Sud-buxgalteriya ekspertizasi

Sud-buxgalteriya ekspertizasi iqtisodiy ekspertizaning eng keng tarqalgan turlaridan biri bo‘lib, u korxona (tashkilot), xo‘jaliklarning buxgalteriya hujjatlaridagi hisob-kitob jarayonlarini (operatsiyalarini) tahlil qilinishi, davlat, jamoa mulki talon-taroj qilinganlik va boshqa xo‘jalik, mansab jinoyatlarini ochish kabi holatlarga ehtiyoj tug‘ilganda o‘tkaziladi. Sud-buxgalteriya ekspertizasi ham boshqa ekspertiza turlari kabi o‘z predmeti va tadqiqot ob’ektlariga egadir. Pul mablag‘lari, tovar moddiy boyliklarni haqiqatda bor-yo‘qligini, buxgalteriya hisobini yuritish qoidalarini buzilish holatlarini aniqlash yuzasidan buxgalteriya hisobi hujjatlarining tadqiq etish sud-buxgalteriya ekspertizasining predmeti hisoblanadi. Sud-buxgalteriya ekspertizasining ob’ektlari bo‘lib moddiy boyliklarni kirim-chiqim buxgalteriya hujjatlari, ro‘yxatdan o‘tkazish (inventarizatsiya) dalolatnomalari va yig‘ma hisob hujjatlari xizmat qiladi, jumladan: – dastlabki hujjatlar (talabnomalar, moddiy boyliklarni berish haqidagi naryadlar, bank topshiriqnomalari, kirim, chiqim va kassa orderlari, mahsulotni olib chiqib ketish uchun berilgan ruxsatnomalar, transport hujjatlari, tovarni ro‘yxatdan chiqarish dalolatnomalari, tovarlarni qayta baholash, ta’mirlash ob’ektlarining hisob-kitobini olib borish dalolatnomalari, to‘lov qaydnomalari, topshiriqnomalari, kvitantsiyalari va boshqalar); – jamlash hujjatlarini (hisob registrlari va ularga mansub bo‘lgan jurnallar, aylanma qaydnomalar, hisobga olish varaqalari, bosh kitoblar, balans hisobotlari, mol-mulkni ruyxatdan o‘tkazish dalolatnomalari, tovar-pul mablag‘lari mavjudligi haqidagi ruyxat qaydnomalari, solishtirish qaydnomalari guruhlantirish qaydnomalari, jamlash va guruhlantirish jadvallari, shaxsiy hisoblar, order va boshqalar); – avtomatlashtirilgan hisobot ma’lumotlarini (magnitli axborot yig‘uvchi disk va tasmalar, mashinogramma, tabulyagrammalar, mexanizatsiyalashgan hisobga hujjatlarni topshirish va qabul qilish haqidagi jurnallar, nazorat raqamlar jurnallari va boshqalar). Bundan tashqari sud-buxgalteriya ekspertizasi ob’ektlari qatoriga taftish va tekshiruv dalolatnomalari (tekshiruv uslubi asoslanganligi haqida masala qo‘yilgan taqdirda), moddiy javobgarlik yuklatilgan shaxslarning tushuntirish xatlari, yuqori turuvchi idoralarning qarorlari, qimmatbaho boyliklar bilan hapakat qilinganligi haqida ma’lumotnomalar, bildirish xatlari, ba’zi boshqa ekspertizalarning (tovarshunoslik, qurilish, texnologik, xatshunoslik 104 ekspertizalari) xulosalari, ekspertiza qilinayotgan ob’ektga taalluqli bo‘lgan ayblanuvchilarning ko‘rsatmalari, tintuv va olib qo‘yish bayonnomalari, norasmiy olib borilgan hisob hujjatlari. Sud-buxgalteriya ekspertizasining vazifalari quyidagi to‘rt guruhga bo‘linadi: Birinchi guruh: pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklarni belgilangan tartibda kirim qilinishi va hisobdan chiqarilishini (spisaniya) asosliligini aniqlash bilan bog‘liq bo‘lib, quyidagilarga aniqlik kiritadi: – tovar moddiy boyliklarni aniq turlari bo‘yicha kirim qilinishini va hisobdan chiqarilishini to‘g‘riligini aniqlash; – tovar moddiy boyliklar va xizmatlar uchun hisob-kitob jarayonlarini (operatsiyalarini) buxgalteriya hisobida aks etishining asosliligini aniqlash; – g‘aznadagi pul mablag‘larini belgilangan tartibda kirim qilinishi, hisoblanishi, berilishi va hisobdan chiqarilishini to‘g‘riligini aniqlash.

X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi
sud iqtisodiy eksperti A.K.Toreniyazova

Skip to content