtihon odatda keyingi o‘quv kursi bitiruvchilarining yakuniy imtihoni vaqtida pullik asosda tashkil etiladi.

Yakuniy imtihon jarayonlari uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir kamida bir yil davomida davlat sud-ekspertiza muassasasida saqlanadi.

Yakuniy imtihon natijasidan norozi bo‘lgan tinglovchi, baholash natijasi e’lon qilingan vaqtdan boshlab uch ish kuni davomida Apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.

Apellyatsiya komissiyasi tarkibi davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi kelishuvga asosan kamida 5 kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi. Tinglovchi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati Apellyatsiya komissiyasi tomonidan uch ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi lozim.

Apellyatsiyani ko‘rib chiqishda tinglovchi ishtirok etish huquqiga ega.

Apellyatsiya komissiyasi tinglovchining apellyatsiyasini ko‘rib chiqib, uning natijasi bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi. Qarorda talabgorning o‘zlashtirgani yoki o‘zlashtira olmagani ko‘rsatiladi.

5-bob. Tomonlarning vazifalari, huquqlari va majburiyatlari

  1. Davlat sud-ekspertiza muassasasi:

davlat sud-ekspertiza muassasalarida o‘tkaziladigan ekspertiza turlari va mutaxassisliklar bilan tanishtiradi;

davlat sud ekspertlarning huquqlari va majburiyatlarini, sud ekspertiga qo‘yiladigan malakaga oid talablar va sud ekspertlik faoliyatining asosiy prinsiplarini o‘rgatish orqali olingan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llanilishini o‘rgatadi;

tinglovchining tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha yakuniy imtihonida qatnashadi;

o‘quv kurslaridagi ta’lim jarayonini sifatli olib borilishini oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda nazorat qilib boradi.

Davlat sud-ekspertiza muassasasi qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

  1. Davlat sud-ekspertiza muassasasi quyidagi huquqlarga ega:

dual ta’lim sifatini oshirish yuzasidan oliy ta’lim muassasasiga takliflar berish;

tinglovchi tomonidan shartnoma shartlarini, davlat sud ekspertiza muassasasining mehnat va ichki tartib qoidalari hamda boshqa me’yoriy hujjatlari talablarini bajarmagan taqdirda oliy ta’lim muassasasi bilan kelishilgan holda tinglovchilar safidan chiqarish.

Davlat sud-ekspertiza muassasasi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Davlat sud-ekspertiza muassasasi quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:

mashg‘ulotlarning amaliy qismini muassasada olib borish uchun sharoit yaratish;

tinglovchilarni amaliyot davrida aniq amaliyot o‘tash joyi va zarur jihozlar bilan ta’minlash;

sud ekspertlik faoliyatida zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni yetarlicha shakllantirish uchun lozim bo‘lgan amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish;

tinglovchilarda mustaqil ravishda sud ekspertizasini o‘tkazish va sud ekspertiza xulosasini rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan malakani shakllantirish.

Davlat sud-ekspertiza muassasasi qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

  1. Oliy ta’lim muassasasi:

dual ta’lim dasturini amalga oshirishni ta’minlaydi;

mashg‘ulotlarning nazariy qismini oliy ta’lim muassasasida olib borish uchun sharoit yaratadi;

sud-ekspertiza faoliyatiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirish, ularning qo‘llanish nazariyasini o‘rgatadi.

Oliy ta’lim muassasasi qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

  1. Oliy ta’lim muassasasining huquqlari:

dual ta’lim sifatini oshirish yuzasidan takliflar berish;

dual ta’lim jarayonini tashkil etish uchun tuzilgan shartnomalarga tomonlar bilan kelishgan holda o‘zgartirishlar kiritish.

Oliy ta’lim muassasasi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Oliy ta’lim muassasasi dual ta’lim dasturi bo‘yicha sud-ekspertlarini qayta tayyorlash o‘quv kurslarini sifatli tashkil etish va tinglovchilarga talab darajasida sifatli ta’lim berish shart.
  2. Tinglovchilar quyidagi huquqlarga ega:

o‘quv dasturida nazarda tutilgan bilimlarni egallash;

ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarda qatnashish;

ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarida, konferensiyalar, seminar va davra suhbatlarida ishtirok etishi;

ilmiy-tadqiqot ishlarini, maqolalarini chop etish va yoritish uchun taqdim etish;

o‘quv jarayoniga tegishli bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlar va maslahatlar olish;

o‘quv, texnika jihozlari va vositalari, axborot-kutubxona fondi, o‘quv zali va boshqa o‘quv-yordamchi xonalardan, bepul foydalanish;

davlat sud-ekspertiza muassasasi amaliyot bazalaridan foydalanish;

mehnat va jamoat ishlarida qatnashish.

  1. Tinglovchilar:

davlat sud ekspertiza muassasalari va oliy ta’lim muassasalarining ustavi, mehnat, ichki tartib qoidalari hamda boshqa normativ huquqiy hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilishi;

o‘quv mashg‘ulotlarining nazariy va amaliy qismi bo‘yicha qatnashishi;

o‘quv mashg‘ulotlariga tegishli topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishi;

biriktirilgan amaliyot rahbarlari bilan doimiy aloqada bo‘lishi, ularning topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarishi;

ta’lim dasturlari talablarini bajarishi;

o‘quv mashg‘ulotlarida o‘z vaqtida qatnashishi;

o‘quv dasturlarida nazarda tutilgan imtihon, test va yakuniy imtihonlarni topshirishi (suhbatdan o‘tishi);

o‘z nazariy bilimlarini, amaliy ko‘nikmalari va mahorat darajasini oshirishi;

o‘quv jarayonida berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishi;

texnika xavfsizligi, sanitariya normalari va qoidalariga rioya etishi;

davlat sud-ekspertiza muassasasiga tegishli bo‘lgan mulklarni asrab-avaylashi lozim.

  1. Tinglovchi quyidagi hollarda qayta tayyorlash kurslaridan chetlashtirilishi mumkin;

o‘z arizasiga binoan;

o‘quv intizomini va tegishli muassasasining ichki tartib qoidalarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzganligi uchun;

kurs davomida o‘quv mashg‘ulotlarini uzrli sabablarsiz 32 akademik soatdan ortiq qoldirganligi sababli;

o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli;

salomatligi tufayli (tibbiy ma’lumotnoma asosida);

tinglovchi sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;

vafot etganligi sababli.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Dual ta’lim bitiruvchilari o‘z xohishi bo‘yicha hamda qonunchilikda belgilagan tartibda kelgusida sud eksperti sifatida davlat va nodavlat sud-ekspertiza muassasalarida mehnat faoliyatini olib borishi mumkin.
  2. Davlat sud-ekspertiza muassasasi yangi ekspertiza turlarining joriy etilishi va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tegishli davlat muassasalari, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda davlat ta’lim standartlariga javob beradigan yangi o‘quv dasturlarni tuzadi va dual ta’limga joriy etadi.

Sud ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

Oliy ta’lim muassasalarida davlat sud-ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash va tashkil etish

SXEMASI

Bosqichlar Sub’ektlar Tadbirlar Muddatlar
1-bosqich Davlat sud-ekspertiza muassasalari, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari,

tinglovchi (talabgor)

1. Tashkil etilayotgan o‘quv kurslari to‘g‘risida davlat sud-ekspertiza muassasalarining rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish;

2. O‘quv kurslariga talabgorlardan hujjatlar qabul qilish. Bunda hujjatlarni onlayn tarzda topshirish davlat sud-ekspertiza muassasasining rasmiy veb-saytida hamda bevosita topshirish davlat sud-ekspertizasi muassasasiga topshiriladi.

o‘quv kursi boshlanishidan uch oy oldin e’lon qilinadi

o‘quv kursi boshlanishidan uch oy oldin boshlanadi va o‘quv kursi boshlanishiga bir oy qolganda to‘xtatiladi

2-bosqich Davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi 1. Davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida dual ta’lim bo‘yicha sud-ekspertlarini qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish yuzasidan shartnoma tuzish;

2. Komissiya tomonidan talabgorlarni o‘quv kursiga qabul qilish yuzasidan suhbat o‘tkazish;

3. Suhbat natijasi bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilgan talabgorlar bilan shartnomalar imzolash.

O‘quv kurslari boshlanishidan 15 kun oldin

O‘quv kurslari boshlanishidan 10 kun oldin

O‘quv kurslari boshlanishiga qadar

3-bosqich Davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi O‘quv kurslarni tashkil etish va muvofiqlashtirish bilan bog‘liq dual ta’lim dasturini ishlab chiqish Kelishilgan muddatlarda
4-bosqich Davlat sud-ekspertiza muassasasi va oliy ta’lim muassasasi Dual ta’lim dasturi bo‘yicha o‘quv kursini tashkil etishga doir tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish Nizomda belgilangan muddatlarda

Sud ekspertiza sohasida dual ta’lim bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi
SERTIFIKAT

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 noyabrdagi 706-son qaroriga
2-ILOVA

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom talablari davlat sud-ekspertiza muassasalarining sud ekspertlariga tavsiyaviy xususiyatga ega.

  1. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish ular tomonidan amalga oshirilgan sud-ekspertiza tadqiqotlari natijasida zarar ko‘rgan shaxslarning mulkiy manfaatlarini sug‘urta to‘lovlari orqali himoya qilishni ta’minlashga qaratiladi.
  2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

sud eksperti — xulosa berish uchun fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida tayinlangan jismoniy shaxs;

naf oluvchi — mazkur Nizomga muvofiq majburiy sug‘urta shartnomasi asosida yuz bergan sug‘urta hodisasi natijasida sug‘urta tovonini olish huquqiga ega shaxs;

nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti — fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlari bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislari mavjud bo‘lgan yuridik shaxs shaklida tashkil etiladigan tashkilot;

sug‘urta qildiruvchi — sug‘urtalovchi bilan majburiy sug‘urta shartnomasini tuzgan nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti;

sug‘urta mukofoti — sug‘urta qildiruvchi majburiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urtalovchiga to‘lashi shart bo‘lgan pul mablag‘lari summasi;

sug‘urta summasi — sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda mazkur Nizomga muvofiq mulkiy zarar ko‘rgan shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyatini olgan summa;

sug‘urta tovoni — sug‘urtalovchi tomonidan naf oluvchiga majburiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta summasi doirasida to‘lashi shart bo‘lgan pul mablag‘lari summasi;

sug‘urta hodisasi — majburiy sug‘urta shartnomasi amal qilishi davrida qonunchilik hujjatlariga zid sud-ekspertlik harakatni amalga oshirish natijasida sud ekspertining harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy yoki yuridik shaxsga mulkiy zarar yetkazilganligining sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan belgilangan yoki sug‘urta qiluvchi tomonidan tan olingan fakti;

sug‘urtalovchi — tegishli turdagi sug‘urtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan va majburiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovonini amalga oshirish majburiyatini oluvchi tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxs;

sud ekspertining fuqarolik javobgarligi — nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarining sud ekspertizasini amalga oshirish natijasida jismoniy hamda yuridik shaxsga va (yoki) sud-ekspertizani amalga oshirishdagi uchinchi shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash majburiyati;

sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi (keyingi o‘rinlarda — majburiy sug‘urta shartnomasi) — sug‘urta shartnomasi bo‘lib, unga ko‘ra sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda mazkur Nizomga muvofiq mulkiy zarar ko‘rgan shaxslarga (naf oluvchiga) ushbu sug‘urta hodisasi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga sug‘urta badali (sug‘urta summasi) doirasida qoplash majburiyatini oladi;

uchinchi shaxs — majburiy sug‘urta shartnomasining tarafi bo‘lmagan, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertidan sud-ekspertlik harakatlarni amalga oshirishi natijasida mulkiy zarar ko‘rgan shaxs.

  1. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarini sud-ekspertlik faoliyatni amalga oshirishda sug‘urtalovchi bilan sud ekspertlarining majburiy sug‘urta shartnomasini tuzishi lozim.

Majburiy sug‘urta shartnomasi va polisi mavjud bo‘lmaganligi yoki tuzilgan sug‘urta shartnomasi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmaganligi sud ekspertining faoliyatini to‘xtatib turishga asos hisoblanadi.

  1. Sud eksperti fuqarolik javobgarligining quyidagilar oqibatida yuzaga kelishi sug‘urta hodisasi hisoblanmaydi:

sud ekspertiga murojaat qilgan shaxs tomonidan sud-ekspertlik harakat amalga oshirish bilan bog‘liq yolg‘on ma’lumotlar, haqiqiy bo‘lmagan yoki soxta hujjatlar taqdim etilishi;

agar sud-ekspertlik harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan shaxs sud ekspertiga ushbu sud-ekspertlik harakat huquq va qonuniy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan uchinchi shaxslarning yo‘qligi yoki mavjudligini bildirmagan bo‘lsa.

2-bob. Sug‘urta ob’ekti, sub’ekti va sug‘urta summasi miqdori

  1. Sud ekspertining sud-ekspertlik harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga va (yoki) sud-ekspertlik faoliyatni amalga oshirishdagi uchinchi shaxslarga mulkiy zarar yetkazilganligi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi xavfi bilan bog‘liq mulkiy manfaatlar majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta ob’ekti hisoblanadi.

Sug‘urtalovchi, sug‘urta qildiruvchi va sud eksperti tomonidan amalga oshirilgan sud-ekspertlik harakatlari natijasida zarar ko‘rgan uchinchi shaxslar sud ekspertning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish sub’ektlaridir.

  1. Majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasi sud-ekspertizasi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi har bir sud eksperti uchun — bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim ming baravaridan kam bo‘lishi mumkin emas.

3-bob. Majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish, o‘zgartirish va muddatidan oldin to‘xtatish tartibi

  1. Majburiy sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi o‘rtasida tuziladi.
  2. Majburiy sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchining ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi arizasi asosida tuziladi.
  3. Sug‘urta qildiruvchi majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish uchun sug‘urtalovchini ixtiyoriy tanlaydi.
  4. Agar majburiy sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, u sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta mukofoti to‘langan vaqtdan, bo‘lib-bo‘lib to‘lashda esa birinchi sug‘urta mukofoti to‘langan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy hisoblanadi.
  5. Majburiy sug‘urta shartnomasi u kuchga kirgan kundan boshlab bir yil muddatga amal qiladi.
  6. Sug‘urta polisi sug‘urta qildiruvchiga sug‘urtalovchining hisobvarag‘iga majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofoti kelib tushgan kundan keyingi uch ish kunidan kechikmay beriladi.

Sug‘urta polisi blankasi qat’iy hisobda turadigan hujjat bo‘lib, hisobga olish seriyasiga, raqamiga va himoyalanganlikning kamida 3 darajasiga ega bo‘lishi kerak. Sug‘urta polisi blankasi sug‘urtalovchining buyurtmasi bo‘yicha, bosmaxona usulida, A4 (210 — 297 mm) formatda «Davlat belgisi» davlat-ishlab chiqarish birlashmasida ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan namunaga muvofiq tayyorlanadi.

  1. Sug‘urta polisi yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda sug‘urta qildiruvchi uning dublikatini olish huquqiga ega.
  2. Majburiy sug‘urta shartnomasiga o‘zgartirishlar tomonlarning kelishuviga asosan ulardan birining yozma arizasi asosida kiritiladi. Shartnomaga kiritilgan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar ular yozma ravishda yozilgan va har ikki tomonning vakolatli vakillari tomonidan imzolangan taqdirda qonuniy kuchga ega.
  3. Majburiy sug‘urta shartnomasining amal qilishi quyidagi hollarda muddatidan oldin to‘xtatiladi:

nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tugatilganda;

sud eksperti vakolati tugatilganda yoki u vafot etganda;

majburiy sug‘urta shartnomasi sud qaroriga ko‘ra haqiqiy emas deb topilganda.

Majburiy sug‘urta shartnomasining amal qilishi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ham muddatidan oldin to‘xtatilishi mumkin.

Majburiy sug‘urta shartnomasining amal qilishi to‘xtatilgan taqdirda, sug‘urta mukofotining bir qismi to‘langan tovon summasiga va majburiy sug‘urta to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilishining kunlar hisobidagi qolgan muddatiga mutanosib ravishda qaytariladi.

4-bob. Sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchining huquq va majburiyatlari

  1. Sug‘urta qildiruvchi:

sug‘urtalovchini erkin tanlash;

sug‘urtalovchidan majburiy sug‘urta shartnomasi shartlarini, shu jumladan o‘z huquq va majburiyatlarini tushuntirishni talab qilish;

sug‘urtalovchining moliyaviy hisoboti bilan tanishish;

ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda sug‘urta tovonini olish;

sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan tegishli tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Sug‘urta qildiruvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Sug‘urta qildiruvchi:

majburiy sug‘urta shartnomasida belgilangan miqdorda, tartibda va muddatlarda sug‘urtalovchiga sug‘urta mukofotini to‘lashi;

majburiy sug‘urta shartnomasini tuzishda sug‘urtalovchiga ushbu Nizomda belgilangan ma’lumotlarni taqdim etishi;

sug‘urtalovchiga sug‘urta hodisasi munosabati bilan unga nisbatan qo‘yilayotgan barcha talablar yoki unga qarshi boshlangan sud muhokamasi to‘g‘risida darhol xabar qilish, zarar yetkazilishi holatlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni va vakolatli organlardan olingan sug‘urta hodisasining sabablari hamda oqibatlarini, zararning xususiyati va miqdorini belgilash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni sug‘urtalovchiga taqdim etishi;

sug‘urta hodisasi yuz berganda zararning oldini olish va (yoki) kamaytirish yuzasidan mumkin bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishi;

sug‘urtalovchiga zararni qoplash to‘g‘risidagi uchinchi shaxslarning talabi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini berishi;

sug‘urta hodisasi yuz berganligi uchun javobgar shaxsga nisbatan regress talab qilish huquqini sug‘urta tovonini to‘lagan sug‘urtalovchiga o‘tishini ta’minlashi shart.

Sug‘urta qildiruvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.

  1. Sug‘urtalovchi:

majburiy sug‘urta shartnomasini tuzishda sug‘urta qildiruvchi shaxsdan sud ekspertlarining javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha oldingi shartnomalar, sug‘urta holatlari, sug‘urta to‘lovlari va majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni taqdim etishini talab qilish;

sug‘urta qildiruvchi tomonidan yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi uchinchi shaxslarning talablari bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda ishtirok etish;

Nizomga nazarda tutilgan hollarda zarar yetkazganlik uchun javobgar shaxsga nisbatan regress talab qilish huquqini taqdim etish;

Shuningdek, sug‘urta tovonini to‘liq yoki qisman to‘lashni rad etish huquqiga ega.

Sug‘urtalovchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Sug‘urtalovchi:

sug‘urta qildiruvchini majburiy sug‘urta shartnomasi shartlari bilan tanishtirishi, shu jumladan uning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;

qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda majburiy sug‘urta shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta mukofotini to‘liq yoki qisman qaytarib berishi;

sug‘urta hodisasi yuz berganligi va sug‘urtalovchi tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar yetarli bo‘lmagan taqdirda, ular olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida ariza beruvchiga taqdim etilmagan va (yoki) noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati ko‘rsatilgan holda xabar berishi;

sug‘urta hodisasi yuz berganda ushbu Nizomga nazarda tutilgan tartibda va shartlarda sug‘urta to‘lovini amalga oshirishi;

sug‘urta qildiruvchidan (naf oluvchidan) ariza olinganda sug‘urta qildiruvchining (naf oluvchining) talablarini ko‘rib chiqish va besh ish kuni ichida nizoni hal etishning keyingi tartibi ko‘rsatgan holda yozma javob berishi;

sug‘urta hodisasi yuz berganda zararni oldini olish va (yoki) kamaytirish maqsadida sug‘urta qildiruvchiga yetkazilgan xarajatlarni qoplashi;

o‘z faoliyatini amalga oshirish natijasida sug‘urta qildiruvchi va uchinchi shaxs yoki naf oluvchi to‘g‘risida olingan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi shart.

Sug‘urtalovchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.

5-bob. Sug‘urta mukofotini aniqlash va uni to‘lash tartibi

  1. Majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofotining hajmi tomonlarning kelishuvi bilan belgilanadi, biroq majburiy sug‘urta shartnomasida belgilangan sug‘urta summasining 1 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Davlat tomonidan majburiy sug‘urta qilish shartnomasi amal qiladigan muddat mobaynida sug‘urta tarifi darajasining o‘zgarishi sug‘urta qildiruvchi tomonidan to‘lov vaqtida amalda bo‘lgan sug‘urta tarifi bo‘yicha to‘langan sug‘urta mukofotining o‘zgarishiga olib kelmaydi.

  1. Sug‘urtalovchi naf oluvchiga sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun sug‘urtalovchiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

sug‘urta tovonini olish to‘g‘risida ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda ariza;

uchinchi shaxslarning yetkazilgan zararni va uning miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan zararni qoplash to‘g‘risidagi talabi yoki sug‘urta qildiruvchi tomonidan sud-ekspertlik harakatlar sodir etilishi natijasida yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi sudning qonuniy kuchga kirgan qarori;

naf oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki yuridik shaxs vakiliga berilgan ishonchnoma;

yetkazilgan zararning oldini olish va (yoki) kamaytirish choralarini ko‘rish bilan bog‘liq xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar.

  1. Hujjatlarni qabul qilgan sug‘urtalovchi ariza beruvchiga taqdim etilgan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati va qabul qilingan sana ko‘rsatilgan ma’lumotnoma berishi shart.

Ariza beruvchi tomonidan sug‘urta tovonini olish to‘g‘risidagi murojaat elektron shaklda yuborilgan taqdirda, unga ushbu ma’lumotnoma elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.

  1. Sug‘urta hodisasi sug‘urta qildiruvchi tomonidan yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi sudning qarori qonuniy kuchga kirgan yoki sug‘urta qildiruvchi tomonidan zararni qoplash to‘g‘risidagi uchinchi shaxslarning talablari asosli ekanligi tan olingan va bu haqda sug‘urtalovchining roziligi olingan kundan boshlab yuz bergan hisoblanadi.
  2. Sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchining tashabbusi bilan yoki sug‘urtalovchining talabiga binoan zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishi munosabati bilan yuzaga kelgan sug‘urta qildiruvchining barcha bildirilgan va isbotlanadigan xarajatlarini, hatto bu choralar muvaffaqiyatsiz bo‘lgan hollarda ham qoplaydi.
  3. Zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish bo‘yicha xarajatlar sug‘urta tovoni miqdoridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
  4. Sug‘urta tovoni yetkazilgan zarar miqdorida, lekin sug‘urta summasidan oshmagan miqdorda sug‘urtalovchi tomonidan bevosita uchinchi shaxsga (uning merosxo‘riga yoki huquqiy vorisiga) to‘lanadi.
  5. Agar sug‘urta qildiruvchi uchinchi shaxsga yetkazilgan zararning o‘rnini sug‘urtalovchining yozma roziligi bilan o‘z hisobidan qoplasa, sug‘urta qildiruvchi yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibida o‘zi amalga oshirgan to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etganidan keyin sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta tovonini to‘laydi.

Sug‘urta qildiruvchi uchinchi shaxsga yetkazilgan zararning o‘rnini o‘z hisobidan qisman qoplasa sug‘urtalovchi sug‘urta tovonining tegishli qismini sug‘urta qildiruvchiga, qolgan qismini esa — uchinchi shaxsga (uning merosxo‘riga yoki huquqiy vorisiga) to‘laydi.

Bankning to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi belgisi qo‘yilgan to‘lov topshiriqnomasi nusxasi yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibida sug‘urta qildiruvchi to‘laganligini yoki boshqa to‘lov qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi.

  1. Sug‘urta tovonini to‘lashda sug‘urtalovchi naf oluvchidan sug‘urtalovchiga nisbatan da’voni cheklaydigan shartlarni qabul qilishni talab qilishga haqli emas.

Sud eksperti tomonidan amalga oshirilgan sud-ekspertiza natijasida mulkiy manfaatlari zarar ko‘rgan uchinchi shaxs vafot etgan taqdirda, uning merosxo‘rlari yoki huquqiy vorislari naf oluvchi hisoblanadi.

Sug‘urtalovchining yozma roziligi bilan sug‘urtalovchining majburiyatlari doirasida uchinchi shaxsga (uning merosxo‘rlariga yoki huquqiy vorislariga) yetkazilgan zararning o‘rnini qoplagan sug‘urta qildiruvchi ham naf oluvchi bo‘lishi mumkin.

  1. Sug‘urta tovonini to‘lash sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran besh ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
  2. Sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi yoki uni to‘lash haqidagi qarori sug‘urta qildiruvchiga u sug‘urta tovoni to‘lash to‘g‘risida yozma murojaat etganidan keyin o‘n besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi kerak, tovon to‘lash rad etilganda qarorda rad etishning asoslantirilgan sabablari ko‘rsatilishi lozim.
  3. Agar sug‘urta tovonini to‘lash ushbu Nizomda belgilangan muddatda amalga oshirilmagan bo‘lsa, sug‘urtalovchi uchinchi shaxsga (uning merosxo‘riga yoki huquqiy vorisiga) sug‘urta tovoniga qo‘shimcha ravishda sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundagi bank foizining hisob stavkasidan kelib chiqqan holda penya to‘laydi.
  4. Agar majburiy sug‘urta shartnomasi amalda bo‘lgan davrda sug‘urtalovchi uchinchi shaxsga (uning merosxo‘riga yoki huquqiy vorisiga) sug‘urta tovoni to‘lasa, u holda sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchidan sug‘urta tovoni to‘langanligi to‘g‘risidagi xabarnoma olingan kundan e’tiboran ikki hafta muddatda to‘langan sug‘urta tovoni summasiga va majburiy sug‘urta shartnomasi amal qilishining qolgan muddatiga mutanosib ravishda qo‘shimcha sug‘urta mukofotini to‘laydi.
  5. Sug‘urtalovchi majburiy sug‘urta shartnomasining amal qilishi davrida vujudga kelgan zararlarning o‘rnini, agar uchinchi shaxs (uning merosxo‘ri yoki huquqiy vorisi) zararlarni keltirib chiqargan sug‘urta hodisasi haqida zararlarning o‘rnini majburiy sug‘urta shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin uch yil ichida undirish to‘g‘risida da’vo arizasi bergan bo‘lsa, qoplaydi.
  6. Sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi quyidagi asoslar bo‘yicha yuzaga kelgan taqdirda sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish huquqiga ega:

sug‘urta qildiruvchining sug‘urta hodisasini yuzaga keltirishga qaratilgan qasddan qilingan harakatlari;

sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta hodisasi yuz berganligi haqida yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilishi;

sug‘urta qildiruvchi tomonidan «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan sud ekspertining vazifalari va majburiyatlariga muvofiq bo‘lmagan faoliyatni amalga oshirishi;

sug‘urta qildiruvchi tomonidan zarar keltirib chiqarishda aybdor bo‘lgan shaxsdan yetkazilgan zarar uchun tegishli kompensatsiya olinishi;

sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urtalovchiga sug‘urta hodisasi yuzaga kelishi holatlarini tekshirishda va yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashda to‘sqinlik qilishi.

Sug‘urtalovchi ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa asoslar bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lashni rad etishga haqli emas.

  1. Sug‘urtalovchi tomonidan quyidagi hollarda sug‘urta tovoni qoplanmaydi:

sug‘urta qildiruvchi tomonidan tan olingan, biroq sug‘urtalovchining roziligi olinmagan uchinchi shaxsning yozma talabi bilan aniqlangan zarar;

majburiy sug‘urta shartnomasi amal qilishi davomida shartnoma kuchga kirgunga qadar yuzaga kelgan sabablarga ko‘ra yetkazilgan zarar;

ma’naviy zarar, boy berilgan foyda va jarima to‘lovlari.

6-bob. Sug‘urtalovchining regress tartibida talab qilish huquqi

  1. Sug‘urtalovchi zarar yetkazilgan shaxsga o‘zi to‘lagan sug‘urta tovoni miqdorida quyidagi hollarda regress tartibida talab qilish huquqiga ega, agar:

sug‘urta hodisasi sug‘urta qildiruvchining qasddan qilgan harakatlari natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa;

sug‘urta hodisasi sug‘urta qildiruvchining qasddan sodir etgan jinoyati natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa;

sug‘urta qildiruvchi tomonidan zararning oldini olish va (yoki) kamaytirish choralarini qasddan ko‘rmaganligi natijasida zarar miqdori oshib ketgan bo‘lsa;

sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urtalovchiga sug‘urta ob’ekti, sug‘urta xavfi, sug‘urta hodisasi va uning natijalari haqida yolg‘on ma’lumotlar berilgan bo‘lsa.

  1. Sug‘urta tovonini to‘lagan sug‘urtalovchiga sug‘urta qildiruvchining sug‘urta natijasida qoplangan zarar uchun javobgar shaxsga nisbatan to‘langan summa doirasida regress tartibida talab qilishga bo‘lgan huquqi o‘tadi.
  2. Sug‘urtalovchi tomonidan undirilgan zararlar bo‘yicha javobgar bo‘lgan shaxsga nisbatan ega bo‘lgan talab qilish huquqi sug‘urta tovonini to‘lashni amalga oshirgan sug‘urtalovchiga u to‘lagan summa doirasida o‘tadi.
  3. Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta tovonini olishda sug‘urtalovchiga uning sug‘urta hodisasi yuzaga kelishida aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan qayta talab qilish huquqini amalga oshirishi uchun barcha zarur hujjatlarni berishi shart.
  4. Agar sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchi tomonidan undirilgan zarar yuzasidan javobgar bo‘lgan shaxsga nisbatan o‘zining talab qilish huquqidan voz kechsa yoki ushbu huquqni amalga oshirish sug‘urta qildiruvchining aybiga ko‘ra mumkin bo‘lmay qolsa sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchidan sug‘urta tovonining to‘langan summasini qaytarib berishni talab qilishga haqlidir.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

____________________________
(sug‘urtalovchining nomi)

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini
majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish to‘g‘risida
ARIZA

  _____________________________________                                                       _______________asosida harakat qiluvchi
  (nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining nomi)                                                                    (hujjat nomi)

                                                                                                                                                           orqali Sizdan nodavlat sud-ekspertlik faoliyati

  (vakolatli shaxsning F.I.O., lavozimi)

bilan shug‘ullanuvchi tashkilot sud-ekspertlarining Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish nizomida nazarda tutilgan shartlarda nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta shartnomasini tuzishni so‘raydi.

1. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining rekvizitlari:

pochta manzili: ________________________________________________________________;
telefon: ___________, faks: ___________, el. manzili:

2. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining bank rekvizitlari:
bank nomi: _____________________________________________________________________________;
bank hisobvarag‘i: ____________________________________________________________________________;
xizmat ko‘rsatuvchi bankning MFO

3. Nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarliginimajburiy sug‘urta shartnomasi: birinchi marta tuzilmoqda / o‘tgan yilda tuzilgan.

4. O‘tgan yilda tuzilgan nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta shartnomasi to‘g‘risida ma’lumotlar:

a) nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi: 20____ yil «____» ___________ dagi _______ seriyali ________-son;

b) sug‘urta mukofoti, so‘mda:

(summasi raqamlar va yozuv bilan)

v) jami to‘langan sug‘urta tovoni, so‘mda:

(summasi raqamlar va yozuv bilan)

5. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlari

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

Nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi blankasining namunasi

(Nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi blankasining old tomoni)

O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri

Nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha
SUG‘URTA POLISI
6. Nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta shartnomasi amal qilishi davrida qonunga zid sud-ekspertizani amalga oshirish natijasida nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining aybi bilan jismoniy va yuridik shaxsga mulkiy zarar yetkazilganligi qonuniy kuchga kirgan sud qarori bilan belgilangan yoki sug‘urta qiluvchi tomonidan tan olingan fakti sug‘urta hodisasi hisoblanadi.

(Nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi blankasining orqa tomoni)

7. Sug‘urtalovchining, shuningdek uning nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta shartnomasini tuzishga, nodavlat ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sud ekspertlar, uchinchi shaxslar va naf oluvchilarning sug‘urta tovoni haqidagi talablarini ko‘rib chiqishga hamda sug‘urta tovonini amalga oshirishga vakolatli barcha filiallarining pochta manzillari, ular bilan bog‘lanish vositalari va ish vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlar:

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA

Sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risida
ARIZA

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 noyabrdagi 706-son qaroriga
3-ILOVA

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqotlar

RO‘YXATI

T/r Ekspertiza turlari
1. Sud-xatshunoslik ekspertizasi
2. Hujjatlarning texnik-kriminalistik ekspertizasi
3. Sud-san’atshunoslik ekspertizasi
4. Sud-portret ekspertizasi
5. Sud-trasologik ekspertizasi
6. Tolali materiallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarning sud ekspertizasi
7. Polimer materiallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarning sud ekspertizasi
8. Lok-bo‘yoq materiallari va qoplamalarining sud ekspertizasi
9. Sud-tuproqshunoslik ekspertizasi
10. Neft mahsulotlari va yoqilg‘i-moylash materiallarining sud ekspertizasi
11. Tabiiy minerallar sud ekspertizasi
12. Shisha buyumlari va silikatli qurilish materiallarining sud ekspertizasi
13. Metall buyumlari va qotishmalarining sud ekspertizasi
14. Dori vositalarining sud ekspertizasi
15. Tabiati noma’lum moddalarning sud ekspertizasi
16. Tarkibida spirt bo‘lgan suyuqliklar va ularning izlari sud ekspertizasi
17. Maxsus markerlar (ko‘rsatkichlar) sud ekspertizasi
18. Oziq-ovqat mahsulotlarining sud ekspertizasi
19. Sud-biologik ekspertizasi
20. Sud-botanik ekspertizasi
21. Sud-zoologik ekspertizasi
22. Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi
23. Sud-transport-trasologiya ekspertizasi
24. Sud-iqtisodiy ekspertizasi
25. Sud-buxgalteriya ekspertizasi
26. Sud-moliya-kredit ekspertizasi
27. Mehnat iqtisodiyoti sud ekspertizasi
28. Sud-rejali-iqtisodiyot ekspertizasi
29. Sud-iqtisodiy-statistik ekspertizasi
30. Tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi
31. Sud-qurilish-texnikaviy ekspertizasi
32. Sud-yer ekspertizasi
33. Sud-tovarshunoslik ekspertizasi
34. Sud-fonografiya ekspertizasi
35. Videomateriallarning sud ekspertizasi
36. Sud-ekologik ekspertizasi
37. Sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasi
38. Sud-filologik ekspertizasi
39. Sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasi
40. Sud-psixologik ekspertizasi
41. Sud-elektrotexnikaviy ekspertizasi
42. Sud-yong‘in texnik ekspertizasi
43. Sud ballistik ekspertizasi
44. Giyohvand moddalar, psixotrop moddalar va prekursorlar ekspertizasi
45. Sud-avtotexnika ekspertizasi
46. Oziq-ovqat mahsulotlarning tadqiqotlari
47. Mikrozarrachalar ekspertizasi
48. Yo‘l ekspertizasi
49. Sud lingvistik ekspertizasi
50. Zaharli ximikatlar va og‘ir metall tuzlari ekspertizasi
51. Boshqa tur ob’ektlar ekspertizasi

Izoh. Davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlari doirasida ro‘yxatdagi tadqiqotlar turlarini amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri mavjud ehtiyoj va takliflardan kelib chiqib, mazkur ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 noyabrdagi 706-son qaroriga
4-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar

  1. Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 dekabrdagi 321-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010 y., 12-son, 75-modda) bilan tasdiqlangan Davlat sud ekspertlarining hayoti va sog‘lig‘ini davlat tomonidan majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi nizomda:
  2. a) 6-banddan «ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha» so‘zlari chiqarib tashlansin;
  3. b) 1-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  4. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi 531-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining ustavida:
  5. a) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

«2. Markaz adliya organlari va muassasalari, advokatlar, notariuslar, patent vakillari, mediatorlar, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlarini hamda huquqiy bilimlarini oshirish talab etiladigan davlat boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, boshqa soha mutaxassislarini qayta tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan davlat ta’lim muassasasidir»;

  1. b) 32-bandning ikkinchi xatboshisidagi «O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda,» so‘zlari chiqarib tashlansin.
  2. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 dekabrda 1030-son qarori bilan tasdiqlangan Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1-bandi «huquqni muhofaza qilish organlari» so‘zlaridan keyin «hamda davlat sud-ekspertiza muassasalarining» so‘zlari qo‘shilsin.
  3. Vazirlar Mahkamasining «Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlarni tasdiqlash haqida» 2020 yil 24 martdagi 180-son qarorida:
  4. a) 2-ilovada (Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimini oshirish tartibi to‘g‘risida nizom):

8-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

«8. Sud ekspertizasining muayyan turi bo‘yicha uzluksiz ravishda o‘n yil davomida sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirgan sud eksperti hamda uzluksiz ravishda kamida so‘nggi uch yil davomida sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirib kelayotgan davlat sud ekspertlari ushbu ixtisoslik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini o‘tmasdan yakuniy imtihon topshirishga haqli»;

17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«17. Talabgor tegishli davlat muassasasiga onlayn tarzda yoki bevosita quyidagi hujjatlarni topshiradi:

davlat muassasasi rahbari nomiga ariza (arizada talabgorning muassasada ta’lim beriladigan tillardan birida ta’lim olish va imtihon topshirish xohlashi ko‘rsatiladi);

nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti nomidan tavsiyanoma (agar shaxs nodavlat sud ekspertiza tashkilotida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa).

Bunda hujjatlarni onlayn tarzda topshirish davlat muassasasining rasmiy veb-saytida amalga oshiriladi.

Quyidagi hujjatlar davlat muassasasi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi:

pasport nusxasi;

3,5×4,5 hajmdagi ikki dona fotosurat;

ma’lumoti to‘g‘risidagi diplom nusxasi;

mehnat daftarchasining ish joyida tasdiqlangan nusxasi yoxud undan ko‘chirma yoki ekspertlik faoliyati va turini tasdiqlovchi boshqa hujjat»;

30-bandda:

to‘rtinchi xatboshidagi «test (qog‘oz yoki elektron)» so‘zlari «kompyuterda topshiriladigan test sinovlari» so‘zlari bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi qo‘shilsin:

«Test sinovlarining natijasi shu vaqtning o‘zida ma’lum qilinadi»;

oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.

32-bandda:

ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

«Yakuniy attestatsiya va apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish jarayoni uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va kamida bir yil davomida muhrlangan holda davlat muassasasida saqlanadi»;

quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:

«Attestatsiya jarayonlari onlayn tarzda ham uzatilishi mumkin».

34-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qo‘shilsin:

«Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari baholash yo‘nalishidagi sud ekspertizasi turlarini amalga oshirishda sud ekspertizalarini o‘tkazish huquqini beruvchi tegishli sertifikatga ega bo‘lganda, ulardan baholovchining malaka sertifikati talab qilinmaydi»;

ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilar uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;

63-bandda:

ikkinchi xatboshidagi «test» so‘zi «kompyuterda topshiriladigan test» so‘zlari bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:

«Test sinovlarining natijasi shu vaqtning o‘zida ma’lum qilinadi»;

Nizomga 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

Skip to content