SUD EKSPERTIZASI TADQIQOTLARINI O‘TKAZISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida

O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida” 2022-yil 3-avgustdagi O‘RQ-786-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida” 2022-yil 3-avgustdagi O‘RQ-786-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-son Farmoniga muvofiq:

advokatlarga iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan sud ekspertizasi o‘tkazilishini so‘rash, shuningdek, sud ekspertizasi xulosasi ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish huquqi berilganligi;

advokat so‘roviga ko‘ra sud ekspertizasi xulosasini olish muddatlari davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarda belgilanishi nazarda tutilganligi;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarida qayd etilganligi;

ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasalarga o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha sud-ekspertlik tadqiqotlarini o‘tkazish huquqini berish nazarda tutilganligi;

O‘zbekiston Respublikasi davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan xorijiy tashkilot va chet el fuqarolari uchun sud-ekspertiza imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida ularga xizmat ko‘rsatish tartibini joriy etish belgilanganligi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan ekspertlar tomonidan mutaxassis fikrini berish ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish mexanizmlari sifatida qayd etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

sud ekspertizasi hamda tadqiqotlar o‘tkazish tartibi va shartlari;

sud ekspertizasi xulosasi va mutaxassis fikrini tuzilishiga qo‘yilgan talablar;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)larning sud ekspertizasi va tadqiqotlarni o‘tkazishi asoslari;

xorijiy tashkilot va chet el fuqarolari uchun sud ekspertizasi imkoniyatlaridan foydalanish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan sud ekspertlari tomonidan mutaxassis fikrini berish tartibi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  2. Tizimida davlat sud-ekspertiza muassasalari hamda bo‘linmalari bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar ikki oy muddatda:

ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizomga muvofiq sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi hamda mutaxassis fikrini berishni nazarda tutuvchi ichki nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

  1. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2023-yil 21-fevral,

73-son

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi 73-son qaroriga
1-ILOVA

Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

NAMUNAVIY NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Namunaviy nizom davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar (keyingi o‘rinlarda — ekspertiza tashkiloti) tomonidan sud ekspertizasi tadqiqotlari o‘tkazilishi tartibi va shartlarini belgilaydi.

Ushbu Namunaviy nizom xorijiy tashkilot va chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun ham tatbiq etilishi mumkin. Bunda har bir ekspertiza tashkiloti faoliyatining xususiyatiga ko‘ra sud ekspertizasi tadqiqotlari o‘tkazilishini mustaqil belgilaydi.

  1. Mazkur Namunaviy nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

davlat sud-ekspertiza muassasasi — sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan muassasa, shuningdek, tegishli davlat organlari, vazirliklar va idoralar tizimidagi ixtisoslashtirilgan sud ekspertizasi bo‘linmalari;

ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot) — asosiy faoliyat turi ilmiy faoliyat yuritishga yo‘naltirilgan yuridik shaxs;

ish materiallari — sud ekspertizasi tayinlangan fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishi (shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv materiallari), ma’muriy sud ishlari va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar, shuningdek, advokatning so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar;

mutaxassis fikri — jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida amalga oshiriladigan tadqiqotlar natijasi yuzasidan mutaxassis (sud eksperti)ning belgilangan tartibda rasmiylashtiriladigan fikri;

nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti — nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat, ma’muriy sud ishlari va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislari bo‘lgan tashkilot;

sud eksperti — xulosa berish uchun fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida jalb qilingan jismoniy shaxs;

sud ekspertizasi tadqiqoti (keyingi o‘rinlarda — tadqiqotlar) — fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat, ma’muriy sud ishlari va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish holatlarini aniqlashga va sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berishga hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida amalga oshiriladigan hamda natijasi bo‘yicha mutaxassis fikri taqdim etilishiga qaratilgan faoliyat;

sud eksperti (sud ekspertlari)ning xulosasi (xulosa) (keyingi o‘rinlarda — xulosa) — sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — komissiya) tomonidan tuziladigan va tadqiqotlar olib borilishini va ularning natijalarini aks ettiradigan yozma yoki elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron shakldagi hujjat.

  1. Ekspertiza tashkilotida tadqiqotlar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya (sud)ning (keyingi o‘rinlarda — ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs)lar) qarori (ajrimi) asosida o‘tkaziladi.

Advokat so‘roviga ko‘ra tadqiqotlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan qonunchilikka ko‘ra ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkin.

Ekspertiza tashkilotiga qaror (ajrim), so‘rov, murojaatlar hamda ularning natijasi bo‘yicha ekspertiza xulosasi yoki mutaxassis fikri yozma yoxud elektron shaklda taqdim etiladi.

  1. Tadqiqotlar sud eksperti tomonidan o‘tkaziladi.

Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni tadqiqotlarni o‘tkazish uchun jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tadqiqotlarni o‘tkazishda sud ekspertining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qonunchilikda belgilanadi.

  1. Quyidagi holatlarda sud ekspertiga ish materiallari yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish taqiqlanadi:

ish materiallari bo‘yicha manfaatdor tomonlar bilan qarindosh bo‘lganda;

ish materiallari bo‘yicha manfaatdor tomonlar bilan davlat sud-ekspertiza muassasasi hamda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining rahbarlari, tarkibiy bo‘linma boshliqlari va ularning yaqin qarindoshlari bo‘lganda, bundan tadqiqotlar o‘tkazuvchi yagona tashkilot bo‘lgan holatlar mustasno;

ish materiallari bo‘yicha manfaatdor tomonlardan biri nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining mulkdori, muassisi, kuzatuv kengashi, ijro organi a’zosi, kreditori, sug‘urtalovchisi hamda ularning yaqin qarindoshlari bo‘lganda;

ustav fondi (ustav kapitali)da nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining yoki sud ekspertining ulushi bo‘lgan yuridik shaxsning xulosadan manfaatdorligi bo‘lganda;

tirik shaxsga nisbatan sud ekspertizasini o‘tkazishda mazkur shaxsga uning tayinlanishidan oldin tibbiy yordam ko‘rsatilganda. Mazkur cheklov sud-tibbiy yoki sud psixiatrik ekspertizalar shaxsni bevosita ko‘rikdan o‘tkazmasdan amalga oshirilgan hollarda ham amal qiladi;

sud ekspertining xolisligiga va beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lganda.

Sud eksperti yuqorida qayd etilgan holatlarda bevosita rahbarini xabardor qiladi. Rahbar ekspertiza tashkilotida ushbu mutaxassislik bo‘yicha boshqa sud eksperti bo‘lganda, tadqiqotlarni unga topshiradi. Boshqa sud eksperti bo‘lmagan holda ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokatga yoki tadqiqotlar o‘tkazish uchun murojaat qilgan jismoniy yoxud yuridik shaxsga ish hujjatlarini uch ish kunida ijrosiz qaytarib yuborishi lozim.

Mazkur tartibga amal qilmaslik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

  1. Jinoiy javobgarlikka olib kelmaydigan tarzda tadqiqotlar o‘tkazish tartibini buzganligi va o‘z vazifalariga vijdonan munosabatda bo‘lmaganligi uchun sud eksperti qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
  2. Ekspertiza tashkiloti rahbarining vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
  3. Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ning qarori (ajrimi) asosida tadqiqotlarni o‘tkazish muddatlari sud ekspertizalarining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga ko‘ra 30 kun doirasida belgilanadi. Sud ekspertizasi turlarining murakkablik darajasi ekspertiza tashkilotining yuqori turuvchi idorasi, shuningdek, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari uchun Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Tadqiqotlarni o‘tkazishni 30 kun mobaynida bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda, ekspertiza tashkiloti rahbari muddat o‘tishidan 3 ish kuni oldin asoslangan holda ekspertiza tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga yozma yoki elektron ravishda xabar qiladi hamda ular bilan kelishgan holda qo‘shimcha muddatni belgilaydi.

Advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazish muddatlari sud-ekspertiza tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan belgilanadi.

  1. Ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ning qarori (ajrimi) bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish muddatlari ish materiallari ekspertiza tashkilotiga tushgan kundan keyingi ish kunidan boshlab hisoblanadi va sud eksperti xulosasi ekspertiza tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga yuborilgan kunda tugaydi.

Advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlar shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilganlik to‘g‘risidagi hujjatlar ekspertiza tashkilotiga taqdim etilgan kundan boshlab hisoblanadi va sud eksperti xulosasi yoki mutaxassis fikri manfaatdor shaxsga yuborilgan kunda tugaydi.

Sud eksperti tomonidan tadqiqotlarni o‘tkazish muddatlari quyidagi davrlarga to‘xtatib turiladi:

ekspertiza tayinlagan vakolatli organ (shaxs), advokat hamda jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan ish materiallaridagi kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish to‘g‘risida sud eksperti (mutaxassis)ning iltimosnomasini ko‘rib chiqish davriga;

tadqiqotlarni o‘tkazishni 30 kun mobaynida bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda uni o‘tkazish muddatlarini kelishib olish to‘g‘risida yuborilgan xabarni ko‘rib chiqish davriga;

sud ekspertining xizmat safarida, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi yoki mehnat ta’tilida bo‘lish davriga, sud ekspertizasini bajarishni boshqa sud ekspertiga topshirish mumkin bo‘lmaganda.

Qonunchilikda va ushbu Namunaviy nizomda nazarda tutilmagan boshqa asoslar bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlarini to‘xtatib turishga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Davlat sud-ekspertiza muassasalari hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy sudlarga taalluqli ishlar bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazganligi uchun to‘lov undirishga haqlidir. Sud ekspertizalarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish ish bo‘yicha tomonlarga yuklanadi va sud ekspertizasini o‘tkazish boshlangunga qadar to‘lanadi. To‘lov miqdori va mazkur mablag‘larni sarflash tartibi qonunchilik hujjatlariga asosan belgilanadi.

Advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlarni o‘tkazish shartnomaga binoan to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti o‘tkaziladigan tadqiqotlar uchun to‘lov miqdorini mustaqil belgilaydi.

Xorijiy tashkilot va chet el fuqarolari uchun alohida to‘lov miqdorlari belgilanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq boshqa korxona, muassasa, tashkilot va boshqa jismoniy shaxslar sud eksperti sifatida ishda ishtirok etishi mumkin. Bunda tadqiqotlar o‘tkazilganligi uchun to‘lov sud ekspertizasini tayinlashga vakolatli organ (shaxs) tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

Tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar to‘lanmaganligi ish materiallarini tadqiqotlar o‘tkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.

Tadqiqotlar boshlangan va sarflash materiallari ishlatilgan hollarda to‘lov buyurtmachiga qaytarilmaydi.

  1. Ekspertiza tashkilotida tadqiqotlarni o‘tkazish xizmat ko‘rsatiladigan mintaqalarga muvofiq tashkil etiladi, bundan shartnoma asosida o‘tkaziladigan tadqiqotlar mustasno, mintaqalar ular tasarrufida bo‘lgan tegishli davlat organi tomonidan belgilanadi.

Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)lar va xizmat ko‘rsatiladigan mintaqa tashqarisida joylashgan ekspertiza tashkiloti uchun tadqiqotlar, istisno tariqasida, xizmat ko‘rsatiladigan mintaqa tashqarisida joylashgan ekspertiza tashkiloti tomonidan qonunchilikka muvofiq o‘tkazilishi mumkin. Bunda ish hajmi barcha hududda bir xilda bo‘lishini ta’minlash maqsadida komission, kompleks hamda qayta sud ekspertizalarini mintaqalarda o‘tkazilishi ketma-ketligi sud ekspertizasi muassasasi tizimida mavjud bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tasarrufiga kirsa, ular tomonidan belgilanishi mumkin.

2-bob. Tadqiqotlarni o‘tkazish uchun yuboriladigan ish materiallarini rasmiylashtirish

  1. Tadqiqotlar faqat uni tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan, protsessual qonunga, ushbu Namunaviy nizomga, shuningdek, sud ekspertizalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomalarga muvofiq rasmiylashtirilgan ish materiallari ekspertiza tashkilotiga taqdim etilgan taqdirdagina o‘tkaziladi.
  2. Ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs) tomonidan tadqiqotlarga sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), tadqiqot obyektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar ekspertiza tashkilotiga taqdim etilishi kerak.

Advokatlar tomonidan sud ekspertizasi o‘tkazish tayinlanganda sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi advokatlik so‘rovi, ishonch bildiruvchi shaxs roziligini tasdiqlovchi hujjat, ish bo‘yicha order, to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, tadqiqot obyektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ekspertiza tashkilotiga tadqiqotlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaat, to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, tadqiqot obyektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va mutaxassis fikri berilishi uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan ekspertiza predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak.

Tadqiqotlar o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ish materiallari va tadqiqot obyektlarini hamda qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish lozim bo‘lganda sud eksperti tomonidan ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy va yuridik shaxsga 3 ish kunida yozma yoki elektron iltimosnomalar yuboriladi.

Iltimosnomani belgilangan muddatda elektron shaklda yuborish imkoniyati bo‘lmaganda, bu haqda dalolatnoma tuziladi va kuzatuv materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.

Ekspertiza tashkiloti advokatning so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘rganadi va ularga 3 ish kuni ichida shartnoma rasmiylashtirish uchun taqdim etiladi.

Sud ekspertizalarini tayinlash to‘g‘risidagi hujjatlarning faksimil va yorug‘ sezgir qog‘ozga ko‘chirilgan nusxalarini taqdim etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Sud ekspertiga taqdim etilgan tadqiqot obyektlari, taqqoslovchi ish materiallari, ma’lumotlarning ishonchliligi uchun ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat va tadqiqot o‘tkazish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs javob beradi.
  2. Sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi bitta qaror (ajrim) yoki murojaat bilan ko‘p miqdordagi obyektlar taqdim etilganda ekspertiza tashkiloti rahbari bir qator alohida-alohida tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkil etishi mumkin.
  3. Sud ekspertizasini o‘tkazish ikki va undan ko‘p ekspertiza tashkilotlariga topshirilgan taqdirda ularni tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da mazkur sud ekspertizasining qanday mutaxassisliklarga ega bo‘lgan sud ekspertlari tomonidan o‘tkazilishi kerakligi, komissiya faoliyatini tashkil etishning qaysi ekspertiza tashkilotiga yuklanayotganligi hamda tekshiriladigan obyektlar va boshqa ish materiallari qaysi ekspertiza tashkilotiga yuborilganligi ko‘rsatiladi.

Bunda ekspertizani tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim) har bir ekspertiza tashkilotiga asl nusxada yuboriladi.

  1. Qo‘shimcha yoki qayta ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da uni tayinlashning sabablari va asoslari ko‘rsatilishi shart.

Qo‘shimcha yoki qayta ekspertiza tayinlangan taqdirda ekspertiza tashkilotiga oldingi xulosa yoki xulosasini berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma barcha ilovalar (fotojadvallar, eksperimental ish materiallari va shu kabilar) bilan birga taqdim etiladi.

Sud ekspertizasini tayinlashga vakolatli organ (shaxs) nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud eksperti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda, qayta sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshirilgan birlamchi sud ekspertizasi xulosasi bo‘yicha qo‘shimcha va qayta sud ekspertizasi, shu jumladan, komissiyaviy va kompleks sud ekspertizasi nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot) tomonidan o‘tkazilishi mumkin.

Agar, bir vaqtning o‘zida ham qo‘shimcha, ham qayta sud ekspertizasini tayinlash uchun asoslar yuzaga kelgan hollarda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.

  1. Tadqiqot o‘tkazish uchun yuborilgan, uni o‘tkazish imkonini bermaydigan ish materiallarini rasmiylashtirish qoidalariga rioya etilmaganligi aniqlangan kuni ekspertiza tashkiloti rahbari bu haqda ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ga, advokat yoki jismoniy yoxud yuridik shaxsga xabar qiladi.

Sud ekspertizasini tayinlagan vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy yoki yuridik shaxs kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmasa ekspertiza tashkiloti rahbari 30 kun o‘tgach unga keyingi ish kunida ish materiallarini sud ekspertizasini o‘tkazmasdan qaytaradi.

Ish materiallari yuzasidan tadqiqotlarni o‘tkazish boshlanmasdan ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy yoki yuridik shaxsning tadqiqotlarni o‘tkazmasdan ish materiallarini qaytarish haqidagi murojaatiga asosan ular ekspertiza tashkiloti rahbari tomonidan qaytariladi.

Tadqiqotlar o‘tkazilmaganda amalga oshirilgan to‘lov shartnomada ko‘rsatilgan tartibda qaytariladi.

Rasmiylashtirishning protsessual tartibi buzilgan holda qayta, shuningdek, komission yoki kompleks sud ekspertizasi o‘tkazish uchun taqdim qilingan ish materiallari ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga yoki advokatga 3 kun muddatda qaytariladi.

  1. Quyidagi hollarda ish materiallari ijro etilmasdan ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat yoki jismoniy va yuridik shaxsga qaytariladi:

tadqiqotlarni mazkur ekspertiza tashkilotida o‘tkazish nazarda tutilmagan bo‘lsa;

ekspertiza tashkiloti tegishli mutaxassislarga yoki asbob-uskunalarga ega bo‘lmasa;

ekspertiza tayinlashga vakolati bo‘lmagan organ (shaxs) tomonidan yoxud vakolatli organ (shaxs) tomonidan ekspertiza tayinlash vakolatiga kirmaydigan ishlar yuzasidan tadqiqotlar tayinlanganda.

Bunda ekspertiza tashkiloti rahbari yoki uning bevosita sud ekspertizasi yo‘nalishiga mas’ul o‘rinbosari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish uchun taqdim qilingan ish materiallarini 3 kun muddatda tadqiqotlar bajarilmaganligi sabablari ko‘rsatilgan holda ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokatga, jismoniy yoki yuridik shaxslarga qaytariladi.

  1. Tadqiqotlar o‘tkazish uchun giyohvand vositalar, ularning analoglari, psixotrop moddalar, qimmatbaho metallar va toshlar, shuningdek, ulardan tayyorlangan buyumlar, qurol va uning o‘q-dorilari, pul belgilari va yuqori qimmatga yoki ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa obyektlar taqdim etilgan taqdirda, sud eksperti ushbu ish materiallarini ekspertiza tashkilotiga yetkazib bergan shaxs hamda ekspertiza tashkiloti rahbarlaridan birining ishtirokida idishni ochishi, tarozida tortib ko‘rishi, taqdim etilgan obyektlarni qayta sanab chiqishi, shuningdek, taqdim etilgan tartib raqamli va boshqa obyektlarning sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), so‘rov yoxud murojaat matniga muvofiqligiga ishonch hosil qilishi shart. Ularning natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuziladi, tadqiqot obyektlarini tekshirishda ishtirok etgan shaxslar tomonidan imzolanadi.

3-bob. Tadqiqotlarni o‘tkazish va uning natijalarini rasmiylashtirish

  1. Sud eksperti tadqiqotlarni o‘tkazishga ekspertiza tashkiloti rahbarining topshiriqnomasi bilan birga sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), so‘rov yoxud murojaat hamda tushgan barcha ish materiallari olingan vaqtdan boshlab kirishadi.

Tadqiqotlarga taqdim etilgan ish materiallarini rasmiylashtirish tartibining buzilganligi aniqlangan taqdirda, sud eksperti bu to‘g‘rida ekspertiza tashkiloti rahbarini xabardor qiladi, rahbar ushbu Namunaviy nizomning 18-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni ko‘radi.

  1. Taqdim etilgan ish materiallari to‘liq bo‘lmagan taqdirda, bu haqda sud eksperti ekspertiza tashkiloti rahbari orqali ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokat, jismoniy yoki yuridik shaxsga qo‘shimcha ish materiallari taqdim etish to‘g‘risida yozma yoxud elektron ravishda xabar beradi.

Qo‘shimcha ish materiallari faqat ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan taqdim etiladi.

Qo‘shimcha ish materiallari 30 kun mobaynida taqdim etilmagan taqdirda, sud eksperti tadqiqotlarni mavjud ish materiallari bo‘yicha o‘tkazadi.

  1. Quyidagi holatlarda sud eksperti tomonidan xulosa yoki mutaxassis fikri berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risida asoslangan ma’lumotnoma tuziladi hamda uch ish kuni mobaynida ekspertizani tayinlagan vakolatli organga (shaxsga), advokatga, jismoniy yoki yuridik shaxsga yuboriladi:

agar sud eksperti hal qilinishi kerak bo‘lgan savollarni o‘zining maxsus bilimlari asosida hal qilishi mumkin bo‘lmasa;

agar qo‘yilgan masala sud ekspertining maxsus bilimlari (vakolatlari) doirasidan chetga chiqsa yoki uni hal etish uchun maxsus bilimlar talab qilinmasa yoxud masala huquqiy tusga ega bo‘lsa;

taqdim etilgan tadqiqot obyektlari yoxud ish materiallari to‘liq yaroqsiz yoki xulosa berish uchun yetarli bo‘lmasa, ularni to‘ldirib bo‘lmasa;

tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosalar berish uchun zarur shart-sharoitlar, tadqiqot uslubi va maxsus asbob-uskunalar mavjud bo‘lmasa, shu jumladan, sud eksperti hayoti va salomatligiga kasbiy tavakkalchilik chegarasidan ziyod xavf tug‘ilsa;

fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati hal qilinishi kerak bo‘lgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilinsa.

Xulosa berish yoki mutaxassis fikri berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ushbu Namunaviy nizomning 43-bandiga muvofiq tuziladi.

  1. Sud eksperti o‘ziga taqdim etilgan tadqiqot obyektlari va ish materiallarini tadqiq etishni tegishli sohadagi bilimlarga amal qilgan holda, protsessual qonun talablariga qat’iy muvofiq ravishda xolisona va to‘liq amalga oshiradi.

Tadqiqot obyektlari (tirik odamdan tashqari) faqat tadqiqotni o‘tkazish va xulosa yoki mutaxassis fikri berish uchun zarur bo‘lgan darajada shikastlangan va sarflangan bo‘lishi mumkin. Tadqiqotlarni o‘tkazish tadqiqot uchun taqdim etilgan obyekt shikastlanishini (buzilishini) yoki sarflanishini talab qiladigan hollarda buning uchun ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat yoki jismoniy yoxud yuridik shaxsning yozma ravishdagi roziligi olingan bo‘lishi kerak, tayinlangan sud ekspertizasining xususiyatlari obyektning shikastlanishi (buzilishi)ni yoki sarflanishini nazarda tutadigan holatlar bundan mustasno.

  1. Ko‘rikdan o‘tkazish talab qilinadigan tadqiqot obyektlarini (ekspertiza tashkilotiga taqdim etilgan obyektlardan tashqari) sud ekspertizasidan o‘tkazishda ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs) yoki advokat sud eksperti uchun obyektga to‘siqsiz kirishni va uni tekshirish imkonini ta’minlaydi. Ko‘rikdan o‘tkazish ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs) hamda advokat tomonidan tashkil etiladi va ularning majburiy ishtirokida amalga oshiriladi hamda tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
  2. Ishda ishtirok etadigan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarda va tartibda tadqiqotlar o‘tkazishda ishtirok etish huquqiga ega. Sababidan qat’i nazar, ularning yo‘qligi tadqiqotlar o‘tkazishni to‘xtatib turish uchun asos hisoblanmaydi.

Sud ekspertizasi o‘tkazilayotganda hozir bo‘lgan protsess ishtirokchilari tekshirishlar jarayoniga aralashishga haqli emas, lekin sud eksperti tomonidan qo‘llanilgan tadqiqot usullarining mohiyatini tushuntirib berishni talab qilishi, unga tushuntirishlar berishi mumkin.

Sud eksperti tomonidan xulosa tuzilayotganda, shuningdek, agar sud ekspertizasi komissiya tomonidan o‘tkazilayotgan bo‘lsa, sud ekspertlarining maslahatlashuvi va fikrlarni shakllantirish bosqichida protsess ishtirokchilarining hozir bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Sud eksperti o‘zining maxsus bilimlariga muvofiq o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida o‘z nomidan xulosa yoki mutaxassis fikrini beradi va uning uchun javobgardir.
  2. Sud ekspertizasini o‘tkazish uchun bir xil mutaxassislikka ega bo‘lgan ikki va undan ortiq sud ekspertlari (komission ekspertiza) tayinlanganda ularning har biri tadqiqotlarni to‘liq hajmda amalga oshiradi. Komissiya tadqiqotlarda qatnashgan sud ekspertidan har biri unga rozi bo‘lgan taqdirda, umumiy xulosa beradi. Shuningdek, komissiyada ishtirok etgan sud ekspertlari fikrining bir qismini aks ettiruvchi yagona xulosa berilishi ham mumkin. Kelishmovchilik bo‘lgan taqdirda, har bir sud eksperti kelishmovchilikka sabab bo‘lgan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa tuzadi.

Davlat sud-ekspertiza muassasalari sud ekspertlaridan boshqa mutaxassislar sud eksperti sifatida jalb etilganda qonunchilikka muvofiq to‘lovlar amalga oshiriladi.

  1. Sud ekspertizasini o‘tkazish uchun har xil mutaxassislikka ega bo‘lgan ikki va undan ortiq sud ekspertlari (kompleks ekspertiza) tayinlanganda har bir sud eksperti tadqiqotlarni amalga oshiradi va o‘z vakolati doirasida xulosa beradi. Kompleks ekspertiza xulosasida har bir sud eksperti qanday tadqiqotlar va qanday hajmda o‘tkazganligi, shaxsan u qanday faktlarni aniqlaganligi hamda qanday xulosalarga kelganligi ko‘rsatiladi. Sud eksperti kompleks ekspertiza xulosasining o‘z vakolatiga tegishli bo‘lgan qismini imzolaydi.

Olingan natijalarni va aniq xulosa (xulosalar)ni shakllantirishni baholashda vakolatli bo‘lgan sud ekspertlari umumiy xulosa (xulosalar) chiqaradi. Agar komissiyaning yakuniy xulosasi yoki uning bir qismi uchun sud ekspertlaridan biri (alohida ekspertlar) tomonidan aniqlangan faktlar asos hisoblansa, u holda bu haqda xulosada ko‘rsatilishi kerak. Kelishmovchilik holatida sud ekspertlarining har biri kelishmovchilikka sabab bo‘lgan masalalar bo‘yicha alohida xulosa tuzadi.

  1. Agar sud ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), so‘rov yoki murojaatda taqdim etilgan ish materiallari turli xil tadqiqotlar predmetiga taalluqli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning har biri bo‘yicha alohida xulosa yoxud mutaxassis fikri beradi yoki xulosa yoxud mutaxassis fikri berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma tuziladi.
  2. Sud eksperti xulosasi uch qismdan: kirish, tadqiqot va xulosalar (yakunlovchi) qismlardan iborat bo‘ladi.

Sud eksperti xulosasining kirish qismida tadqiqot o‘tkazilgan sana va joy, tartib raqami, uning huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirish va uning bilib turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, ish materiallarini oshkor qilganligi, shuningdek uzrli sabablarsiz xulosa berishni rad etganligi yoki bundan bosh tortganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida tushuntirilganligi haqidagi tilxat olinganligi ko‘rsatiladi.

  1. Xulosaning kirish qismida sud ekspertizasini o‘tkazish asoslari, ekspertiza o‘tkazishni tayinlagan vakolatli organ (shaxs) yoxud advokat tadqiqotlarni o‘tkazgan sud eksperti (sud ekspertlari), sud ekspertizasi hal etishi uchun qo‘yilgan masalalar, tadqiqot o‘tkazish uchun taqdim qilingan ish materiallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, sud ekspertizasini o‘tkazish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
  2. Sud eksperti xulosasining tadqiqot qismida sud eksperti oldiga qo‘yilgan har bir masala bo‘yicha tadqiqotlar jarayoni va uning natijalari yoziladi, aniqlangan faktlar bo‘yicha ilmiy tushuntirish beriladi.
  3. Sud eksperti xulosasining yakunlovchi (xulosa) qismi sud eksperti oldiga qo‘yilgan masalalarga javob shaklida bayon qilinadi va turli talqinlarga yo‘l qo‘ymaydigan aniq, tushunarli tilda bayon qilinishi lozim.

Agar xulosaning yakunlovchi (xulosa) qismini tadqiqot qismida bayon qilingan tadqiqot natijalarining mukammal tavsifisiz va qo‘yilgan masalaga to‘liq javobsiz shakllantirish mumkin bo‘lmasa, xulosaning tadqiqot qismiga havola qilishga ruxsat beriladi.

  1. Sud eksperti xulosasida qoidabuzarlik sabablari va ularni sodir etishga imkon bergan sharoitlar, shuningdek, ularni bartaraf etishning tashkiliy-texnikaviy tavsiyalari ko‘rsatilishi mumkin.
  2. Mutaxassis fikri uch qismdan: kirish, tadqiqot va fikr (yakunlovchi) qismlaridan iborat bo‘ladi.

Mutaxassis fikrining kirish qismida tadqiqot o‘tkazilgan sana va joy, tadqiqot o‘tkazishning asosi, tadqiqot buyurtmachisi (yuridik yoki jismoniy shaxs) to‘g‘risidagi ma’lumotlar, sud eksperti (familiyasi, ismi, otasining ismi, ma’lumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va tadqiqot o‘tkazish topshirilgan davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar haqidagi ma’lumotlar, sud eksperti oldiga hal etish uchun qo‘yilgan savollar, unga taqdim etilgan tadqiqot obyektlari va ish materiallari qayd etiladi.

  1. Mutaxassis fikrining tadqiqot qismida sud eksperti oldiga qo‘yilgan har bir masala bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish jarayoni, qo‘llanilgan usullar ko‘rsatilgan holda tadqiqotlarning mazmuni va uning natijalari yoziladi, aniqlangan faktlar bo‘yicha ilmiy tushuntirish beriladi.
  2. Mutaxassis fikrining fikr (yakunlovchi) qismida tadqiqot natijalarining baholanishi, qo‘yilgan savollarga berilgan asosli javoblar qayd etiladi.

Tadqiqot natijalarini tasvirlovchi ish materiallari mutaxassis fikrida aks ettiriladi yoki unga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qiladi.

  1. Sud eksperti xulosasi va mutaxassis fikri ikki nusxada tuziladi, tadqiqotlarni o‘tkazgan sud eksperti (sud ekspertlari) tomonidan imzolanadi, uning (ularning) imzosi ekspertiza tashkiloti muhri bilan tasdiqlanadi, shundan keyin xulosa yoki mutaxassis fikrining bir nusxasi ekspertiza tashkiloti rahbari tomonidan ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ga, advokat, mutaxassis fikri esa tegishli jismoniy yoki yuridik shaxsga taqdim etilgan ish materiallari bilan birga yuboriladi, ikkinchi nusxasi esa ekspertiza tashkilotida 5 yil mobaynida saqlanadi.
  2. Agar sud eksperti xulosasida va mutaxassis fikrida tadqiqotlar va uning natijalarini tasvirlovchi fotojadvallar, diagrammalar, chizmalar va shu kabi ilovalar berilsa, ular ham sud eksperti (sud ekspertlari) tomonidan imzolanadi. Sud eksperti tadqiqotlarining borishi, sharoitlari va natijalarini hujjatlashtirish materiallari sud eksperti xulosasi nusxasi bilan birga ekspertiza tashkilotida saqlanadi. Bundan raqamli (elektron) ma’lumotlar mustasno.

Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat yoki tegishli jismoniy yoxud yuridik shaxsning talabiga ko‘ra yig‘majildga qo‘shib qo‘yish uchun taqdim etiladi.

  1. Ekspertiza tashkiloti rahbari xulosa yoki mutaxassis fikrini berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ko‘rib chiqishda noto‘g‘ri xulosaga olib kelishi mumkin bo‘lgan to‘liq bo‘lmagan tadqiqotlarni, tadqiqot o‘tkazish metodikasi buzilishini yoki uning noto‘g‘ri rasmiylashtirilganligini aniqlagan taqdirda xulosa, mutaxassis fikri hamda ma’lumotnoma ularga zarur o‘zgartirishlar va aniqliklar kiritish uchun sud ekspertiga qaytariladi.

Agar sud eksperti o‘z xulosasini, xulosa yoki mutaxassis fikri berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani to‘g‘ri deb qat’iy turib olsa, ekspertiza tashkiloti rahbari tadqiqot o‘tkazishni belgilangan tartibda xulosa beradigan birinchi sud eksperti ishtirokidagi komissiyaga topshirish huquqiga ega.

Sud ekspertlari umumiy fikrga kelganidan so‘ng birgalikdagi xulosani, xulosa yoki mutaxassis fikri berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani tuzadi va imzolaydi. Agar sud ekspertlari o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa beradi.

  1. Sud ekspertizasini sudda o‘tkazishda uning natijalari mazkur Namunaviy nizomning 31 — 35-bandlarida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha rasmiylashtiriladi.

Sud eksperti xulosasi sud eksperti tomonidan ikki nusxada tuziladi va imzolanadi, ulardan biri sudga, ikkinchisi esa ekspertiza tashkiloti rahbariga taqdim etiladi.

  1. Xulosa yoki mutaxassis fikrini berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risida asoslangan ma’lumotnoma uch qismdan: kirish, asoslovchi va yakunlovchi qismlardan iborat bo‘ladi.

Kirish qismida ushbu Namunaviy nizomning 31-bandida ko‘rsatilgan ro‘yxatga muvofiq ma’lumotlar bayon qilinadi.

Asoslovchi qismida xulosa yoki mutaxassis fikri berishning iloji yo‘qligi sabablari batafsil bayon qilinadi.

Yakunlovchi qismida sud eksperti oldiga qo‘yilgan har bir masala bo‘yicha xulosa berishning iloji yo‘qligi ko‘rsatiladi.

Xulosa yoki mutaxassis fikrini berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi dalolatnoma ikki nusxada tuziladi, sud eksperti tomonidan imzolanadi, uning imzosi ekspertiza tashkiloti muhri bilan tasdiqlanadi, shundan keyin uning bir nusxasi ekspertiza tashkiloti rahbari tomonidan ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ga, advokatga yoki mutaxassis fikrini olish uchun murojaat qilgan jismoniy yoxud yuridik shaxsga yuboriladi, ikkinchi nusxasi esa ekspertiza tashkilotida 5 yil mobaynida saqlanadi.

Agar xulosa yoki mutaxassis fikrini berish imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma sudda ko‘rib chiqish bosqichida tuzilgan bo‘lsa, u sud eksperti tomonidan ikki nusxada tuziladi va imzolanadi, ulardan biri sudga, ikkinchisi esa ekspertiza tashkiloti rahbariga taqdim etiladi.

  1. Agar bir masala bo‘yicha sud eksperti xulosa yoki mutaxassis fikrini bersa, boshqa masala bo‘yicha esa xulosa yoki mutaxassis fikri berishni imkoni yo‘qligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzish uchun asos mavjud bo‘lsa, u holda yagona hujjat — sud eksperti xulosasi yoki mutaxassis fikri tuziladi.
  2. Tadqiqot obyektlari bo‘lgan predmet va hujjatlarga sud ekspertining tegishli belgilari (muhr va shtamp) qo‘yilib xulosa mutaxassis fikri berish imkoni yo‘qligi to‘g‘risida dalolatnoma bilan birga ular ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokat, jismoniy yoki yuridik shaxslarga ro‘yxat bo‘yicha qaytarilishi lozim.
  3. Sud eksperti xulosasi yoki mutaxassis fikri ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokatga (ularning vakolatli xodimiga), murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga (ularning vakiliga) shaxsan berilishi yoki pochta, shu jumladan, elektron pochta orqali yuborilishi mumkin.

Tadqiqot obyektlari bo‘lgan predmetlar va hujjatlar hamda boshqa ish materiallari ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokatga (ularning vakolatli xodimiga), murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga (ularning vakiliga) shaxsan berilishi yoki pochta orqali yuborilishi mumkin.

Sud eksperti xulosasi yoki mutaxassis fikrining, tadqiqot obyektlari bo‘lgan predmetlar va hujjatlar hamda sud ekspertizasiga berilgan boshqa materiallarning faksimil yoki yorug‘ sezgir qog‘ozga ko‘chirilgan ishonchnoma nusxasi orqali berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Tadqiqotlar tugallanganidan keyin tadqiqot obyektlari, agar ular to‘la ishlatilgan bo‘lmasa, ekspertizasini tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokatga, jismoniy va yuridik shaxsga qaytariladi.

Agar tadqiqot obyektlarini qonunchilikka muvofiq pochta orqali yuborishning imkoni bo‘lmasa, ekspertizasini tayinlagan vakolatli organ (shaxs) yoki buyurtmachi tomonidan olib ketilishi shart.

Tadqiqot obyektlari va to‘liq ishlatilmagan obyektlarga nisbatan sud ekspertizasi tadqiqotlari yakunlangandan so‘ng mazkur obyektlarni ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs) yoki buyurtmachi tomonidan olib ketish choralari ko‘rilmagan taqdirda, sud ekspertizasini o‘tkazgan ekspertiza tashkiloti tomonidan tadqiqot obyektlari o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bir yil mobaynida saqlanadi.

Ushbu davrda kamida ikki marotaba ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, buyurtmachiga yozma yoki elektron shakldagi xabarnoma yuboriladi. Yuborilgan xabarnomaga ijobiy javob olinmagan taqdirda hamda tadqiqot obyektlarini saqlash muddati yakunlangandan so‘ng tadqiqot obyektlari ekspertiza tashkiloti rahbari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertiza tashkiloti ehtiyoji uchun sarflanadi yoki belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

Sarflanganligi yoki yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarning bir nusxasi ma’lumot uchun tadqiqot obyektlarini taqdim qilgan ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga yoki buyurtmachiga yuboriladi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Ushbu Namunaviy nizom talablarini buzish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
  2. Mazkur Namunaviy nizom talablariga rioya etilishini ta’minlash uchun javobgarlik ekspertiza tashkilotlari rahbarlariga yuklanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi 73-son qaroriga
2-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari

RO‘YXATI

  1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida” 2011-yil 5-yanvardagi 5-son qarori.
  2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (“Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-sentabrdagi O‘RQ-442-son Qonuni)” 2017-yil 1-dekabrdagi 960-son qaroriga ilovaning 9-bandi.
  3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2019-yil 15-yanvardagi 34-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
  4. Vazirlar Mahkamasining “Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 26-dekabrdagi 810-son qaroriga 3-ilovaning 7-bandi.
  5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” 2021-yil 20-apreldagi O‘RQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 252-bandi.

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2023-y., 09/23/73/0098-son)

lex.uz

Skip to content