Protsessual chiqimlarni to‘lanishiga doir aniq tartib va mexanizmlar belgilandi

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, odil sudlovni qaror toptirish orqali fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasini ta’minlashga, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz taraqqiyotining kafolati davlat va jamiyatning barcha tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishda namoyon bo‘ladi.

So‘nggi yillarda yurtimizda sud-huquq sohasini tubdan takomillashtirish borasida qator tizimli ishlar amalga oshirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada huquqbuzarlikdan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlashi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratishiga oid qoidalar aniq belgilab qo‘yildi.

Biroq, bugungi kunda ushbu sohada ishni ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan chiqimlarni to‘lanishiga doir ayrim muammo va kamchiliklar mavjud bo‘lib, bu o‘z navbatida amaliyotda turli xil muammolarni keltirib chiqarishga sabab bo‘lmoqda.

Ishni ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan chiqimlarning ahamiyatini quyidagilarda ko‘rish mumkin:

– ishlarni ko‘rib chiqish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beradi;

– protsess ishtirokchilarining moddiy manfaatlarini samarali muhofazalaydi, bu o‘z navbatida ularning protsesslarda to‘liq va o‘z vaqtida ishtirokini ta’minlaydi;

– turli sohaga oid bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislar hamda zarur ma’lumotga ega ishtirokchilarni ko‘proq jalb etish orqali ish sifatini oshiradi;

– ishlarni yuritishda sarflangan xarajatlar miqdorini aniqlash
va ularni undirib olishni ta’minlaydi.

Boshqacha aytganda, mazkur institut tom ma’noda protsessning moliyaviy vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Biroq, shunga qaramasdan, bugungi kunda protsessual chiqimlar instituti amalda to‘liq ishlamayapti.

Xususan, 1992 yil 3 iyulda qabul qilingan “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bugungi kun talablariga javob bermaganligi uchun 2022 yil 4 noyabrdan bekor qilindi.

Mazkur Qonunda to‘lovni amalga oshirish manbalari, to‘lab berish tartib va mexanizmlari belgilab berilmagan hamda shartnoma asosida ekspert
va mutaxassislarni jalb etish imkoniyati yaratilganligini hisobga olinmagan, shuningdek to‘lov miqdorlari ham judayam kam miqdorni tashkil etgan.

Shuningdek, Qonunga asosan doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar, guvohlar va xolislarga ularni odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lovlar budjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berilishi nazarda tutilgan bo‘lsada, buni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari yaratilmagan.

Protsessual majburiyatlarini xizmat topshirig‘i bilan bog‘liq bo‘lmagan holda bajarayotgan ekspert, mutaxassis va tarjimonga bajargan ishlari uchun to‘lov miqdori kamligi odil sudlovni amalga oshirishda malakali mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini cheklagan.

Natijada ushbu holatlar sud va tergov organlariga ishda ko‘maklashuvchi shaxslarni jalb etishda turli xil qiyinchiliklar tug‘dirishiga, shuningdek, ishda ishtirok etgan shaxslarning transport vositalari va turar joy bilan bog‘liq xarajatlari uchun chiqimdor bo‘lishiga olib kelgan.

Yuqoridagi kabi muammolarni ijobiy hal etish maqsadida Hukumat qarori bilan Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda bir qator yangiliklar mavjud.

– jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, xolislarga to‘lanadigan to‘lovlar va qoplab beriladigan xarajatlar turlari nazarda tutildi.

Xususan, doimiy yashash joylari uzoqda bo‘lganlar uchun kelib-ketish xarajatlari, mehmonxona xarajatlari, kundalik xarajatlari, ekspert, tarjimon, mutaxassisga xizmat topshirig‘i bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni bajarganlik uchun to‘lovlar hamda doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar, guvohlar va xolislar odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lovlar shular jumlasidandir.

– jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, xolislarga to‘lanadigan to‘lovlar va xarajatlarni qoplash miqdorlari belgilab berildi.

– jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislar xarajatlarini qoplash va to‘lovlarni amalga oshirish tartibi belgilandi.

To‘lovlar surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning qarori (ajrimi)ga asosan 10 kunlik muddatda to‘lab beriladi. Bu o‘z navbatida Sud va tergov jarayonlariga ishda ko‘maklashuvchi shaxslarni jalb qilishda qulaylik yaratish bilan birga, ularning qilgan xarajatlarini to‘liq qoplanishiga ham imkon yaratadi.

Mazkur tartib kelgusida fuqarolarimizning Bosh qomusimizda belgilangan huquqlarini to‘liq ta’minlanishiga, protsess ishtirokchilarining moddiy manfaatlarini samarali muhofazalanishiga, zarur holatlarda jabrlanuvchilar, guvohlar, xolislarni hamda mustaqil ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlarni ishda ishtirok etishi orqali odil sudlov sifati oshirilishiga hamda sudda tortishuvchanlik instituni yanada ta’minlashga xizmat qiladi.

Mirkomil Bozorov,
Muborakxon Tojieva,
Adliya vazirligi mas’ul xodimlari

Skip to content