Sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasining imkoniyatlari (Maxsus turdagi ekspertiza)

Sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasi — bu natijasi tegishli savollarni hal qilishda maxsus bilimlarni qo‘llash talab etiladigan ekspert xulosasi berlishi bilan yakunlanadigan, protsessual jihatdan tartibga solingan, og‘zaki va (yoki) yozma nutqning ekspertizaga oid siyosatshunoslik-lingvistik tadqiqotdir.

Sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasining predmeti aniq bir ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holat va sharoitlarni, siyosatshunoslik-lingvistika sohasi bo‘yicha maxsus bilimlarni qo‘llagan holda aniqlashdan iboratdir.

Sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasining obyekti ixtiyoriy moddiy axborot tashuvchida qayd etilgan til va nutq birligi, og‘zaki, yozma, elektron matnlar hisoblanadi. Shuningdek:

– Milliy, irqiy, diniy adovatni qo‘zg‘ashga, konstitutsiyaviy tuzumni o‘zgartirishga, ommmaviy tartibsizliklarga, zo‘ravonlikka chorlovchi g‘ayrihuquqiy mazmundagi materiallar tarqatilishi bilan bog‘liq ishlarda;

– Saylov yoki referendumni tashkil qilish, o‘tkazish haqidagi qonunbuzarliklarga aloqador ishlarda;

– Bahsli ijtimoiy-siyosiy yoki reklama materiallarining ommaviy ong va fe’l-atvorga ta’sir darajasi va oqibatlarini aniqlashda;

– urishni targ‘ib qilish bilan bog‘lish ishlarda;

– terrorizm amalga oshirishga doir ishlarda;

– Prezidentga tajovuz qilish bilan bilan bog‘liq ishlarda;

– Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishga oid ishlarda;

– jamiyat xavfsizligiga va ijtimoiy tartib-intizomga tahdid soluvchi mazmunga ega materiallarni tarqatish bilan bog‘liq ishlarda va x.k.

– so‘zlar, so‘z birikmalari, barqaror frazeologik birikmalar, fikr-mulohazalar, idioma[1]larning ma’nosi va kelib chiqishini talqin qilish;

– til yoki nutq (og‘zaki yoki yozma) birligining asosiy hamda qo‘shimcha (kognetiv) ma’nosini (ahamiyati) sharhlash yoki izohlash;

– hujjat matnidagi holatlarni zamonaviy mantiqiy fikrlashga asoslanib (diskursiv) idrok qilishning (tushunish) qanday variantlari mumkin bo‘lishini talqin qilish;

– tovar belgilari, so‘zlar, mavjud ifodalar, belgilar, shiorlar, aqida, reklama matni, tijorat va firma nomlarini (nomlanishi), ularning boshqa belgilar bilan aynanligi yoki aralashib ketishi darajasigacha o‘xshashligini aniqlash maqsadida tadqiqotlarini o‘tkazish;

– matnni (matn lavhasi), uning ma’no-mazmuni yo‘nalishi, takliflarining modalligi, nutq birliklarining ta’sirchanligi (ekspressivlik) va hissiyligi (emotivligi), ularning formal-grammatik xarakteristikalari va semantikasi (so‘z yoki ibora ma’nosi), ishlatilgan stilistik vositalar va usullarning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash maqsadida tadqiqotlar o‘tkazish.

Sud-siyosatshunolik-lingvistik ekspertizasi — nutqshunoslik ekspertizalarning boshqa turlari bilan uzviy bog‘langan. Ushbu turdagi ekspertiza quyidagi tur ekspertizalar bilan kompeks tarzda o‘tkazilishi mumkin:

– kompyuter-texnik ekspertiza (masalan, Internetdagi sayt kontenti, domen nomlari, kompyuter slengi elektron pochtadagi ma’lumotlar va h.k.ni tadqiqotlari o‘tkazilganda);

– fonoskopiya ekspertiza (masalan, tadqiqot obyekti fonogrammada yozilgan og‘zaki nutq bo‘lganda);

– muallifshunoslik ekspertizasi (yozma yoki og‘zaki anonim yoki psevdoanonim matnni muallifini aniqlash talab qilinganda, shuningdek, plagiatni, yangi hosil qilingan so‘zlar – neologizmlarning etimologiyasini, logoepistemi, tovar belgilari va boshqa firma nomlarini mualliflik aslligini (originalligi) aniqlashda va h.k.).

Ekspert-lingvistlarning yanada kengroq faoliyat yo‘nalishi — bu yuridik xizmatlar, nashriyotlar, OAVlarga ko‘rsatadigan yordamidir, bu jarayonda ekspertlar tegishli qo‘lyozma yoki materiallarni chop etilishdan oldin o‘qib tanishib chiqadilar va mavjud matnlar hamda boshqa turli hujjatlarni (shartnoma, me’yoriy hujjat va h.k.) kompleks ekspert-lingvistik monitoringini amalga oshiradilar. Bu bilan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan, bosma va elektron OAVda ular ishlatgan aniq so‘z va iboralar bo‘yicha e’tirozlar bildirish, shuningdek, tahririyatga nisbatan ijtimoiy, millatlararo va konfessiyalararo ziddiyat va dushmanlikni keltirib chiqarish bo‘yicha jinoiy javobgarlik, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar hamda ularning pekursorlarini targ‘ibot qilish bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortish xavfi kamayadi.

Eskpert-lingvist yordamisiz, ba’zida ayblanuvchi o‘ziga qo‘yilayotgan aybni to‘g‘ri tushunganligini (masalan, ish yuritilayotgan tilni yoki huquqiy, iqtisodiy va boshqa maxsus atamalarni yaxshi bilmasligi), so‘roq qilinuvchining javoblarida lingvistik yoki ijtimoiy-madaniy noaniqliklar mavjudligini aniqlash qiyin vazifa sanaladi.

Sud muhokamasida shaxslarning bergan ko‘rsatmalarining ma’nosi yoki mazmunini lingvistik talqin qilish — og‘zaki yoki yozma matnni leksik, pragmatik, ijtimoiy-madaniy yoki dialektik (shevaga xos) noaniqliklarni bartaraf etish uchun talab etiladi.

Sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasiga, shaxsning (jismoniy yoki yuridik) sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘sini himoya qilish bo‘yicha fuqarolik ishlariga oid quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:

– matnda (F.I.Sh., yuridik shaxsning nomi) haqida, uning faoliyati hamda shaxsiy kasbiy yoki ahloqiy sifatlari haqida negativ ma’lumotlar mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa, bu ma’lumotlar aynan qanday fikr va mulohazalarda mavjud va ularning ma’nosi qanday?

– agar yuqoridagi so‘z va iboralarda (F.I.Sh., yuridik shaxsning nomi) haqida negativ ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, bu ma’lumotlar aynan qanday shaklda ifodalangan: tasdiq, taxmin, savol?

– taqdim etilgan matnning lingvistik tahlillari, bu matnda fuqaro (F.I.Sh.) tomonidan amaldagi qonunchilik, umumqabul qilingan ahloqiy qoida va tamoyillarni buzganligi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlash shaklidagi so‘z va iboralar mavjudmi?

– nashr matnidagi so‘z (so‘z birikmasi, ibora, gap) qanday ma’noda ishlatilgan?

– maqola(lar)dagi matnning kompozitsion tuzilishi qanday, muallif aynan qanday stilistik usullardan foydalangan va ular nashr (maqola) qahramonlarini qanday xarakterlaydi (ifodalaydi)?

– matnda bayon qilingan ma’lumotlar biror bir faktni (holat) tasdiqlaydimi, agar tasdiqlasa, aynan qanday faktlarni tasdiqlaydi yoki ular nashr muallifining shaxsiy fikri, baholovchi mulohazalarimi?

Sud-siyosatshunolik-lingvistikekspertizalarini o‘tkazishda til va nutq vositalari yordamida, tasdiq shaklidagi ma’lumotlar va baholovchi fikr-mulohazalarni, shuningdek faktik (aniq bir holat haqidagi) ma’lumotlar bilan matn muallifining sub’ektiv fikrlarini o‘zaro farqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Intelektual mulk huquqini himoya qilishda sud-siyosatshunoslik-lingvistikekspertizasi oldiga hal qilish uchun quyidagi mazmundagi savollar qo‘yiladi:

– asarlarning (masalan, adabiiy-badiy, publitsistik yoki ilmiy asar) to‘liq yoki qisman o‘xshaligi yoki farqi mavjudmi;

– o‘zaro qarama-qarshi qo‘yilgan obyektlarning (masalan, tovar belgilari yoki firma nomi, domen nomlari), ularning almashtirish darajasigacha bo‘lgan o‘xshashligi (yaxlit yoki alohida qismlari bo‘yicha) mavjudmi;

– taqdim etilgan obyekt individual ijodiy ish natijasi (masalan, nom, slogan, personaj, videoklip va h.k.) hisoblanadimi;

– asar mustaqil yoki qayta ishlangan, qayta tahrir qilingan hisoblanadimi;

– asarning elementi (nomi, lavhasi, naqorati, satri yoki bandi) mustaqil ishlatilishi (qo‘llanilishi, foydalanilishi) mumkinmi;

– tarjima asliga mosmi (to‘g‘rimi, autentmi[2]);

– matnning (masalan, ixtiro formulasi, shartnoma bandi) ma’nosi qanday;

– asar konteksti bo‘yicha so‘z, iboraning ma’nosi, etimologiyasi qanday.

OAV tomonidan bahsli matnlar tarqatilishi bo‘yicha ishlarni ko‘rishda tayinlangan sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizaga beriladigan tipik savollar:

– taqdim etilgan matnda, muayyan millat, konfessiya yoki ijtimoiy guruhga tegishli (qaratilgan) nisbatan, boshqa ijtimoiy guruhlarga nisbatan salbiy baholash mavjud bo‘lgan so‘zlar, fikr va mulohazalar mavjudmi?

– matnda, alohida vakillarga emas, balki butun etnik guruhga qaratilgan keskin, salbiy baho yoki adovat yoki g‘ayirlikni ifodalovchi fikr va mulohazalar mavjudmi. Agar mavjud bo‘lsa, ular qanday shaklda bayon qilingan: tasdiqlash, fikr, hissiy (emotsional)-ta’sirchan (ekspressiv) baho, sub’ektiv baholovchi fikr va h.k.?

– muayyan millat, konfessiya yoki ijtimoiy guruhga tegishli (qaratilgan) nisbatan salbiy baholash mavjud bo‘lgan so‘zlar, fikr va mulohazalarning muallifi tahriyat bo‘lishi mumkinki yoki salbiy baho berilgan izohlar sitata, respondentlarning shaxsiy fikri, kommentator, korrespondent yoki rasmiy shaxslarning shaxsiy fikri ko‘rinishida berilganmi?

– matnda, birorta millat yoki ijtimoiy guruh fuqarosining, boshqa millatlarga qaraganda salbiyligini (zaifligi, pastligi, ahloqsizligi va h.k.) targ‘ibot qiluvchi fikrlar mavjudmi?

– matnda, muayyan bir millatga nisbatan dushmanlik yoki adovatli harakatlarni amalga oshirishga undovchi (chorlovchi, chaqiruvchi) fikrlar mavjudmi?

– matnda, birorta millat, etnik va ijtimoiy guruhga tegishli shaxslarga nisbatan kamsituvchi yoki xo‘rlovchi fikrlar mavjudmi?

– matnda, bir ijtiomiy guruh hisobiga boshqa ijtimoiy guruh foydasiga harakat qilishga undovchi shakldagi so‘z yoki fikrlar mavjudmi?

– matnda, o‘zbek tili nuqtai nazaridan, birorta etnik guruhning barcha a’zolariga o‘zbek madaniyati va urf-odatlarida salbiy bholangan qadimiy odatlar, e’tiqodlar, harakatlarga amal qilishga undovchi chaqiriqlarga ega fikrlar mavjudmi?

– matnda, bir millatni ustunligi va boshqa bir millatni zaifligi yoki salbiyligi haqida tasdiqlash shaklidagi fikrlar majudmi:

– matnda, alohida vakillarning qilmishlari uchun butun etnik guruhni javobgarlikka tortishni tasdiqlovchi fikrlar mavjudmi?

– matnda, muayyan bir millat yoki ijtimoiy guruhni boshqa bir millat yoki ijtimoiy guruhga qarshi nizo, ixtilof yoki dushmanlik qilishga chaqiruvchi fikrlar mavjudmi?

– matnda, muayyan bir millatning oldindan (ilgaridan, eskidan, avvaldan) dushmanligi haqida fikrlar mavjudmi?

– matnda, muayyan bir millat yoki ijtimoiy guruhning manfaatlarini boshqa bir millat yoki ijtimoiy guruhga nisbatan mos emasligi, ularning sinfiy qarama-qarshiligi haqidagi fikrlar mavjudmi?

– matnda, muayyan bir ijtimoiy, etnik yoki konfessional guruhning ilgari (o‘tgan zamondagi), hozirgi kundagi va kelajakdagi kulfatlari (g‘am-tashvishlari, yomon kunlari va h.k.) boshqa bir millat, elat, etnik yoki konfessional guruhning mavjudligi hamda maqsadli faoliyati (harakatlari) bilan izohlangan fikrlar mavjudmi?

– matnda, muayyan bir millatning nizoli yoki dushmanlik kayfiyatidagi maqsadi, intilishi va harakatlari haqidagi fikrlar mavjudmi?

– matnda, genotsid, muayyan bir ijtimoiy, etnik yoki konfessional guruhni deportatsiya yoki repressiya qilishni oqlovchi (maqtovchi), ijobiy baholovchi fikrlar mavjudmi?

– matnda, muayyan bir ijtimoiy, etnik yoki konfessional guruh fuqarolarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini cheklashga chaqiruvchi yoki talab qiluvchi fikrlar mavjudmi?

– milliy, konfessional yoki boshqa ijtimoiy belgilaiga ko‘ra birlashgan fuqarolar yoki guruhlarga turli imtiyozlar berilishiga chaqiruvchi fikrlar mavjudmi?

Ushbu savollar ro‘yxati tugallanmagan va ochiq hisoblanadi, bu ro‘yxat sud ekspertiza amaliyotining rivojlanishiga bog‘liq holda yanada kengayishi va takomillashishi mumkin.

Axadjon Xamidjon o‘g‘li G‘ofurjonov

Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti
yetakchi ilmiy xodimi,
3-darajali yurist

[1] Idioma – ma’nosi o‘z tarkibidagi so‘zlarning ma’nolariga bog‘liq bo‘lmagan, yaxlit holda bir ma’no beruvchi ixcham ibora.

[2]«Autentifikatsiya» – bu nimanidir haqqoniyligini tekshirish jarayoni. Bu termin ko‘proq axborot texnologiyalarida qo‘llaniladi.

Skip to content