Bugungi kunda fuqarolarning Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilinishida, qonun ustuvorligi hamda huquq tartibotni ta’minlashda, jinoyatchilikning oldini olish va uni fosh etishda sud ekspertizalari tadqiqotlari natijalari muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Shu bois mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori, sud-huquq tizimining muhim bo‘g‘inlaridan sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham izchillik bilan islohotlar amalga oshirilib, ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha keyingi 5 yil ichida qabul qilingan Muhtaram Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlariga asosan ushbu sohadagi normativ hujjatlar takomillashtirilib, sud eksperti kadrlarining kasbiy malakasini oshirish, sohani zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash, sud ekspertizasi jarayoniga advokatlar hamda nodavlat sud ekspertlari ishtirokini ta’minlash orqali, odil sudlovni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, hozirgi globallashuv jarayonida sud ekspertiza muassasasi doimiy ilmiy izlanishda bo‘lishi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda fuqarolarning talabi va ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida yangi ekspertiza tadqiqotlari, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish hamda sud ekspertlari malakasini yanada oshirish choralarini ko‘rishi, o‘z faoliyatlarini zamon talablariga mos xalqaro standartlarga muvofiqlashtirib borishi muhim hisoblanadi.
Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan o‘tgan 2022 yilda olib borilayotgan islohotlar bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Norma ijodkorligi sohasida 2022 yilda jami 6 ta normativ huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, shundan, 4 tasi qabul qilindi.
Xususan, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi hamkorlikda ishlab chiqildi va tegishli ravishda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jismoniy va yuridik shaxslarga sud ekspertiza xulosalarini olishda yanada qulaylik yaratish maqsadida Hukumatimizning 2022 yil 10 yanvardagi 11-son qaroriga asosan Markazning Samarqand viloyat bo‘limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi va Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari hamda Farg‘ona, Surxondaryo, Xorazm viloyat hududiy bo‘limlarida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyalarini bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilab berildi.
Samaqand viloyat bo‘limi tegishli tartibda jihozlandi va 2022 yilning 1 iyul kunidan mazkur hududiy laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tadqiqotlar o‘tkazilib, ekspertiza xulosalari berib kelinmoqda.
Ushbu qarorga asosan 2022 yil Markazda yangi “Sud kompyuter-texnika bo‘limi” tashkil etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022 yil 14 martdagi buyrug‘iga bilan Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu esa murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlarni oshkor bo‘lmasligini ta’minlagan holda, ya’ni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlar o‘tkazilishini ta’minlashga imkon yaratadi.
2022 yilning 3 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 786-sonli Qonuni bilan iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish uchun davlat va nodavlat sud-ekspertiza muassasalarida shartnoma asosida advokat so‘rovi bilan ekspertiza o‘tkazish tashabbusi huquqi berildi. Bu o‘z navbatida sudda tortishuv instituti to‘laqonli ta’minlanishiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hukumatimizning 2022 yil 13 dekabrdagi “Sud-ekspertlik faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 705-sonli qaroriga muvofiq “Sud ekspertlarining faoliyatini reyting tizimida baholab borish tartibi” belgilandi, shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi “Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyati” yo‘lga qo‘yildi.
Fuqarolarimiz hamda sud-tergov organlarining sud ekspertiza xulosalariga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida keyingi 4 yilda 10 ta (Sud-lingvistika, Sud-kompyuter-texnik, Sud-avtomobil yo‘llari, Sud-elektrotexnika, Sud-psixologik, Oziq-ovqat mahsulotlari sud ekspertizasi, Sud-soliq, Oziq-ovqat mahsulotlarini baholash ekspertizasi, shu jumladan 2022 yilda 2 ta, ya’ni “Sovuq qurollarning kriminalistik ekspertizasi” va “Bank sohasida boy berilgan foydani aniqlash tadqiqoti”) yangi ekspertiza turlari joriy qilinib, Markazda amalga oshiriladigan ekspertiza turlari 44 tadan 54 taga, mutaxassislik yo‘nalishlari esa 73 taga yetkazildi.
Markaz va uning hududiy bo‘limlariga sud-tergov idoralari tomonidan ekspertizalar tayinlash hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mutaxassis fikri olishga ehtiyoj yildan-yilga oshib bormoqda. Birgina misol, agar ekspertlarimiz tomonidan 2020 yilda 923,8 mingta ob’ektlar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib, 28 678 ta ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlari berilgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib esa 1 mln 244,9 mingta ob’ektlar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib, 35 306 ta ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlari berilgan yoki 2020 yilga nisbatan qariyb 6,6 mingtaga oshgan.
Jinoyatlar oldini va fosh etish hamda ekspertiza tayinlovchi organlarning sohaga oid bilim va savodxonligini oshirish maqsadida 2 244 ta profilaktik takliflar, 2 636 marotaba tegishli maslahatlar berilgan.
2022 yilda Sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazida jami 478 nafar sud ekspertlarining huquqiy bilimlari hamda malakasi oshirildi.
Shuningdek, 10 nafar nodavlat sud ekspertlari qayta tayyorlash o‘quv kurslarida o‘qitildi, 6 nafar nodavlat sud ekspertlarining huquqiy hamda mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha malakasi oshirildi.
Aholining huquqiy ongi va madaniyati, huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 2 134 marotaba targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, Markaz faoliyatida ochiqligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy matbuot markazida 9 marotaba Matbuot anjumani va Markazda 6 marotaba Press-turlar tashkil etildi.
2022 yil 27 oktabr kuni sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida “O‘zbekistonda sud ekspertizasining dolzarb muammolari va ularning ilmiy-innovatsion yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va Press tur tashkil etildi.
Ilmiy tadqiqot ishlari faoliyati bo‘yicha Markaz xodimlari tomonidan oliy ta’lim muassasalari va boshqa sud ekspertiza muassasalari bilan hamkorlikda 31 ta nomda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, 25 tasi yuzasidan tadqiqotlar yakunlanib, uslubiy qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, baholash faoliyatiga oid 4 ta uslubiyotlar qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro standartlarga moslashtirildi.
Markaz huzurida ilmiy darajalar beruvchi DSc.07/29.04.2022.Yu.148.01 raqamli Ilmiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 12.00.09 – “Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi” ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasini o‘tkazishga ruxsat berildi.
Mustaqil izlanuvchilik instituti yo‘lga qo‘yildi va 2023 yil yanvardan boshlab “Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi” ixtisosligi bo‘yicha mustaqil izlanuvchilar qabul qilish boshlandi.
“Zamonaviy sud ekspertizasining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga doir ma’lumotlar aks etgan elektron amaliy qo‘llanma” tayyorlanib, sudlar va tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv hamda dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlarga yetkazildi.
Markazning Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan sud ekspertlik sohasidagi mavjud 120 ta uslubiyotlari tanqidiy ko‘rib chiqilib tizimlashtirildi va amaliyotga maqbullashtirildi.
“O‘zbekiston sud ekspertizasi” ilmiy jurnali Oliy attestatsiya komissiyasi yuridik fanlar va siyosiy fanlar bo‘yicha dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritildi va muntazam bosma hamda elektron tarzda nashr etib kelinmoqda.
Hurmatli hamkasblar, Markaz tomonidan sud-ekspertlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Sud ekspertizasi sohasida Turkiya va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirliklari o‘rtasida memorandum imzolandi va Malayziya, Hindiston, Ozarbayjon va Armaniston sud ekspertiza muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
2022 yilda 10 nafar xodimlarimiz xorijiy sud ekspertizasi muassasalarida (Rossiya, Belorus, Turkiya) malaka oshirishdi va stajirovka o‘tadi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining 2022 yil 26 avgustdagi “STQ 15 “Sud-ekspertiza” standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 48-son buyrug‘i bilan sohada ilk marotaba “Sud-ekspertiza” standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasi tashkil etildi.
STQ 15 sekretariati Rossiya Federasiyasidagi “Sud ekspertiza” Standartlashtirish bo‘yicha davlatlararo kengashi MTK-545 ga a’zo bo‘ldi.
Shuningdek, ISO xalqaro tashkilotining direktorati tomonidan STQ 15 sud ekspertizasi sohasidagi texnik qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi texnik jihatdan tartibga solish agentligi orqali ISO/TC 272 “Forensic ssience” xalqaro texnik qo‘mitasiga a’zolikka qabul qilindi va uning 19-kuzatuvchisiga aylandi.
Bular esa sohaga xalqaro standartlarni joriy qilish imkoniyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga. Markaz tomonidan Osiyo sud ekspertiza institutlari tarmog‘iga hamda Butunjaxon sud ekspetiza Assotsiatsiyaga a’zo bo‘lish bo‘yicha ham zaruriy ishlar amalga oshirilmoqda.
Yana bir katta yangiliklardan biri, Markazimizning 4 ta laboratoriyasi ISO/IEC 17025:2019 standart talablari bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi va tegishli guvoxnoaga ega bo‘ldik.
Mazkur akkreditatsiya Markazga tadqiqotlarni xalqaro standartlar darajasida bajarish imkonini beradi hamda mazkur laboratoriyalar tomonidan berilgan xulosalarning xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishi, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini nafaqat mamlakatimiz hududida, balki xalqaro sudlarda ham ishonchli himoya qilinishiga hamda odil sudlov ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlik va jamoatchilik
bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i
S.Saidxodjayev