So’nggi o‘n yillikda ekspertiza faoliyatiga bo‘lgan talab butun dunyo miqyosida sezilarli darajada ortdi. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi, oqibatda jinoyatni sodir etishning yangi, murakkab usul va vositalari qo‘llanilayotganligi ushbu sohani doimiy rivojlantirib borish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu jihatdan olib qaraganda, barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar sud-ekspertiza faoliyatining doimiy takomillashtirilib borishi, yuqori malakali sud-ekspertlari tayyorlash va ushbu sohaga xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlarni joriy qilishdan manfaatdordir. Darhaqiqat, sud-ekspertiza sohasidagi xalqaro hamkorlik doim muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelayotgan masalalardan biridir. Chunki ushbu sohada xalqaro aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, birinchi galda mahalliy odil sudlovni ta’minlashga hamda sud-ekspertiza faoliyatining rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shadi. Bugungi globallashuv sharoitida, mobil aloqa va kompyuter axborot texnologiyalari jinoyat predmeti va vositasiga aylanib ulgurgan. Kompyuter texnologiyalari sohasida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish davomida to‘plangan dalillar, maxsus bilimga ega bo‘lgan ekspertlar tomonidan tekshirish va baho berishni talab etadi. Bu jarayon o‘z navbatida sud-kompyuter-texnikaviy ekspertiza doirasida amalga oshiriladi. Shu jumladan sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasini o‘tkazish amaliyotida bir qator muammolarni ham ta’kidlab o‘tish lozim. Xususan:
– tadqiqot olib boriladigan maxsus dasturiy ta’minotlar hamda texnik vositalar imkoniyatlari qisqa vaqtda yetarli darajada bo‘lmay qolishi, ya’ni kundan-kunga rivojlanish zaruratining mavjudligi. Hozirgi jadal rivojlanayotgan axborot asrida texnologiyalarning juda tez sur’atlarda rivojlanishi natijasida bugungi kunda ishlatilayotgan texnik vositalarning dasturiy ta’minotlari ertangi kunga kelib eskirib qolishi natijasida sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasini o‘tkazishda bir muncha qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda. Buning yechimi sifatida yangi texnologiyalarni, dasturiy va texnik vositalarni tez-tez yangilab turilishiga to‘g‘ri keladi;
– raqamli texnologiyalarning tez o‘sishi tufayli ekspert-mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yangilab turish zaruratining mavjudligi. Raqamli texnologiyalar tez yangilanishi sababli ekspert-mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yangilab malakasini oshirishi muammoning yechimiga yo‘ldir. Buning uchun xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda ilg‘or chet el davlatlarida o‘z malakalarini oshirishi va yangi dasturiy va texnik vositalar bilan tanishishi zarur hisoblanadi;
– tadqiqot o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan dasturiy ta’minotlar hamda texnik vositalarning xilma-xilligi va moliyaviy jihatdan qimmatligi. Tadqiqot o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan maxsus dasturiy ta’minotlar hamda texnik vositalarning juda tez yangilanib ketishi ekspert-mutaxassislarning imkoniyatlarini cheklayotganligi sababli bu muammoning yechimi sifatida ularni yangilab turishni ko‘rsatish mumkin. Yangi dasturiy ta’minotlar va texnik vositalarning moliyaviy jihatdan narxlari qimmat bo‘lsa-da xarid qilishni talab etadi va ekspertizaning sifat darajasini yaxshilaydi;
– katta hajmdagi ma’lumotlar bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda ma’lumotlarni saqlash, tahlil qilish zarurati tufayli katta hajmdagi xotira qurilmalariga bo‘lgan talabning ortishi. Misol uchun, sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasiga tadqiqot uchun 6.0 TB hajmdagi xotira qurilmasi keltirilsa, ekspert dastavval bundan xotira nusxalarini saqlashga mo‘ljallangan xotiraga xotira qurilmasining nusxasini («образ»ini) oladi va berilgan savollarga qarab tadqiqotlar o‘tkazadi. Tadqiqot uchun taqdim qilingan xotira qurilmasidan o‘chirilgan ma’lumotlar tiklanadi. Natijada, 6.0 TB hajmdagi xotira qurilmasidan hatto 10-12 TB gacha ma’lumotlar tiklanishi mumkin. Agar ekspertiza muassasasidagi xotira qurilmalari shu talablarga javob bermasa, ekspert bu tadqiqotlarni o‘tkazishga qiynaladi va ish sifati hamda muddatlarining buzilishiga olib keladi. Bu muammoning yechimi sifatida ekspertiza muassasalarida katta hajmdagi qo‘shimcha xotira qurilmalari mavjud bo‘lishi kerak;
– ma’lumotlar, shuningdek, raqamli qurilmalarni shifrlashning yangidan-yangi texnik va dasturiy usullarining paydo bo‘lishi;
– ba’zi surishtiruv yoki tergov organlari xodimlarining raqamli dalillarni (raqamli qurilmalarni) voqea joyidan olish bo‘yicha yetarlicha bilim va ko‘nikmalarga ega emasligi. Tergovchi yoki surishtiruvchi ashyoviy dalillarni ya’ni raqamli va mobil qurilmalarni olish jarayonida quyidagicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak: mobil qurilmalarni rasmiylashtirib olishda tergovchi yoki surishtiruvchi, mobil qurilmani samalyot(pilot) rejimiga qo‘yib, mobil aloqa vositasini internet tarmog‘iga ulamasdan va mobil qurilma xotirasiga hechqanday dasturlar o‘rnatib ko‘rmasdan o‘chirib qo‘yishi zarur. Yoki, yo‘l transport hodisasidan so‘ng videoregistrator qurilmasiga o‘rnatilgan xotira qurilmasini xavfsiz ravishda olib qo‘yish va uni boshqa qurilmaga o‘rnatmaslik lozim;
– sud-kompyuter texnikaviy ekspertizalarini bajarish muddatlari ko‘pincha sud tergov organlari tomonidan ekspertiza tayinlashdan oldin savollarni to‘g‘ri shakllantirish bo‘yicha ekspert-mutaxassislar bilan maslahatlashmaganligi sababli uzayadi. Shu munosabat bilan ko‘pincha ekspert-mutaxassislarning vakolati doirasidan tashqariga chiqadigan yoki yechimi uzoq vaqt talab qiladigan savollar qo‘yiladi. Sud tergov organlari tomonidan ekspertiza tayinlashda savollarni noto‘g‘ri shakllantiriliganligi yoki ekspertning vakolati doirasidan tashqaridagi savollar berishi natijasida ekspertiza muddatlari uzoq vaqt cho‘zilishi mumkin. Bunday muammolarni bartaraf etish uchun sud tergov organlari tomonidan savollar shakllantirilayotganda ekspert-mutaxassislar bilan maslaxatlashgan holda savollar qo’yilishi kerak;
– sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida chiqarilgan bitta qaror doirasida bir nechta obyektlar ekspertiza uchun yuboriladi. Har bir obyekt uchun, ya’ni tizimli bloklar, qattiq disklar, noutbuklar uchun alohida qaror chiqarish tavsiya etiladi. Buning natijasida ekspertiza tadqiqotlari davomida har bir obyekt bo‘yicha to‘liq va batafsil xulosa tuziladi. Sababi, ko‘p obyektli bitta ish doirasida ekspertizalarni o‘tkazishga uzoq vaqt sarflanadi va ularni idrok etishda qiyinchiliklar paydo bo‘ladi;
– sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida qarorda har doim ham zarurat tug‘ilgan hollarda buzuvchi (destruktiv) usullardan foydalanish uchun ekspertlarga ruxsat berilmasligi. Bazi hollarda mobil qurilmalarni va raqamli qurilmalarni ma’lumotlarini olish uchun buzuvchi(destruktiv) usullardan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bunday hollarda qarorda ruxsat berilmaganligi uchun ekspert iltimosnoma bilan ruxsat so‘rashga majbur bo‘ladi va javob olgunga qadar ijrosi to‘xtatib turiladi. Bu jarayonda ekspertiza vaqti uzoq muddatga cho‘zilib ketadi. Muammoning oldini olish uchun qarorni tayinlashdan avval tergovchi yoki surishtiruvchi ekspert-mutaxassislar bilan maslahatlashib, buzuvchi usullar zarur bo‘lsa bunga ham ruxsat berishi kerak;
– ko‘pincha sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasining obyektlari o‘z vaqtida olib qo‘yilmaydi va ekspertiza tayinlanmaydi. Buning natijasida raqamli ma’lumot saqlovchi yoki tashuvchi qurilmalarda ish uchun ahamiyatli ma’lumotlar yo‘q bo‘lib ketadi. Misol uchun, tergov yoki surishtiruv xodimlari tomonidan kuzatuv kameralari, mobil qurilmalar va raqamli qurilmalar o‘z vaqtida olinmaydi. Bu bir qator muammolarni keltirib chiqaradi ya’ni yuqoridagi qurilmalardan foydalanaveriladi. Bu esa, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishiga olib keladi. Video kuzatuv kamerasi foydalanaverilganligi sababli, avvalgi tasvirga olingan videotasvirlarni o‘chirib yangilarini ustma-ust yozib ketaveradi. Bu holat ekspert-mutaxassis uchun qiyinchiliklar keltirib chiqaradi yoki ish uchun ahamiyatli bo‘lgan videotasvirlarni tiklash imkoniyati bo‘lmaydi. Muammoning yechimi sifatida sud tergov organlari ashyoviy dalillarni darhol rasmiylashtirib olib, ular bo‘yicha ekspertiza tayinlashlari maqsadga muvofiq.
Yuqorida qayd qilingan sohadagi muammolarning yechimlari sifatida quyidagilarni taklif qilishimiz mumkin:
– ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish;
– sud-ekspertlik faoliyatida kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash hamda sud ekspertlarini bilimlari va malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
– sud-ekspertlik faoliyatida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, shu jumladan uslubiyotlarni takomillashtirish hamda sohaga ilm-fan va texnika yutuqlarini joriy etish;
– ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda sud ekspertiza sohasidagi raqamli kriminalistikaning yangi turlarini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish.
Yuqoridagi aytilganlarning barchasini umumlashtishib, xulosa qilishimiz mumkinki, sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasini bajarishdagi muammolarni kamaytirish uchun bosqichma-bosqich sud tergov organlari xodimlari bilimlarini shakllantirilishi va sohaga ilg‘or xorijiy tajribani, so‘ngi rusumdagi maxsus dasturiy ta’minotlar hamda texnik vositalarni joriy qilinishi shu bilan birgalikda ekspert-mutaxassislarning malakasini doimiy ravishda oshirib borilishi lozim. Bu o‘z navbatida ekspertiza xulosalarining sifatini yaxshilanishiga olib keladi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublikas sud ekspertiza markazining
Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi
bo‘limi eksperti B.J.Kamolov