Sud-fonografiya ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish jarayonida zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanish

Sud-fonografiya ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish jarayoni    bir qancha murakkab tizimdan iborat. Ular quyidagilardir: tartibga solish, faoliyat subyektlarining holati va vazifalari, texnik vositalar tizimi, ilmiy asoslar, ekspert tadqiqotlarini oʻtkazish usullari va uslublari. Shuning uchun bunday murakkab, dinamik rivojlanayotgan tizimni  raqamli texnologiyalar yordamisiz olib borib boʻlmaganligi va u rivojlana olmasligi tufayli, bugungi kunda innovatsion texnologiyalari ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazish jarayonida alohida oʻrin tutadi. Kompyuter texnologiyalari va innovatsion texnologiyalari nafaqat innovatsion yondashuvini amalga oshirishni, balki deyarli barcha turdagi ekspertizalarning imkoniyatlarini juda samarali kengaytirish imkonini berdi, shu bilan birgalikda, ekspertiza tadqiqotlarini amalga oshirish jarayonini ham avtomatlashtirish imkoniyatiga yoʻl ochdi.

Buning natijasi sifatida, bir tomondan, ekspertiza tadqiqotlarini bilish jarayonining maʼlum darajada oʻzgarishi, boshqa tomondan uning imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish hamda olingan maʼlumotlarning ilmiy asoslanganligi darajasini oshirish  imkoniyati paydo boʻldi.

Bugungi kunda ilmiy-texnologik taraqqiyot, innovatsion texnologiyalarining keng koʻlamli rivojlanishi, shuningdek, raqamli texnologiyalarining rivojlanishi uning mohiyati va tabiatiga yangi qarashni jalb etadigan sud-fonografiya ekspertizasi nazariyasi, usullari va vositalarining jadal rivojlanishiga va texnologiyaning ekspert tadqiqotlaridagi rolining oʻzgarishiga olib keldi.

Xususan, ilmiy-texnika taraqqiyotining sud-fonografiya ekspertizalarini oʻtkazish amaliyotiga taʼsiri, uning oʻz tabiatiga koʻra turli jihozlar, koʻplab qurilma va asbob-uskunalar majmualari, innovatsion texnologiyalar bilan bir butunlikni tashkil etuvchi dasturiy taʼminotdan iborat usullardan keng foydalanilayotganligida oʻz ifodasini topdi. Bunday usullarda u yoki bu umumiy ilmiy – tadqiqot usullarining xarakterli xususiyatlarini ajratib koʻrsatish mumkin. Amaliy faoliyatning juda koʻp fanlari va sohalarida qoʻllaniladigan usullarga murojaat qilish keng tarqalgan:

  • hissiy-ratsional usullar: kuzatish, tavsiflash, taqqoslash, eksperiment, modellashtirish (aqliy, jismoniy);
  • mantiqiy usullar: analiz va sintez, induksiya va deduksiya, gipoteza, analogiya va boshqalar.
  • matematik usullar: oʻlchash, hisoblash, geometrik konstruksiyalar, matematik modellashtirish va boshqalar.

Maxsus usullarni qoʻllanish doirasi bir yoki bir necha fanlar bilan chegaralangan usullardir. Kriminalistikaning maxsus usullari tizimini xususiy kriminalistik usullar, yaʼni, dastlab kriminalistika fanidan kelib chiqib ishlab chiqilgan va faqat kriminalistikada ishlatiladigan usullar oʻz ichiga oladi (masalan, fonogrammalarda elektroakustik montaj1 belgilarini aniqlashning fonografiya usuli); kriminalistik masalalarni hal etishda boshqa fanlarning maxsus uslublaridan ularni oʻzgartirilmagan yoki moslashtirilmagan holda foydalanilishi mumkin.

Sud-fonografiya ekspertizasida qoʻllaniladigan uslublar bular maxsus fanlar (akustika, tilshunoslik, radiofizika va boshqalar) ilmiy asoslarining tegishli sohalaridan foydalanish natijasidir. Fundamental va amaliy fanlarning rivojlanishi bilan bu usullar yanada murakkablashadi, sud-fonografiya ekspertizasining imkoniyatlari kengayadi, natijada jinoyat va fuqarolik ishlarida haqiqatni oʻrnatish uchun dolzarb boʻlgan masalalarni hal qilish imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa oʻz navbatida nazariy va uslubiy yondashuvlarni yaxshilashga olib keladi. Bu jarayonda ilmiy bilimlarni singdirish va farqlash, fundamental fanlarni kengaytirish va chuqurlashtirish, sud ekspertizasining boshqa turlari bilan integratsiya jarayonlari hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Tovush yozuvlarining kriminalistik ekspertizasi (sud-fonografiya), umuman, tovush signallarni qayd etish, ijro etish (qayta ishlash) va tahlil qilish vositalarining tez oʻsishi hisobiga keskin rivojlanish bosqichidan oʻtmoqda.  Bu sohada hal etilishi kerak boʻlan savollar va ekspertiza vazifalari roʻyxatining ortishi, sud-fonografiya ekspertizasining  analogli va raqamli tashuvchilar, tovush yozish vositalari, shuningdek suhbatlar fonogrammalari va taqqoslash uchun namunalaridan iborat obyektlarini yanada chuqur tadqiqotlarini oʻtkazishni keltirib chiqaradi. Tasvir va tovushlarni qayd etish vositalari oʻzining ishonchliligi, kichik hajmliligi, soddaligi va vizual hamda tovushli innovatsiyalarni qayd etish

imkoniyatining toʻliqligi bilan turli tashkilot va idoralarda keng qoʻllanilayotganligi ham bunga taʼsir koʻrsatadi. Shu bilan birga fonografiya ekspertizasi murakkab va koʻp obyektli ekspertiza hisoblanadi, hamda ekspertlardan koʻp vaqt va mehnat sarfini talab qiladi.

Sud-fonografiya ekspertizalarni oʻtkazish bir necha bosqichlardan iborat murakkab jarayon hisoblanadi. Mazkur ilmiy maqolaning maqsadi – bu turdagi tadqiqotlarning, ekspertlar tegishli yakuniy xulosalar chiqarishlariga yordam beradigan bir bosqichi jabhasini qisqacha yoritib berishdan iborat. Darhaqiqat, sud-fonografiya ekspertizalari tadqiqotlarining har bir bosqichi tegishli  uslubiyotlarda (metodikalarda) yoritilgan va ekspert-fonografistlar kerakli tadqiqotlarni oʻtkazish jarayonida ulardan foydalanishlari mumkin.

Taʼkidlash joizki, sud-fonografiya ekspertizalarini oʻtkazishda dastlabki va muhim bosqichlardan biri – uning tekshirilishi lozim boʻlgan obyektlarini tadqiqotlari jarayoni hisoblanadi, hamda bu jarayon natijasida ekspertlarga, kelgusi tadqiqotlarni har tomonlama va toʻliq oʻtkazishga imkon yaratadi.

Maʼlumki, fonografiya tadqiqotlarni boshlashdan oldin, tadqiqotga taqdim etilgan obyektlarni toʻliq va atroflicha oʻrganiladi va buning natijasida tadqiqotlarni keraklicha oʻtkazish uchun zarur texnik parametrlar aniqlanadi. Olingan maʼlumotlar kelgusida quyidagi tadqiqotlarni oʻtkazishga yordam beradi: fonogrammalarni identifikatsiya uchun yaroqliligini aniqlash, elektroakustik  montaj belgilarini aniqlash, obyektning asli yoki nusxasini aniqlash, tovush yozuvi sanasini aniqlash, shuningdek ovoz yozuv qurilmasini aniqlash va h.k.

Yuqorida qayd qilingan tadqiqotlarni oʻtkazishga keng koʻlamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarining yutuqlarini ekspertiza oʻtkazish jarayonida qoʻllanilishi yordam berib kelmoqda. Sud-fonografiya ekspertizasi obyektlari, yaʼni raqamli innovatsion tashuvchilar, tovush yozish vositalari, shuningdek suhbatlar fonogramalari va taqqoslash uchun namunalarini  tadqiqotlarining oʻtkazishni nutqni tahlil qiluvchi asbob-uskunali (IKAR-Lab II)  majmuasisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Chunki hozirgi vaqtda sud-fonografiya tadqiqotlarini oʻtkazish samaradorligini va ishonchliligini  yanada oshirish maqsadida kompyuter texnologiyalari keng koʻlamda qoʻllanib kelinmoqda. Ekspert faoliyatida zamonaviy innovatsion texnologiyalaridan foydalanish darajasi sifatida

hozirgi kunda markazning sud-fonografiya laboratoriyasida oʻtkaziladigan tadqiqotlarda qoʻllanilayotgan maxsus signallarni tahlil qiluvchi “Sony Sound Forge” va “Adobe Audition” dasturlari va signallarni tahlil qiluvchi “SIS” dasturiy taʼminotlari misol boʻlishi mumkin.

“IKAR” dasturiy-texnik majmuasi yordamida ogʻzaki nutq tahlilining asosiy vazifalarni hal qilish imkonini beradi: shaxsni nutq signali orqali aniqlash, turli audio-video fonogrammalarda mavjud montaj belgilarini aniqlash, tovushni (ovoz va nutqni) yozib oluvchi obyektlarni diagnostika qilish va aniqlash, tashqi shovqinlar va boshqa omillar tufayli eshitib boʻlmaydigan fonogrammalarning mazmunini aniqlash, fonogrammaning asli yoki nusxasini aniqlash va boshqalar.

Ekspert-fonografist fonogrammani kriminalistik tadqiqot qilishda xuddi hujjatlar-kriminalistik ekspertizasiga yaqin shakldagi imkoniyatlarga ega boʻladi. Fonogrammani tadqiqot qilishda ekspert doimo ekranda oʻrganilayotgan fonoobyektning uchta asosiy shaklini koʻradi: quvvat darajasining dinamik koʻrinishdagi umumiy tasviri, fonoobyektning hozirgi tahlil nuqtasidagi ossillogramma koʻrinishidagi mikrosegmenti hamda fonoobyektning asosiy tahlil shakllari (ossillogramma, amplituda – faza spektri, garmonik vazifalari va ovozning asosiy tonlari va boshqalar). Dinamik amplitudali tasvirlar (sonogrammalar)ni tahlil qilish signallarning garmonik komponentlarini aniqlash imkonini beradi, bu esa fonogrammalarda mavjud boʻlgan montaj belgilarini aniqlashda ushbu tizimni ajralmas qilib koʻrsatadi va nutq signali orqali  soʻzlovchini shaxsni aniqlashda muhim omil boʻladi. Bu tahliliy ishlarning barchasi avvalambor kompyuter texnologiyalari va innovatsion texnologiyalari yordamida amalga oshiriladi.

Yuqorida qayd qilinganlardan  xulosa qilib shularni aytish joizki, hozirgi vaqtda zamonaviy innovatsion texnologiyalarini oʻrganish sud ekspertizasida muammolarni hal qilish samaradorligini oshirish, ekspert xulosasining sifati va ishonchliligini oshirish imkonini bermoqda.

RSEM ning SFE laboratoriyasining mudirasi
Abrarova Nigara Bakiyevna

Skip to content