X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining MUNOSABATI

Farrux Abdullaevning Feysbukdagi kanalida “Assalomu alaykum hurmatli ANTIKORRUPSIYA muxbirlari!!… ” sarlavhali video postida ko‘tarilgan masala X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan ko‘rib chiqildi va Farrux Abdullaev nomiga holat bo‘yicha batafsil tushuntirish berilgan rasmiy javob xati yuborilаdi.

Ma’lumot uchun quyidagilar bildiriladi.
Haqiqatdan ham, Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisining 2023-yil 30-mart kunidagi sud lingvistika ekspertizasini tayinlash haqidagi qaroriga asosan X.Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining davlat sud eksperti tomonidan protsessual qonunchilik hamda sud-ekspertiza sohasidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, mavjud usluyotlarga tayangan xolda sud-lingvistika ekspertizasini o‘tkazgan hamda rasmiylashtirilgan sud ekspertiza xulosasi ekspertizani tayinlagan organga, ya’ni Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limiga 2023-yil 11-aprelda taqdim etilgan.
Xulosada ekspertiza tayinlagan organning tegishli savollariga javob berilgan va ekspertiza xulosaning tadqiqot qismida nima sababdan bunday xulosaga kelinganligi to‘liq bayon etilgan.
Xususan, “jinni” so‘zi sud lingvistika ekspertizasi uslubiyotlari va tadqiqot manbalariga hamda “A.Madvaliev tahriri ostidagi O‘zbek tilining izohli lug‘ati.”ga asosan, tadqiqot jarayonida “jinni” so‘zi haqoratlovchi so‘z sirasiga kirmasligi aniqlangan.

P.S. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, sud ekspertiza xulosasiga baho berish hamda ekspertiza tayinlash vakolati dastlabki tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga berilgan.
Shunga ko‘ra, agar Farrux Abdullaev sud ekspertiza xulosasidan norozi bo‘lsa, protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shimcha yoki qayta sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma bilan ekspertiza tayinlovchi organga murojaat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, Markaz xodimlarining korrupsiya holatlaridan xabardor bo‘lgan taqdiringizda, tegishli tartibda vakolatli, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etish huquqingiz mavjud.

Eslatma tariqasida,
Jurnalistika faoliyati bilan shug‘ullanadigan har bir shaxs bevosita “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasi (Axborotning to‘g‘riligi uchun javobgarlik)da qayd etilgan ya’ni ommaviy axborot vositalari e’lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shartligi va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘lishlari hamda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasi (Ommaviy axborot vositalarining erkinligi)da ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga egaligi hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilanganligi haqidagi normalardan bevosita xabardor bo‘lishlari lozim.
Shu bilan birga, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on yoki noxolis axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish qonunchilikka asosan javobgarlikka tortilishi uchun asos bo‘lishi mumkinligini eslatib o‘tamiz.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika
sud ekspertiza markazi

Skip to content