NODAVLAT SUD-EKSPERTIZA TASHKILOTLARINING SUD EKSPERTIZA TIZIMIDAGI BUGUNGI O‘RNI

Sud ekspertizasi ishlab chiqarishda fan va texnika sohasidagi yangi ishlanmalardan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojning ortib borishi jinoyatlarni ochish va tergov qilish jarayonlariga turli bilim sohalaridagi mutaxassislarni yanada kengroq jalb etish zarurligini ko‘rsatdi.

Jinoyatlarning yangi turlarining paydo bo‘lishi, ularni sodir etish usullari
va izlarini yashirish huquqni muhofaza qiluvchi organlardan nafaqat jinoyat qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish nuqtai nazaridan (firibgarlik kabi jinoyatlarda bo‘lgani kabi), balki jinoyatlarni ochish va tergov qilishning taktik, uslubiy va ilmiy jihatlarini ko‘rib chiqishni talab qiladi.

Mamlakatimizda sud-ekspertlik faoliyatini jadal rivojlantirish, sohada fan
va texnika yutuqlarining zamonaviy usullarini joriy etish borasida qator izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-4125-sonli qarorining qabul qilinishi, bundan oldin O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan nodavlat sud-ekspert tashkilotlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi sud-ekspert faoliyati sohasidagi jiddiy qadam bo‘ldi. Yuqoridagi yangilik nodavlat sud ekspertiza tashkilotlariga mazkur qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxati bilan ayrim turdagi sud ekspertizalarini o‘tkazish huquqi berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil
24-martdagi “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlarni tasdiqlash haqida”gi Qarorining qabul qilinishi ushbu sohani rijovlanishiga katta turtki bo‘ldi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlari bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislar (keyingi o‘rinlarda sud eksperti deb yuritiladi) bo‘lgan tashkilot hisoblanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 17-yanvardagi PQ-4125-son qaroriga 1-ilovada ko‘rsatilgan sud ekspertizalarini amalga oshirishga haqli ekanligi belgilangan.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha shartnomaga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazishi mumkin. Tadqiqot natijalari bo‘yicha mutaxassis fikri beriladi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti shtatida uning rahbaridan tashqari bir xil yoki turli xil sud ekspertizasi yo‘nalishi bo‘yicha sud eksperti sertifikatiga ega kamida ikki nafar sud eksperti bo‘lishi lozim.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti lavozimini oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan shaxslar egallashi mumkin.

Bundan tashqari, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining rahbari oliy ma’lumotli bo‘lishi shart.

Bugungi kunda 6 ta davlat muassasasi, shuningdek, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan 44 turdagi sud-ekspertiza tadqiqot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Nodavlat sud-ekspertiza muassasalarini tashkil etish, ekspertlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashning huquqiy asoslari yaratildi.

Nodavlat sud ekspertlarining malakasini oshirish kurslari tashkil etildi. Sud ekspertlarini masofaviy oʻqitish shakli joriy etildi.

Taʼkidlash kerakki, mamlakatimizdagi sud ekspertiza muassasalari
va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud-tergov organlarining ekspertiza sohasiga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qilib kelmoqda. Ular tomonidan bajarilgan ekspertiza xulosalari mamlakatda inson huquq
va erkinliklarini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga katta xizmat qiladi.

Bu borada ekspert mustaqilligi, oʻtkazilgan tadqiqotlar sifati va ekspertiza xulosalarini ishonchligi masalalari alohida oʻrin egallaydi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda bir qancha davlat sud ekspertiza muassasalari bilan bir qatorda “PROEX”, “GARANT”, “SUD EKSPERT” va “INVEST EKSPERT PRO” kabi nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyat olib borilib
25 nafar nodavlat sud ekspertlari mavjud.

Bugungi kunda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tashkil etish, ularning huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish, reestirini yuritish va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini jihozlashda minimal talablar ishlab chiqilib qonunchilik nuqtai nazaridan mustaxkamlandi.

Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining joriy etilishi taraflarning sud ishlarini yuritishning barcha turlarida raqobatlashish tamoyilini ta’minlashga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan jarayonning barcha ishtirokchilarining huquq va erkinliklarini to‘liq ta’minlashga, shuningdek, davlat sud-ekspertiza muassasalarining yuqori yukini kamaytirishga imkon beradi.

Ammo chet el tajribasini hisobga olgan holda sanab o‘tilgan barcha vazifalarni amalga oshirish uchun nodavlat sud-ekspert tashkilotlarini tashkil etish, faoliyatining huquqiy bazasi va mexanizmlarini, sud ekspertlarini sertifikatlash tartibini aniqlash, ular tomonidan olib borilayotgan sud ekspertizalari sifatini nazorat qilish va boshqa muhim tashkiliy-uslubiy jihatlarni rivojlantirib borish zarur.

 

Sud ekspertlarining malakasini  oshirish o‘quv markazi metodisti Pirjanova Zamira Genjemurat qizi

Skip to content