Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilishda va tergovga qadar surishtiruv ishlari jarayonida bir qancha turdagi ekspertizalar tayinlanadi. Shulardan biri sud transport-izshunoslik ekspertizasi bo‘lib, tergovchi va surishtiruvchi uning natijasiga qarab yo‘l-transport hodisasi haqida muayyan xulosalarga keladi.
Ekspertizaga ko‘zdan kechirish uchun taqdim etilgan transport vositalarini tekshirilayotgan hodisaga tegishliligi va yo‘l-transport hodisasining umumiy jarayonini tadqiq qilish sud transport-izshunoslik ekspertizasining mavsusi hisoblanadi.
Taqdim etilgan transport vositalaridagi texnik jaroxatlar, jinoyat ishi yoki surishtiruv ishi hujjatlaridagi hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish haqida bayonnoma, unga ilova chizma, hodisa joyini fotosuratlari mazkur ekspertizaning ob’ektlari hisoblanadi va mazkur ekspertizada transport vositalaridagi texnik shikastlarni hosil bo‘lish mexanizmi, transport vositalarining hodisa vaqtidagi bir-biriga nisbatan joylashuvlari, to‘qnashuv yo‘l qatnov qismining qaerida yoki qaysi tomonida sodir bo‘lganligi, to‘qnashuv vaqtida transport vositalarining harakatda bo‘lgan yoki to‘xtab turgan holatini aniqlash kabi masalalar yuzasidan tadqiqotlar olib boriladi.
Sud transport-izshunoslik ekspertizasi tayinlash va o‘tkazish orqali transport vositalarini to‘qnashuv joyini aniqlashda sud eksperti tomonidan asosiy e’tibor hodisa joyidagi mayda oyna siniqlari, loy yoki tuproq to‘kilmalari, bo‘yoq parchalari hamda to‘qnashuv natijasida voqea joyida avtomobillardan ajralib qolgan ehtiyot qismlari to‘kilgan joy, asfaltdagi sirpanish, qirilish izlari boshlangan, tormoz izlari yo‘nalishini keskin o‘zgargan yoki tormoz izi uzilgan joylarga qaratiladi.
Yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha sud transport-izshunoslik ekspertizasi tayinlash va bu orqali yo‘l-transport hodisasi holatiga oydinlik kiritishda surishtiruvchi va tergovchi tomonidan hodisa joyida amalga oshiriladigan protsessual harakatlar, dalil va ma’lumotlarni to‘plash, hodisa joyidagi har bir elementni nazardan qochirmaslik, chuqur tahlil qilish talab etiladi.
Ekspertizani tayinlagan organ tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, ya’ni hodisa joyini ko‘zdan kechirish haqida bayonnoma, unga ilova chizma va hodisa joyini fotosuratlarida o‘zaro to‘qnashgan transport vositalaridan yo‘l qoplamasiga to‘kilgan elementlarni to‘liq nomlari, aynan qanday jism yo‘lni qaerida joylashganligi, sochilmalarni yo‘l o‘qiga nisbatan eni va kengliklari, chegaralari o‘lchovlar yordamida ko‘rsatilishi, sochilmalarning chegaralaridan yo‘l chiziqlari, yo‘l chetlari va qo‘zg‘almas nuqtalarga nisbatan bo‘lgan masofalari, agar hodisa joyida sidirilish, tormoz yoki qirilish izlari qoldirilgan bo‘lsa, mazkur izlarning boshlangan va yakunlangan qismlaridan yo‘l chiziqlari, yo‘l chetlari va qo‘zg‘almas nuqtalarga nisbatan bog‘lab, masofalari o‘lchab ko‘rsatilishi orqali yo‘l-transport hodisasi vaqtida transport vositalari qatnov yo‘lining aynan qaysi joyida to‘qnashganligi bo‘yicha sud ekspertining qat’iy xulosasini olish imkoni mavjud bo‘ladi.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Andijon viloyat bo‘limi mudiri v.v.b
Sh.B.Patidinov