Advokat soʻrovi asosida iqtisodiy ekspertizalarni bajarishning oʻziga xos xususiyatlari

Sud-iqtisodiy ekspertizalarini tayinlash va ularni oʻtkazish jarayonlarida advokatlarning koʻrilayotgan nizoli masalalarni adolatli hal etishdagi roli va ahamiyati juda muhim hisoblanadi.

Sudlarda koʻriladigan boshqa masalalar bilan bir qatorda iqtisodiy ishlarda ham ish yuritishning protsessual tartibini bilish, unga amal qilish va toʻgʻri foydalani bilish muhim hisoblanadi.

Nizolashayotgan taraflar, ayniqsa xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlarining sud protsessida ish yuritish tartibini toʻliq bilmasligi, sud-iqtisodiy ekspertizasi va uning imkoniyatlaridan xabardor emasligi koʻp hollarda ular tomonidan oʻz haq-xuquqlarini himoya qila olmaslik, asossiz toʻlov va jarimalarni boʻyinga olishga majbur boʻlishi mumkin.

Sudlarda ishlarning xolis va odilona tarzda koʻrilishini, toʻgʻri va asosli qarorlar qabul qilinishi taʼminlash koʻp jihatdan sudga taqdim qilinayotgan hujjatlarning toʻgʻri va ishonchli boʻlishini talab etadi. Sudga bunday hujjatlarni taqdim etishda nizolashayotgan taraflar tomonidan faqatgina oʻz manfaatiga mos keladigan hujjatlarni taqdim qilishga intilishi, bu hujjatlardagi qarama-qarshiliklar sud tomonidan odil hukmni qabul qilishga qiyinchilik tugʻdirishi sababli, sud tomonidan iqtisodiy ekspertizalar tayinlanadi. Lekin iqtisodiy nizoli ishlar yuzasidan ekspertiza tayinlash, ekspert yechimiga kerakli savollarni qoʻyish, ekspertiza tadqiqotlari uchun zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim qilish kabi masalalar sud jarayonining choʻzilib ketishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli sud jarayonining choʻzilib ketishining oldini olish, hamda nooʻrin chalkashliklarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritishda advokatga sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish huquqi asosida davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat soʻroviga koʻra ekspertiza oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat berildi.

Barcha turdagi ekspertizalarni tayinlashda talab etiladigan muhim masalalardan biri bu ekspert yechimiga qoʻyilgan savollarning iqtisodchi ekspert vakolati doirasiga kiradigan masalalar doirasidan tashqariga chiqilmasligi lozim. Shuningdek, ekspert tomonidan tadqiqotlar toʻlaqonli ravishda olib borilishi uchun taqdim qilingan hujjatlar yetarli va asosli boʻlishi shart.

Agarda advokat tomonidan sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish huquqi asosida ekspertiza tayinlangan va ekspertiza muassasasiga taqdim qilingan boʻlsa, bunday hollarda ekspert tomonidan ekspertiza yechimiga qoʻyilgan savollar bilan bir qatorda taqdim qilingan hujjatlar ham koʻrib chiqilishi kerak.

Taqdim qilingan hujjatlar ekspertiza yechimiga qoʻyilgan savollarni hal etish uchun yetarli boʻlmagan hollarda ekspert tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonunining 15-moddasi, hamda ish yoʻnalishlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 56-moddasi, Fuqarolik protsessual kodeksining 59-moddasi yoki Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning 53-moddasi tartibida “Qoʻshimcha maʼlumot va hujjatlarni taqdim qilish toʻgʻrisida” iltimosnoma kiritilishi mumkin.

Advokatlar tomonidan tayinlanadigan iqtisodiy ekspertizalarda advokatlar asosan oʻz himoyasida boʻlgan nizoli tarafning manfaatini koʻzlab savollar qoʻyishi mumkinligini, hamda hujjatlarni ham himoya qilinayotgan taraf manfaatiga mos tarzda taqdim qilish ehtimolini hisobga olgan holda iqtisodiy ekspertizalarda koʻrilayotgan ish mazmuniga va xususiyatiga koʻra qoʻshimcha maʼlumotlarni qaysi joy va manbaalardan olinishi lozimligini koʻrsatish muhim hisoblanadi.

Misol uchun: biron bir jamiyat yoki korxonada nizom jamgʻarmasining shakllantirilganligi bilan bogʻliq yoki xususiy korxonaning bankrotligi bilan bogʻliq nizoli masalalar boʻyicha asosli maʼlumotlarga ega boʻlish uchun buxgalteriya balansi, moliyaviy natijalar va soliq hisobotlarini hududiy soliq idorasidan, jamiyat Nizomining qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni davlat xizmatlari markazidan olish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shuning uchun agarda tadqiqotlar uchun xususiy korxona yoki jamiyatning balans va moliyaviy natijalar boʻyicha yoki soliq hisobotlari talab etilgan hollarda, bu hujjatlarni hududiy soliq organidan olishni soʻralishi kerak boʻladi.

Advokat soʻrovi asosida tayinlanadigan ekspertizalarni bajarish jarayonida ahamiyat berilishi lozim boʻlgan masalalardan yana biri bu xoʻjalik shartnomalarini tuzish va xoʻjalik shartnomasida koʻrsatilgan shartlarga rioya etilish holatlariga eʼtibor berishdan iborat hisoblanadi.

Amaliyotda iqtisodiy sudlar tomonidan koʻrilayotgan koʻplab ishlar  boʻyicha nizolashayotgan taraflardan biri ikkinchi taraf bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) hajmi uchun shartnomada koʻrsatilgan pul mablagʻini toʻlab bermayotganlik holati yuzasidan haqiqiy qarzdorlik yoki toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻ miqdoriga aniqlik kiritish yuzasidan ekspertizalar tayinlanmoqda. Ekspertiza tadqiqotlarini olib borish uchun zarur hujjatlar talab qilib olinganda esa koʻp holatlarda daʼvogar tarafning oʻzi shartnoma shartlarida koʻrsatilgan ishni yetarli hajmda yoki zaruriy sifat darajasida bajarmaganligi oqibatida shartnoma shartiga koʻra talab etilgan hajm va sifat darajasida bajarilmagan ish uchun haq undirish oʻrniga, shartnoma shartiga muvofiq jarima toʻlanishi kerakligi aniqlangan holatlar ham mavjud.

 Advokatlar tomonidan tayinlanadigan ekspertizalarda ekspert yechimiga qoʻyiladigan savol va ekspert iltimosnomasiga binoan taqdim etiladigan hujjatlardagi maʼlumotlar ish boʻyicha nizolashayotgan taraflardan birining manfaatini himoya qilishga qaratilmaganligiga eʼtibor qaratish lozim boʻladi.

Misol uchun: davlat byudjetiga tegishli soliq toʻlovlarining toʻgʻri hisoblanishi va toʻliq toʻlanishiga doir ish hujjatlarini koʻrish jarayonida taqdim qilingan maʼlumot va hujjatlarga koʻra korxona maʼlum bir hisoboti davrida amalga oshirilgan savdo aylanmasidan byudjetga tegishli soliq summasini toʻgʻri hisoblaganligi va toʻliq toʻlaganligi koʻrinishi mumkin. Lekin, agarda uning hisobot davri boshiga sotilmay qolgan tovar qoldigʻi yoki olinmay qolgan tovarlar boʻyicha debitor qarzdorligi mavjud boʻlgan boʻlsa va bu tovarlar realizatsiyasini korxona hisobot davri savdo aylanmasida koʻrsatmagan boʻlsa, bu aylanmaning mavjudligini faqatgina hisobot davri boshiga tuzilgan balans hisoboti orqali aniqlash mumkin boʻladi. Hamda bu balans hisoboti hududiy soliq idorasiga taqdim qilingan hisobot bilan bir xil boʻlishi shart. Bunday hisobot shakllari soliq idoralarining avtomatlashtirilgan axborot bazasida induvidual shakldagi QR kod bilan taʼminlanadi.

Bank krediti yoki bank xizmatlaridan foydalanish boʻyicha tuzilgan shartnomalar boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar yuzasidan advokat soʻrovi asosida bajariladigan sud-iqtisodiy ekspertizalarida ekspert yechimiga qoʻyilgan masalalar yuzasidan har ikkala taraflarning mazkur ish yuzasidan taqdim qiladigan maʼlumot va hujjatlarini oʻrganish va tahlil qilish lozim boʻladi. Bunda masalaning eng murakkab tomoni bankdan masalaga aloqador boʻlgan hujjat va maʼlumotlarni ekspertizani tayinlagan advokat orqali olish kerakligidadir. Chunki Oʻzbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonunining 15-moddasiga muvofiq ekspert qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etilishini talab qilib faqatgina ekspertizani tayinlagan organga murojaat qilish xuquqi mavjud. Mazkur holatda ekspertizani tayinlagan organ sifatida advokatning oʻzi himoya qilayotgan shaxs manfaatiga zid keladigan hujjatlarni ekspertga taqdim etishdagi vakolati va masʼuliyati masalasi amaldagi qonun hujjatlarida hal etilmagan.

Oʻz oʻrnida ekspert ekspertiza tadqiqotlarini faqatgina taqdim qilingan hujjatlar asosida ish olib borishi mumkinligini inobatga oladigan boʻlsak, advokatlar tomonidan sud-iqtisodiy ekspertizasini oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning haqqoniyligiga alohida va sinchiklab eʼtibor qaratish lozim boʻladi. Shuningdek, qoʻshimcha soʻralayotgan maʼlumotlarning haqqoniyligini va ishonchliligini taʼminlash maqsadida ushbu qoʻshimcha maʼlumot va hujjatlarni kimlardan olish va qanday koʻrinishda taqdim etish lozimligi toʻgʻrisida iltimosnomada batafsil koʻrsatish lozim boʻladi.

Oʻz oʻrnida advokat soʻrovi asosida bajariladigan iqtisodiy ekspertizani bajarish ekspertdan alohida malaka, izlanish va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini bilishni talab etadi.

Oʻzbekiston Respubldikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining sud iqtisodiy ekspertizasi boʻlimida ekspertiza sohasi qonunchiligini va moliya-kredit sohasi qonunchiligini, hamda axborot texnologiyalari sohasining zamonaviy imkoniyatlaridan foydalana olish koʻnikmalariga ega boʻlgan mutaxassislar faoliyat yuritib kelishmoqda. Hozirgi kunda bu mutaxassislar tomonidan xalq xoʻjaligining barcha sohalari boʻyicha yuzaga kelayotgan iqtisodiy masalalar yuzasidan ekspertiza tadqiqotlarini bajarib kelinmoqda.

Advokatlar soʻrovi asosida bajariladigan iqtisodiy ekspertizalar ham boshqa turdagi ekspertiza tadqiqotlari kabi Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonunining 25-moddasida belgilangan tartibda ekspertiza tadqiqotlarini amalga oshirish uchun toʻlov undirish orqali amalga oshiriladi. Undiriladigan toʻlov miqdorlari bajariladigan ekspertiza tadqiqotlarining murakkabligiga bogʻliq boʻladi va uning miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Advokatlar soʻrovi asosida bajarilgan iqtisodiy ekspertiza tadqiqotlari natijasi boʻyicha tuzilgan ekspert xulosasi ekspertiza tayinlash soʻrovi bilan chiqqan advokatga taqdim qilinadi. Shuningdek, advokat soʻrovi asosida bajarilgan ekspert xulosasi sud majlisi muhokamasiga qoʻyilgan holatlarda aniqlik kiritilishi lozim boʻlgan savollarga javob berish uchun ekspert sud majlisiga chaqirilishi mumkin.

 Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy sud ishlari boʻyicha advokat soʻrovi asosida sud-iqtisodiy ekspertizalarini bajarish sudlarda koʻriladigan masalalarga oydinlik kiritishga va ayrim hollarda sudgacha masalani hal etishda ham muhim rol oʻynashi mumkin.

  X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining sud-iqtisodiy ekspertizasi boʻlimi xodimlari bu borada namuna va oʻrnak koʻrsata olishlariga ishonaman.

X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Sirdaryo viloyat boʻlimi eksperti A.A.Norbayev

Skip to content