“SUD EKSPERTIZA SOHASINI RIVOJLANTIRISHNING ZAMONAVIY USULLARI VA USTUVOR YO‘NALISHLARI” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

Joriy yilning 22-23-sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi, Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda “Regional’niy dialog” XNNT tomonidan tashkil etilgan “SUD EKSPERTIZA SOHASINI RIVOJLANTIRISHNING ZAMONAVIY USULLARI VA USTUVOR YO‘NALISHLARI” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Sloveniya, Qozog‘iston, AQSh, Armaniston, Xitoyning sud ekspertiza muassasalari va soxa mutaxassislari ishtrirok etgan konferensiyada Sud ekspertizasida transmilliy almashinuv tizimlari – huquq va maxfiylik sohasidagi so‘nggi tajriba va mavjud muammolar, Sud-tibbiy ekspertizasining tematik tadqiqotlari, Ozarbayjon Respublikasida sud ekspertizasini rivojlantirish istiqbollari, Qozog‘iston Respublikasi davlat sud ekspertizasi to‘g‘risida, Sud-biologik va genetik ekspertiza sohasini rivojlantirishning zamonaviy usullari, Sud ekspertiza faoliyatini rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekiston Respublikasida sud ekspertizasi: hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, Sud ekspertiza faoliyatini amalga oshirishning asosiy tamoyillari, O‘zbekiston sud tibbiyotida o‘limdan keyingi radiologik tekshiruvlar istiqbollari, Obyektlarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tizimini ishlab chiqish va erishiladigan samaradorlik, O‘zbekistonda sud siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasi shakllanishi va rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari, MDH ayrim mamlakatlarida jinoyat protsessida sud ekspertizasini tayinlash va o‘tkazish tartibining qiyosiy tahlili, BGI-4 in 1 yordamida sud – genetik ekspertiza samaradorligini oshirish, Jinoyat ishlari bo‘yicha maxsus bilimlardan foydalanish samaradorligi, Raqamli kriminalistika: faoliyat turlari, muammo va ehtimoliy yechimlar, Sud-lingvistik ekspertizasi imkoniyatlari orqali amalga oshiriladigan vazifalar, Odam molekular genetik ma’lumotlari asosida populyatsion kelib chiqishini aniqlash mavzulari bo‘yicha ma’ruzalar muhokama etilib, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi.
Hususan, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi direktori Akram Xalilov bugungi kunda sud ekspertizasi doimiy va jadal rivojlanayotgan sohalardan sanalib, u moslashuvchan bo‘lishi va hayotimizdagi har qanday yangilik hamda o‘zgarishlarga darhol javob berishi kerakligini ta’kidlab, xalqaro tajribalar asosida “Halol” mahsulotlar ekspertizasini, Genetik jihatdan o‘zgartirilgan organizmlar (GMO) ekspertizasini, raqamli kriminalistikaning yangi turlarini, uchuvchisiz, masofadan boshqariluvchi qurilmalar “dronlar”, “bulutli xizmatlar”, “sun’iy intellekt asosidagi axborot tizimlari” hamda “kriptovalyutalar” bo‘yicha tadqiqot turlarini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etib borishni, shuningdek, shunga monand normativ huquqiy bazani takomillashtirishni taklif etdi.
Shuningdek, xorijiy ekspertlar tomonidan hozirgi globallashuv jarayonida sud ekspertiza tadqiqotlari bilan shug‘ullanuvchi muassasalar doimiy ilmiy izlanishda bo‘lishi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda fuqarolarning talabi va ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida yangi ekspertiza tadqiqotlari, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish hamda sud ekspertlari malakasini yanada oshirish choralarini ko‘rishi, o‘z faoliyatlarini zamon talablariga mos xalqaro standartlarga muvofiqlashtirib borishi muhim ekanligini ta’kidlashdi.
Konferensiyada muhokamalardan o‘tgan materiallarni alohida Konferensiya to‘plami sifatida chop etish va sud ekspertiza faoliyatida foydalanishga kelishib olindi.

Skip to content