Meros masalalarini hal etishda odam DNKsi sud biologik ekspertizasining ahamiyati

 

Har bir shaxs va oila yaxshi bilishi lozim bo‘lgan masalalardan biri meros masalasidir. Meros deganda vafot etgan shaxs o‘zidan keyin qoldirgan moddiy boyliklar ko‘zda tutiladi.

Meros insoniyat tarixidagi eng qadimiy huquq tushunchasi sanaladi. Mamlakatimizda bu borada aniq mexanizm ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasida sudlar tomonidan meros huquqi bilan bog‘liq nizolarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishi mulk daxlsizligi va meros huquqi qo‘riqlanishiga doir konstitusiyaviy kafolatlar ta’minlanishining o‘ta muhim vositasi hisoblanadi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasiga koʻra, har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.

Fuqarolik kodeksining 18-moddasiga ko‘ra, mol-mulkni meros qilib olish hamda vasiyat qilib qoldirish huquq layoqatining ajralmas qismidir. Demak, har bir fuqaro xususiy mulkini, shuningdek, mulkka bo‘lgan huquq-majburiyatlarini xohlagan jismoniy yoki yuridik shaxsga meros huquqi, jumladan, vorislik huquqi asosida qoldirishi mumkin.

Vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishi man qilingan shaxslar ro‘yxati qonunda belgilab qo‘yilmagan. Ammo, amalda ma’lum cheklovlar bor. Xususan, Fuqarolik kodeksining 1119-moddasi tartibida voris, shu jumladan, vasiyat bo‘yicha voris etib tayinlangan shaxs sudning hal qiluv qarori bilan noloyiq merosxo‘r deb topilishi, meros olishdan chetlashtirilishi mumkin.

Ota-onalik huquqidan mahrum etilgan va meros ochilgan paytda bu huquqi tiklanmagan shaxslar shu farzandlaridan qolgan mulkka voris bo‘lolmaydi.

Fuqarolik kodeksining 1118-moddasida merosxo‘rlarning huquqiy maqomi belgilangan. Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan, shuningdek, meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tug‘ilgan bolalar merosxo‘r bo‘lishga haqli.

Bundan tashqari, meros ochilguncha tuzilgan yuridik shaxslar, shuningdek, davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishi mumkin. Demak, qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga asosan, qarindoshlik munosabatidagi shaxslar kirsa, vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlarni tayinlash kishining mutlaq huquqidir.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, meros bilan bog‘liq nizolar, asosan, qon-qarindosh bo‘lgan bobo (buvi) va nabiralar, ota (ona) va farzandlar, aka-uka, opa-singil vorislar o‘rtasida yuzaga keladi va bunga asosan ularning amaldagi qonun normalarini bilmasligi va biri boshqasining huquqini tan olmasligi sabab bo‘ladi.

Meros mulkini taqsimlashda vorislar o‘zaro kelishganlari eng maqbul  yechim hisoblanadi. Chunki, nizolashish (sud tomonidan qonuniy yechim topilgan taqdirda ham) vorislar o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlik munosabatlariga, mehr-oqibatga putur yetkazadi. Bunday nizolarni hal etish va meros masalalariga aniqlik kiritish uchun qarindoshlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi ariza tuman(tumanlararo, shahar) sudiga beriladi. Sud jarayonida qarindoshlik munosabatlarini belgilash DNK tekshiruvini talab etadi. Uning yordami bilan sud merosxo‘r va meros qoldiruvchi o‘rtasida oilaviy munosabatlar mavjudligini ishonchli tarzda aniqlaydi. Shu bilan birga, IV-V darajagacha qarindoshlikni o‘rnatish zarur bo‘lgan vaziyatda DNK ekspertizasi tayinlanadi. O‘tkazilgan DNK tekshiruvi qarindoshlik faktini 99,9% aniqlik bilan tasdiqlaydi. Bu esa sudning oilaviy munosabatlarni tan olishi va merosni to‘g‘ri taqsimlanishi uchun yetarli hisoblanadi.

Hozirgi kunda yaqin qarindoshlikni aniqlashga qaratilgan «Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi» sud ekspertiza turlari orasida jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganlaridan biridir. Ushbu ekspertiza turli sabablarga ko‘ra tayinlanishi mumkin. Masalan, yaqin qarindoshlikni aniqlash, otalikni belgilash, meros belgilashda qarindoshlikni aniqlash holatlari bo‘yicha odam DNK si sud biologik ekspertizasi tayinlanadi.

DNK tahlili – bu maksimal aniqlik bilan qarindoshlikni belgilash imkonini beruvchi ilmiy jihatdan tasdiqlangan noyob usuldir. Ushbu tadqiqot sudda mulkiy nizolarni hal qilishga katta yordam beradi. DNK tahlili yordamida opa-singillar, aka-ukalar, nabiralar va boshqalar o‘rtasidagi biologik qarindoshlikni tasdiqlash yoki rad etish mumkin.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi “Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi” laboratoriyasi qarindoshlikni turli darajalarini aniqlash bo‘yicha ko‘plab genetik tadqiqotlar olib boradi. Shuningdek, mijoz nostandart materiallar (qon, soch, so‘lak va hokazo) yordamida anonim ekspertiza o‘tkazish imkoniyatiga ham ega.

Natijalar qat’iyligi va ishonchliligi ta’minlanishi uchun tadqiqotga bir vaqtning o‘zida bir nechta qarindoshlar – bola, ona, aka yoki uka, buvi yoki bobo jalb qilinishi lozim. Bu DNK tahlilida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan har qanday noaniqliklar xavfini sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi. Tadqiqot jarayonida mutaxassislar tekshirilayotgan shaxslarning biologik materiallaridagi DNKning o‘xshash qismlarini taqqoslaydilar. O‘xshash qismlar qancha ko‘p bo‘lsa, ikki yoki undan ortiq shaxslar o‘rtasidagi qarindoshlik darajasining ehtimolligi shuncha yuqori bo‘ladi.

Tadqiqot an’anaviy namunalar(qon, bukkal epiteliy) yoki nostandart DNK namunalari(soch, tirnoq va boshqalar) orqali amalga oshirilishi mumkin. Biroq, shuni ta’kidlash joizki, sud jarayoni uchun DNK tahlilini o’tkazishda biologik namunalarni yig‘ish jarayoni muhim ahamiyatga ega.

“Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi” laboratoriyasida keng yo‘lga qo‘yilgan qarindoshlik darajalarini aniqlash yuzasidan quyidagi DNK tahlili turlari tavsiya etiladi:

 

  • Ota tomonidan bobo/buvilikni nabiralar orqali belgilash.

Laboratoriyada taxmindagi ota tomonidan buvi orqali qiz nabira bilan qarindoshlikni belgilash X-xromosoma bo‘yicha DNK tahlili o’tkaziladi. Bunda 19 xil markerdan iborat Microreader 19X ID Direct System to‘plamidan foydalaniladi. Taxmindagi ota tomonidan buvi orqali o‘g‘il nabira bilan qarindoshlikni belgilash esa 27 xil markerli VersaPlex™ 27PY System, 26 xil markerli Investigator 26plex hamda 28 xil markerga ega MicroreaderTM 28A Direct ID System to‘plamlari orqali amalga oshiriladi.

Taxmindagi ota tomonidan bobo orqali o‘g‘il nabira bilan qarindoshlikni belgilash Y-xromosoma bo‘yicha DNK tahlili o‘tkaziladi. Bunda 38 xil markerli MicroreaderTM Y Prime Plus ID System, 28 markerli Investigator® Argus Y-28 QS hamda 27 markerli YFiler Plus to‘plamlaridan foydalaniladi.

Taxmindagi ota tomonidan bobo orqali qiz nabira bilan qarindoshlikni belgilash 27 xil markerli VersaPlex™ 27PY System, 26 xil markerli Investigator 26plex hamda 28 xil markerga ega MicroreaderTM 28A Direct ID System to‘plamlari orqali amalga oshiriladi.

 

  • Ona tomonidan bobo/buvilikni nabiralar orqali belgilash.
  • Taxmindagi aka-uka va opa-singillar ortasida qarindoshlikni belgilash 

 

Ona tomondan Aka-singil, aka-uka, ota tomondan opa-singil hamda ota-onalar umumiy bolgan vaziyatlarda ham qarindoshlikni belgilash uchun yuqorida qayd etilgan toplamlardan foydalaniladi.

 

  • Ota tomondan aka-uka. Bunday hollarda, autosomal tahlillar bilan bir qatorda Y-xromosoma bo‘yicha DNK tahlili ham o‘tkazish tavsiya etiladi, chunki otadan o‘g‘il farzandlariga Y-xromosoma o‘zgarmasdan irsiylanadi.

 

Aka-singillar o‘rtasidagi DNK tahlili sibling(aka-uka yoki opa-singillar orqali qarindoshlikni belgilash) deb atalib, bunday usul bolaning ota-onasi genetik materillarini taqdim etilishining imkoni bo‘lmaganida amalga oshiriladi.

  • Xola/amma-toga/amaki qarindoshlikni jiyanlar orqali orqali belgilash

Qarindoshlikning shartli ehtimolligining qiymati qarindoshlik indeksi(taqqoslangan gipotezalarning ehtimollik nisbati LR) asosida hisoblanadi. Tadqiqot natijalarini sharhlash uchun quyidagi standartlar o‘rnatilgan(Standards for Relationship Testing Laboratories, 13th edition (The AABB Standards Program Committee, 2018):

  • Qarindoshlik indeksi <1 – qarindoshlik ehtimolligi past
  • Qarindoshlik indeksi >10 – qarindoshlik ehtimolligi yuqori
  • Qarindoshlik indeksi 1 dan 10 gacha– qarindoshlik ehtimolligi bo‘lishi mumkin

 Bobo/buvilikni nabiralar orqali belgilash uchun DNK tahlili o‘tkazish tez, samarali va xavfsiz hisoblanadi.

Turli ziddiyatli vaziyatlar DNK tahlili orqali qarindoshlikni belgilashning barcha turlarini talab qiladi. Bu turli xil mulkiy nizolar yoki buvisi va nabirasi o‘rtasidagi qarindoshlikni tasdiqlash fakti bo‘lishi mumkin.

Zamonaviy asbob-uskunalardan foydalangan holda mutaxassislar taqdim etilgan biomateriallar ustida to‘liq tadqiqotni o‘tkazadilar va tahliliy natijalarni yuqori aniqlik bilan to‘liq maxfiylikni saqlagan holda ta’minlaydilar. Tadqiqotlar axborotni maxfiy saqlashning umume’tirof etilgan standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, meros masalalarini hal etishda qarindoshlik munosabatlariga aniqlik kiritish uchun tez va samarali yechim bu – DNK ekspertizasi o‘tkazishdir.

 

RSEMning Odam DNKsi sud biologik

ekspertizasi laboratoriyasi eksperti 

M.B.Nosirova

Skip to content