EHTIYOT BOʻLING: OZDIRUVCHI “ZAHARLAR”

Statistik maʼlumotlarga koʻra, sayyoradagi har 5-6-chi odam ortiqcha vaznga ega. Semizlik, yaʼni ortiqcha vazn bir kunlik muammo emas. Organizmda ortiqcha vazn yillar davomida yigʻilib, turli muammolardan paydo boʻlgan holatdir. Mutaxassislarning fikricha ortiqcha vaznni yoʻqotmoqchi boʻlganda reja bilan harakat qilish lozimdir. Koʻpchilik kerakli raqamni iloji boricha tez va oson olish uchun eng samarali ozdiruvchi tabletkalarni afzal koʻradi.

1980-yillardan boshlab bunday dorilarning bozori sezilarli darajada kengaydi. Endi mahsulotlarni tushunish va qaysi biri foydali va qaysi biri zararli ekanligini bilish juda muhimdir. Afsuski, oxirgi paytlarda taʼsiri isbotlanmagan, nomaʼlum saytlarda sotiladigan dorilarga aldanib qolish holatlari koʻp uchramoqda. Aksariyat ozdiruvchi tabletkalar hech qayerda tasdigʻini topmagan. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan ozish uchun dori vositalarining taʼsiri ozish uchun “sehrli kuch” sifatida taqdim etilgan boʻlib, ilmiy va klinik jihatdan isbotlanmagan. Koʻpgina ushubu dorilar tarkibida, preparatning kelib chiqishi, ishlab chiqaruvchisi, saqlash sharoitlari, qoʻllanilish usuli, nojoʻya taʼsiri va boshqalar haqida toʻliq maʼlumot mavjud emas. Vazn yuqotish uchun moʻljallangan kapsula va tabletkalar mahalliy dorixonalar yoki Internetda jozibali qadoqlarda boʻlishi, bu uning xavfsizligini anglatmaydi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan bozor rastalarida va doʻkonlarda tarkibi oʻsimliklardan tashkil topgan deb sotilayotgan ozdiruvchi kapsulalarni tegishli tartibda rasmiylashtirilgan holda olinib, ashyoviy dalillarning tarkibini aniqlash maqsadida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga ekspertiza tekshiruvi uchun taqdim qilindi.

Markazning “Materiallar, ashyolar, buyumlar kriminalistik ekspertizasi” laboratoriyasida “Giyohvand vositalar, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, prekursorlar ekspertizasi” hamda “Dori preparatlari ekspertizasi” turlari boʻyicha sud, tergov organlarining ajrim va qarorlari shuningdek, advokatlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida tadqiqotlar oʻtkazilib, ekspertiza xulosasi va mutaxassis fikri beriladi. Laboratoriyada oʻtkaziladigan tadqiqotlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2023-yil 10-apreldagi 72-um sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida olib boriladi.

Ekspertiza tekshiruvi uchun taqdim qilingan ashyoviy dalillarning tarkibini aniqlash maqsadida laboratoriyaning maxsus bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan malakali ekspertlari tomonidan laboratoriyada mavjud boʻlgan xorijdan keltirilgan zamonaviy, oʻta sezgir uskunalarda kompleks tadqiqotlar olib borildi.

Olib borilgan kompleks tadqiqotlar natijasida taqdim qilingan ashyoviy dalillar yaʼni tarkibi oʻsimliklardan tashkil topgan deb sotilayotgan ozdiruvchi kapsulalarning tarkibida Sibutramin moddasi mavjudligi aniqlandi.

Sibutramin Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi
818-sonli qaroriga muvofiq kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, uni sotish va realizatsiya qilish faqatgina giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʻlgan dorixonalar hamda ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshirish ushbu qaror bilan belgilab qoʻyilgan.

Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar nima va ular inson organizmiga qanday taʼsir koʻrsatadi?

Mutaxassislar kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sogʻlom organizm qabul qilganda, zararli xususiyatlarga egaligini taʼkidlaydilar. Qayd etilishicha, birinchi navbatda dorilar zaharga aylanadi. Dori sogʻlom organizmga kirgach, oʻz nojoʻya taʼsirlarini koʻrsatmay qolmaydi.  Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalariga oʻrganib qolganlar orasida 2 xil ruhiy va jismoniy tobelik kelib chiqadi.

Shifokor jismonan tobelikni 1 haftada davolashi mumkin. Masalan, dori taʼsiriga tushib qolgach, uni isteʼmol qilmay qoʻysa, yuzaga keladigan koʻp terlashlar, holsizlik, ishtaha yoʻqligi, oyoq-qoʻllar va boʻgʻimlarda ogʻriqlarni tez davolashning imkoni bor.

Eng achinarli holat, bu ruhiy tobelikdir. Uni kerak boʻlsa, bir umr davolashga toʻgʻri keladi.

Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar inson organizmidagi qon tomirlarni juda tez kengaytirib yuborishi mumkin. Bunda hushdan ketish holatlari ham kuzatiladi.

Agarda kuchli taʼsir qiluvchi moddalar birdaniga koʻp miqdorda isteʼmol qilinsa, organizmda zaharlanish holati kuzatiladi. Bu hatto oʻlim bilan tugashi mumkin. Chunki qon tomir orqali soʻrilgan har bir dori vositasi ichki organizmdan oʻtadi. Jigar, buyrak faoliyatiga, yurak sohasiga taʼsir oʻtkazadi. Koʻpgina holatlarda yurak sohasida katta oʻzgarishlarga olib kelishi shifokorlar tomonidan isbotlangan.

Maʼlumot uchun, ayni paytda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotayotgan yoki sotib olayotganlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoiy va maʼmuriy javobgarlik choralari koʻriladi.

Bemor bunday turdagi dorilarni shifokor yozib bergan va kasalxona muhri bosilgan retsept asosida sotib olishi zarur. U dorini oʻzi bilan olib yurganda qoʻlida retsept ham boʻlishi talab etiladi.

Yuqoridagi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida tarkibi, kelib chiqishi, ishlab chiqaruvchisi, saqlash sharoitlari, qoʻllanilish usuli, nojoʻya taʼsiri va boshqalar haqida toʻliq maʼlumoti mavjud boʻlmagan har qanday ozdiruvchi tabletka va kapsulalarni isteʼmol qilishdan saqlanish tavsiya qilinadi.

 

Xalilova Nilufar Shuxratillayevna
Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti boʻlimi
boshligʻi, farmatsevtika fanlari nomzodi,
3-darajali adliya maslahatchisi

 

Skip to content