Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish davr talabi.

Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamon jamiyatimizdagi har bir fuqaroning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirishni taqazo etmoqda. Aholining barcha qatlamlari huquqiy savodхonligini oshirish, yuksak darajadagi huquqiy ongga ega boʻlishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qoʻllay olishlari davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Oldimizga qoʻyilgan eng oliy maqsadlardan biri huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish jarayonida, avvalo, har bir fuqaroning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirib borish asosiy va muhim vazifa hisoblanadi. Huquqiy davlat qurishning zaruriy sharti – bu qonunlarning soʻzsiz bajarilishidir. Qonunlarning bir xilda va soʻzsiz bajarilishi har bir shaxsning oʻz vazifasiga munosabati va zimmasidagi ma’suliyatni his qilishiga bogʻliqdir. Tarixdan ma’lumki, davlat boʻlmagan, odamlar ibtidoiy jamoa va urugʻ boʻlib yashagan kezlarda huquq boʻlmagan. Lekin oʻsha davrlarda ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi vositalar boʻlgan, ya’ni odat. Odat oʻsha vaqtlarda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish vazifasini bajargan. Asta-sekin urugʻ jamoalari davlatga aylanib, odat u tomonidan qullab-quvvatlanib, hamma bajarishi majburiy boʻlgan huquqa aylantiriladi. Dastlab huquqning oʻzi ijtimoy munosabatlarni tartibga solmagan, huquq bilan birgalikda odat ham ma’lum darajada qatnashgan. Shuning uchun, olimlar huquq tarixini uch davrga boʻlishadi: birinchisi – mutloq odat hukmron boʻlgan davr, ikkinchisi – odat va huquq birgalikda amal qilgan davr, uchunchisi – huquqning qaror topish davri. Ikkinchisi huquqiy odat ham deyiladi. Ammo odat bilan huquqiy odatning bir biridan farqi bor, ya’ni odat – doimiy takrorlanishi natijasida kishilar ongida shakllangan xulq-atvor qoidasi, ammo har qanday odat ham huquqiy odatga aylana olmaydi, balki u ma’lum bir guruh, sinf yoki butun jamiyatning manfaatlariga mos kelgan taqdirdagina, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan holdagina huquqiy odat boʻlishi mumkin. Hozirgi kunda ham huquq murakkab tushuncha boʻlib, unga yagona ta’rif berish qiyin. Shu sababli, ko`plab adabiyotlarda huquqqa turli xil ta’riflar berilgan. Huquqiy ong va huquqiy madaniyat mavzusida soʻz yuritar ekanmiz avvalambor huquq, huquqiy ong va huquqiy madaniyat tushunchalariga ta’rif berib oʻtsak.

        Huquq – bu davlat tomonidan himoya qilinadigan, o’zida erkinlik, tenglik va adolat tamoyillarini ifodalaydigan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, umummajburiy xulq-atvor qoidalari yigʻindisidir.

         Huquq erkinlik me’yorini belgilab yoki chegaralab, majburiyat yuklab va imkoniyat, imtiyozlar berib, kishilar faoliyatini ijobiy yoʻnaltirish uchun ularning fe’l atvoriga faol ta’sir koʻrsatadi.

Huquqiy ong, bu avvalo, insonlarning mavjud huquqiy tizim, qonunchilik va boshqa amaldagi va idealdagi huquqiy hodisalarga nisbatan munosabatini ifodalovchi tasavvurlar, bilimlar, axborotlar va his tuyg’ular yig’indisidir.  Mashhur qomusiy olim Abu Nasr Forobiyning fikricha, huquq normalari, ular bajarilishining shartligi va majburiyligi komil insonlar ongining bir qismi boʻlishi kerak, shuning uchun huquq ma’naviy hodisa hisoblanadi. Huquqiy ong huquqiy madaniyat bilan uzviy bog’liq boʻlib, uni inson, inson ongi va faoliyatisiz tasavvur qilib boʻlmayi. Huquqiy ongning jamiyat hayotini tashkil etishga koʻrsatadigan ta’siri beqiyosdir.

         Huquqiy madaniyat deganda, jamiyatning qonunchilik darajasi, mavjud qonunlardan aholining xabardorlik darajasi, fuqarolarning, mansabdor shaxslarning huquq normalariga rioya qilishi va ularni bajarmagan shaxslarga nisbatan murosasiz boʻlishi tushuniladi. Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 259-son qarori bilan 2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Prezidentimizning 2019-yil 9-yanvardagi PF-5618-son Farmoniga muvofiq “Yuksak huquqiy madaniyat – mamlakat taraqqiyoti kafolati” degan konseptual gʻoya asosida tizimli va keng qamrovli huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil qilishni nazarda tutuvchi, Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Oilada va ta’lim muassasalarida huquqiy tarbiyani shakllantirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash, jumladan:
  • Oilalardagi notinchlik va zo‘ravonlikning bolalar tarbiyasidagi salbiy oqibatlarini haqida ma’lumot yetkazish va ularning oldini olish hamda ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni ta’qib qilishga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • Yoshlar o‘rtasida huquqiy nigilizm holatlarini bartaraf qilish, ularda huquqbuzarliklarning jamiyat va davlat taraqqiyoti uchun salbiy illat ekanligiga oid dunyoqarash shakllanishini targ‘ib qilishga qaratilgan kompleks targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish;
  • Mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga imtiyozlar va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish, vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi bo‘yicha tizimli targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish;
  • Oliy ta’lim muassasalari hamda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazlarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv kurslarini joriy etish;
  • Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash;
  • Davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarning mehnat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan “Huquqiy savodxonlik oyligi”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” va “Konstitutsiyaviy huquq oyligi”ni o‘tkazish;
  • Aholi barcha qatlamlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash;
  • Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullarini joriy qilish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;
  • Yuridik ta’limni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish.

Mamlakatimizda mustaqillikka erishganimizdan soʻng aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga katta e’tibor berib kelinmoqda. Jumladan, 1997yil 29-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi” qabul qilingan edi. Unda aholi huquqiy madaniyat darajasining oshirilishi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimyati xodimlarining bilimdonligiga koʻp jihatdan bogʻliqligi, huquqiy madaniyatning ilmiy asoslarini tadqiq etishni ragʻbatlantirish, ijtimoiy – huquqiy tadqiqotlarni tashkil etish va boshqa masalalar oʻz aksini topgan. Biroq bugungi kunga kelib zamon oʻzgarishi, fuqarolarning fikr yuritish darajasi oʻzgarganligi sababli ushbu milliy dasturni yangilash vazifasi qoʻyilmoqda. Bundan tashqari 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategyasi toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni, 2017-yil 7- sentabrda qabul qilingan “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash toʻgʻrisida”gi qonun, 2018- yil 13- apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni, 2019- yil 9- yanvardagi “ Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni va boshqa me’yoriy – huquqiy hujjatlarning qabul qilinganligini koʻrish mumkin. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak huquqiy ong va huquqiy madaniyat bir-biri bilan bog‘liq bo‘lsada, farq qiluvchi tomonlari ham bor.

Birinchidan, huquqiy ong dastlab kishilarning ongida vujudga keladi, huquqiy madaniyat esa shundan keyingi bosqich bo‘lib, huquqiy ongi rivojlangan jamiyatda huquqiy madaniyat ham mukammal darajada bo‘ladi.

         Ikkinchidan, huquqiy ong har bir individual shaxsga tegishli bo‘lsa, huquqiy madaniyat jamiyatga tegishlidir. Umumiy ma’noda aytsak, huquqiy ong va huquqiy madaniyat bir-birini to‘ldiruvchi tushunchalardir. Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish birdaniga amalga oshadigan hodisa emas bunga yillar kerak boʻlsa asrlar davomida qilingan qattiq mehnat va tartib intizom orqali erishish mumkin. Jamiyatda oʻz haq-huquqini biladigan va qonun-qoidalarga ogʻishmay amal qiladigan fuqarolar huquqiy davlatning poydevoridir.

 

Tashkiliy nazorat va tahlil bo‘limi

katta mutaxassisi S.Pardayev

Skip to content